Reja:
1. O’rta Osiyo moddiy va ma’naviy madaniyatining yuksalishi (renessans)ni ta’min etgan tarixiy shart-sharoitlar.
2. IX-XII asrlarda ilm-fan ravnaqi.
3. Badiiy adabiyot rivoji.
4. Islom madaniyati va so’fiylik.
5. Moddiy madaniyat. Me’morchilik.
Tayanch so’z va iboralar:
Renessans, «Sharq Uyg’onishi», «Bayt ul-hikmat», «Ma’mun akademiyasi», Qur’oni Karim, Hadis, Shariat, Fiqh. “Algoritm”. “Alfraganus”. “Avetsena”. “Muallim us-Soniy”. “Arab va g’ayri arablar ustozi”, Hadisshunoslik, tasavvuf ta’limoti, binokorlik, me’morchilik, maqbaralar, minoralar, masjidlar, madrasalar.
1. O’rta Osiyo moddiy va ma’naviy madaniyatining yuksalishi (renessans)ni ta’min etgan tarixiy shart-sharoitlar. Uyg’onish davri, Renessans-O’rta Osiyo, Eron, Xitoy (IX-XII va XV asrlar), G’arbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri. «Renessans» (frants, renaitre-qayta yuzaga kelmoq, yangidan tug’ilmoq) atamasi dastlab Italiyadagi madaniy-ma’naviy yuksalish (XIV-XVI asrlar)ga nisbatan qo’llanilgan, uni o’rta asrchilik turg’unligidan yangi davrga o’tish bosqichi deb baholaganlar. Birinchi marotaba «uyg’onish» atamasini XVI asr italyan rassomi va tarixchisi J.Vazari o’z asarlarida ishlatadi. «Uyg’onish», «uyg’onish davri» atamalari XIV-XVI asr ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish mohiyatini ochib bermasdan, ko’proq antik davr merosini, ya’ni antik madaniyatga o’xshash madaniyatni qaytadan «tirilishi», «uyg’onishi» ma’nosida ishlatila boshlandi. Keyinchalik fanda bu atama keng qo’llanila boshlandi.
Renessans, ya’ni Uyg’onish faqat Yevropa hodisasi emas. Dunyo madaniyatini yaxlit olib o’rgangan olimlarning ishlari shuni ko’rsatdiki, Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin (IX-XII asrlar) ulkan madaniy ko’tarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilg’or insonparvarlik g’oyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida «Musulmon Renessansi» (A. Mets) yoki «Sharq Uyg’onishi» (N.I. Konrad) nomi bilan atalib kelinmoqda. Sharq Uyg’onish davrida Yevropa Uyg’onish davrining asosiy belgilari mujassam: jo’shqin ijodiy faoliyat, ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilgani, aqlni hayratga soluvchi bemisl asarlarning yaratilgani shundan dalolat beradi. Sharq Uyg’onish davri ham ulug’ allomalar, qomusiy bilim sohiblari, mashhur mutafakkirlarni yetishtirdi.
VIII asrda Arab xalifaligi hozirda O’rta Osiyo deb atalmish hududni fath etib bo’lgan, bosib olingan yerlarda islom dini keng yoyilib, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy hayot Arab xalifaligi tartib-qoidalariga butunlay bo’ysundirilgan edi. Xalifalik tarkibiga kiritilgan o’lkalarda faqat islom dinigina emas, balki arab tili va uning imlosi ham joriy etildi. Chunki, arab tili xalifalikning davlat tili bo’lsa, islom dini uning mafkurasi edi. Shu sababli bu mamlakatlarda arab tilini o’zlashtirishga intilish kuchli bo’lgan. Islomni qabul qilgan aholining arab tili bilan muloqoti, ibodat vaqtlarida qur’on suralarini tilovat qilishdan iborat bo’lgan bo’lsa, mahalliy zodagonlar arab tilini xalifalik ma’murlari bilan yaqinlashish va mamlakatda o’z siyosiy mavqelarini tiklab uni mustahkamlashning garovi deb hisoblaydilar. Arab tiliga bo’lgan bunday ehtiyoj va intilish tufayli ko’p vaqt o’tmay Movarounnahrda xatto o’z ona tilidan ko’ra arab tili va yozuvi o’zlashtirib olgan bilimdonlar paydo bo’ldi. Chegaralari borgan sari kengayib, ulkanlashib boryotgan xalifalik uchun ilm ahli suv va havodek zarur bo’lib qoldi. Davlatni boshqarishda xalifalik ma’muriyati bilimdon siymolarga muhtoj edi. Chunki arablar orasida bu paytda davlat ishiga yaroqli bo’lgan bilimdonlar ham oz bo’lib, borlari ham zaif edi. Bu hol o’z navbatida arab tili va yozuvini Movarounnahrda keng yoyilishiga imkoniyat yaratib berdi.
Arab tili va islom dini bo’yicha mukammal bilim va malakaga ega bo’lganlar arab xalifaligining markaziy shaharlariga borib o’qishni odat tusiga, an’anaga aylantirdilar. Damashq, Qohira, Bog’dod, Kufa, Basra va boshqa shuning singari katta shaharlarda Movarounnahr va Xorazmdan borib fan, madaniyat taraqqiyotiga o’z hissasini qo’shgan ajdodlarimiz soni borgan sayin ko’payib bordi. Xususan, bu borada Bog’dod shahri Sharqning ilm-ma’rifat markazi sifatida katta ahamiyat kasb etdi. IX asrda bu shaharda xalifa Horun ar-Rashid hukmronligi davri (786-809)da «Bayt ul-hikmat» yoki «Xizonat ul-hikmat» («Hikmat xonasi»)ga asos solinib, xalifa Ma’mun hukmronligi davri (813-833)da «Bayt ul-hikmat»ning faoliyati yanada rivoj topgan, uning rasadxonasi va katta kutubxonasi bo’lgan (buyuk matematik Muso Xorazmiy va astronom Ahmad Farg’oniy shu yerda ishlagan). Sharqning fanlar akademiyasi hisoblangan «Bayt-ul-Hikmat»-o’zbekcha asarlarda «Bilimdonlar uyi» yoki «Donishmandlar uyi» deb yuritiladi.
Shu o’rinda XI asrda tashkil etilgan Xorazm Ma’mun akademiyasi haqida to’xtalib o’tishni muhim deb hisoblaymiz. X asr oxiri XI asrning boshlarida huddi Bog’dod Ma’mun akademiyaga monand ilmiy markaz tuzish, fan taraqqiyotiga xizmat qilish, uning samaralaridan foydalanishga intilish an’anasi Xorazmda hukmronlik qilgan Ma’muniylar (995-1017) sulolasi davrida ham davom ettirildi va yanada yuqori pog’onaga ko’tarildi. Ma’lumki, 995 yilda Gurganj amiri Ma’mun ibn Muhammad Kot (305 yilda barpo etilgan)ni egallab, bu yerdagi afrig’iylar sulolasiga barham berdi. U poytaxtni Kotdan Gurganch (Ko’hna Urganch)gako’chirib, o’zini Xorazmshoh deb e’lon qildi (995-997). Uning vorisilari Ali ibn Ma’mun (997-999) va ayniqsa, Ma’mun ibn Ma’mun (999-1017) davrida Gurganj ancha kengayib, unda madaniyat va san’at ravnaq topdi.
Ma’mun ibn Ma’mun zamonasining bilimdon olimlariga e’tibor bilan qaraydi va ularning ilmiy izlanishlariga keng imkoniyatlar yaratishga harakat qildi. Bu paytda uning qarorgohi-Maydonsaroy Somoniylar davlatidagi notinchliklardan kiynalgan ko’plab olimlar to’planadigan ilmiy markazga aylandi. Shu tariqa Ma’mun ibn Ma’mun tomonidan Gurganjda«Dorul hikma va maorif» (ba’zi bir manbalarda «Majlisi ulamo») nomini olgan ilmiy muassasa asos solindi. Shuni aytish lozimki, tarixiy manbalarda mazkur akademiyaning qachon tashkil topganligi haqida ma’lumotlar uchramaydi. Biroq olimlar ilmiy izlanishlar orqali uni 1004 yilda tashkil topgan deb aytmoqdalar. XVIII - XX asr tarixchi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar bu dargoh o’z davrining akademiyasi bo’lganligini isbotladi. Shu asosda unga shartli ravishda «Xorazm Ma’mun Akademiyasi» deb nom berildi.
Abu Rayhon Beruniy va Abu Ali ibn Sinolar rahbarlik qilgan ushbu ilmiy muassasa 1017 yilgacha faoliyat olib borgan bo’lsa-da, lekin u jahon ilmiy tafakkuri, madaniy va ma’naviy taraqqiyotining benazir hodisasi sifatida tarixda chuqur iz qoldirdi. Xususan, bu akademiyaning asosini quyidagi olimlar tashkil etgan: Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroq (?-1036, riyoziyotchi va falakiyotshunos olim; «Batlimusi soniy» («Ikkinchi Ptolemey») degan faxriy nom olgan; Abulxayr ibn Hammor (941-1048, mantiqshunos; bundan tashqari tabobatda ham juda mashhur bo’lgani uchun «Buqroti soniy» («Ikkinchi Gippokrat») laqabiga sazovor bo’lgan); Abu Sahl Iso ibn Yah’yo al-Masihiy (970-1011, tabib; Ibn Sinoning ustozi);Abu Rayhon Beruniy (973-1048); Abu Ali ibn Sino (980-1037); Abu Ahmad ibn Muhammad ibn Ya’qub ibn Miskavayx (1030 y. vafot etgan); Abu Mansur Abdulmalik ibn Muhammad ibn Ismoil as-Saolibiy an-Naysaburiy (961-1038); Ahmad ibn Muhammad as-Sahriy (1015 y. vafot etgan); Abu Ali al-Hasan ibn Horis al-Hububiy al-Xorazmiy (X-XI asrlar) va boshqalar.
1997 yil 20 oktyabr Xiva shahrining 2500 yilligiga bag’ishlangan yubiley tantanalarida O’zbekiston Prezidenti I.A. Karimov Xorazmdagi Ma’mun akademiyasini qayta tiklash tashabbusi bilan chiqdi va 1997 yil 11 noyabrda imzo chekkan farmoniga binoan Xiva shahrida Ma’mun Akademiyasi qayta tashkil qilindi. Bu voqea o’zbek xalqi madaniy va ma’naviy hayotida muhim o’rin egalladi. O’zbekistonning taklifi va tashabbusi bilan YUNESKO tomonidan Ma’mun Akademiyasi 1000 yilligini xalqaro miqyosda nishonlashda ishtirok etish xaqida qabul qilingan qapop xamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining shunga muvofiq qarori asosida 2006 yil 2 noyabr kuni Xiva shahrida yubiley tantanalari va xalqaro ilmiy anjuman bo’lib o’tdi. Shu munosabat bilan Prezident Islom Karimov tantanali majlisda yorqin nutq so’zladi. O’z nutqida Prezidentimiz Xorazm Ma’mun Akademiyasi tarixini va ilmiy merosini uzluksiz ta’lim jarayoniga kiritish haqida muhim taklifni o’rtaga qo’ydi.
O’rta Osiyo madaniyatining yuksalishiga yuqoridagi tarixiy jarayonlardan tashqari siyosiy jarayonlar ham ta’sir qildi. VIII asr oxiri-IX asr boshlarida bo’ysundirilgan xalqlarni mutloq itoatda saqlab turish nafaqat xalifalik markazi ma’murlariga, balki o’lkalarga tayinlangan noib uchun ham tobora qiyinlasha boshladi. Bu davrda xalifalikni larzaga keltirgan og’ir siyosiy vaziyat abbosiylarning Movarounnahr va Xurosonda olib borayotgan siyosatini o’zgartirishiga majbur etdi. Birin-ketin O’rta Osiyoda Toxiriylar, Safforiylar, Somoniylar davlatlari tashkil topdi. Mamlakatda sodir bo’lgan bunday siyosiy o’zgarishlardan so’ng Movarounnahr Xurosondan ajralib o’z mustaqilligini tiklab olish imkoniga ega bo’ldi.
IX asrda Somoniylar davlatining tashkil topgandan so’ng XII asrga qadar asta-sekin Qoraxoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar davlati vujudga keldi. IX-XII asrlarda O’rta Osiyoda ushbu mustaqil markazlashgan davlatlarning vujudga kelishi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni ta’minladi.
Xalqaro maydonda katta e’tibor va nufuzga ega bo’lgan bu davlatlar Axmad Nasr, Ismoil Somoniylar, Alptakin, Mahmud G’aznaviy, Tug’rulbek, Sulton Sanjar Anushtegin, Otsiz, Takash singari tadbirkor va uzoqni ko’ra oladigan davlat arboblari davrida har tomonlama rivojlanib, madaniy taraqqiyotda yuksak darajaga ko’tarildi. Chunki bu hukmdorlar davrida mamlakatda davlat hokimiyati mustahkamlandi, nisbatan tinchliq osoyishtalik va barqarorlik vujudga keldi. Natijada moddiy ishlab chiqarish rivoj topdi, hunarmandchilik va savdo taraqqiy etdi, madaniyat gurkirab o’sdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |