BOLALIKNING BADIIY OLAMI
3.1. Voqelikning bolalarga xos tasviri
Mark Tven o’zining ilk mustaqil romani “Tom Soyerning boshidan kechirganlari”ni bolalik poeziyasi deb hisoblagan. “Bu prozaga o’girilgan oddiy madhiyadir”1. Turli millatlarga va yoshlarga mansub kitobxonlar ham Mark Tvenning bu asarini aynan shunday qabul qilganlar.
Mark Tvenning o’zi 1875 yil 15 iyulda adib va adabiyotshunos Gouelsga yozgan maktubida “Tom Soyer”ni frantsuz adibi Lesajning “Jil –Blaz”iga tenglashtiradi hamda “Tom Soyer” - “bolalar uchun yozilgan kitob emas. – deb ta’kidlaydi. - Asar faqat kattalar tomonidan o’qiladi, u faqat kattalar uchun yozilgan”.2 Biroq kitobni nashrga tayyorlash jarayonida Mark Tven yosh kitobxonlarni ham unutmadi. Shu o’rinda V.G.Belinskiyning so’zlarini eslab o’tish kifoya, u kishi bolalar adabiyotini “barcha uchun” yozilgan badiiy asar deb hisoblagan. Mark Tvenning o’zi ham shunday fikrda bo’lgan.
Mark Tvenning asarlari adib ijod qilgan davrdagi AQSh bolalar adabiyotidan keskin farq qiladi. Uning asarlarida bolalar ham aniq, obrazli mushohada yuritadi: bola voqelikni rangli tasvirlarda qabul qiladi, u yorug’ va g’ayrioddiy narsalarga intiladi; voqea-hodisalarda shaxsan ishtirok etgan qahramonlarning hikoyasini yoqtiradi. Bunday asarlar kitobxonning e’tiborini jalb etib, unga inson xatti-harakatidagi yuksak va olijanob xislatlarni hikoya qilib berish yozuvchidan katta mahorat talab qiladi.
Mark Tven bolalar uchun aynan shunday asarlar yaratgan: uning kitoblari tuzilishidan sodda, o’ta qiziqarli, yorqin va quvnoq asarlar bo’lsa-da, adib ularda jiddiy g’oyalarni ko’tarib chiqadi. SHu jihatidan adibning “Tom Soyerning boshidan kechirganlari” va “Gekl’berri Finnning boshidan kechirganlari” kabi kitoblari bolalar uchun ham, kattalar uchun ham birday qiziqarli.
Mark Tven bolalarning hayoti, sarguzashtlari va kechinmalari haqida soddagina hikoya qilib, ularning ruhiyatini ochishda oddiy va haqqoniy usul qo’llab, yosh qahramonlarni qurshab turgan voqelikning realistik tasvirini yaratadi.
Bolalar tuyg’ularining pokligi va sho’xliklarini tasvirlash adib uchun ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Yozuvchi tasvirlagan olamda inson faqat bolaligi va o’smirligida qalb pokligini, tuyg’ularining samimiyligi va sofligini saqlab turadi, vaqt o’tishi bilan bu xislatlar so’nishi sir emas.
Mark Tven romanda provintsial Shahar Sent-Pitersbergdagi og’ir hayotni komik ohanglarda tasvirlaydi. Shaharda ro’y beradigan arzimas voqea ham Shaharliklarni qiziqtiradi, kitobxonda ularning go’yo qiladigan boshqa ishlari yo’qdek taassurot qoldiradi. Tom Soyer va uning do’sti Gekl’berri Finn ham shunday hayot kechirishadi.
Atrofni o’rab turgan go’zal tabiat shu g’urbatni yumshatgandek tuyuladi; orolchada tong otishi tasviri, bolalarning sohildagi o’yinlari, o’rmondagi momoqaldiroq bayoni asarning eng qiziqarli sahifalaridan hisoblanadi. Kitobdagi barcha voqealar keng va oxiri yo’q daryo qirg’oqlari va suvlarida, “qaroqchilarni” o’ziga rom etgan o’rmon bag’rida, go’zal va qo’rqinchli g’orda – nafis, sehrli va g’azabkor tabiat qo’ynida ro’y beradi.
Muallif tabiatga alohida bir mehr bilan qaraydi. Tabiat asarda sirli, dono, adolatli va haloskor sifatida tasvirlanadi. “Bag’ri ezilgan” Tom Soyer o’rmonga kirib ketadi va u yerda Robin Guddan bir sahnani ijro etib, dardlaridan forig’ bo’lib qaytadi.
Bolalar qaroqchi bo’lib yashashga otlanadilar. “U (Tom) dengizda yurib, har kimlarni talovchi qaroqchi bo’ladi. Endi u o’z ko’zi oldida tasavvur etib bo’lmaydigan shuhrat bilan yoritilgan kelajagini ochiq ko’rdi. Uning shuhrati butun dunyoda yangraydi”.1
Unga Garper ham qo’shiladi. Muallif asarda tabiat in’omlariyu burjua tamaddunining “mahsullari” o’rtasida qiyos o’tkazadi.
Sent-Pitersbergda kattalar tomonidan qadrlanadigan narsalar bolalarda nafrat uyg’otadi, zero kattalar dunyosi turli-tuman sharoitlarga bevosita bog’liq, ularning o’y-fikrlari hisob-kitobga, mol-dunyoga, shon-shuhratga, jamoat fikriga asoslangan, bolalar ongi esa ulardan holi.
Yosh qahramonlarga maktab ham yoqmaydi. Tven maktab haqida yengil yumor bilan hikoya qiladi. Tom Soyer uchun maktab “qamoqxona va zanjir”dan iborat, bir yakshanbadan ikkinchi yakshanbagacha bo’lgan vaqt “azob-uqubatli hafta”. Roman qahramoni Tom Soyer maktabdagi turli cheklanishlarni yoqtirmaydi: uni o’zi xohlamagan ishlarni bajarishga majbur qilishadi, zero “shunday bo’lishi lozim”. U esa har qanday narsaga, har qanday yangilikka qiziquvchi bola, erkin, o’zi xohlagancha yashashni istaydi. SHu sababli bekorga romanning ilk sahifasidayoq Polli xola “bog’dagi bangidevona o’tlar hamda pomidor ko’chatlari orasidan Tomni sinchiklab qidira boshladi” deb aytilmaydi.1
Bog’da o’sgan yovvoyi o’t romanda hali paydo bo’lmagan qoloq Shaharchadagi hayot kamchiliklariga o’zi bilmagan holda qarshi chiqqan Tom Soyer tabiatining ramzi. Biroq Tom Soyer nafaqat “qaroqchi”, balki amerikalik bola, uning xatti-harakati va ruhiyatida – uning istash-istamasidan holi ravishda – umumiy “tushunchalar”, umumiy hayot tarzi aks etadi. Tom Soyerning sevimli so’zlari “burch” (duty) va “qonun” (principle). Uning har gapda “shunday bo’lishi kerak” degan takrorlari (we have got to have, they’ve got to do it, you’d have to…) – muallif tomonidan amerikalik kattalar sha’niga qaratilgan kinoyadir.
Gek ham missis Duglasning xonadonidagi tartiblarni ko’tara olmasdi, beva ayol unga bergan chiroyli kiyimlar kiyishni xohlamasdi. Zero “shu kiyimlarni kiyib olsam, azbaroyi xudo, nafasim bo’g’ilib ketadi, – deydi Gek. Bu kiyim toza va chiroylik emish, chiroylikligi qurib ketsin, uni kiyganda bir yerga o’tirib bo’lmasa, yotib bo’lmasa, eshikka osilib o’ynab bo’lmasa...”2 SHu sababli u missis Duglasning uyidan qochib ketadi.
Tven-yumorist romanda bolalar ongining voqelikdan nusxa ko’chirish qobiliyatidan mohirona foydalangan. Tom va Bekkining muhabbati tarixi – sevishgan kattalarning munosabatlariga yengil lirik parodiya hisoblanadi: Tom notanish qizning qalbini rom etishga intiladi, uning derazasi tagida poylab o’tiradi, xizmatkor ayol esa uning ustiga iflos suvlar sepib yuboradi, Tom yakshanbalik maktabning eng yaxshi o’quvchisi sifatida “gerdayib yuradi” va ...o’z shuhratidan ayriladi, Bekkining o’pichiga sazovor bo’ladi, biroq qiz uni qizg’ana boshlaydi, oshiq-ma’shuqlar janjallashib qolishadi va bir-birlarini “o’lgudek” yomon ko’ra boshlaydilar, Tom Bekkini qutqaradi va sevimli qizi uni haqli ravishda siylaydi, va ,nihoyat, haqiqiy “erkak” va ritsar Tom Bekkini g’orda himoya qiladi va uni beshafqat o’limdan qutqarib qoladi.
Shu tariqa bolalar ongida kattalarning dunyosi aks ettiriladi. Mol-mulk masalalariga ham bolalar kattalardek qarashadi. Ular tovuq go’shtini o’g’irlaganliklari uchun ruhan azob chekadilar (orolga qochishga tayyorgarlik), ular buni “haqiqiy o’g’rilik” deb hisoblashadi, hindu Joning xazinasini o’g’irlash esa ularning nazarida o’g’rilik emas, qahramonlik hisoblanadi.
Tom xolasinikidan shakar olib chiqqani uchun qo’llariga urishgan, omborxonada yeyilgan murabbo uchun kaltak yegan bo’lsa, birovnikini o’ziniki qilib olgan oltinlar uchun uni kattalar faqat hurmat qilishadi, hasad qilishadi, hayratlanishadi. “SHunday bo’lishi kerak...” Bu yerda Tven g’arbiy yevropalik eng yaxshi adiblar asarlarida ko’tarilgan mavzuga kinoyali yondashadi: bir burda non o’g’irlagan qamoqqa tushadi (Viktor Gyugoning “Xo’rlanganlar” romani), million pul o’g’irlagan barchaning hurmatiga sazovor bo’ladi.
Mark Tven Tom Soyerda tipik obraz yaratdi. Bolada uning yoshi, muhiti, davri va mamlakati uchun xarakterli barcha xislatlar bor. Tom Soyer uchun “cherkov tsirkning oldida hech narsa emas”. Buni o’n ikki yoshli boladan eshitish balki tabiiydir, bu jumla XIX asr AQSh oddiy fuqarolarining cherkovga bo’lgan munosabatini ham ifodalaydi.
Tom va Gekning ongi eskilik sarqitlariga to’la. Bu esa muallifga cheksiz komik manba bo’lib xizmat qiladi, shu manba yordamida u Tom va Geklarni tarbiyalab yetkazgan oddiy amerikaliklarning past madaniy saviyasini ochib tashlaydi. Savodli Tom Soyer va savodsiz Gek Finn dunyoqarashlari jihatidan deyarli bir pog’onada, bir darajada turishadi. Biroq ular o’zlarining kuzatuvchanligi va uddaburonliklari sababli har qanday mushkulotlardan chiqib ketishadi. Mark Tven har ikki bolaning xarakterida paydo bo’layotgan har bir yangi xislatni diqqat bilan kuzatib boradi.
Tom Soyerning kuchli irodasi eskilik qoldiqlari va real hayotiy mushkulotlarni yengib o’tishda shakllanadi. U qotillikda nohaq ayblangan Meff Potterni himoya qiladi, biroq u bu ishga adolatni tiklash yuzasidangina emas, balki o’z g’ururini saqlash uchun ham kirishadi. Cheksiz fantaziya, energiyasi va sarguzashtlarga o’chligi uni har qanday qo’rqinchli, jasorat, kuch va iroda talab qiladigan yumushlarga undaydi. Romandagi avantyuralar, syujetning dinamik rivojlanishi, turli teatr effektlari (sud sahnasi, oltin solingan qoplar epizodi) qahramonning xarakteri bilan belgilanadi.
Tom Soyerning xarakteri ancha og’ir: unda qarama-qarshi xislatlarni kuzatish mumkin – bolalarcha xudbinlik va olijanoblik, romantik xayolparastlik va ziyrak amaliyotchilik, mardlik va qiyinchiliklardan chekinish, do’stlariga vafodorlik va maqtanchoqlik, u hech qachon birinchilikni, sardorlikni qo’ldan berishni istamaydi. Shu bilan birga Tom har doim va har yerda samimiy.
Romanning qiziqarli xususiyatlaridan yana biri Tom Soyer bilan bog’liq. Bu katta kitobxonlarni ham o’ziga tortgan asardagi o’yinqaroqlik, o’yin muhiti. Tom Soyerdagi cheksiz fantaziya uning qalbi olamini soxta dunyo ta’siridan himoya qiluvchi, Gek Finnni Tom Soyerga bog’lab, ularni bir umrga do’stlashtiruvchi badiiy kuchdir.
Muallif o’yinqaroq bolalarni tasvirlab, xayoliy va real voqelik o’rtasidagi chegarani olib tashlaydi. O’yinqaroq bola xayoliy olamda to’laqonli hayot kechiradi. Mark Tven o’yinqaroq bolalarni katta mahorat bilan o’yindan real voqelikka, va, aksincha, real voqelikdan xayoliy olamga olib o’tadi. Xazina haqidagi fantaziya bolalarni hindu Joning jamg’armasiga olib keladi, sarguzasht haqidagi orzular Tom va Bekkining g’ordagi romantik va fojeaviy holati bilan tugaydi, “qaroqchilar” o’yiniga o’ynash natijasida bolalar haqiqiy qotil va bosqinchilarga duch kelishadi, “bevaqt vafot etgan” qarindoshlarining g’am tashvishlariga sherik bo’lish uchun “vaqtinchalik u dunyoga safar qilish” bolalarning uydan qochib ketishlari va o’zlarining halok bo’lganliklari uchun o’qilgan ibodatda ishtirok etishga majbur qiladi.
O’yin bilan real voqelikni bunday mohirona uyg’unlashuvi natijasida sarguzashtlar romantikasi bolalarning g’ayrioddiy holatlarga tushish istaklaridan tug’ilgan degan taassurot tug’iladi. Bu asarga ichki butunlik va yaxlitlik bag’ishlaydi, realistik uslubga romantik rang beradi, romanni betakror original asarga aylantiradi.
Biroq atrofni munofiq, ikkiyuzlamachi, mug’ombir kattalar o’rab turgan dunyoda bolalarning o’yinlari yaxshilik bilan tugamaydi. Hatto ular topib olgan xazina ham ularga na quvonch, na baxt keltiradi. Buni romanning so’nggi sahifalarida Tom bilan Gek o’rtasida bo’lib o’tgan suhbatdan ham bilish mumkin. Erkinlikka o’rgangan Gek bu boyliklar o’ziga qanchalar tashvish keltirishini hatto tasavvur ham qilmagandi.
Tom missis Duglasning uyidan qochib ketgan Gekni Shaharning chetidagi ishdan chiqib ketgan qushxonadan topadi va uni uyga qaytib borishga undaydi. “...yana ozgina chidasang, o’rganib qolasan” - deydi u do’stiga. Gek esa do’stining so’zlarini rad etadi.
“ - O’rganib qolasan deysanmi? Qizib turgan cho’yan pechkaning ustida o’tirishga o’rganib bo’ladimi? Yo’q, Tom, men boy bo’lishni xohlamayman. Men o’rmonlarni, suv bo’ylarini, eski bochkalarning ichida yotib qolishni yaxshi ko’raman, mana bular mening ko’nglimdagidek narsalar. Xuddi shunday paytda, qo’limizda miltiqlarimiz bor, g’or ichida joylarimiz bor va boshqa hamma narsalarimiz tayyor bo’lib, endi qaroqchilik ishiga kirishamiz deb turganda, qurib ketkur shu pulning chiqib qolgani juda yomon bo’ldi-da, hamma ishimizni buzdi”.1
Shu pullar Gekning beg’ubor hayotini buzdi, uning yuragiga tashvish soldi, ajoyib “o’yin”ni yo’qqa chiqardi:
‘Oh, Huck, you know I can’t do that. It isn’t fair, and besides, if you try it just a while longer you’ll come to like it.’
‘Like it! The way I’d like a hot stove if I was made to sit on it! No, Tom, I won’t be rich, and I won’t live in stuffy houses. I like the woods and the river, and barrels; and I’ll stick to them. Why, just as we’ve got guns and a cave, and all fixed up to rob, this foolishness spoils it.’
‘Being rich isn’t all it’s cracked up to be. It’s just worry, worry, and wishing you were dead all the time.’1 –
“Tom boylik, aftidan, menga to’g’ri kelmas ekan. – deydi Gek do’stiga. - Undan xafachilikdan boshqa hech narsa chiqmas ekan, undan doim bu kunimdan ko’ra o’lganim yaxshi deb yurar ekanman-da!”2
Gekning bu so’zlari tasodifiy yoki o’ylanmay aytilgan so’zlar emas, balki o’sha davr AQSh aholisining (eng avvalo burjuaziyaning) xudosi hisoblanmish pul, mol-davlatni ongli va tushungan holda rad etishdan iborat.
Gek Finn “madaniyatli” jamiyat hayotini yoqtirmaydi, bu hayot tartib-qoidalariga bo’ysunishni istamaydi. Uning erksevarligi nafaqat qiziqishlarida, xatti-harakatida, balki e’tiqodida ham namoyon bo’ladi. Adibning nazarida uning voqelikka bo’lgan munosabati “tabiiylik” mezoni hisoblanadi.
“Madaniyatli” jamiyat qurshovidan ozod bo’lgan Gek Jim bilan Missisipi bo’ylab solda suzadi, tunda daryoda tiniq tovushlarga quloq tutadi, samoga zavqlanib boqadi (“oydin tunda chalqancha yotib osmonga tikilsang, u tubsizdek tuyuladi; men buni ilgari sezmagan ekanman”). U o’z erkinligidan behad shod, boshi osmonga yetadi: “Men maza qilib dam olib yotardim, trubka chekardim va samoga boqardim...”, “men bag’oyat xursand edim...”, “maysazorda yaxshi bir joy topib, yerda yotgan singan daraxtga o’tirdim va o’zimni juda yengil his qildim” va hokazo.
Daryo, o’rmon – butun tabiat Gekning ko’zini quvontiradi, u ilgari “sezmagan” go’zalliklarni ochadi. Mark Tvenda “ozodlik” tushunchasi aniq emotsional ma’no kasb etadi va haqiqiy seziladigan obrazga aylanadi. Ranglar tiniqligi va jilosi bilan go’zal tabiat tasvirisiz, daryoga tutashgan keng ufqlar tasvirisiz “ozodlik” tushunchasi Gek uchun hech qanday ma’noga ega bo’lmasdi.
Gekning bosh maqsadi – negr Jimni ozod shtatlarga, jumladan, Kair shahriga jo’natish. Shu yo’lda u har qanday mashaqqatlarga ham tayyor, har qanday sinovlarga dosh beradi va oxir maqsadiga erishadi.
Gek Shum bolaga o’xshab har lahzada yolg’on-yashiq gaplar to’qib tashlaydi, unga o’xshab har qanday holatdan chiqib keta oladi. U qiz bola qiyofasiga ham kira oladi, biroq bu fosh bo’ladi. Sent-Pitersberg atrofida Missisipining qirg’og’ida yashovchi kampir missis Judit Laftensga u o’zini dastlab Sara Vil’yams, siri oshkor bo’lgach esa Jorj Piters deb tanishtiradi. Paromchi chol uchun u Guker, Grendjfordlar uchun esa Jorj Jekson. Goh u yetim, goh oilasidan ajralib qolib “yo’ldan adashadi”, goh oilasi paroxodda “halokatga uchraydi”, goh qayiqdagi “otasi” yuqumli kasallikka duchor bo’ladi.
G’afur G’ulomning “Shum bola” qissasida ham mavjud voqelik bosh qahramon Shum bola va undagi boshqa yosh qahramonlar tomonidan idrok etiladi. “Shum bola” qissasi, mohiyat e’tibori bilan, Birinchi jahon urushi arafasidagi o’zbek xalqi hayoti, undagi qiyinchiliklar va mashaqqatlar bolalar ko’zi va nigohi orqali, sarguzashtnamo hangomalar asosida va yumorga yo’g’rilgan bir uslubda badiiy gavdalantirilgan sarguzasht asardir”.1
G’afur G’ulom asarda har bir narsani, buyumni, voqea-hodisani Shum bolaning ko’zi bilan ko’radi, uning tili bilan tasvirlaydi. Bunga hikoyaning birinchi shaxs tilidan olib borilishi dalildir.
Muallif asarda bozor tasviriga katta o’rin ajratadi. Shum bola qaerda bo’lmasin, qaerga bormasin uning yo’li albatta bozor orqali o’tadi, bozorga kelib taqaladi. Qissaning birinchi satrlari ham bozor ta’rifidan, undagi choyxona ta’rifidan boshlanadi:
“Rastalar obod. Qaymoq bozorining burilishida, mahkamaning boshida Ilhom samovarchining kattakon choyxonasi bo’lib, unda grammofon chalinadi. Turli-tuman plastinkalar orqali To’ychi hofiz, Hamroqul qori, Hoji Abdulaziz va Farg’ona yallachi xotinlari ketma-ket maqomlar, yallalar, ashulalar aytadi. Choyxonada joy yetishmaydi. Uzun rasta, juhud rasta, attorlik va boshqa rastalarning boyvachchalari savdodan bo’sh vaqtlarida bu choyxonaga yig’ilib mehmonxonalardek o’rtada katta barkashlardan qand-qurs, pista-bodom, murabbo-nisholda, obinon, shirmoy nonlar bilan shamaloq bezatilgan dasturxon atrofida chaqchaqlashib o’tirishadi. Ba’zi boyvachchalarning dasturxonida qorniga qaldirg’och surati solingan, ustiga poxoldan to’r to’qilgan konyaklar ham ko’rinar edi.”1
Biroq bu bozorning, choyxona – to’qlikning tashqi tasviri, xolos. Bu yerda boyvachcha do’kondorlar o’tiradi – kambag’allarga unda joy yo’q:
“Bu choyxonaga bozor-o’charga sang’ib tushib qolgan dehqon, kambag’al kosib, qozoq, qirg’iz va boshqa oddiy fuqaro kirolmas edi.”2
Grammofon degan narsani hali hamma ham ko’rgan emas. “Bozor qilgani daladan tushgan bir o’zbekning grammofonni birinchi ko’rishi ekan, hayratda qoldi. Ichida odam bormi, desa kichkinagina quticha, shayton desa, xudo-olloning, Muhammadning otini aytib turibdi. Hang-mang bo’lib allavaqtgacha turib qoldi. Grammofonning sirini unga tushuntirishga undan ko’ra ilmsizroq edim.”3
Ko’kterak bozori Shum bolani lol qoldiradi:
“Hay-hay, bozor bo’lganda ham qanday bozor deng? Bu tomoni Eron-u Turon, Makka-yu Madina, Maymana-yu Maysara, Xito-yu Chin, Istambul-u Mozandaron – na quyi, na past, na o’ngu, na chap. Bunday katta bozorni odam bolasi ko’rmagan bo’lsa kerak. Bozordagi rastalarni ayting, mollarning shig’al to’lib ketganligini ayting...”1
Yozning jazirama issig’ida mol bozorida esa shovqin-suron tinmaydi:
“Mahshar deganning xuddi o’zginasi shu yerda ekan. Bir tomonda bir arqonga bog’langan qo’shoq-qo’shoq qo’ylar, bir tomonda echki-yu uloqlar tinmay ma’rashib turibdi. Bir chekkada qoramol bozori: sigirlar, buzoqlar, g’unajinlar, buqalar, ho’kizlar. Narigi tomonda ot bozori. Jalloblar qirchang’ilarni Zolariq suviga solib, qamchilab, arg’imoqday dingillatib xaridorlarga ko’z-ko’z qilib yuribdi. Sotuvchi ko’p, undan oluvchi ko’p, hammasidan ham dallol ko’p.
Kun – tig’ida, jazirama, chang. Hammayoqni tezak, ter, jun hidi bosib ketgan.”2
Kech kuzgi Chorsu bozori mo’l-ko’lchilikning, to’qlikning ramzidek tuyuladi:
“Kech kuz bo’lgani uchun qovun-tarvuz demaganingiz tog’-tog’ bo’lib uyulib yotar edi... Chetan-chetan qovun olib kelgan dehqonlar aravadan otni chiqarib arava shotisining soyasiga gaz bo’yi oqurug’ qovunlarni, humchadek keladigan sarg’ish, qizg’ish qirqmalarni, dumiga pichoq qo’yish bilan tarsillab necha bo’lakka ajralib ketadigan qizilurug’, shakarpalaklarni uyub tashlaganlar. Quvadan, Marg’ilondan, Farg’onadan, Oltiariqdan chetan-chetan anor olib kelgan dehqonlar ham aravani laylak qilib, har bittasi handalakdek kattakon anorlarni uyub qo’yibdi.”3
Bu mehnatkash dehqonlardan farqli o’laroq, buyum bozoridagi savdogarlar makkor, yolg’onchi, xaridorni aldab, molini bir puliga ikki pul qo’shib sotishni istaydi.
Shum bola ularning makkorligi haqidagi bir rivoyatni keltiradi:
“Attorlikni aylanib chiqqandan keyin bir qozoqning bolasi:
-Dada, bu do’kondorlar nima ish qiladilar? – deb dadasidan so’ragan ekan.
- Ey, o’g’lim, bular bozor kuni xalqni aldaydilar, begim kuni bir-birlarini aldaydilar, - deb javob bergan ekan dadasi”.1
Shum bolaning fikricha do’kondorlar faqat bozor kuni emas, har kuni xalqni aldaydilar:
“Bir oz kamsitib aytibdi. Bular (do’kondorlar) har kuni, har soat xalqni aldaydilar”.2
Bozorlarda hayot qaynaydi. Mug’ombir savdogarlar, sodda xaridorlar, “chaqqon” dallollardan tashqari bu yerda tsirkchilarni, qalandarlarni, kissavur-u o’g’rilarni uchratish mumkin.
Chorsuda Yupatovning tsirkchilari turli-tuman o’yinlar ko’rsatadilar:
“Har xil qalpoqlar kiygan, betlarini bo’yab, uzun-uzun qizil burun qo’ygan, sariq-sariq patila sochli, oy, yulduz nusxa olabayroq to’nli masxarabozlar, bir qarich keladigan qizil lablarini tirjaytirib, har xil masxarabozlik ko’rsatmoqdalar.”3
Shum bola Ko’kterak bozorida qalandarlarga duch keladi:
“Shahar tomondan bozorga qarab yettita qalandar jo’sh, xurush, sochlari patila-patila girdi kamariga tushgan, egnilarida jandai muhammadiy, boshlarida kulohi ahmadiy, yelkalarida ridoi mustafo, mast bo’lgan tuyadek og’izlaridan ko’piklar sochib, jazavai tom bilan talqin aytib kelar edilar... Yetti qalandarning orqasida bir necha yalovkash tushgan nazr-niyozlarni yig’ishtirib, bit bozorning narigi yog’ida bir chetan aravaga bosmoqda.”4
Qalandarlarning talqinidan ta’sirlanib ketgan Shum bola qalandarboshining qo’lini o’pib nola qiladi:
“Mening bu so’zimni eshitgan, atrofni halqa qilib olgan dehqonlar, xotin-xalajlar o’rtasida olashovur qiyomatday nolayi-fig’on ko’tarildi... Bozor xalqi menday tarkidunyo qilgan devonabachchani ko’rib qalandarlarga bo’lgan ixloslari haddan ziyoda oshmoqda, nazr-niyoz yomg’irdek yog’moqda edi.”1
Bozorlarda, olomon ichida muttahamlarning, kissavur-o’g’rilarning omadi chopadi. Sulton kissavur ana shundaylardan biri. U oddiy kissavur emas, epchil, qo’rqmas va o’ta ayyor o’g’ri:
“Bu gal u (Sulton) kissavur sifatida emas, balki pul o’g’irlatgan jabrdiyda sifatida kosibsimon yuvoshgina bir yigitning yoqasidan ushlagan holda ko’ziga yosh olib turar edi."
U Ko’kterak mol bozorida qo’y olaman deb bozorga tushgan bir bechorani tuhmatga qo’yib, qamoqqa tushiradi, so’ng uni ozod qilib, “rahmat”ini ham eshitadi.
Bozorlar jinnilarga ham to’la:
“Bozorda sang’ib yurgan biz daydi bolalar uchun quvonchli ermaklardan biri, - deb hikoya qiladi Shum bola asarning boshida, - bozor, mahalla, ko’cha-ko’y jinnilari edi. O’sha yillarda Toshkentda, shunaqa ham jinni ko’p ediki, sanab sanog’iga yetolmaysiz... Har bir jinnining o’ziga xosligi, tantiqligi “shirin”ligi bor edi.”2
Shum bola jinnilarning har biriga ta’rif beradi, ular bilan bog’liq bir necha latifa-yu bir hangomani keltiradi:
“Kunlardan bir kun Tojixon jinni bitta ketmon dasta bilan o’tgan-ketganni quvlab urib-so’kib: “Hammang bir tomonga yur, tarqalib yurma! Tartib kerak, intizom kerak”, deyar edi. Hech kim unga bas kelolmas edi. SHunda Olim jinni kelib qolib:
Hoy, hoy, nima deyapsan, jinni? – deb so’rab qoldi.
Nimaga odamlar bir tomonga yurmasdan, har qayoqqa tarqalib yuradi? Nikolay poshsho zamonida tartib-intizom kerak, bir tomonga yursin-da!
Bunga Olim jinni:
- Ahmoqsan, Toji, ahmoqsan. Yer, axir, taroziga o’xshagan narsa bo’ladi, hamma bir tomonga yursa, yer barkashday bir yoqqa og’ib, hammamiz Qurdum daryoga g’arq bo’lib ketamiz-ku, - dedi.”1
Adabiyotshunos olim Umarali Normatovning fikricha, G’afur G’ulom asardagi bir necha o’rinlarda yuqoridagi latifanoma voqealar orqali davri uchun juda jiddiy, qaltis gaplarni aytadi. Xususan, “hushyor kitobxon jinnilar tilidan aytilgan bu latifanoma gaplarda jiddiy, o’ta qaltis ma’no borligiga – gap Nikolay poshsho zamoni emas, balki barchani bir yo’ldan bir tomonga zo’rlab yurgizish siyosati ketayotgan sho’rolar davri ustida borayotganini sezadi. Bu fikrni adib ongli ravishda o’tkazganmi yoki bu hol bexos “ong osti” shuuri, ruh erkinligi hodisasimi, bundan qat’i nazar, baribir, aytilgan so’z – otilgan o’q, u ayni nishonga tekkan; bunday zo’ravon siyosatning xunuk oqibati haqidagi ogohlantirishlar haq bo’lib chiqqanini, hammani bir yo’ldan bir tomonga kaltak bilan zo’rlab yuritish tufayli hayot posongisi ost-ust bo’lib ketganligini bugun ko’rib-bilib turibmiz.”2
Yozuvchi Omon Muxtor esa “kosa tagiga nimkosa” yashirish G’afur G’ulom ijodiga xos xususiyat deb hisoblaydi: “... menga ba’zan G’afur aka siyosiy she’rlaru maqolalar bilan o’zini “niqob”lab (Shum, mug’ambir-da!), insoniy she’rlar, teran ilmiy maqolalar, ayniqsa, nasriy asarlarini yozgandek tuyuladi... U Alisher Navoiy g’azaliga “Tun bila tong” deb muxammas bog’lagan. Ko’pdan buyon bir satri diqqatimni tortadi: “Ki birni ikki deyib bo’lmagay zamon eliga...” Ilk qarashda zamon elining donoligi aytilayapti. Biroq shikoyat ohangi, umumiy mazmunidan boshqa gap kelib chiqadi: “Zamon eli, afsuski, kosa tagida nimkosa borligini tushunmaydi!”3
Adabiyotshunos B.Nazarov ham har bir so’zga, satrlar osti va oralig’iga mohirona ma’no yashirishni G’afur G’ulom ijodining o’ziga xos xususiyatlaridan biri deb baholaydi: “... katta ijtimoiy dardlarni, milliy ijtimoiy g’oyalarni yashirib aytish G’afur G’ulom ijodining so’nggi bosqichida u yoki bu darajada ko’rinib qoluvchi tasodifiy hodisa bo’lmay, bu davrda jiddiy tayyorgarliklar bilan ongli ravishda amalga oshirilgan yozuvchi ijodining o’ziga xos xususiyatlaridan biri sifatida baholanishi mumkin”.1
Bozordagi oqsoqol ham, mirshablar ham poraxo’rlar. Ular Sulton kissavurdan jabr chekkan yigitning pulini o’g’riga olib beradilar, biroq sakkiz so’m-u miri kam to’rt tangadan bir yarim tanga “cho’tal” olib qoladilar. Yigitni qamaganlaridan so’ng, unga rahmi kelgan Sultondan bir so’m pora olib, yigitni chiqarib yuboradilar.
Hoji boboning takyasiga tashrif buyurgan mirshablar ham ulardan qolishmaydi. Ular “pasport ko’rdilar. Ikki qadoq nasha, chorak qadoq afyundan boshqa hech narsa topolmadilar. Keksaroq mirshab nashadan mushtumdayini ushatib shimi cho’ntagiga solganini ko’rsam ham indamadim.”2
Hoji bobo esa “... bir hovuch tanga-chaqa olib katta mirshabga uzatdi:
O’rgulaylar, oz bo’lsa ham ko’pday ko’rgaysizlar, choychaqa.
Har ikki mirshab bir-biri bilan ko’z urishtirdi.
- Yaxshi, - deyishdilar. – Bundan buyon bu ish bo’lmasin, bu galcha siyladik.”3
Shum bola yoz kunlari Toshkent atrofidagi Shahar-qishloqlarda turfa sarguzashtlarni boshidan kechiradi. Toshkentga qaytadi. Shum bola Shaharni “burga tushgan qora po’stak”ka o’xshatadi:
“ Omon bilan totuvchilik vaqtlarda, menga bir ish o’rgatgan edi. U ham bo’lsa, “to’daga ur” falsafasi. Qishloqdan-ku badarg’aman, chumchuqdek jonim bilan Shaharga tushib ketsam, “qora po’stakdan burga qidirish qiyin” deganday, Shahardan meni kim ham topib ola qoladi?”4
Shu yerda biz Toshkentning Shum bola tasavvuridagi qiyofasini ko’ramiz:
“Shahar. Savdogarlar, mirshablar, gadoylar shahri. Seldan so’ng loyqalanib oqqan daryo. Shu daryoning murdor to’lqinlari ichida men sho’rlik nima, bitta xascho’pdek yutilib ketishim mumkin”.1
Shum bola Shaharni yomon ko’radi:
“Ammo men o’zim esa Shaharni astoydil yomon ko’raman. Ko’knorining isiriq solgan dekchasiday badbo’y Shaharda men dimiqib ketaman”.2
Shum bola tasavvurida Shahar bu:
“Yana o’sha mustahab qilmagan, yog’ bosgan basharalar, uzun-uzun rastalarning do’konchalarida gazcho’p ushlab, xaridor kutgan yalqov boyvachchalar, charvi yegan mushukdek ko’zi yaltiroq hannotlar, oqsoq laylakning soyasiday arang-arang sudraluvchi bir to’da tilanchilar, ular-bular, xullasi, men Shaharni yomon ko’raman”.3
Yozni Toshkent atrofidagi Shahar va qishloqlarda o’tkazgan Shum bola baribir Shaharga qaytadi, zero kuz kirgan, “qilichini ko’tarib qish kelayotgandi”. Shum bola kuzni shunday tasavvur qiladi:
“Yoz kunlari jazillatib tovondan uzadigan qizg’in yo’llarga kech kuzakning salqin ivishig’i tushgan. Tuproq og’irlashgan, chang ko’tarilmaydi, suvlar tip-tiniq. Ba’zi sovuqroq tonglarda shabnam ham tushadi, ariqlarning cheti ko’kka tekkan sigirning qaymog’iday yupqa shirava bog’laydi... Yer sovuq, oyog’imni objuvozning poykupiday birisini olib, birisini qo’ymoqdaman”.4
Shum bola Shaharga qaytadi. Tonggi Toshkentda faqat itlargina hukmronlik qiladi:
“Qassob bozorida bir katta ko’ppak bir qancha itlarni ergashtirib izg’ib yurar edi. Meni ko’rishi bilan irillay boshladi. Uzr aytib, sovungarchilikka burildim. Bu yerning itlarida ham xuddi shunday muomala – chopsam quvlaydi, to’xtasam – tevarakka davra quradi. Qadamni ildamroq tashlab eski xotin hammomning yonidan kulollik orqali Kapponga qarab yo’l soldim...
Bu yil it yili ekanmi, bilmayman. Kulollikda ham meni itlar tinchitmadi.
Durust, qassob bozorining itlari-ku, meni bez tergani kelgan, deb qizg’anishi mumkin edi. Sovun bozoridagilar qirindilardan iborat rizqlariga sherik bo’ladi, deb o’ylagandirlar. Xo’sh, kulollikning itlari nimani qizg’anadi? Men quruq, bo’sh xumni, oshsiz sopol tovoqni yoki suv tegmagan quvurni yeb qo’yamanmi?”1
Hoji boboning nonlarini ko’targan Shum bola uning takyasida qolib ketadi. Shum bolaning ko’z o’ngida Hoji boboning takyaxonasi quyidagi ko’rinishda namoyon bo’ladi:
“Hammayoq achimsiq, ko’zni achitadigan hidga to’lgan edi. Yuqorida miyona ro’zg’orning samovari, o’rtacha bir kir samovar qaynab turar edi. Yerdan ikki qarichcha ko’tarilgan so’richada olti kishi davra qurib o’tiribdi. O’rtada manqaldonda olov, olov atrofida siniq-mertik choynaklardan uch-to’rttasi terilgan. Ko’chada allaqachon quyosh chiqqan bo’lishiga qaramay, bu yerdagi shishasi qoraygan yettinchi chiroq pilpillab yonmoqda. Ko’cha tomonga ochilgan tuynuklarga yopishtirilgan yog’liq qog’ozlardan sarg’ish nur g’ira-shira kirmoqda. Taralmagan sariq soqoli yuzini bosgan, qo’sh ko’zoynakli, o’rta yoshli bir kishi chiroq yonida qalin bir kitobni ochib o’tiribdi. Qolganlari har xil shaklda o’tirib uni qurshab tinglamoqdalar”.2
“Takyaning doimiy yigirma-yigirma besh takjoy mijozlari” bo’lib, bu yerda hamma o’z-o’ziga xizmat qiladi:
“Bu yerdagilar hech qanday takallufni bilmas edilar. Har kim o’z choynagidan choy ichar, o’z noni bilan mayizini yeyar, bir-biroviga oling-oling yo’q edi”.3
Shum bolaning ta’rificha, ular “afyun, taryak yeguvchi, ko’knor ichuvchi kishilar,... takyalarga ho’l meva, sovuq suv, olicha, olhirot, ko’ksulton, anor, sut, qatiqni sira yo’latishmasdi.”4
Qishni Hoji boboning takyasida o’tkazgan Shum bola uyini – onasi, singillarini sog’inadi, zerikadi. Shum bola yana bir “quvlik” qilib takyaxonadan ketadi:
“Qora-qurum bosgan sassiq takyaxonadan tashqariga chiqib, ko’kragimni to’ldirib nafas oldim. Endi men pok-pokiza, qushday yengil, ko’nglim tongday tiniq. To’rt tomonim qibla. Lekin qayoqqa qarab yo’l solsam ekan?..”1
Bu jumlalarga qaraganda, G’afur G’ulom qissani davom ettirish niyatida bo’lganligi ko’rinadi. Mark Tven ham, G’afur G’ulom ham asarlarda o’z axloqiy-ijtimoiy qarashlarini bayon etishda, betakror obrazlarni yaratishda turli janrlar imkoniyatlaridan unumli va o’rinli foydalanganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |