O`zbek jangchilarining frontda ko`rsatgan mardonavor kurashi
1941-1945-yillardagi urushning barcha jabhalarida O`zbekistonlik jangchilar qahramonlik va mardlik mo`jizalarini ko`rsatdilar. Ikkinchi jahon urushi har jabhada turkistonlik jangchilar, shu jumladan, o`zbeklarning an'anaviy urush qobiliyatlarining saqlanib qolganligini ko`rsatdi. Jami bo`lib, ikkinchi jahon urushiga O`zbekistondan 1 433 230 kishi safarbar bo`lgan. Bu o`sha davrdagi O’zbekistondagi urushga yaroqli aholini 50-60 foizini tashkil etar edi.
Chegara qo`shinilarida xizmat qilayotgan sovet jangchilari orasida O`zbekistonliklar ham ko`pchilikni tashkil qilar edi. Grodno yaqinida leytenant Usov, siyosiy rahbar Sharipov, Brest qal'asi mudofaasida Ahmad Aliev, Doniyor Abdullaev, Bobokomil Kashanov, Uzoq O`taev, Madamin Xojiev kabi O`zbekistonliklarning ko`rsatgan jasoratlari Vatan himoyachilari qahramonona jasoratining ramzi bo`lib qoldi, Moskva ostonalarida dushman hujumini qaytarishda general-mayor Panfilov qo`mondonligidagi diviziya ayniqsa matonat ko`rsatdi, bu diviziya saflarida Toshkent piyoda askarlari o`quv yurtini bitirib chiqqan 180 komandir jang qildi. Bular orasida I.Jalilov, M.Madaminov, A.Tog'aev, leytenant Pilyugin va boshqalar bor edi. Jang davomida panfilovchilar 114 ta tank, 26 mingdan ortiq askar va zobitlarni, 5 ta samolyot va boshqa ko`plab texnikani yakson qildilar. Moskva jangida o`zbek qizlari ham ishtirok etdilar. Ular orasida 28 fashistni qirgan Zeboxon G’aniyeva ham bor edi. Moskva ostonasida fashist qo`shinlarini tor-mor qilishda ko`rsatgan jasoratlari uchun 1753 o`zbekistonlik jangchi “Moskva mudofaasi uchun” medali bilan taqdirlandi. S.Qosimxo`jayev Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo`ldi.
1942-yilgi qishki hujumlarda mardlik va jasorat namunasini ko`rsatib, mahorat bilan jang qilgan Qo`chqor Turdiyevga 1942-yil may oyida Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi.
Volga bo`yidagi Stalingrad mudofaasini yorib, dushman ustidan katta g`alabaning qo`lga kiritilishi urushning borishida tub burilishiga asos bo`ldi. Bu janglarda ko`rsatgan jasoratlari uchun 2733 ta o`zbekistonlik jangchi “Stalingrad mudofaasi uchun” medaliga sazovor bo`ldi.
Kavkaz uchun bo`lgan janglarda Toshkentda tuzilgan Sobir Rahimov qo`mondonligidagi diviziya frontning muhim qismlaridan birida dushmanning oldinga siljishini to`xtatish tog'risida bosh qo`mondonlikdan buyruq oldi. Uzoq vaqt davom etgan janglarda S.Rahimov diviziyasi dushmanning 8 ming nafar askar va ofitserlarini qirib tashladi. Keyinchalik general S.Rahimov Kavkazdan to Sharqiy Prussiyaga bo`lgan shonli jangovor yo`lni bosib o’tdi. Gdansk shahri uchun bo`lgan janglarda Sobir Rahimov halok bo`ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |