G’aznaviylar davlati (962-1040). X asr oxirlariga kelib Movarounnahr hududida turkiy xalqlar sulolalarining hukmronlik mavqei borgan sayin kuchayib boradi. Ular o’z tarixlari davomida birin-ketin bir qancha davlatlarni tashkil etdilar. Bu xalqlarning davlatchilik an’analari islom dinini qabul qilganlaridan so’ng ham davom etdi. Ana Shunday davlatlardan biri G’aznaviylar davlati edi.
X asrga kelib G’azna shahrining mavqei har tomonlama ortdi va bu jarayon bilan ko’pchilik qiziqa boshladi. G’azna shahri ma’muriy-siyosiy jihatdan somoniylarga qaram edi. Biroq shahar hukmdorlari alohida mustaqil davlat bo’lib ajralib chiqish ishtiyoqi bilan yashaganlar. Bu ishga birinchi marta astoydil kirishgan shaxs somoniylar lashkarboshisi turk g’ulomlaridan bo’lgan Alptakindir. U 962 yilda mahalliy hokimni ag’darib tashlab G’aznada o’z hukmronligini o’rnatish bilan birga G’aznaviylar davlatining tamal toshini qo’ydi. Ammo uning o’limidan keyin hokimiyat uchun kurash davom etib Sabuq Tegin hokimiyatni qo’lga kiritdi.
G’aznaviylar davlati Sabuqteginning o’g’li Sulton Mahmud (998-1030) davrida musulmon dunyosining eng kuchli davlatlaridan biriga aylandi. G’oyatda epchil diplomat, mohir siyosat arbobi bo’lgan. Mahmud qoraxoniylar bilan o’zaro kelishuvga asosan o’zining shimoliy chegaralarini aniqlab, g’arbda Kaspiygacha bo’lgan hududlarni rasmiy jihatdan mustahkamlab oladi. SHu tariqa, uning davlati tarkibiga hozirgi Afg’oniston, O’rta Osiyoning katta qismi, SHimoli-Sharqiy Eron va SHimoliy Hind yerlari kirgan.
Mahmud G’aznaviy temir intizomli, yaxshi harbiy tayyorgarlik ko’rgan, zamonaviy aslaha-anjomlarga ega bo’lgan katta qo’shin tashkil qilgan. U bu qo’shinga bosh bo’lib ko’plab istilochilik yurishlari uyushtirgan va son-sanoqsiz boyliklarni qo’lga kiritgan. Jumladan, u SHimoliy Hindistonga 17 marta harbiy yurishlar uyushtirgan. Mahmud 1019 yilda Kanauja shahrini zabt etganda u yerdan 20 mln. dirham, 57 ming qul va 350 ta filni o’lja qilib olib kelgan.1010-1015 yillarda Xurosonning G’ur viloyati ham unga taslim bo’lgan.
Xorazmning bosib olinishi. Geografik jihatdan qulay makonda joylashgan, xalqaro savdo karvoni markazlaridan biri bo’lgan boy-badavlat o’lka Xorazmni egallash, u yerda hukm surayotgan Ma’mun ibn Ma’mun (999-1017) hokimiyatini ag’darib tashlashni Mahmud G’aznaviy o’z tashqi siyosatining markaziga qo’ydi. Buning ustiga xalifa Qodirning Xorazm podshosi Ma’munni «Ayn Ad Daula va Zayn Al milla» - «Davlat ko’zi va dindorlar jamoasining ko’rki» unvoni bilan siylashi Mahmud G’aznaviyning g’ashini keltirdi. U turli bahonalar bilan Xorazmning ichki ishlariga aralasha boshlaydi. 1017 yil bahorida Ma’mun qo’shinida yuz bergan fitna oqibatida shoh va uning yaqin kishilari qatl qilinadi. Mamlakatda beboshliklar, tartibsizliklar kuchayadi. Bundan foydalangan Mahmud o’sha yilning yozida katta qo’shin bilan Xorazmga yurish qilib, uni o’ziga bo’ysundiradi. Mahmud o’zining bosh hojibi, asli kelib chiqishi turk bo’lgan Oltintoshni xorazmshoh unvoni bilan bu yerga hukmdor etib tayin etadi. Ana shu tariqa, Xorazm 1040 yilgacha, ya’ni G’aznaviylar davlati inqiroziga qadar uning tobeligida bo’ldi.
Sulton Mahmud davrida G’aznaviylar davlati har tomonlama rivojlanib bordi. Mamlakat poytaxti G’aznada va boshqa shaharlarda ko’plab oliy imoratlar, masjidu madrasalar, ko’rkam karvonsaroylar barpo etildi. Dehqonchilikni rivojlantirish uchun kanallar, ariqlar qazildi, to’g’onlar qurildi. Islom ulamolari katta imtiyozlarga ega bo’ldilar. Sulton Mahmudning o’zi adolatparvar hukmdor bo’lib, ilm-ma’rifatga katta e’tibor berar edi. Uning saroyida ilmu fan arboblari, adabiyot ahlining anjumanlari muntazam o’tkazib turilardi. Ulug’ alloma Abu Rayhon Beruniyning ham Sulton saroyida ko’p muddat faoliyat ko’rsatganligi buni isbot etadi.
Biroq Mahmud G’aznaviy vafotidan so’ng (1030) uning o’g’li Mas’ud davrida (1030-1041) bu davlat, bir tomondan, ichki feodal ziddiyatlarning kuchayishi va ikkinchi tomondan, saljuqiy turklarning ketma-ket hujumlari, xususan, 1040 yilda Dandanakonda berilgan zarbadan so’ng o’zini o’nglab ololmadi va o’z mustaqilligini butunlay yo’qotdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |