Oloy tog` tizmasi- Pomir-Oloy tog`lari sistemasidagi tizma. Qirg`iziston va qisman Tojikistonda yastanib yotadi. Tizmaning eng baland joyi 5539 m. Umumiy uzunligi 400 km. Janubda Farg`ona vodiysi bilan chegaralanadi. Cho`qqilarida, ayniqsa, g`arbiy qismida qor va muzliklar (568 km²) bor. Tog` etaklarida chala cho`l o`simliklari o`sadi, yon bag`irlari quruq chalov-betaga dashtlaridan iborat. 2000–3200 m balandlikda o`tloqdasht o`simliklari va archa o`rmonlari, undan yuqorida alp o`tloqlari bor.
Oltin- yoki tilla - unsurlar davriy jadvalining 79-unsuri. Kimyoviy belgisi Au (lotincha aurum - „charaqlash“ soʻzidan olingan). Oltin zich va egiluvchan metalldir. Oltin asil metal hisoblanadi. U turli sharoitlarda zanglamaydi va tarkibini o`zgartirmaydi. Oltin insonga maʼlum boʻlgan dastlabki metallardan. Arxeologik topilmalardan oltin buyumlarning miloddan 5—4 ming yil ilgari yasalgani maʼlum boʻldi. Misr, Mesopotamiya, Hindiston, Xitoyda miloddan avvalgi 3—2 ming yilliklarda oltin qazib olingan va undan turli buyum va bezaklar ishlangan, keyinchalik tanga pul zarb qilingan. Oltin tabiatda koʻpincha erkin holda (tugʻma oltin) uchraydi. Sof oltin mayda zarralari koʻpincha qumga aralashgan boʻladi. Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, AQSH (Kaliforniya), Braziliya, Avstraliya, Kanadada, shuningdek, Afrika mamlakatlarida oltin konlari bor. Dengiz va okean suvlari, tirik organizmlarning hujayrasi va qonida ham oltin mavjud boʻladi. Oʻzbekistonda Oltin makkajoʻxori doni va popugida va Qizilqumda shuvoq oʻsimligida borligi aniqlangan. Oʻzbekistonning Olmaliq, Zarafshon (Marjonbuloq), Qizilkum hududlarida oltin konlari mavjud.
Oltingugurt-(Sulfur), S - Mendeleyev davriy sistemasiga kiruvchi kimyoviy element bo`lib, och-sariq, mo`rt, qattiq modda, tozasi hidsiz. Oltingugurt yer po`sti va dengiz suvi tarkibida mavjud. Tabiatda erkin (tug`ma Oltingugurt) va birikmalar holida uchraydi. Bundan tashqari, Oltingugurt ko`mir, slanets, neft, tabiiy gazlar, hayvon va o`simlik organizmlarida organik va anorganik birikmalar holida mavjud. Tug`ma Oltingugurt Meksika, AQSH, Italiya, Yaponiya, MDH mamlakatlarida bir necha ko`rinishlarda uchraydi. Oltingugurtning juda ko`p birikmalari maʼlum. Oltingugurt konlardan (tug`ma Oltingugurt holida) qazib olinadi. Sho`rtang gaz kompleksida shu usulda guvalasimon (komovaya) Oltingugurt olinadi. Oltingugurtning 50%ga yaqini sulfat kislota, 25% ga yaqini sulfat sellyuloza, qolgan qismi rezina sanoatiga, sunʼiy tola, portlovchi moddalar ishlab chiqarishga, tibbiyot ehtiyojlariga sarflanadi.
Olxo`ri- olu (Prunus) — raʼnodoshlar oilasiga mansub danakli meva daraxti yoki buta. Olxo`rining 30 dan ortiq turi maʼlum. Eng koʻp tarqalgan turi oddiy olxo`ri boʻlib, togʻolcha bilan yovvoyi olxoʻri (tern)ning tabiiy chatishishidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Vatani — Kichik Osiyo, Kavkaz, Shimoliy Eron. Oʻzbekistonga esa Eron orqali keltirilgan. Hozir Oʻrta Osiyoda dastlab keltirilgan oq olu, sariq olu, qora olu va ulardan kelib chiqqan navlar tarqalgan. Olxo`ri joy tanlamaydi. Oʻzbekistonda ekilish maydoni jihatidan danakli meva daraxtlari orasida oʻrikdan keyin turadi. Olxo`rining guli oq yoki koʻkish rangda bo`ladi. Olxo`ri mevasi dumaloq, tuxumsimon, choʻzinchoq, 60—100 g , sariq, yashil, qizil, koʻkimtir-qora. U yangiligida yeyiladi, qoqi, konserva qilinadi, sharbatli ichimliklar, jem, murabbo, qiyom va boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Olxo`ri, asosan, payvandlab hamda ildiz bachkisidan koʻpaytiriladi. Koʻchati oʻt-qazilgach, 4—6-yili hosilga kiradi. Oʻzbekistonda mart-aprelda gullaydi, mevasi iyunning ikkinchi yarmidan sentabr oxirigacha pishadi. 20—25 yil yaxshi hosil beradi (daraxti 30–50 kg , ayrimlari 100 kg gacha).
Do'stlaringiz bilan baham: |