A.Smit o`z vaqtida "fiziokratizm tizimi qanchalik nomukammal bo`lmasin, shu davrgacha chop etilgan iqtisodiy g`oyalar ichida haqiqatga eng yaqini edi", - deb aytgan edi. Bu ta'limotning merkantilizmni inkor qilishi, mehnat bilan yer boylikning asosi ekanligini tan olishi, savdo- sotiqda bojxona cheklashlarini olib tashlashni taklif etishi nihoyatda muhimdir. Fiziokratlar boylik tezisi to`g`risida fikr yuritib, boylik - bu jamiyat mehnati bilan har yili yaratiladigan iste'mol qiymatlaridir, deydilar. Bu tezis ham A.Smit tomonidan qabul qilingan. Ishlab chiqarish va taqsimot jarayoniga xos umumiy mehnat doktrinasi, ishlab chiqarishning takroriyligiga alohida urg`u berilishi katta yutuq hisoblanadi.
Kapital va uning ikki qismga ajratilishi (asosiy va aylanma) takror ishlab chiqarish, erkin sohibkorlik to`g`risidagi g`oyalar, jamiyatning sinflarga ajratilishi iqtisodiy ta'limotlarning rivojida keyingi muhim qadamdir. Hozirgi zamon tili bilan aytganda, fiziokratlar sof bozor munosabatlarining unsurlarini asosan to`g`ri hal etib berdilar. Mehnat bilan birga yerning boylik asosi deb qabul qilinishida davr ta'siri kuchlidir. Chunki mamlakatdagi asosiy sinf dehqonlar bo`lib, asosiy boylik qishloq xo`jaligida yaratilayotgan edi.
Qishloq xo`jaligini rivojlantirish uchun erkin bozor munosabatlariga o`tish va ayniqsa dehqonlarni turli-tuman soliq va
147
yig`imlardan ozod qilish zarurligi, yagona soliq tizimiga o`tish kerakligi to`g`risidagi fikr nihoyatda qimmatlidir. Sobiq SSSRda yangi iqtisodiy siyosatda bu usul qo`l kelgan. Chunki, har bir sohibkor va tadbirkor shaxsiy manfaatdorlik bo`lgan taqdirdagina ishlab chiqarishni rivojlantirishga intiladi.
Takror ishlab chiqarish va realizatsiya jarayoni uzluksiz davom etishi, xalq xo`jaligi tarmoqlarining ma'lum proporsiyalarini saqlagan holda ro`y berishi mumkinligi aniqlab berildi. F.Kenye misolida uch sektor o`rtasidagi munosabatlar keltirilgan.
Amalda, ayniqsa hozirgi davrda esa bu sektorlar miqdori hiyla ko`p bo`lib, ular o`rtasidagi aloqalar V.Leontyevning "harajatlar - chiqarish" tizimida N ta tarmoq uchun ishlab chiqilgan. Ko`rinib turibdiki, bu g`oyaning kurtaklari fiziokratlarning asarlarida ko`ringan. Hozirgi davrda buni tarmoqlararo balans deb yuritiladi va u makroekonomik tahlilda va umuman iqtisodiyotda muhim ahamiyatga egadir. O`sha paytda bo`lajak iqtisodiy modellarning asoslari vujudga kelgan edi. Bu g`oya klassik iqtisodiy maktab ta'limoti zanjirining muhim ajralmas qismi sifatida muhim o`rinni egallaydi.
Shu bilan birga hozirgi zamon iqtisodiy ta'limotlari nuqtayi nazaridan fiziokratizm g`oyalari o`z ahamiyatini tezda yo`qotdi va o`tkinchi xarakterga ega bo`ldi, chunki jahondagi ijtimoiy va iqtisodiy hayotdagi o`zgarishlar nisbatan mukammal g`oyalar ishlab chiqilishi zarurligini taqozo etdi va bu amalda ro`y berdi. Ayniqsa, boylikning asosi (sof mahsulot) faqat qishloq xo`jaligi sohasi bilan chambarchas bog`liq qilib cheklab qo`yilganligi to`g`risidagi xato tez namoyon bo`lib qoldi, sanoat inqilobi natijasida ro`y bergan o`zgarishlar tufayli fiziokratizm g`oyalari unutilayozdi. Bu holat iqtisodiyot osmonidagi yorqin yulduzning so`nishini eslatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |