Munozara — oliy ta’lim tizimida nutq o‘stirish, o‘z fikrini mustaqil va asosli bayon qilib, xulosalar chiqarish vositasi sifatida g‘oyat muhim o‘rin egallaydi. Bu bajariladigan ishning bir turi bo‘lib, o‘zaro tortishish jarayonini keltirib chiqaradi va unga aniqlik kiritadi. O‘quvchi tomonidan "o‘z so‘zi", o‘ziga xos uslubi asosida izchil, savodli fikr yuritiladi. Munozara vaqtida talabalar o‘zlariga ishongan holda savollarni muhokama qiladilar. Munozara uchun shunday sharoit yaratilishi kerakki, unda talabalar o‘z fikrlarini ishonch bilan ochiq-oydin, kamchiliklari uchun aybga qo‘ymasliklariga ishongan holda bayon etishlari kerak. Munozara — bitta yoki bir nechta guruh bilan o‘tkazilishi mumkin. Uni o‘tkazish talablari va qoidalari talabalarga oldindan aytiladi va quyidagi tartibda olib boriladi:
1. Mavzu tanlab olinadi.
2. Mavzuga oid reja tuziladi.
3. Mavzuning qisqacha mazmuni beriladi.
4.Ushbu mavzuga oid munozarani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad belgilanadi.
5. Foydalaniladigan adabiyotlar va o‘qitishning texnik vositalari tayyorlanadi.
6. Hayotdagi va litsey, kasb-hunar kollejlaridagi o‘quv-tarbiyaviy jarayonlardagi ijobiy ishlar bo‘yicha materiallar tayyorlanadi.
7. Mavzuga oid qo‘shimcha savollar ishlab chiqiladi.
Munozara mavzusini o‘quvchilar o‘zlari tanlab oladilar. Munozara ishtirokchilari o‘z fikrlarini bayon qilganda bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lib, o‘z qarashlarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini isbot qilib beradilar. Munozarada hamma ishtirokchilar mavzuga oid o‘z fikrlarini aytishi shart. Mashg‘ulot oxirida munozara pedagog tomonidan tahlil qilinadi va talabalar baholanib, hisoboti to‘ldiriladi.
Pedagogika fanini o‘qitish shakllaridan yana biri — «Seminar» mashg‘ulotlaridir. Seminar mashg‘ulotlarining talabalar tomonidan tayyorlangan ma’ruza va referatlarni muhokama qilish usuli ham keng tarqalgan. Odatda, o‘qituvchi ma’ruza va referat mavzularini talabalarning o‘zlariga xos xususiyatlari va ularning tayyorgarlik saviyalarini hisobga olgan holda aniqlaydi. O‘quvchilarga ularni qiziqtirgan mavzularni seminar mashg‘ulotlarga olib chiqishga huquq beriladi.
Seminar mashg‘uloti o‘quvchilar tomonidan u yoki bu mavzu bo‘yicha ma’ruzalar tayyorlash hamda uni guruh o‘quvchilari bilan muhokamaqilish yo‘li bilan olib boriladi.
Seminarlarga 2-3 hafta tayyorgarlik ko‘riladi. O‘quvchilar adabiyotlarni o‘rganadilar, material yig‘adilar, turli kuzatishlar o‘tkaziladilar, o‘z axborotlari yuzasidan tezislar tuzadilar.
Seminar mashg‘uloti o‘qituvchi rahbarligida o‘tkaziladi. U o‘quvchilar ishini yo‘naltirib turadi, mavzuga oid savollari yuzasidan tashkil etilgan muhokamani yakunlaydi. Zarur qo‘shimcha mulohazalar bildiradi, materialni muayyan tizimga soladi. Ma’ruza qilgan, muhokamada qatnashgan o‘quvchilar faoliyatini baholab boradi.
Seminar mashg‘uloti o‘quvchilar e’tiborini darsga jalb etish, ularning qiziqishini orttirish, ularni mustaqil ishlashga, fikrlashga o‘rgatish, darsni faollashtirish hamda o‘quvchilar aqliy qobiliyatlarini o‘stirishda muhim o‘rin tutadi.
Yuqorida bildirilgan fikr-mulohazalarga tayanib, quyidagi xulosaga kelish mumkin:
1. Ta’lim shakli muayyan maqsadga muvofiq ma’lum rejimda tashkil etiladigan faoliyatning tashqi ifodasi bo‘lib, ta’lim jarayonida yetakchi o‘rin tutadi.
2. Ta’lim jarayoni samarasini ta’minlash unda ta’lim metodlaridan o‘rinli va unumli foydalanishga bog‘liq. Ta’lim metodi ta’lim jarayonida o‘qituvchi va o‘quvchilarning aniq maqsadga erishishga qaratilgan birgalikdagi faoliyatlarining usullari hisoblanadi. Ta’lim vositalari ta’lim metodlarining ta’limiy ta’sirchanligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘qitishning noan’anaviy shakllari doirasida amaliy-tajriba (laboratoriya) mashg‘ulotlari alohida o‘rin tutadi. Amaliy-tajriba mashg‘ulotlari odatda maxsus jihozlangan xonada yoki alohida ajratilgan tajriba maydonida olib boriladi.
Bunday ta’lim mashg‘ulotlarini tashkil qilish ikki xil yo‘l bilan olib boriladi:
A) Amaliy-tajriba mashg‘ulotlari;
B) Ekskursiyalar.
Oliy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim muassasalarida o‘tkaziladigan amaliy-tajriba mashg‘ulotlari asosan ustaxona, maxsus jihozlangan xonalar va o‘quv tajriba yer maydonida olib boriladi.
Noan’anaviy dars shakllaridan biri hisoblangan ekskursiyalar sinf-dars tizimi, shuningdek, amaliy mashg‘ulotlardan tubdan farq qiladi. Ushbu farq quyidagilardan iboratdir:
a) o‘qituvchi o‘tkaziladigan barcha ekskursiyalarga rahbarlik qilsa ham, u ekskursiya ob’ektlarining barcha detallarini yaxshi bilmasligi mumkin, bunday hollarda maxsus tayyorgarlikka ega ekskursovod ish olib boradi.
b) ekskursiya muddati turlicha bo‘lib, doimiy o‘quv jadvali talablariga amal qilish talabiga bo‘ysunish shart hisoblanmaydi.
v) o‘qituvchi yoki ekskursovodning rahbarlik usuli va o‘quvchilarning faoliyati turlicha bo‘lishi mumkin.
Ekskursiya davomida bir o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘chib yuradi. Shu bois o‘quvchilardan intizomga qat’iy rioya qilish talab etiladi. O‘quvchilar ob’ektni kuzatish jarayonida vaqti-vaqti bilan savollar beradilar, zarur ma’lumotlarni yozib boradilar. Ekskursiya yakunida o‘qituvchi bugungi kuzatganlarini avval o‘zlashtirilgan materiallarga bog‘lab suhbat o‘tkazadi. Ekskursiya materiallari asosida bayon yoki insho yozdirish mumkin.
Ta’limning noan’anaviy shakli sifatida tashkil etiladigan bahs-munozara, davra stoli, matbuot konferensiyasi muayyan predmetlarning muhim mavzulari yuzasidan tashkil etilib, o‘quvchilarda mustaqil fikrlash, o‘z fikrini ilgari surish, uni asoslash hamda himoya qilish qobiliyatini shakllantirish uchun xizmat qiladi. Bu kabi darslarning tashkil etilishida maqsadning aniqligi, shuningdek, o‘quvchilarning faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Viktorina va mo‘‘jizalar maydoni shaklida o‘tkazilayotgan darslar bellashuv xususiyatiga ega bo‘lib, o‘quvchilarni faollikka undaydi.
Dars deb - o‘z oldiga qo‘yilgan aniq maqsadi va tugal mazmundan iborat,shu maqsad va mazmun o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos belgilanganligi, usul va tuzilishi bo‘lgan, qat’iy dars jadvaliga muvofiq, o‘qituvchi rahbarligida, sinf o‘quvchilarining hammasi bilan yoki har biri bilan individual (yakka)ravishda o‘tkaziladigan ilmiy muloqotning tashkiliy shakliga aytiladi. Dars - ta’lim muassasalarida ta’limning tashkiliy shakli hisoblanadi. Har bir dars o‘quv jarayonining bir qismi bo‘lib, bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashning bir butun mantiqiy yakunlangan bosqichidir.
Sinf - dars tizimi quyidagi mazmunga egadir:
1. Har qaysi sinf yoshi va bilim darajasiga ko‘ra bir xil bo‘lgan o‘quvchilarning doimiy guruhiga egadir;
2. Dars jarayoni asosan 45 daqiqa (yoki bir akademik soat — 80 daqiqa) davom etib, qa’tiy jadval asosida olib boriladi.
3. Dars o‘qituvchi va o‘quvchilarning faoliyat birligiga asoslangan bo‘lib, bevosita o‘qituvchi rahbarligida jamoa, guruhli va yakka tartibda olib boriladi.
4. Dars mashg‘uloti o‘tilayotgan va o‘zlashtirilayotgan materiallarning mazmuniga qarab turli xil metodlar yordamida olib boriladi hamda ta’lim tizimining bir qismi sifatida, albatta, tugallangan bilim beradi va navbatdagi bilimlarni o‘zlashtirish uchun zamin yaratishga xizmat qiladi. Darsda o‘qituvchi bilan birga o‘quvchining o‘zaro munosabat jarayoni shaxsiy aloqaga asoslanadi. O‘qituvchi darsda barcha o‘quvchilarni muayyan faoliyatga yo‘llaydi va ular faoliyatini nazorat qiladi, shuningdek, o‘quvchilarning o‘zaro aloqalari va nazoratini qo‘llab-quvvatlab turadi. O‘quvchilarning dars jarayonidagi faoliyati o‘quvchilar tomonidan fan asoslarining o‘zlashtirilishi, ularda zarur ko‘nikma va malakalarning hosil bo‘lishi uchun zamin yaratadi.
Bugungi kunda darslarni tashkil etishga nisbatan quyidagi didaktik talablar qo‘yilmoqda:
Darsning maqsadi va vazifalarning aniqligi hamda pedagogik jihatdan to‘g‘riligi.
Darsning ta’limiy, tarbiyaviy va shaxsni rivojlantiruvchanlik vazifalarining birligi va uzviyligi.
O‘qitishning yaxlit dars va uning ma’lum qismlari vazifalari hamda mazmuniga muvofiq keladigan, o‘quvchilarning bilish faolliklari va mustaqil faoliyatlarini ta’minlashga xizmat qiluvchi maqbul metodlarini tanlash.
Mashg‘ulotlarning turli shakllarini: jamoa, guruhli va yakka tartibdagi shakllarini maqbul ravishda qo‘shib olib borish.
O‘qituvchining rahbarlik roli bilan o‘quvchilar faol bilish faoliyatini birga olib borish.
Darslarning o‘zaro uzviy va dialektik xususiyatga ega bo‘lishiga erishish.
O‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olish.
Darsda o‘quvchilarni o‘qitish va tarbiyalash uchun qulay shart-sharoit yaratish.
Darslarni demokratik tamoyillar asosida tashkil etish.
Darsda o‘quvchi erkinligini ta’minlashga erishish.
Darsga asosan quyidagi maqsadlar qo‘yiladi: ta’limiy maqsad; tarbiyaviy maqsad; rivojlantiruvchi maqsad; qiziqtiruvchi maqsad.
Do'stlaringiz bilan baham: |