Men seni sevgan bo’lar edim
Yulduzsiz bir kechada
Lekin sening ko’zlaring uchun emas.
Men seni sevgan bo’lar edim
Yulduzsiz bir tunda
Lekin sening qo’shig’ing uchun emas.4
Ma’lumki, Sanjar Siddiq yetuk va mohir tarjimon edi. Yuqoridagi misol esa gaplar tuzilishiga yetarlicha ahamiyat bermaslik ba’zida tajribali va hassos tarjimonlarni ham adashtirishi mumkinligidan dalolat beradi. Eng qizig’i shundaki, asliyat va uning o’zbekcha tarjimasi bir-biriga, beshinchi satrni inobatga olmaganda, so’zma-so’z va satrma-satr mos tushgan. Mutarjim hatto birinchi va ikkinchi uchlik orasidagi sintaktik parallelizmni ham xuddi asliyatdagidek qayta sozlagan. Biroq she’r uning ruscha muqobilidan tarjima qilinganligi sababli mazmun tamoman o’zgarib ketgan. Bunga asliyatdagi «to like» (sevmoq, yoqtirmoq) hamda «to liken» (o’xshatmoq) fe’llarining ruscha tarjimada chalkashtirilishi salbiy ta’sir ko’rsatgan.
G’.G’ulomning 1930 yilda qurilishi bitqazib tugallangan Turkiston-Sibir temir yo’liga bag’ishlangan «Turksib yo’llarida» she’ri o’sha yiliyoq rus tiliga tarjima qilindi va keyinchalik ham rus tarjimonlari bu she’rga qayta-qayta murojaat qildilar (M.Rodionov, T.Rabinovich, V.Derjavin). O’zbek shoirining bu she’ri 1934 yili ingliz tiliga ham ag’darildi. Asarni Lengston X’yuz tarjima qilgan.1
Amerikalik shoir va tarjimonning badiiy kashfiyotlaridan biri asarning asl mazmunini kitobxonlarga yetkazish uchun turli unsurlardan, jumladan inkordan keng foydalanishidir.
Asliyatda:
Bu yo’llar
ko’p qadim yo’llar...
Bu yo’ldan tarixda birinchi daf’a,
Tarixda eng porloq -
O’laroq bir sahfa
qoldirib bir botir:
Faqat ezguvchi emas,
Bir fotih
o’lkalar buzuvchi,
ellar qirguvchi emas
o’ch olguvchi emas...
Shukuh-la
Hayqirib kechmishdir.
L.X’yuz tarjimasida:
Very old
Immemorially old
Is this road.
A new hero has passed through its sand,
Not a Tsar,
Not a spiller of blood,
Not a killer of arts,
But a builder
Who liberates countries and hearts.
Inglizcha matndagi “Who liberates countries and hearts” jumlasi G’.G’ulomning asarida yo’q. Biroq tarjima matniga «mamlakatlar va qalblarni ozod etgan» jumlasini kiritib, tarjimon «botir» («hero» -«qahramon») so’zining ma’nosini kuchaytiradi.
Quyidagi misralar tarjimasini L.X’yuzning katta yutug’i desak bo’ladi.
Asliyatda:
Bu yo’llar,
bu qadim yo’llar
Ustiga bu bizdan obida,
abadiy xotiraki, bundan
to’xtamay bir nafas,
Qon-
Qatron hidimas,
Ozodlik
shamoli esajak.
Tarjimada:
May the winds not of blood, but of freedom sing,
Of our happy spirits that soar.
May the legends alone to our memory bring
All our gloomy days of old,
May it tenderly touch each sensitive string.1
Ko’rinib turganidek bu yerda tarjimon kutilmagan usuldan foydalanadi, ya’ni “May” modal fe’lini uch marta qo’llaydi va bu bilan so’zlarning (freedom - ozodlik, blood - qon) ma’nosini va ahamiyatini yanada kuchaytiradi.
L.X’yuzning yana bir yutug’i, uning ichki va tashqi qofiyalardan unumli foydalanganligidir. Bunga juda ko’p misollar keltirish mumkin. Yuqorida keltirilgan misol ham fikrimizning dalili bo’la oladi.
Tarjimada yo’l qo’yilgan ayrim kamchiliklarga qaramay o’zbek shoiri G’afur G’ulom va amerikalik shoir va tarjimon L.X’yuzning ijodiy hamkorligi foydadan holi bo’lmadi. SHu hamkorlik natijasida Amerika va o’zbek adiblarining jonli muloqotlariga asos solindi.
G’afur G’ulomning adabiy faoliyatida jahon adabiyoti namunalarini rus tilidan o’zbek tiliga tarjima qilish katta o’rin tutadi. U Gor’kiy, Lermontov, Mayakovskiy, Pushkin kabi rus yozuvchilarining, belorus adibi Yakub Kolosning, shuningdek, Shekspir, Iogannes Bexer, Bomarshe, Antol Gidash, Lengston Xьyuz, Nozim Hikmat singari xorijiy adiblarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. AQShning Yuta shtatidagi Brigxamyang Universitetining professori David Montgomeri 14 ming kishini sig’diradigan zalda universitet rahbariyati, professor-o’qituvchilar, aspirantlar va talabalar uchun G’.G’ulom, H.Olimjonning ijodi haqida odatdan tashqari qilgan ma’ruzasida: AQShda hozirgi paytda O’zbekiston mamlakatiga qiziqish ortib borayotganini, uzoq vaqt bu ikki davlat bir – biridan ajralgan holda yashab kelgani, bir-biri haqida yaxshi va to’g’ri tasavvurga ega emasligi, endilikda ahvol o’zgara boshlagani haqida gapirib, o’zbek xalqining she’riyati – go’zal she’riyat, u jahon adabiyotida ulkan voqea ekanligi shu bois o’zini o’zbek adabiyoti she’riyatini o’rganishga bag’ishlaganini maroq bilan so’zlab beradi.
“Bolalar obrazlari G’.G’ulom prozasida katta o’rin tutadi. Muayyan darajada ular yangi jamiyatning ramzlari kabi namoyon bo’ladilar... Bolalar haqidagi hikoyalardan eng mashhuri “Shum bola” (1936 yil) asaridir. Unda bir bolakayning sarguzashtlari tasvirlangan. Uni Mark Tvenning Tom Soyeri bilan qiyoslash mumkin”, deydi David Montgomeri.
David Montgomeri O’zbekistonda bir necha marta bo’lgan. Toshkentda o’n oy yashab, G’.G’ulom va H.Olimjon hamda boshqa o’zbek shoirlarining hayotiy va ijodiy yo’lini o’rgangan. AQShga qaytgach, ular oilasida o’g’li dunyoga kelgach ismini Emeri qo’yishgan – o’zbekchaga tarjima qilganda SHerbo’ta nomini anglatar ekan.
Montgomerining ta’kidlashicha Sherbo’ta “Shum bola”ga ayrim hislatlari bilan o’xshab ketar ekan. AQShda hozirgi paytda yigirma jildlik jahon adabiyotiga bag’ishlangan qomus nashr qilingan. O’zbek shoirlariga bag’ishlangan maqolalarning mualliflaridan biri sifatida u ham shu katta ishga jalb etilgan. Bunday nashrning ro’yobga chiqishi Amerika ilmiy-madaniy hayotida g’oyat ulkan voqeadir. Bu hodisa bizning mamlakatlarimiz orasidagi munosabatlarga katta siljishlar yuz berayotganini bildiradi. E’lon qilinayotgan maqolalarning ruhi ham diqqatga sazovordir. O’zbek shoiri va adabiyotshunos olimi G’.G’ulom ijodiga bag’ishlangan maqola qomusning VIII jildida bosilgan. Qomusning mazkur jildi “Akademik Interneyshil Press”da chiqqan.
Bu katta madaniy hodisa Amerika adabiyotida o’zbek adabiyotini baholashda yangi yo’nalish paydo bo’lganining dalilidir. Bu yo’nalishning namoyondalari Amerika va xalqaro kitobxonlarga (mazkur qomusning mutaxassislar doirasi va butun dunyodagi adabiyotlar muxlislariga mo’ljallangan) o’zbek adiblarining hayotiy va ijodiy yo’llarini mumkin qadar holis baholab taqdim etishga intilmoqdalar. Bu kabi maqolalar ilmiy-tadqiqot ishlarida ham qayta qurish boshlanganligini ko’rsatadi. Bunday xolis, xayrli ishlar Amerika xalqi mamlakatimiz to’g’risida bor haqiqatni bilib olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Chet el adabiyoti durdonalarini O’zbekistonda chop etishga va o’zbek adiblari asarlarini chet tillarda e’lon qilishga bo’lgan munosabat mamlakatimiz mustaqillikni qo’lga kiritganidan keyin tubdan o’zgardi. Shunday sharoitda shaxsan yurtboshimizning tashabbusi bilan 1997 yilda «Jahon adabiyoti» jurnali tashkil etildi. Jurnalga uning birinchi sonidan boshlab to umrining oxirigacha taniqli adabiyotshunos olim, O’zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov bosh muharrirlik qildi. O’tgan qisqa muddat ichida jurnal sahifalarida jahonning turli millatga mansub adiblari va shoirlarining yuzdan ortiq asarlarining o’zbekcha tarjimalari e’lon qilindi, mualliflarning hayoti va ijodi haqidagi tadqiqotlar bosildi.
AQSh adiblari asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilib, tarqatish borasida “Jahon adabiyoti” jurnalining o’rni beqiyosdir. Jurnal 1997 yildan beri o’nlab AQSh adib va shoirlarining katta-kichik asarlarini e’lon qildi. XX asr AQSh adabiyoti va san’atining yirik vakili Sidni Sheldonning “Orziqib kutaman ertani”, J.X.Cheyzning “Gonkongdan kelgan tobut”, Stenli Gardnerning “Jilmaymagan gorilla” va “Jonsarak qo’g’irchoq”, Irvin Shouning “Tungi darbon”, va , “Boy va kambag’al”, G.R.Lotmanning “Rotfil’dlar – bankirlar qiroli”, Ken Kizining “Kakku uyasida”, Lesli Uollerning “Bankir” romanlari va J.Filippsning “Qing’ir yo’ldan” qissasi,1 Rey Bredberining “Marsga hujum” va “Farengeyt bo’yicha 451 daraja”, Torn Smitning “Millioner va jodugar oyimcha” fantastik romanlari hamda Reks Stautning “Qayoqqa qarama – oshpaz” detektiv qissasi shular jumlasidandir. 2
Jurnal sahifalarida AQSh adiblarining kichik janrdagi asarlari ham bosilib chiqdi. Bular orasida Rey Bredberining, Edgar Poning, R.Sheklining va Stiven Kingning turkum hikoyalari bor. 3 Jurnal XIX asr AQSh she’riyatining yirik vakili H.Longfelloning turkum she’rlarini ham “Yulduzlar jilosi” nomida e’lon qildi.
Mustaqillik yillarida o’zbek adabiyotini xorijda targ’ib qilish uchun Uzbekistan-Contact jurnali tashkil etildi. 1991 yilda dunyo yuzini ko’rgan jurnalda yurtimiz adabiyotining klassiklari Cho’lponning “Kecha va kunduz”, Abdulla Qodiriyning “O’tkan kunlar” romanlaridan boblar, keksa avlod vakillari Said Ahmad, Odil Yoqubov, Primqul Qodirov, Nazir Safarovlarning romanlaridan parchalar bilan bir qatorda adabiyotimizning o’rta va yosh avlodlarining hikoya va she’rlari bosilib turdi.
Mustaqillik yillarida AQSh-o’zbek adabiy aloqalarini rivojlantirishda adiblar va tarjimonlarning o’zaro muloqotlari ham alohida o’rin egallaydi. Jumladan, O’zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ko’p yillar davomida AQShga tez-tez safar qilib, Indiana universitetida o’zbek adabiyoti bo’yicha ma’ruzalar o’qidi, talabalar bilan o’zbek adabiyotini ingliz tiliga tarjima qilish bo’yicha amaliy mashg’ulotlar olib bordi. Natijada 2008 yil Indianada zamonaviy o’zbek adiblarining yigirmadan ortiq hikoyalari ingliz tiliga tarjima qilinib, chop etildi. Muhammad Ali o’zining bu faoliyati, AQSh adiblari va olimlari bilan hamkorligini “Men kashf etgan Amerika” nomli kitobida bayon qiladi.
O’zbek madaniyatining ildizlari qadim tarixga borib taqaladi. Uning bugungi kundagi rivoji jahonning ilg’or rivojlangan madaniyatlari darajasidadir. SHuning uchun uni o’rganishga tobora e’tibor kuchaymoqda.
Chet ellarda o’zbek tili adabiyoti va ularning tarixini o’rganishga e’tibor, keyingi yigirma yil ichida yana ham ortdi.
Amerikalik olima Ilza Laude - Sirtautasning Germaniyada bosilib chiqgan “Hozirgi o’zbek adabiyoti xrestomatiyasi” ham ana shunday asarlar jumlasidandir.
Kitobda o’zbek xalq og’zaki ijodi namunalari, hozirgi o’zbek yozuvchilari asarlaridan parchalar, bu tekstlarning har biriga batafsil izohlar hamda o’zbekcha-inglizcha lug’at sahifalari bor.
Professor Ilza xonim taniqli turkshunos va tajribali o’qituvchi, u 30 yildan beri turk xalqlari, jumladan, o’zbek adabiyoti, tili, folьklori va tarixini o’rganish bilan shug’ullanadi.
Kitobning “O’zbek yozuvchilarining bolalik yillari haqida” bo’limi yana ham qiziqarli. Unda Oybekning “Xalq xizmatida”, G’afur G’ulomning “O’tmishim haqida”, A.Qahhor, X.G’ulom, S.Zunnunova kabi ijodkorlarning o’z tarjimai holiga oid asarlari berilgan. “Shum bola”dan ayrim parchalar ham o’rin olgan.
O’zbek adabiyotining fidoyisi bo’lgan Ilza Sirtautas xonim ham keyingi paytlarda o’zbek she’riyati namoyondalari ijodidan qator tarjimalarni amalga oshirdi. Jumladan, u Abdulhamid Cho’lponning “Kulgan boshqadir, yig’lagan menman”, A.Oripov va M.Ali kabi shoirlarning turkum she’rlarini ham inglizchaga tarjima qilgan.
1997 yili Ilza Sirtautas tashabbusi bilan AQShning Vashington universitetida o’zbek adabiyoti namoyondalarining hikoyalarini tarjima qilishga kirishildi.
Yana shunday suhbatlardan biri AQShdagi Vashington universitetida 1996 yil 3 aprelda bo’lgan. Bu yili YUNESKO rahnamoligida butun jahonda A.Temurning 660 yilligi keng nishonlangan. Bunday ulug’ kun AQShda ham maromiga yetkazib nishonlangan. AQShdagi Vashington universiteti bunday kechaning tashkilotchisi Vashington universitetining Markaziy Osiyo tillarini o’rganish bo’yicha yetakchi professor Ilza Laude Sirtautas va Muhammad Ali bo’lgan. Ushbu kechada Muhammad Ali o’zining “Amir Temur siymosi badiiy adabiyoti” deb nomlangan ma’ruzasi bilan ishtirok etgan va ma’ruzasida sohibqironning siymosini o’zbek adabiyotida qanday yaratilgani xususida so’z borgan. Abdurauf Fitrat, Oybek, Bo’riboev, Ahmedov, Abdulla Oripov, Odil Yoqubov singari adiblarning turli davrlarda yozilgan asarlarini tahlil etishgan. Ma’ruzada ko’p savollar tushgani maьlum va savollarning aksariyati Amir Temur shaxsi, hayoti va xotinlari haqida bo’lgan.
15 aprelda Vashington universitetida “Amir Temur oyligi”ning navbatdagi ma’ruzasi tinglangan va ma’ruzachi professor Ilza Sirtautas o’zining ”Amir Temur va uning davri G’arb olimlari asarlari“ da ma’ruzasi bilan ishtirok etgan. Ma’ruza paytida professor ko’p manbalarni namoyish qilgan va ularning yozilish tarixi bilan tanishtirgan.1
1996 yil Muhammad Ali AQShning Vashington shahrida “Sentral Eysha monitor” (Central Asia monitor) jurnalida “Amir Temur haqida so’z” nomli maqolasini chop ettirgan. Maqolani ingliz tiliga Muhammad Alining shogirdi Jamoliddin Nasafiy amalga oshirgan.2
O’zbek adabiyoti namunalarining ingliz tiliga tarjima qilishga nazar tashlash mobaynida shu narsaga ishonch hosil qilish mumkinki, ham mumtoz, ham zamonaviy ma’noda o’zbek adabiyoti hurmazmun, zalvorli asarlarga boydir. Uni keng targ’ib etish nafaqat ingliz balki jahonning boshqa tillariga tarjima qilinishi hamisha dolzarb muammolardan bo’lib qolaveradi. Shuni ham aytish joizki, barcha tarjima qilingan asarlar asliyat oldida ojiz. J.SHaripov ta’kidlaganidek tarjimon qayta tarjima qilayotgan bo’lsa, o’sha xalqning koloritini, xususiyatlarini sinchiklab bilmog’i, his qilmog’i kerakligini bildiradi.
Bugungi kunda respublikamizda o’zbek adabiyotini ingliz tiliga, ingliz tilidagi adabiyotlarni o’zbek tiliga bevosita tarjima qiladigan A.Iminov va J.Kamol kabi tajribali mutarjimlar bilan bir qatorda yosh tarjimonlar yetishib chiqdi. A’zam Obidov, Faxriddin Nizomov, SHoahmad Mutalov va Alisher Otaboevlar tarjimachilik ishi rivojiga o’z hissalarini qo’shmoqdalar.
2011 yil AQShning O’zbekistondagi elchixonasi “Amerika hikoyalari” nomli to’plamini o’zbek tilida e’lon qildi.3 Mazkur kitobga AQShdagi “H’yuston Mifflin Harkort” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Amerikaning 2007 yilgi eng yaxshi hikoyalari” to’plamidan olingan yettita hikoya kiritilgan. Hikoyalar mualliflari – Jozef Enshteyn, Beverli Jensen, Roy Kesey, Stelar Kim, Eyrin Kayl, Richard Russo, Keyt Uolbert. Asarlarni o’zbek tiliga A’zam Obidov, Faxriddin Nizomov va Shoahmad Mutalovlar o’girishgan.
Kitobga yozilgan so’zboshida “Adabiyot va o’qish – o’zaro tushunishni qaror toptirish, uzoq o’lkalarni kashf qilish, yangi fikrlarni bayon qilish va muloqotga ko’maklashishday ajoyib kuchga ega – deb yozadi AQSh elchixonasining jamoatchilik bilan aloqalar bo’yicha maslahatchisi Molli Stivenson. – O’zbekiston xalqi Ernest Xeminguey, Teodor Drayzer va Mark Tven singari Amerika mumtoz adabiyoti namoyandalarini biladi va ularning asarlarini o’qigan. Biroq O’zbekistonda zamonaviy Amerika adabiyotini o’qish imkoniyati kam edi. AQShning O’zbekistondagi elchixonasi ushbu bo’shliqni to’ldirish uchun Amerikaning zamonaviy hikoyalari to’plami tarjimasi va nashriga homiylik qilayotganidan mamnun.”1
Bu kitob o’zbek kitobxonlariga, AQSh adabiyoti ixlosmandlariga munosib tuhfa bo’ldi.
Keltirilgan qisqacha tahlildan ko’rinib turibdiki, turli milliy adabiyotlar o’rtasidagi aloqalarda badiiy tarjimaning o’rni beqiyos. Bir xalq adabiyoti durdonalari bilan ikkinchi xalqni tanishtirishda haftalik gazetalar, jurnallar, nashriyotlar, bugungi kunda esa OAV (radio, yerning sun’iy yo’ldoshlari orqali uzatiluvchi televidenie, internet sahifalari) katta rol o’ynaydi. Turli adabiyotlar vakillarining uchrashuvlari, jonli muloqotlari, bir davlatda ikkinchi bir xalq tili va adabiyoti kunlarini o’tkazish kabi tadbirlar adabiy aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |