Diniy mutaassiblik (fanatizm), ekstremizm, aqidaparastlik (fundamentalizm), xalqaro terrorizm tushunchalarining mazmuni va reaksion mohiyati.
Diniy ekstremizm va terrorizm kabi hodisalarning ildizlari uzoq tarixga borib taqalsa-da, ular hech qachon ijtimoiy barqarorlik va taraqqiyot uchun bugungidek tahdid solmagan. Zero, hozirda diniy ekstremizm va terrorizm global xarakterga ega bo‘lib, dunyoning barcha mamlakatlari hamda mintaqalariga birdek xavf solmoqda. SHunday ekan, uning oldini olish va unga qarshi kurashish insoniyatning istiqboliga daxldor masalaga aylandi.
Ekstremizm (lotincha – «aql bovar qilmas darajada», «haddan oshish») jamiyatda qabul qilingan qonun-qoidalarga zid radikal qarashlar va harakatlarni anglatadi. Ularga diniy tus berish esa, diniy ekstremizmga olib keladi.
Diniy ekstremizm – jamiyat uchun an’anaviy bo‘lgan diniy qadriyatlar va aqidalarni rad etish, ularga zid g‘oyalarni aldov va zo‘rlik bilan targ‘ib qilishga asoslangan nazariya va amaliyotni anglatadi.
Ekstremistik qarashlarni barcha dinlarda, buddaviylik, xristianlik, islomdagi turli oqimlarda uchratish mumkin. Masalan, mutaxassislar katolik cherkovining erkin fikr yurituvchi, hukmron feodal-katolik cherkovi aqidalarini rad etuvchi kishilar – papa hokimiyati dushmanlarini ta’qib qilish uchun XIII asrda tuzilgan va minglab odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan inkvizitsiya faoliyatini ham ekstremizmning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida baholaydilar. Ammo hozirda islom dini niqobi ostidagi diniy-siyosiy harakatlar a’zolari tomonidan turli jinoyatlar sodir etilayotgani jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Fundamentalizm – (lotincha – «asos») tushunchasining ma’nosi muayyan ijtimoiy hodisaning dastlabki ko‘rinishini anglatadi.
Diniy fundamentalizm – «ma’lum din vujudga kelgan ilk davriga qaytish va bu yo‘l bilan zamonaning barcha muammolarini hal qilish mumkin», degan fikrni ilgari surish ta’limotini anglatadi. Istilohda aqidaning o‘zgarmasligini himoya qiladigan, muayyan diniy e’tiqod shakllanishining boshlang‘ich davrida belgilangan barcha yo‘l-yo‘riqlarni qat’iy va og‘ishmay bajarilishini talab qiladigan diniy oqimlarni ifodalashda qo‘llaniladi.
«Fundamentalizm» atamasi aslida xristian dini bilan bog‘liqdir. Fundamentalizm iborasi birinchi bor I Jahon urushi arafasida vujudga kelgan protestantlikdagi ortodoksal oqimlarni ifodalash uchun ishlatilgan. Bu oqim 1910 yildan keyin shu nom bilan atala boshlagan. Fundamentalistlar xristianlikning an’anaviy aqidalariga, ayniqsa Bibliyaning mutlaqo mukammalligiga ishonishni mustahkamlash, uni so‘zma-so‘z sharhlashga qat’iy rioya qilishni talab qildilar. Bu oqim keyinchalik Amerikada keng tarqalib ketdi. 1919 yili Filadelfiyada Jahon xristian fundamentalistlari assotsiatsiyasiga asos solindi.
XX asrning 70-yillaridan boshlab, bu so‘z islomga nisbatan qo‘llanila boshladi. Bunda «fundamentalizm» atamasi – Qur’on va hadislarni so‘zma-so‘z talqin etuvchi, ilk islomga qaytishga qaratilgan aqidalarni targ‘ib qiluvchi diniy-konservativ ruhdagi yo‘nalishga nisbatan ishlatildi. Buning natijasida jahon matbuotlarida islom niqobidagi mutaassib jangarilarni «fundamentalistlar» deb atash ham odat tusiga kirdi.
SHunday ekan, ekstremizm yoki fundamentalizmni faqat muayyan din bilan bog‘lash mutlaqo asossiz. Xususan, islom dini, u bilan bog‘liq turmush tarzi va qadriyatlar majmui hech qachon ekstremistik tuzilmalarning go‘yo din va musulmon jamoasi ravnaqi yo‘lida amalga oshirayotgan terrorchilik xurujlarining asosiy sababi sifatida qaralishi mumkin emas.
Islom shiorlaridan tanlab foydalanadigan, dinning asl mohiyatini buzib talqin qiladigan ekstremistik tuzilmalar xuddi yuqoridagi kabi go‘yoki, keng xalq ommasi bilan uzviy birlik mavjudligini ko‘rsatish, aslida esa jamiyatda tartibsizlik va parokandalikni yuzaga keltirish uchun mablag‘ yig‘ish, asosiy tahdid manbai sifatida odamlar ongini egallash, jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarish orqali hokimiyatga erishishdek ehtiyojlarini qondirish maqsadini ko‘zlaydi.
Hozirgi davrda ko‘plab ekstremistik uyushmalar va mutaassib harakatlar turli dinlar, shu jumladan, islom, xristianlik, yahudiylik dinlari ta’limotlaridan foydalanmoqdalar.
Aqidaparastlik (arab. – «aqida» – «ishonch», «biror narsani ikkinchisiga bog‘lash») muayyan sharoitda, biron-bir g‘oyaga qat’iy ishonib, uni mutlaqlashtirish asosida shakllangan qoida va tartiblarni sharoit, holat, vaziyatni hisobga olmagan holda, ko‘r-ko‘rona qo‘llash yoki shunga urinishni anglatadi. U muayyan qonun va qoidalar ta’sir doirasini sun’iy kengaytirishga urinishda yorqin namoyon bo‘ladi.
Mutaassiblik (arab. – «g‘uluv ketish», «chuqur ketish») o‘z fikr-mulohaza va dunyoqarashi to‘g‘riligiga o‘ta qattiq ishonib, boshqa diniy e’tiqodlarga murosasiz munosabatda bo‘lishni anglatadi. Mutaassiblik barcha davrlarda turli din va yo‘nalishlar orasida keskin nizo va to‘qnashuvlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Ayni paytda, dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy mutaassiblik g‘oyalarning tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu jarayonning eng xatarli jihati dinni siyosiylashtirish vositasida hokimiyatga intilish, dindan odamlar orasiga nifoq solish, qo‘poruvchilik ishlarini amalga oshirish va g‘arazli manfaatlarni ro‘yobga chiqarishda foydalanishga urinishlarda namoyon bo‘lmoqda.
Demak, diniy ekstremizm kelib chiqishining birinchi va asosiysi sababi bu – mutaassib fikr va qarashlarning paydo bo‘lishidir. Mutaassiblik diniy ekstremizm va terrorizmga zamin tayyorlaydi. SHu o‘rin qayd etish joizki, ko‘p manbalarda «aqidaparastlik» so‘zi hozirgi voqelikdan kelib chiqib «mutaassiblik» so‘zi bilan almashtirilgan holda istefoda etilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |