IKKINCHI BOB.
Mark Tven hamda G’.G’ulom ijodida bolalar adabiyoti va ularning qiyosiy talqini
2.1. Mark Tven va G’afur G’ulom ijodida bolalar mavzusi
Ma’lumki, janr (fol’klor, adabiy) ijtimoiy-badiiy tafakkur taraqqiyotining ma’lum bir bosqichida yuzaga kelib, jamiyat taraqqiyoti talablariga ko’ra o’sib, rivojlanib, o’zgarib boruvchi tarixiy kategoriyadir. “Adabiy janrlar badiiy olamdan tashqaridagi voqelik bilan chambarchas va turli plandagi rishtalar bilan bog’langan. Eng avvalo, bu aloqaning genetik jihatlari muhimdir. Asarlarning janrlari mohiyatan tarixiy-madaniy hayotdagi yirik ahamiyatga ega bo’lgan hodisalar bilan bog’liq.
Sharq klassik adabiyotida sayohat taassurotlarini tasvirlovchi asarlar sayohatnoma deb atalgan. Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma”si o’zbek mumtoz adabiyotidagi sayohatnoma janrining eng nodir namunasi hisoblanadi. Fors-tojik adiblari Zayniddin Vosifiyning “Badoe’ul-vaqoe”, Nosir Xisravning “Safarnoma”, Ahmad Donishning “Navodurul –vaqoe”, Mahmudxo’ja Behbudiyning “Sayohatnoma” va Abdulla Avloniyning “Afg’on safari” ham “Boburnoma” kabi safar voqealari va taassurotlarini bayon etishga bag’ishlangan. Biroq ayrim adabiyotshunoslar ularni sayohatnomalardan farq qilishadi: “Sayohat taassurotlari shaklida yozilgan roman va poemalardan xotiranomalarni farqlash kerak. Chunki yo’l xotiralari davr sinovlaridan o’tgan janr bo’lib, uning ijodkori faqat tabiat va urf-odatlar bilan qiziqib qolmasdan, xalq hayotini chuqur bilishga, turmush, madaniyat, adabiyot va hokazolar haqida fikr yuritishga intilgan”.1
Zamonaviy o’zbek adabiyotida ham sayohatnoma janrida yaratilgan asarlarning salmog’i sezilarli. Bularga misol qilib Oybekning «Nur qidirib» povestini, O’.Umarbekovning «Bolgar qo’shiqlari» (1966) she’rlar to’plamini, X.To’xtaboevning «Sariq devni minib» sarguzasht trilogiyasini va boshqa qator asarlarni keltirish mumkin. Muhammad Ali, Qamchibek Kenja, Dadaxon Nuriyning qator asarlari esa safar xotiralariga bag’ishlangan.
Mark Tvenning «Tom Soyerning boshidan kechirganlari» va uning mantiqiy davomi bo’lmish «Gekl’berri Finnning boshidan kechirganlari» romanlarida ham, G’afur G’ulomning «Shum bola» qissasida ham sayohat majburiy darbadarlik sifatida namoyon bo’ladi. Zotan asarlarning qahramonlari ham, ularning atrofida uchraydigan qator personajlar ham o’zlarining ixtiyorlari bilan yo’lga chiqishmaydi, ularni sharoit yoki ro’y bergan tasodifiy bir voqea shunday qilishga majbur etadi.
Shum bola uydan sharmandalarcha chiqib ketgan bo’lsa, Tom o’zga yurtlarni ko’rish, qaroqchilardek hayot kechirish ishtiyoqi bilan yonadi. Biroq ular uzoqqa keta olishmaydi: ular o’z boshlaridan kechirgan ham tashvishli, ham quvonchli voqealar asosan o’z yurtlarida, o’zlari tug’ilib o’sgan maskanlar atrofida ro’y beradi (M.Tvenning «Tom Soyer xorijda» asari bundan istisno). Tomning sarguzashtlari xolasi Polli yashaydigan Shahar, uning atroflari, Missisipi daryosi va undagi orolda kechsa, Gekl’berri va uning hamrohlarining daydiliklari Missisipi va uning qirg’oqlarida joylashgan Shahar va qishloqlar bilan bog’liq. Shum bola esa Toshkent va uning biqinida joylashgan aholi maskanlari – Keles, Ko’kterak, Eshonbozor va boshqa yerlarda tentiraydi. Shum bola ona uyini tark etib, bir muddat xolasinikidan boshpana topadi, biroq pochchasining umidlarini oqlay olmaydi: o’zining noshudligi tufayli pochchasining sayroqi qushlarini o’ldirib qo’yadi va bu yerdan qochishga majbur bo’ladi. Tomning sarguzashtlari esa do’sti Gek bilan o’lib qolgan mushukni dafn etish uchun tunda «qaroqchilar» oroliga borib qolganlaridan so’ng boshlanadi.
Gek ham bir muddat o’zini boqib olgan beva Duglas xonimning uyida yashab tursa-da, uning Gekni tergashlari, har xil tartib-qoidalarga amal qilishga undashi Gekka yoqmaydi. Gek ham xuddi Tomga o’xshab bir muddat uydan chiqib ketadi, u ham Tomga o’xshab qaytib keladi. Biroq Gek («Gekl’berri Finnning boshidan kechirganlari») otasi bilan uchrashganidan so’ng butunlay ko’chaga chiqib ketishga majbur bo’ladi.
Gek piyanista otasidan faqatgina qochib qutuladi. Dastlab u bundan xursand bo’ladi. Biroq uyidan ketgan kunining ertasigayoq u yolg’izlikni his qiladi: “Qorong’i tushganda, trubkamni tutatib, gulxan yonida o’zimdan ko’p xursand bo’lib o’tirardim. Biroq sekin-asta meni yolg’izlik qayg’usi bosdi. Qirg’oqqa borib, daryo to’lqinlarini tomosha qilib o’tirdim, charaqlagan yulduzlarni, daryodan oqayotgan xodalarni sanay boshladim, keyin yotib uxladim. Yolg’izlik balosidan qutulishning eng yaxshi chorasi – uyqu.”1
Daryoda Gek bilan Jim ko’p sarguzashtlarni boshdan kechiradilar. Cho’kib ketayotgan paroxodda kallakesar o’g’rilarga duch kelib, o’limdan zo’rg’a qochib qutuladilar. Yana bir bor qirg’oqqa chiqqan Gek Grendjerford va SHeperdsonlarning adovati qurboni bo’lishiga oz qoladi, Jim esa daryo bo’yidagi botqoqqa cho’kib ketishdan bazo’r qutuladi. Ularning Missisipi bo’ylab safari faqat tunlari amalga oshiriladi. Nafaqat Jimni, balki Gekni ham hech kim ko’rishi kerak emas. Gek Jimni quldorlar qo’lidan qutqarmoqda, bu bilan u o’z hayotini xavf ostiga qo’ymoqda edi, zero agar uning bu ishi ma’lum bo’lib qolsa, o’zini ham qamoqxona kutardi.
Solda ular tungi tabiatni kuzatadilar, o’zlarini dunyoda yolg’iz his qiladilar, yulduzlar to’la samoni kuzatadilar: “Solda juda rohat qilib yashardik! Tepamiz – chaman-chaman yulduz, yulduzlarni tomosha qilib, ularni birov yaratganmi yo o’z-o’zidan paydo bo’lganmi deb bahslashib yotamiz. Jim yaratilgan derdi, men yo’q, o’zlari bino bo’lgan derdim: shuncha yulduzni yaratishga qancha vaqt kerak bo’ladi! Jim qurbaqa tuxum bosgani kabi, balki ularni ham oy tuqqandir dedi… Osmonni chizib, yerga uchib tushuvchi uchar yulduzlarni ham ko’rardik. Jim bu yulduzlar palag’da bo’lib qolgani uchun uyasidan chiqarib tashlangan yulduzlar deb o’ylardi.”2
Biroq qochoqlar uchun tunda osmon doimo beg’ubor bo’lmaydi. Tez-tez daryo yuzini qalin tuman qoplaydi. Shunday tumanli tunlardan birida ular o’zlari istagan, o’zlari intilgan ozod Shahar – Kairni ko’rmay o’tib ketadilar. Ularning soldagi sokin hayoti ham kutilmaganda buziladi – unga olomondan qochgan muttahamlar – “qirol” bilan “gertsog” kelib qo’shilishadi. SHundan so’ng yana darbadarlik, yana yangi sarguzashtlar boshlanadi.
G’afur G’ulomning “Shum bola”sidagi bosh qahramonning sarguzashtlari Gek bilan Jimning sarguzashtlaridan qolishmaydi. O’zbek adibi Shum bolaning sarguzashtlari bayonida o’zbek xalq afsona va latifalari, qo’shiqlaridan keng foydalandi.
Shum bola uyidan ketib, pochchasinikidan boshpana topadi. Biroq pochchasining qushlarini o’ldirib qo’ygan Shum bola endi majburiy ravishda yo’lga tushadi (“Endi pochchamga nima deyman! Bu qushlarning har bittasini u ko’zining qorachig’iday ko’rar edi-ku. Bu yerdan ham nasibam uzilganday ko’rinib ketdi”.)1 zero, uning yaqin-atrofda boshqa qarindosh-urug’lari yo’q.
Shum bola pochchasinikidan olgan bir juft qumrini Achchabodda majburan “molga movoza qiladi”. Yo’lda mahalladosh do’sti, o’ziga o’xshagan darbadar Omonni uchratadi, ikkovlon bozorda “mollar”ni sotadilar va u yerda boshqa bir mahalladoshi Husnibiyga duch keladilar. Husnibiy Shum bolaga u ketib qolganidan so’ng mahallada nima gaplar bo’lganini, onasi undan ko’p xavotir bo’lganini aytib, uyga qaytishni maslahat beradi. Shum bola ham unga uyga qaytishni istashini ma’lum qiladi: “Uncha-muncha pul qilay, kiyim-boshimni tuzatay”.2 Shum bolaning bu gapidan ham u majburan ko’chada yurganini bilish mumkin: uyga quruq qaytib borib bo’lmaydi, zero oilasi bechorahol, onasi, singillariga nimadir olishi kerak.
SHundan so’ng Shum bolaning “...kirmagan ko’chasi, qilmagan ishi qolmaydi; qaysi ishga qo’l urmasin, qaysi ko’chaga kirmasin, oxiri voy bo’lib chiqadi”.1
“Epsizligi tufayli” domladan kaltak yegan Shum bola “narvonga tirmashib tomga arang chiqib oladi” va tomma-tom qocha boshlaydi hamda bir nosoz tomdan “qamish-tuproq aralash pastga yiqilib tandirning ichiga tushadi” va shu ahvolda deb hikoya qiladi u “Kechgacha tuz totmay, o’tirgan joyimdan qimirlolmay, tandir o’choqning ichida yotdim”.2
Biroq “epchilligi tufayli” Shum bola bu holatdan osonlikcha chiqib ketadi, chiqib ketganda ham quruq ketmaydi: xonadon sohibasining jazmanidan “chaqa tanga aralash ikki pul” olib ketadi.
Noilojlikdan u yana qorong’i kechada qo’ltiqda non, belda pul, yana safarga chiqib ketadi:
“Vaqt juda ham kech, bora-bora katta bir bozor maydonidan chiqdim. Bu yer tag’in o’sha, nahs bosgan Kalas bozorining o’rni edi. Borarga joyim, qo’narga makonim bo’lmagani uchun bir burchakka borib, ikkita g’ishtni boshga qo’yib uyquga ketdim”.3
Eshak so’yganidan so’ng usti-boshi qonga belangan Shum bola sazoyi qilinib, olomonning toshbo’ronga duchor bo’lishiga ozgina qoladi. Biroq tasodif tufayli undan omon qoladi. Ana shundan so’ng biz uning yana majburiy darbadarlik qilishiga guvoh bo’lamiz.
Shum bola o’ziga kelgach bir muddat ne qilarini bilmaydi. Lekin ochlik azobi uni obdon qiynaydi. Bunga uning quyidagi so’zlari dalil bo’la oladi: “O’zim sog’-salomatman... Ammo badanda bir sarkash a’zo bor, u mening ixtiyorimdan tashqari, o’zboshimcharoq. Unga mening hukmim o’tmaydi... u a’zo kamdan-kam kishilarga vafo qilgan – qorin. .. Qo’l qorin hukmi bilan ba’zida eng past kishilarga tama kapgiriday cho’ziladi. Oyoq kutmagan joylarga olib boradi.
Umuman, G’afur G’ulom “Shum bola”da poeziyadan juda unumli foydalangan. Mark Tven “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”ni bolalik poeziyasi deb ataganidek, G’afur G’ulom ham o’z qissasini poeziyaga aylantirgan. To’g’ri, yetimlik og’ir. Biroq G’afur G’ulom bu kulfatni she’riyat yordamida yumshatishga, yetimlarning ko’nglini olishga harakat qilgandek. Qissadan olinib, yuqoridagi misollarda keltirilgan xalq qo’shiqlari, g’azallar, qalandarlarning talqinlari asarda Shum bola taqdirining, unga o’xshagan minglab o’zbek bolalari taqdirining leytmotivi bo’lib jaranglaydi. Ularning barchasida yetim bolalar va ularning og’ir qismati haqida kuylanadi.
Biroq Shum bola qaerga ketayotganini o’zi bilmaydi: “Qaerga ketayotibman – o’zim ham bilmayman, meni ko’r taqdir yetaklar edi”.1 Begona joylarda yurgan Shum bola “katta bir daryo” oldidan chiqadi. U daryodan qanday o’tishni bilmay qoladi. SHu yerda ham muallif uning darbadarligini, sayoqligini ifodalash uchun quyidagi qo’shiqni keltiradi: “Oldidan katta daryo chiqib qolgan mashhur sayyohlarning ashulalarini suvning sharqiroq oqinlariga kuylar edim:
Daryo toshqin, suvlar to’lqin,
O’tolmayman-a, yor-yor,
Otim oriq, manzil uzoq,
Etolmayman-a, yor-yor.”2
O’zini suvdan o’tkazib qo’ygan uzumchi chol maslahati tufayli Shum bola Sariboyning amlokiga kirib boradi. Sariboynikida bir oyu o’n to’qqiz kun ishlagan Shum bola “yolg’onchiligi” uchun u yerdan ham haydaladi. Sariboy unga “...qayoqdagi sasigan, qurt tushgan olmalardan ikki pud olmani bitta chipta qopga solib berdi. Men shunga ham shukur qilib, namozshom paytida yo’lga tushdim. Yana o’sha darbadarlik, yana o’sha makonsizlik balosi. Qo’ndoqdan ajralgan kakku bolasiday, qo’narga shox-butoqsiz.”3
Olmalarini sotish uchun Sariog’och bozoriga borgan Shum bola u yerda tasodifan do’sti Omonni uchratib qoladi va u xizmat qilayotgan boyga qo’ychivonlikka yollanadi. Do’sti Omon bilan Ko’kterak bozoriga qo’ylarni haydab ketayotgan Shum bola poezd yo’li yonidan yuradi. Yo’lda ular sabzi kovlayotgan odamlarga duch kelishadi. Ular orasidagi bir mo’ysafid bolalarni shu yerda qolishga, sabzi kovlashni va bu bilan “biror qop sabzi qilib ketish” ni maslahat beradi. Shu yerda ham Shum bolaning xayolidan “darbadarlik” so’zi o’tadi:
Sabzi yetishtiruvchi boyning uyidan qochgan Shum bola bilan Omon arazlashib, har taraf ketadilar. Ana shunda Shum bola quyidagicha o’ylarga beriladi:
“Xo’sh, endi o’zimizga navbat, o’zginamiz, ya’ni men nima qilaman, qaerga boraman?
Bu viloyatlardan umidim uzilgan, kimsan, Ko’kterak, Eshonbozor, Qoplonbek, SHarobxona kabi shahri azimlarda (ko’p voqealarni ushbu sarguzashtda yozganim yo’q) qilmagan ishim qolmagan, yetti iqlimda nomim yomonlikka yoyilgan, mazkur mamlakat va viloyatlarga qaytishim mumkin emas”.1
Ana shunda Shum bolada sog’inch hissi - uyga qaytish, onasi va singillarini ko’rish istagi tug’iladi:
“Oilamizga – onamning oldiga boray desam, ust-boshim yupun, oyog’im yalang, hammom tushgan bo’taloqday shir yalang’ochman. Onam sho’rlikning beva-kambag’al ro’zg’origa jodiday jag’ bilan borishim ham o’ng’aysiz, ularning ham menga ko’zlari uchib turmagan bo’lsa kerak”.2
U beva onasini, singillarini ko’p eslaydi, ularga achinadi, o’zining shunday noshudligidan, omadsizligidan afsus chekadi:
“Beva onamni, yetimcha singillarimni ko’p o’ylayman, ichim achishadi.
Nega men bunday noshud bola bo’ldim, kimga bo’lsa ham shogirdmi, yugurdakmi bo’lish kerak, biror nima topib onamga qarashib yuborishim kerak-ku, deyman. O’tinaman, o’z-o’zimni koyiyman, ba’zan-ba’zan yig’lab qo’yaman. Ammo shu holda uyga qaytish qiyin”.1
Keltirilgan misollardan ko’rinib turganidek, Shum bola uyga qaytishni istaydi. Biroq o’zining yupunligi, nochorligi va shundoq ham bechorahol xonadonga ortiqcha yuk bo’lishni istamasligi tufayli u yana majburan yo’lga tushadi.
Mark Tvenning «Tom Soyerning boshidan kechirganlari» va uning mantiqiy davomi bo’lmish «Gekl’berri Finnning boshidan kechirganlari» romanlarini hamda G’afur G’ulomning «Shum bola» qissasi sayohatnoma janrida yozilgan sarguzasht adabiyot namunalaridir. Ularda sayohat majburiy darbadarlik sifatida namoyon bo’ladi. Bu esa har ikki yozuvchi asarlarida ko’tarilgan g’oyani kitobxonga yetkazish uchun qo’llagan badiiy usuldir.
Do'stlaringiz bilan baham: |