«Analog»dan «aqlli»ga
O limlarning taxminlariga ko‘ra, 2050-yilga borib Yer sayyorasi aholisi 9,6 milliardga yetib, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun bugungiga nisbatan 70 foiz ko‘p mahsulotlar kerak bo‘lar ekan. Ammo, ekologik vaziyatning yomonlashishi, energiya vositalarining qimmatlashuvi va yer unumdorligining pasayib ketishi talab darajasidagi oziq-ovqat ishlab chiqarishga jiddiy to‘siq bo‘lishi ham ta’kidlanmoqda. Xo‘sh, unda kelajakda bashariyat ochlikka mahkum bo‘ladimi? Albatta, yo‘q. Bu muammolarni dehqonchilik faoliyatini o‘zgacha usullar asosida boshqarish, xususan, sohaga narsalar interneti konsepsiyasi kabi zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yechimlar kiritish, bir so‘z bilan aytganda, «aqlli» qishloq xo‘jaligi orqali hal etish mumkin.
«Future Market Insights» tahlilchilariga ko‘ra, dunyoda «aqlli» qishloq xo‘jaligiga o‘tish sekinlik bilan, ammo ishonchli tarzda amalga oshirilyapti. Bozorning katta qismi (53 foizi) Shimoliy Amerikada joylashgan. Bu AQSh fermerlari tomonidan aqlli innovatsiyalarga bo‘lgan kuchli qiziqish bilan bog‘liqdir. IT-texnologiyalar yer maydonlarida asosan don ekinlari yetishtirishda faol qo‘llanilyapti va bu «aniq dehqonchilik» nomi bilan atalyapti.
Umuman olganda, «Goldman Sachs Group» tahlilchilari ko‘plab mamlakatlar «analog»dan «aqlli»ga o‘tish orqali o‘z qishloq xo‘jaligini faol rivojlantirib borayotganini tasdiqlashyapti. Ularning prognoziga ko‘ra, yangi texnologik yechimlarni joriy etish bilan 2050-yilga borib dehqonchilikni dunyo bo‘yicha 70 foizga oshirishga erishish mumkin. Bu deyarli 800 mlrd. dollarlik qo‘shimcha mahsulot demakdir.
Texnika va infratuzilmani o‘zgartirish
Albatta, bularning ustida ishlash uchun hozirgidan tamomila boshqacha mashinalar va agregatlar kerak. Ta’kidlash joizki, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqaruvchi dunyoning yetakchi kompaniyalari o‘z taraqqiyot strategiyalarini dehqonchilik jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirish ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda belgilab olishni allaqachon boshlab yuborishgan.
Masalan, AQShning Jon Dir (Deere & Company) kompaniyasi qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri. Kompaniya o‘z traktorlariga IoT (Internet of Things — narsalar interneti) datchiklari va veb-interfeyslar bilan qo‘llab-quvvatlangan majmualarni joriy etishga kirishgan. Agrar texnikalar sohasida «aqlli» qurilmalarni qo‘llash darajasi bo‘yicha Yevropa hozircha AQShdan ortda qolmoqda. YeIda 80 foiz qishloq xo‘jaligi texnikalari navigatsiya tizimlari bilan sotilishiga qaramay, ularning qariyb 30 foizi amalda tarmoqqa ulangan xolos. Bunga sabab, YeIda yirik fermer xo‘jaliklari AQShdagiga nisbatan ancha kam. Chunki Yevropada yetarli texnikalarga ega kichik oilaviy fermalar ustuvorlik qiladi va ularni ancha qimmat bo‘lgan «aqlli»lariga almashtirishga shoshilishmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |