XULOSA
XVIII asrning o`rtalarida Fransiyada iqtisodiy ta'limotlar tarixida fiziokratizm yo`nalishi yuzaga keldi. Bu ta'limot klassik iqtisodiy maktabning tarkibiy, butun zanjirning ajralmas qismi sifatida muhim ahamiyatga egadir. Bu oqimning asosiy vakillari F.Kenye va A.Turgo mamlakatdagi o`sha davr iqtisodiy holatini har tomonlama tahlil etib, iqtisodiyotning muhim kategoriyalari bo`yicha qimmatli fikrlarni berdilar. Ular fermerlarni himoya qilgan holda avvalo merkantilizmdan voz kechib, boylikning asosiy manbayi mehnat va yer ekanligini ko`rsatdilar. "Tabiiy
148
tartib" konsepsiyasi asosida "unumli mehnat", "sof mahsulot", kapital to`g`risidagi ta'limotlar ilgari surildi.
Kapitalistik munosabat, xususiy mulk, erkin baholar, erkin raqobat, davlatning iqtisodga kam aralashuvi "tabiiy hol" deb tan olindi. Ularning fikricha, qiymat iste'mol qiymati bo`lib, hatto tabiat, yer in'omi sifatida talqin etiladi. Shundan dehqonchilikdan boshqa sanoat, savdo va xizmat tarmoqlari unumsiz soha deb qaraladi. Bunday noto`g`ri fikrning paydo bo`lishi Fransiyaning o`sha davrdagi iqtisodiy ahvoli (agrar mamlakat) bilan bog`liqdir.
Kapital tushunchasining kiritilishi va uning boshlang`ich va yillik bo`nak kabi ikki qismga bo`linishi iqtisodiyot tarixida muhim qadamdir. Shundan doimiy va aylanma kapital g`oyalari ham kelib chiqadi.
F.Kenyening asosiy "Iqtisodiy jadval" asarida jamiyatdagi sinflar masalasi ko`tariladi, ammo bunda ba'zi kamchiliklar bor, uni A.Turgo rivojlantirib, o`sha davr uchun to`g`ri xulosalar chiqaradi. Takror (uzluksiz) ishlab chiqarish jarayoni va yalpi ijtimoiy mahsulot muomalasi birinchi bor kun tartibiga qo`yiladi. Oddiy takror ishlab chiqarish chizmasi beriladi va tayyor mahsulotning aylanish tamoyillari ko`rsatiladi, bu o`sha davr uchun katta kashfiyot edi. Tarmoqlar, ya'ni sektorlararo taqsimotning aniq proporsiyalari bo`lishi zarurligi qayd etiladi, ma'lumki bu tamoyil hozirgi davrda ham muhim.
Olim va davlat arbobi A.Turgoning iqtisodiy g`oyalari ancha mukammal bo`lib, o`sha davrdagi jamiyat va iqtisodiyotdagi jarayonlarni ancha izchil tahlil etadi va sanoatda kapitalistlar va yollanma ishchilar mavjudligi hamda beshta sinf borligi e'tirof etiladi. Bu xulosa to`g`ri xulosadir. A.Turgo sanoat va xizmat sohalariga ijobiy yondashadi. U kapital va qo`shimcha mahsulot (qiymat) masalalarini ancha mukammal hal etadi, sanoat, ssuda va kapital haqida fikr yuritadi, lekin oxir-oqibatda fiziokratizm qobig`idan chiqa olmaydi, qo`shimcha mahsulotning asosiy shakli yana yerga, yer rentasiga qaytadi. A.Turgo davlat chinovnigi, aniqrog`i moliya vaziri sifatida ham bir qancha iqtisodiy islohotlarni o`tkazishga erishadi. Ammo mamlakatdagi ijtimoiy tuzum bu islohotlarga to`siq edi.
Hozirgi davr tili bilan aytganda, fiziokratlar sof bozor munosabatlarini qo`lladilar, ammo ularning g`oyasi asosan qishloq xo`jaligi bilan cheklab qo`yildi, barcha fikrlarda mukammallik yetishmas edi. Bu vazifalar esa keyingi olimlar tomonidan hal etildi.
149
Do'stlaringiz bilan baham: |