2. IX-XII asrlarda ilm-fan ravnaqi.IX-XII asrlar O’rta Osiyo xalqlari tarixida moddiy va ma’naviy hayotning rivojlanishida oldingi davrlarga nisbatan keskin yuksalish yillari bo’ldi. Bu davrda Movarounnahrda ilm-fan yuksaldi, hozirgi zamon fanining ko’plab tarmoqlari va yo’nalishlariga chinakam poydevor yaratildi. Xususan, matematika, algebra, astronomiya, tibbiyot, geologiya, geodeziya, geografiya, falsafa singari dunyoviy fanlarning tamal toshi tom ma’noda shu davrda qo’yildi.
Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy (783, Xiva-850, Bag’dod) . Xorazmiy, Abu Ja’far (Abu Abdulloh) Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy-o’rtaosiyolik buyuk matematik, astronom, geograf, fan tarixidagi ilk qomusiy olimlardan. Dastlabki ma’lumotni Xiva shahrida olgan va yetuk olim bo’lib shakllangan. Bunda arab istilosidan so’ng muayyan darajada saqlanib qolgan qadimgi Xorazm fani an’analari asosiy rol o’ynagan.
Xalifa Horun ar-Rashidning o’g’li va uning Xurosondagi voliysi al-Ma’mun huzuriga-Marvga taklif etilgan. 819 yilda Bag’dodni egallagan al-Ma’mun turkistonlik olimlardan Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg’oniy, Habash al-Hosib Marvaziy, Abul Abbos Javhariy va boshqalarni o’zi bilan olib ketib, o’ziga xos ilmiy jamoa tashkil etgan. Bu jamoa fan tarixidagi dastlabki rosmana akademiya deb qaraladigan ilmiy muassasa-«Bayt ul-hikmat» («Donishmandlik uyi») ning o’zagini tashkil etgan. Bu akademiyada al-Xorazmiy yetakchi olim va ilmiy rahbar bo’lgan. U shu davrdan boshlab Bag’dodda al-Ma’mun (813- 833), so’ng al-Mo’’tasim (833 -842), al-Vosiq (842-847) xalifaligi davrlarida yashab ijod etgan.
Xorazmiy qalamiga mansub 20 dan ortiq asarlarning faqat 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Bular «Al-jabr va al-muqobala hisobi haqida qisqacha kitob»-algebraik asar, «Hisob al–Hind» («Hind hisobi haqida kitob») yoki «Qo’shish va ayirish haqida kitob»-arifmetik asar, «Kitob surat–ul–arz» («Er surati haqida kitob»)-geografiyaga oid asar. Astronomiyagaoidasarlari:«Zij»(«Astronomik jadval»), «Kitab al–Amal Bil Usturlabat» («Usturlob bilan ishlash haqida kitob»), «Quyosh soati haqida risola». Tarixga doir asrlari: «Kitob at–ta’rix» («Tarix kitobi»), «Yahudiylarning taqvimi va bayramlarini aniqlash haqida risola».
Xorazmiyning algebraik risolasining to’liq nomi-«Al–kitob al–muxtasar fi hisob al–jabr va al– muqobala». Risolaning nomidagi «al-jabr» va «al–muqobala» so’zlari «to’ldirish» va «ro’para qo’yish»-o’rta asr algebrasining ikkita asosiy amalini anglatadi. «Aljabr» so’zi lotincha transkriptsiyada «algebra» bo’lib, Xorazmiy asos solgan yangi fanning nomi bo’lib qoldi. Xorazmiy nomi esa matematika fanida «algoritm» atamasi shaklida o’z ifodasini topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |