«Munajjimlik san’atidan boshlang’ich tushunchalar» asari ham 1029 yil G’aznada yozilgan. Asarning forscha va arabcha nusxalari bizgacha yetib kelgan. Unda o’sha zamon astronomiyasi bilan bog’lik bo’lgan bir qancha fanlar haqida muhim ma’lumotlar berilgan.
Beruniyning mashhur «Hindiston» asari-«Tahqiq molil-Hind min ma’qula maqbula fil-aql av marzula» («Xindlarning aqlga sig’adigan va sig’maydigan ta’limotlarini aniqlash kitobi») 1030 yilda yozilgan.
U amaliy astronomiya masalalari ustida ham juda ko’p shug’ullanar edi. Beruniy 1029 ta yulduzning koordinatalari va yulduz kattaliklari qayd etilgan yulduzlar jadvalini tuzgan. Beruniyning astronomiyaga oid «Al-Qonun al-Mas’udiy» («Mas’ud qonuni») asarini sulton Mas’udga bag’ishladi. Kitobning qachon yozib tugatilgani aniq emas. Bu asar Beruniyning falakiyotga doir eng muhim asaridir. O’rta asr olimlari bu asarni juda yuksak baholaganlar. Shundan keyin u yana ikkita muhim kitobini yozgan.
Abu Bakr al-Xorazmiy (935-993). Abu Bakr al-Xorazmiy 323 hijriy (935 milodiy) yili Xorazmda tug’ilib, ilk ta’limni shu yerda oladi. Umrining gullagan davrida (20-25 yoshlarida) vatandan chiqib, Iroq va Shomga boradi, yetuk olim va shoirlar bilan tanishib, ulardan ta’lim oladi. Keyin Halabga borib, mashhur Hamdamiylar amiri, shoir va olimlar homiysi Abulhasan Sayfuddavla (944-967) bilan tanishib, uning saroyida xizmat qilib, so’ng Buxoroga keladi. Somoniylar saroyda yashab, vazir Abu Ali al-Bal’amiy (960-974 va 992-996) bilan do’stlashadi, lekin u bilan munosabati yomonlashib, Nishopurga yo’l oladi. Bu yerdagi taniqli shoirlar Abulhasan al-Kazviniy, Abu Mansur al-Bag’aviy va Abulhasan al-Hakamiylar bilan do’stlashib, ularning shoirlik mahoratidan bahramand bo’ladi.
Umuman Xorazmiyning umri fojialar va rohatbaxsh etuvchi onlarga to’la. U turli shaharlarda bo’lib, qamoqpa ham yotib chiqadi, amirlarning e’tiboriga tushib boylik ham orttiradi, amaldorlar-ning g’azabiga uchraydi va h.k. Abu Bakr al-Xorazmiy Nishopurga kelib, bu yerda muqim yashay boshlaydi. Talabalarga saboq beradi, she’r yozishni o’rgatadi, nishopurlik mashhur adib, shoir va olimlar, shular qatori as-Saolibiy bilan do’stlashib, ularning majlislarida ishtirok etadi. Yana Somoniylar vaziri al-Utbiy siquvidan qutilish uchun qochishga majbur bo’ladi. Shoir bir necha vaqtdan so’ng yana Nishopurga qaytadi, umrining oxirida yakkalanib qoladi va hayotining keyingi davri og’ir musibatlzr bilan o’tadi. U hijriy 383 (milodiy 993) yili Nishopurda vafot etadi.
Abu Bakr al-Xorazmiyning adabiy merosidan arab tilidagi katta devoni va «Risolalari» bizgacha yetib kelgan. Abu Bakr al-Xorazmiy «Risolalari» X asr nasriy adabiyotining mashhur yodgorligi hisoblanadi. Til va uslub jihatdan nihoyatda puxta ishlangan bu asar saj’ (qofiyali nasr) bilan yozilgan bo’lib, shoir zamonasidagi mashhur kishilar: amir, vazir, lashkarboshi, qozi, amaldor, faqihlarga, adib va tilshunos olimlarga, ya’ni al-Xorazmiyning do’stlari va homiylariga yozilgan xatlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |