Tadqiqot metodi. Tadqiqotda tahlil usuli sifatida qiyosiy-solishtirma metod qo’llandi.
Tadqiqot ob’ekti - AQSh adibi M.Tvenning «Tom Soyerning boshidan kechirganlari» (Ilyos Muslim tarjimasi), «Gekl’berri Finnning boshidan kechirganlari» (Odil Rahimiy tarjimasi) romanlarining inlizcha va o’zbekcha tarjimalari, G’.G’ulomning «Shum bola» qissasi o’zbek va rus “Ozornik” - (A.Naumov tarjimasi) tillaridagi tarjimalari tahlil qilindi.
Tadqiqot predmeti - Mark Tvenning «Gekl’berri Finnning boshidan kechirganlari», «Tom Soyerning boshidan kechirganlari» va G’afur G’ulomning «Shum bola» asarlarida bolalikning badiiy talqini.
Dissertatsiyaning tuzilishi va hajmi. Tadqiqot kirish, uch bob, olti fasl, xulosa hamda foydalanilgan adabiyotlar ro’yxatidan iborat bo’lib, hajmi 94 sahifani tashkil etadi.
BIRINCHI BOB. ADABIYОTLARARO MUSHTARAKLIK VA O’ZIGA XOSLIK
1.1. Adabiy aloqalar: rivojlanish yo’llari va vositalari
Jahon adabiy jarayoni murakkab hodisa. Unda barcha adabiyotlar doimiy aloqada bo’lib, bir–biriga u yoki bu darajada ta’sir ko’rsatib turadi. Bugungi kunda o’z qonun–qoidalari asosidagina rivojlanadigan, tashqi ta’sirdan xoli sof milliy adabiyotni topish qiyin. Biroq adabiyotshunoslikka oid ishlarda adabiy ta’sir masalasini o’rganishda ehtiyot bo’lish kerakligi uqtiriladi. «Adabiy ta’sir masalasini o’rganish ilmini turli yozuvchilar ijodidagi hamma va har qanday tashqi o’xshashlik va monandlikni qidirishdan iborat ermakka aylantirib qo’yish yaramaydi».1
Adabiy aloqalarni o’rganish bugungi sharoitida juda muhim ahamiyatga ega, mushtarak mavzular, mushtarak voqealar, mushtarak obrazlar turli adabiyotlarda mavjud. Ularni tahlil qilar ekanmiz, bir adibni ikkinchi adibning «soyasiga» aylantirib qo’ymasligimiz, bir milliy adabiyotda yaratilgan asarni boshqa adabiyotda mavjud asarning «varianti» deb qaramasligimiz lozim.
Adabiy aloqalar bir yoqlama emas, balki o’zaro bo’ladi. Bunda milliy adabiyotlarning o’zaro bir–biriga ta’siri va bir–birini boyitishi tushuniladi. Bu jarayonda badiiy tarjimaning o’rni beqiyos. Badiiy tarjima milliy yozuvchilar uchun katta ijodiy maydon, mahorat maktabidir. Jahon adabiyoti namunalarini dastlab o’zbek tiliga tarjima qilganlar asosan o’zlari ham adiblar, shoirlar bo’lishgan. Ular orasida Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, G’.G’ulom, Oybek, M.Shayxzoda, H.Olimjon va boshqalar bo’lgan. Har bir yozuvchi, har bir shoir o’ziga yoqqan adibning asarlarini tarjima qiladi. Zo’rma–zo’raki, majburiyat yuzasidan qilingan tarjima san’at asari bo’lmaydi: «…tarjima qiluvchi kishining o’zi yaratuvchi, ijodkor bo’lishi kerak, aks holda, o’nlab qalin kitoblarni o’z tiliga o’girgan kishi ham hech qanday «ta’sir»ni his qilmagunicha, oddiy tilmoch bo’lib qolaveradi».1
Boshqa milliy adabiyot namunasini o’z ona tiliga o’girgan tarjimonning o’zi ham adib yoki shoir bo’lsa, tarjima muvaffaqiyatli chiqadi. Zero ijodkor ijodkorni boshqa kishiga qaraganda aniq his qiladi, to’g’ri tushunadi va uning fikrini kitobxonga chuqurroq anglata oladi.
Yer yuzida yashovchi turli millatlar o’rtasidagi madaniy va adabiy aloqalar kecha yoki bugun boshlangan hodisa emas. Ularning ildizi qadim–qadimga borib taqaladi. Adabiyotshunos olima F.K.Sulaymonova to’g’ri ta’kidlaganidek, «hech qachon hech qaysi xalq, elat boshqa xalqlardan uzilib qolgan, o’z holicha yashagan emas, aks holda hech qanday taraqqiyot bo’lmagan bo’lar edi».2
Xalqlar o’rtasida adabiy aloqalarning rivojlanishiga nashriyotlar va ommaviy axborot vositalarining ham hissasi kattadir. Bunga o’rta asrlardanoq nashriyot-matbaachilik ishlari yo’lga qo’yilgan Yevropa misolida guvoh bo’lish mumkin. Albatta, o’zga tillarda chop etilgan asarlar bilan tezroq tanishishning eng yaxshi yo’li ularni o’sha tillarda o’qimoqdir. Biroq ba’zan tarjima va adaptatsiyalar ham qo’l keladi.
Qulay sharoitlarga ega bo’lgan Yevropa sharoitida (G’arbiy Yevropa va Skandinaviya xalqlarining tillari, bir tomondan, Markaziy va Sharqiy Yevropa xalqlarining tillari, ikkinchi tomondan, yaqinligi, chegaralarning ochiqligi) kitoblar import va eksport ham qilingan. Ba’zan mafkuraviy, ba’zan moddiy va yuqorida ko’rsatilgan sabablarga ko’ra adib va shoirlarning asarlari o’z yurtlarida emas, qo’shni mamlakatlarda ham chop etilib turgan. Jumladan, mashhur ital’yan shoiri Jambatista Marinining (1569-1625) «Adonis» poemasi dastlab Frantsiyada dunyo yuzini ko’rgan. Frantsuz adiblarining «falsafiy» asarlari, aksincha, ilk bor Gollandiyada nashr etilgan. Ingliz adiblari Jeyms Joys va Genri Millerlar o’z yurtlaridagi ijtimoiy-ahloqiy muhit tufayli «Ulis» va «Tropiklar»ni Parijda nashr ettirishgan.
Jahon xalqlarini bir-birlaridan ajratuvchi ham, ularni birlashtiruvchi vosita ham – tildir. Yer yuzida yashovchi barcha xalqlar, ularning vakillari bir-birlari bilan asosan tarjima orqali muloqot qiladilar. Xalqlar, millatlar o’rtasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ijtimoiy aloqalar kuchaygani sayin tarjima ham, tarjimachilik ham kuchayib boraveradi. “Tarjimachilik faoliyatining bosh yo’nalishi turli tillarda gaplashuvchi xalqlarni o’zaro tanishtirish, adabiyot orqali o’zaro muloqotini tashkil etish, boshqacha aytganda, madaniyatlararo kommunikatsiya imkoniyatini yaratishdir”.1
Kommunikatsiya vositalari taraqqiyotida tubdan o’zgarish yuz bergan vaqtdan boshlab – xususan ikkinchi jahon urushidan keyin, - jamiyatning tarjimonlarga bo’lgan talabi ham miqdor, ham sifat jihatidan juda oshib ketdi. Hamma sohalarda – siyosatdan texnikagacha, badiiy adabiyotdan qishloq xo’jaligigacha tarjimon ko’p jihatdan hal qiluvchi shaxs bo’lib qoldi. Bugungi kunda davlatlar boshliqlari o’rtasidagi muzokaralar, xalqaro siyosiy va ilmiy anjumanlar ishlarini tarjimonlarsiz tasavvur qilish mumkin emas.
Bugungi kunda tarjima xalqlar o’rtasida o’zaro iqtisodiy–siyosiy, ilmiy va madaniy aloqalarning kengayishiga xizmat qilmoqda. Tarjima – milliy tillarning rivojlanishini tezlashtiradi, tillarning lug’at boyligini yanada oshiradi. Tarjima – milliy adabiyotlarning o’zaro aloqasi va adabiy ta’sir jarayonini tezlashtiradi. Milliy adabiyotlarda umuminsoniy g’oyalar, yangi mavzu va yangi janrlarning paydo bo’lishiga olib keladi.
Tarjima tufayli buyuk so’z ustalarining o’lmas asarlari dunyoning minglab tillarida jaranglamoqda. Gomer, Sofokl, Vil’yam Shekspir, Ioxann Gyote, Onore de Bal’zak, Aleksandr Pushkin, Lev Tolstoy, E.Xeminguey, Alisher Navoiy, Gi de Mopassan va boshqa o’nlab adiblarning asarlari dunyoning deyarli barcha xalqlari tillariga tarjima qilingan.
Badiiy tarjima sababli milliy adabiyotlarning o’zaro aloqasi, bir–biriga ta’siri kundan–kunga rivojlanib bormoqda. «Keyingi yarim asr ichida bir mamlakatlar adabiyotining boshqa mamlakatlar adabiyoti olamiga kirib borishi jarayoni muayyan darajada butkul insoniyat madaniyatini to’la qamrab oldi. Miqyos e’tibori bilan ham, jadallik e’tibori bilan ham, ijtimoiy mazmun e’tibori bilan ham bu jarayon to’xtovsiz rivojlanib bormoqda».1
Milliy tillarning boyishi, mushtarak so’z, atama, iboralarning paydo bo’lishida ham, milliy madaniyatlar va milliy adabiyotlarda mushtarak ijtimoiy–siyosiy, adabiy–estetik qonuniyatlarning paydo bo’lishida ham tarjima katta rol o’ynaydi.
Umuminsoniy maqsadni ko’zlab qalam tebratgan har bir yozuvchi va shoirning asarlari faqat o’z xalqining mulki bo’lib qolmay, balki butun insoniyatning ham boyligidir. Barcha xalqlar bir–birining adabiyoti va madaniyati bilan uzviy aloqa o’rnatgan taqdirdagina o’zlarining adabiyoti va madaniyatini rivojlantira oladilar. Alohida olingan har bir milliy adabiyot mavqeidan turib qaralsa, tarjima ko’proq rang–baranglik, xilma–xillikka qulaylik tug’diruvchi omil sifatida namoyon bo’ladi. Biroq tarjima yangidan–yangi janrlarning milliy adabiyotlarga kirib borishini ta’minlovchi unsur hisoblanadi va, shu jihatdan olib qaralsa, birlashtiruvchi omil sifatida namoyon bo’ladi. Jahon adabiyoti durdonalari tarjima tufayli bir tildan boshqa tilga o’girilganda, o’sha tilda so’zlashuvchi xalqning milliy ongini o’stirishda, yangicha estetik did paydo qilishda, dunyoqarashini tarbiyalashda faol rol o’ynaydi. Demak, tarjima tarbiyaviy, ma’rifiy ahamiyatga ega. Original adabiyot orqali o’z xalqimizning o’tmishi, bugungi va kelajak hayotini o’rgansak, badiiy tarjima asarlari orqali o’zga xalqlarning hayoti, o’tmishi, turmush tarzi bilan tanishamiz. Original adabiyot ham, tarjima adabiyoti ham bir xil ahamiyatga ega, ular bir xil rivojlanadi.
Bizning e’tiborimizni o’ziga ko’proq tortayotgan mamlakatlar qalam ahllari, chunonchi G’arbiy Yevropa mamlakatlari adabiyotining ajralmas bo’lagi hisoblanmish Angliya adabiyoti va inglizzabon ijodkorlar sanalmish Amerika adabiyoti vakillari asarlarining o’zbek tiliga tarjimalari haqida gap ketadigan bo’lsa, shuni alohida qayd etish lozimki, bunday tarjima asarlari o’zbek ijodkorlari e’tiborini darhol o’ziga tortdi va tez orada ularning ko’pchiligi xalqimizning asarlariga aylanib, kitob javonlaridan o’rin oldi.
Hozirgi o’zbek adabiyotida ingliz va Amerika adabiyotidan qilingan tarjimalar katta o’rinni ishg’ol etadi va ularning salmog’i yil sayin oshib bormoqda.
Chet ellardagi tinchlik va demokratiya tarafdorlari ham o’zbek adabiyotini sevadilar, hurmat bilan tilga oladilar, buni Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur1, Muhammad Aminxo’ja Muqumiy, Zokirjon Furqat kabi klassik adabiyotimiz namoyandalari va Abdulla Qodiriy, Oybek, G’afur G’ulom, Zulfiya, P.Qodirov, E.Vohidov, A.Oripov, T.Po’latov singari o’zbek adabiyoti vakillarining ko’plab asarlari ingliz, nemis, frantsuz, chex, rumin, pol’yak, bulg’or, venger, hind va boshqa xorijiy tillarga tarjima qilinganligi, chet el kitobxonlari tomonidan sevib o’qilayotganligidan ham ko’rish mumkin.
Bu o’rinda shuni ham aytib o’tish kerakki ayrim chet ellik adiblar, tarjimonlarning o’zbek yozuvchilari hayoti va ijodi bilan jiddiy qiziqayotganliklari diqqatga sazovordir. Ular o’zbek yozuvchilarining ijodidan ayrim namunalarni o’z tillariga o’girish bilangina chegaralanib qolmay, balki ba’zi yozuvchilarning bosib o’tgan ijodiy yo’li bilan maxsus shug’ullana boshladilar.
Asqad Muxtor chet ellik kitobxonlar, uning ijodini tadqiq qilayotgan adabiyotshunoslardan xatlar olib turadi. Masalan, “Opa-singillar” romanining ingliz tilidagi nashri bo’yicha dissertatsiya yoqlagan N’yu-York universiteti professori Xarol’d Batisbay O’zbekistonga kelganida Asqad Muhtorning mehmoni bo’ldi. Ana shu munosabat bilan X.Batisbay o’zbek adibiga bir qancha savollar bilan murojaat qildi. Bu savollarga berilgan javob esa “Sentral Aziatik” jurnalida bosilib chiqdi.
A.Muhtorning mazkur jurnalda bosilgan javobidan shu narsa ma’lum bo’ladiki, “Opa-singillar” romani o’zbek tilida uch marta, rus tilida esa besh marta bosilib chiqibdi. Bundan tashqari, asar Hindistonda hind tilida, Buxarestda rumin tilida, Pekinda xitoy tilida, shuningdek ukrain, qozoq, tojik, turkman, qoraqalpoq tillarida chop etilganidan xabar beriladi. Romanning hind tarjimoni Sukxabir Bombey jurnallaridan birida shunday yozadi: “Roman meni juda hayajonlantirdi, xuddi uning qahramonlari orasida yashagandayman”. “Tug’ilish” romani esa o’zbek tilida uch marta, rus tilida esa to’rt marta nashr qilingan. “Davr mening taqdirimda” romani o’zbek tilida ikki, rus tilida esa uch karra bosilgan.
Ushbu “javob”ning so’nggida yozuvchi Asqad Muxtorning ijodiga aloqador bibliografiya ilova qilinib, unda ilmiy asarlar va tarjimalarning nomlari inglizcha transliteratsiyada berilgan.
Ana shu ma’lumotlarga asoslangan mister X.Batisbay Asqad Muxtorning hayoti va ijodi haqida ingliz tilida kattagina maqola e’lon qilgan. 1958 yili ingliz tilida “O’zbekiston so’zlaydi” nomli to’plam bosmadan chiqdi. Unda Oybekning “Navoiy” romanidan parcha, A.Qahhorning “Ko’r ko’zning ochilishi” hikoyasi, Oydinning “Shirin keldi”, R.Fayziyning “Yangi yil oqshomida”, S.Zunnunovaning “Birinchi qadam” hikoyalari o’rin olgan.
Lotin Amerikasi mamlakatlarida ham o’zbek ilm–fani, madaniyati va adabiyotiga bo’lgan qiziqish kundan kunga ortib bormoqda. 1956 yili Argentina poytaxti Buenos Ayresda Rudolьfo Gioldining “Editorial fundamentos” nashriyoti “O’zbekiston ko’zguda” kitobini bosib chiqardi.
Asar ikki bobdan iborat bo’lib, unda O’zbekiston tarixi, geografiyasi, O’rta Osiyoning buyuk olimlari – Xorazmiy, Beruniy, Ibn-Sino, Ulug’beklarning jahon fani taraqqiyotiga qo’shgan ulkan hissalari hikoya qilinadi. Kitobning adabiyot va san’at bo’limida R.Gioldi M.Qoshg’ariy, A.Navoiy, Muqumiy, Furqat, H.Olimjon, G’ayratiy, H.Yashin, Uyg’unlarning ijodi to’g’risida maroq bilan so’zlaydi. Chet ellarda o’zbek tili, adabiyoti va ularning tarixini o’rganishga e’tibor, ayniqsa, keyingi yigirma yil ichida yana ham ortdi. O’zbek tili kurslari uchun o’nlab qo’llanmalar yozildi. Alo Raunning “O’zbek tilining boshlang’ich kursi”, Andrey Shobergning “O’zbek grammatikasi” darsligi, Nikolas Poppening “O’zbek tili xrestomatiyasi”, Karl Rayxlning “O’zbek ertaklari” kabi ko’plab asarlar ana shu kurslarning o’quv programmasi sifatida yaratilgan. Adabiyotimizning Amerika Qo’shma Shtatlaridagi faol targ’ibotchisi, Vashington Universiteti Yaqin Sharq mamlakatlari tillari va madaniyatlari fakultetining dekani, professor, doktor Ilza Laude – Sirtautasning 1980 yili G’arbiy Germaniyada bosilib chiqqan “Hozirgi o’zbek adabiyoti xrestomatiyasi” ham shunday asarlar jumlasidan.
O’zbek adabiyoti namunalarini ingliz tiliga o’girish faqat proza janri bilan chegaralanmay, qadimgi va bugungi she’riyatimizga ham taalluqlidir. O’zbek poeziyasining ahamiyati to’g’risda Angliyaning mashhur yozuvchisi Jon Boynston Pristli shunday yozadi: “Ayniqsa, poeziyaning keng ommaviylashgani meni hayratda qoldirdi. Masalan, Toshkentda televidenie tomoshabinlari shoirlarning mumkin qadar tez-tez chiqib turishlarini talab qiladilar. Bizning mamlakatimizda ham teletomoshabinlar shunday qilishsa, ayni muddao bo’lar edi”.
AQSh, Angliya, Frantsiya, Germaniya Respublikalarida o’zbek shoir va yozuvchilarining asarlariga qiziqish kundan-kunga o’sib bormoqda.
O’zbekiston mustaqillik yillarida dunyoga o’z husni, ko’rki va navqironligi, madaniyati san’atini ko’z-ko’z qilgan Sharqning muazzam respublikasidir. Shu tufayli ham chet ellarda O’zbekistonning bugungi kuni, ertangi porloq kelajagiga ishonch bilan qaramoqdalar.
O’zbek adabiyotining jahon adabiyoti balan aloqasi, bu munosabatning xilma-xil badiiy tarjimalarda o’z ifodasini topishi endilikda ilmiy ocherk, adabiy lavha va obzor emas, balki chuqur tadqiqotlar mazmuniga tatiydigan mo’l, barkamol material beruvchi katta mavzu bo’lib qoldi. Bobur prozasi – frantsuz tilida, Abdulla Qodiriy kitobi – nemis tilida, Abdulla Qahhor komediyasi – grek tilida va hokazo. Jug’rofiy “Koordinat”lari tobora kengayib borayotgan katta tarjima adabiyotini ilmiy tomondan yoritish tarjimashunoslik fani oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.
AQSh-o’zbek adabiy aloqalariga ham o’tgan asrning 30-yillarida asos solindi. AQSh adiblarining o’nlab kichik janrlardagi nasriy va nazmiy asarlari, yirik janrlardagi asarlardan olingan parchalar zikr etilgan jurnallar sahifalarida hamda alohida kitoblar holida chop etildi. Qator taniqli o’zbek adib va shoirlari qatori G’afur G’ulom ham bu aloqalarni kuchaytirishga alohida hissa qo’shdi.
O’zbek adabiyotini AQShda, Amerika adabiyotini O’zbekistonda targ’ib qilish, adabiy aloqalarni kuchaytirishda adiblar va tarjimonlarning o’zaro muloqotlari, AQSh va O’zbekistonga qilgan safarlari ham alohida o’rin egalladi. Qora tanli Amerika shoiri va publitsisti Lengston X’yuz (1902-1967) 1934 yili O’zbekistonga kelgan, o’zbek adib-shoirlari bilan, ayniqsa G’afur G’ulom bilan do’stona munosabatda bo’lgan, ijodiy hamkorlik qilgan. “X’yuz o’z ijodida blyuzlar, diniy oqimlar, og’zaki nutq va fol’klor usullarini mujassamlashtirgan.”1
Lengston X’yuzning she’rlari 1934 yili o’zbek tiliga tarjima qilinib, alohida kitobcha holida nashr etildi.2 L.X’yuz she’rlari tarjimasida quyidagi holatni kuzatish mumkin:
I would liken you
To a night without stars
Were it not for your eyes,
I would liken you
To a sleep without dreams
Were it not for your songs.3
Tarjimasi :
Do'stlaringiz bilan baham: |