16-MAVZU Insoniylik ulug’ fazilat
Reja
1. Inson – murakkab mavjudot.
2. Shaxsning tarkib topishiga ta`sir ko`rsatuvchi omillar.
3. Jamiyat hayotida insonning o`rni.
Mehr bu insonning eng yuksak tuyg‘ularidan biridir. Sharq falsafasida rahm – shafqat, muruvvat, odamiylik kabi fazilatlar doimo ulug‘lanib, madh etilib kelingan. Odamiylik – bu kishining boshqa odamlarga, urug‘ – aymog‘iga mehr-shafqat ko‘rsatishi, yaxshilik qilishini, insonparvarlik munosabatlarida bo‘lishini taqozo etadigan fazilatdir. Mehr va muruvvat – insoniylikning ajralmas belgilaridir. Mehr tushunchasiga muhabbat, sadoqat, oqibat kabi tushunchalar hamohang bo‘lib, bularning har birida xalq donishmandligi va milliy qadriyatlar o‘z ifodasini topgan. Muruvvat esa saxovat va rahmdil, o‘zgalarga shafqatli bo‘lishni, qo‘li ochiqlik va bag‘rikenglikni ham anglatadi.
Hadisi sharifda Rasululloh (s.a.v) marhamat qiladilarki:“Ey Uqba, senga dunyo va oxirat ahllari axloqlarining afzallaridan xabar beraymi? Kim sen bilan silai rahmni uzgan bo‘lsa, sen uni bog‘laysan, kim seni bir narsadan mahrum qilgan bo‘lsa, unga o‘shani berasan va kim senga zulm qilgan bo‘lsa, afv qilasan”.
Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri” asaridagi mehrli bo‘lish, insonparvar bo‘lish borasidagi g‘oyalarini yoshlar ongiga singdirish insoniy fazilatdir. Chunki, Forobiy fozil shaharni orzu qilib, bu shaharda hamma kishilar mehr-muruvvatli, boshqa kishilarni izzat qiladigan insonparvar odamlar ekanligini ko‘rsatib o‘tadi. Alisher Navoiy o‘zining “Vaqfiya” asarida inson ulkan izzat va hurmat to‘g‘risida so‘z yuritadi. Asarda ko‘rsatilishicha boshqalarga mehr ko‘rsatish insonning eng oliy fazilatlaridan biridir. Navoiy mehrsiz, muruvvatsiz kishini hayvonga tenglashtiradi. Navoiy fikricha inson butun koinotning duru-gavhari, markaziy siymosi, butun mavjudotning toji, hayotning gulidir. Dunyodagi barcha yaxshi narsalar, jamiyki ne’matlar inson uchun, uning baxt-saodati uchun yaratilgan, bularning bari insonga xizmat qilmog‘i kerak. Navoiy fikricha olamda insondan qudratli, undan muhimroq salohiyat yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Shunday ekan, har bir inson o‘zini hurmat qilish bilan birga, boshqa insonlarni ham olamning duru-gavharlari deb bilishi, ularga mehr va izzat ko‘rsatishi lozim bo‘ladi deya ta’kidlaydi.
Hayotni kuzatsak, yaxshi muomala va samimiy munosabat qalblarga sevinch bag‘ishlasa, qo‘rslik va manmanlik, kibr kishilarga aziyat yetkazishini anglaymiz. Sevinchga to‘la qalblar yaxshilik, ezgulik istaydi. Hamsuhbat kishiga quvonch ulashish gunohlarning kechirilishiga ham sabab bo‘larkan. Shirinso‘zlik va muloyimlik bilan muomala qilgan inson nafaqat o‘zini, balki suhbatdoshining qalbini ham charog‘on etadi. Ko‘rishganda salomlashish, chaqirganda “labbay” deyish, xayrlashganda omonlik tilash xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Zero, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, ahil-inoqlikning ziyoda bo‘lishi, birinchi navbatda, odamlar bilan muloqotda xushmuomalalikka bog‘liq.
Yonimizdagi insonga baho berganda, eng avvalo, uning muomalasiga, odamlar bilan munosabatiga e’tibor qaratamiz. Muomala odobi esa “Assalomu alaykum, vaalaykum assalom” dan boshlanadi. Chiroyli xulq va yaxshi muomala — odamiylik ziynatidir. Xalqimiz kechayu kunduz qimirlab mehnat qilar ekan, to‘ylar qilsam, odamlarga ehsonlar qilsam deb hamisha xayolidan o‘tkazib turadi. Bir-birlarining haqlariga duo qilganda ham “topganing to‘ylarga buyursin” deyishlik odat bo‘lib qolgan. Chunki ularga ochiq qo‘l bo‘lishlik ajdodlaridan meros bo‘lib qolgan. Xalqimiz biladiki, uning farog‘ati dunyoda ham baraka keltiradi, oxiratda ham ulkan ajrlarga sabab bo‘ladi. Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallam: "Saxiylik bir daraxtdir, uning tomirlari jannatda, shoxlari esa dunyoga tushgandir. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni jannatga olib boradi. Baxillik ham bir daraxtdur, uning tomirlari do‘zaxda va shoxlari dunyoga tushgan. Kim uning bir shoxiga osilsa, uni do‘zaxga olib boradi" dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar:
"O‘zlaringiz va o‘liklaringiz uchun bir qultum suv bilan bo‘lsa ham sadaqa qilinglar! Agar bunga qodir bo‘lmasangiz, Allohning Kitobidan bo‘lgan bir oyat bilan, ya’ni, uni o‘qinglar, unga amal qilinglar, boshqalarga ham yetkazinglar. Bas, agar bunga ham qodir bo‘lmasangiz, rahmat va mag‘firat so‘rab, Allohga duo qilinglar! Chunki U zot duoni ijobat qilishga va’da bergandir". Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam): "To mo‘min bo‘lmagunlaringcha jannatga kirmaysizlar, to bir-birlaringga mehr-muruvvatli bo‘lmagunlaringcha mo‘min bo‘lmaysizlar" (Imom Muslim rivoyati), degan ta’limlari bizlarni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chorlaydi. Mehr-muruvvat haqida Qur’oni karimda bunday bayon qilingan: "Sizdan(ey Muhammad,) kimga ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: "Nimani xayr-ehson qilsalaring, ota-ona, qarindosh, yetim, miskin va musofirlarga qilinglar! Har qanday ehsonlaringni Alloh bilib turuvchidir" (Baqara, 215).
Hadislardan birida: "Bemorlarni ziyorat qilinglar, ochlarga taom yediringlar, qarz¬dorlarga qarzlarini uzishga yordam beringlar" deyilgan. Shirin so‘z va yaxshi muomala mehru oqibat kalitidir. Shuning uchun Parvardigor o‘zining kalomi sharifida mo‘minlarni shirinso‘z bo‘lishga chaqiradi. Hadisda: "Kim biror kishini yaxshi ishga dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni bajarganning savobi beriladi", deyilgan.
Muzaffar Qosimov,
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom
bilim yurti ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
Do'stlaringiz bilan baham: |