Bola yig‘lab katta bo‘ladi. Bu maqol ko‘pincha bolasining yig‘loqiligidan noliydigan yoxud mehmonlar huzurida, biror yerga borganda bolasining yig‘laganidan hijolat tortadigan ota-onaga o‘zgalar tarafidan tasalli berganda aytiladi. Ayrim hollarda esa bolasining yig‘loqiligini pisanda yo masxara qilgan o‘zga kishilarga qarata ota-ona tarafidan: “Hechqisi yo‘q, bolaning odati, fe’l-atvori shunaqa bo‘ladi, go‘dakligida ko‘p yig‘laydi, bundan nolishning ham, buni masxara qilishning ham hojati yo‘q”, degan ma’noda aytiladi.
Bola sog‘ligi –ona boyligi. Ushbu maqolning izohi shundan iborat:
“Bolaning barmog`i og`risa onaning yuragi achiydi”, degan maqol ham bor. Darhaqiqat, bolaning sal tobi qochsa ham birinchi galda onaning yuragi achiydi, kuyinadi, tashvishi ortadi. Bolaning salomatligiga doimo sinchkovlik bilan e’tibor berish, uning sog‘ligi to‘g‘risida kasal bo‘lgach emas, sog‘lom yurgan paytidan o‘ylash va qayg‘urish zarurligini tavsiya etganda shu maqollarni qo‘llaydilar.
Ota-ona – oltin qanot.
Hamnafas bo`lish, ularning gapini yerda qoldirmaslik, aytganini qilish, pand-nasihatlariga quloq solish va amal qilish, zinhor va zinhor ularning “chizgan chizig`idan chiqmaslik”, yomonlikni ravo ko`rmaslik, qattiq gapirmaslik, dilini og`ritmaslik, la’nat-u qarg`ishiga qolmaslik, aksincha, yaxshilik va yaxshilik qilib, bergan tuz nasibani, oq sutini oqlab, har jihatdan rozi qilib, olqish-u duosiga sazovor bo`lish, ularning boshlagan ishlarini, an’analarini davom ettirish va hokazo – nihoyatda zarur, eng muqaddas burch ekanligini qayta-qayta uqtiriladi: “Davlating – ota-onang, Savlating - o`g`il-qizing”; “Oltin-kumushning eskisi bo`lmas, ota-onaning bahosi bo`lmas”; “Ota-onang – chin do`sting, Oshna-og`ayning – yo`l do`sting”; “Dunyoda har narsa topilar, ota-ona topilmas”; “Ota-ona ekilib bunyodga kelmaydi”; “Yomg`ir yog`sa to`ning ho`l bo`ladi, otang o`lsa uying cho`l bo`ladi”; “Ota dog`i kuydirar, ona dog`i o`ldirar”; “Buzoq-taka yig`ilib sigir bo`lmas, og`a-ini yig`ilib ota-ona bo`lmas”; “Olti og`a yig`ilib ota bo`lmas, yetti yanga yig`ilib ona bo`lmas”; “Ming ignani yig`sang taman31 bo`lmas, ming ammani yig`sang onang bo`lmas”; “Amma-xola yig`ilib ona bo`lmas, o`zing qiynalib tug`maguncha bola bo`lmas”; “Oyim ketdi, oydini – undan nari”;32 “Otaning ochgan yo`li bor, onaning bichgan to`ni bor”; “Ota ko`rgan – o`q yo`nar, ona - ko`rgan to`n bichar”; “Otasi yoy otganning bolasi o`q yo`nar”; “Otasi borning unumi bor, onasi borning tinimi bor”; “Otasi bor otlanmas, onasi bor tebranmas”.
Bolaning erkasi – bitning sirkasi. Sirka – bitning maydasi. U bitdan ham yomon bo`ladi. Kishining undan arinishi qiyin. Bir turkum maqollarda bolani aslo erka qilib o`stirmaslik zarurligi uqtiriladi: ”Qizginamning erkasi – itginamning sirkasi”; ”Erka qizning el bo`lishi qiyin”; ”Qizni erkalatsang, ern33ingga tepar, o`g`ilni erkalatsang, burningga tepar”; ”Erkalatsa onasi, taltayadi bolasi”.
Bolang yomon bo`lsa ham, omon bo`lsin. Bunda mubolag`a tarzida bo`lsa ham, ota-ona o`z farzandlarining sihat-salomatligi to`g`risida nechog`lik qayg`urishi, ularning hamisha sog`lom va eson-omon yurishini chin dildan istashi, orzu qilishi ifoda etilgan.
Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor. Farzand – oilaning boyligi, quvonchi, ota-onaning tayanchi. Farzandning dunyoga kelishi birgina ota-ona uchun emas, balki atrofdagi kishilar – qarindosh-urug`, yor-birodar, qo`ni-qo`shni, tanish-bilishlar uchun ham olam-olam quvonch baxsh etadi. Ko`pgina maqollarda shu narsa o`z aksini topgan: ”Bolali uy – xandon, bolasiz uy – zindon”; ”Bolali uy – guliston, bolasiz uy – go`riston”; ”Bolali uy – guliston, bolasiz uy – zimiston”; ”Bolali uy – bozor, shovqini ko`ngil yozar’; ”Bola – oilaning guli, ham bulbuli”; ”Tog`ning ko`rki – bola bilan, uyning ko`rki – lola bilan”; ”Bolasi ko`p boy bo`lur”; ”Bolasi ko`p uyda kunda to`y”; ”Bolali uyda g`iybat yo`q” (g`iybat, odatda, zerikuvdan, bekorchilikdan kelib chiqadi deydilar. Oilada bola bo`lmasa, er-xotin va oila a’zolari o`rtasida har xil g`iybatli gaplar kelib chiqishi mumkin. Agar bola bo`lsa, uni gapga solib, shirin-shirin gaplari va qiliqlaridan zavqlanib, u bilan ovunib g`iybatga ham ehtiyoj qolmaydi. Bu esa bolali uyning yana bir yaxshi fazilatidir); ”Bolali qo`rg`onga bog` yetmas”.
Besh barmoqning birini tishlasang, bari og`rir. Majoziy ma’nosi: ”Oila a’zolari yoxud yaqin qarindosh-urug`lardan birortasi boshiga falokat tushsa, qiynalsa, azob cheksa faqat uning o`zigina emas, hammasi baravar qayg`uradi”. Variantlari: ”Bir tish og`risa, yonidagisi ham og`riydi”; ”Bag`ir og`rig`i kindik to`lg`ar”; ”Ho`kizning shoxiga ursang, tuyog`i zirqiraydi”; ”Suyg`un34ning bir shohiga ursang, ikki shoxi sizlaydi35”; ”Soyda o`n sigirning muguzi sirqirasa, qirda qirq sigirning muguzi sirqiraydi”; ”Muguz lat yesa, tuyoq sirqiraydi”; ”Bir sigirning shoxi sinsa, minginiki sirqirar”; ”Dalada bo`ri ulisa, itning ichi achiydi”; ”Daraxtning shoxini ursang, tanasi eshiladi”.
Bir onadan alvon xil bola tug`iladi. Variantlari: “Bir palakda necha xil qovun yetishadi”; “Ovul boshqa bo`lsa ham tilak bir, barmoq boshqa bo`lsa ham bilak bir”; “Bir uyadan necha alvon qush uchar”; “Bir onaning bolasi – bir tog`ning lolasi”; “Dono onadan ham nodon o`g`il tug`iladi”; “Bir tablada ot ham bo`lar, eshak ham”; “Bir uyadan bir sasitqi”; “Bir palakdan ming xomak”; “Tangri berganning o`g`li to`rt bo`lar, biri nomard bo`lsa, biri mard bo`lar”; “Tovuqning ham bir tuxumi palag`da bo`ladi”. Majozan: bir ota-onadan bir necha bola tug`ilsa, shu bolalar tashqi ko`rinishda bir-birlariga o`xshasa-da, xulq-atvorlari jihatidan har xil bo`ladilar, bir-birlariga o`xshamaydilar.
Bola aziz, odobi undan aziz. Variantlari: ”Bolaning o`zi aziz, o`zidan odobi aziz”; ”Odobli bola – orli bola, odobsiz bola – sho`rli bola”; “Bola bezori – kishi ozori”; “Odobli bola – elga manzur”; “Odobli o`g`il – ko`kdagi yulduz, odobli qiz – yoqadagi qunduz”.
Bolaga ”hovli” dema, ”holva” de. Majozi: bolaga tanish bo`lgan, u tushunadigan narsani aytsanggina tushunadi, aks holda qarab turaveradi. Bolaga munosib so`zlar topib gap uqtirishning o`zi ham bir san’at.
Bolaginamning bolasi – qandak o`rikning donasi. Variantlari: ”Bolam bolasi – bolam”; ”Bolam – bolim, bolam bolasi – jonim”; ”Danagidan mag`zi shirin”; ”Qizginamning bolasi – bog`imning gul-lolasi”. Yana ”Bolam sevsin desang, bolasini sev”, degan maqol ham borki, bu bilan chol-kampirlar: ”Bolangga bolasi shirin, agar sen bolangning bolasini jon-diling bilan sevsang, ardoqlasang, erkalatsang, bolang bundan ruhlanib, seni yana ham sevadi, qadrlaydi, izzat-hurmatingni joyiga qo`yadi”, demoqchi bo`ladilar.
Bolali o`rdak ko`ldan ketolmas, bolasi yosh eldan ketolmas. Yovvoyi o`rdak bu ko`ldan u ko`lga, u ko`ldan bu ko`lga uchib, rizqini topib yeb, tirichiligini o`tkazadi. Bolalagan o`rdak esa hali ucholmaydigan bolalarini tashlab ketolmaydi, to`yintiradi. Majozi: ota-ona bola-chaqani boqaman deb ne-ne mashaqqatlarni chekadi, uncha-muncha huzur-halovatdan, safar-sayohatda ham kechadi. Varianti: ”Bolali quyon qocholmas”.
Bolali uyda sir yotmas, Bolasiz uyda kir yotmas. Bola bor uyda har gapni ham aytish to`g`ri emas. Chunki yosh bola shunchalik sodda, xom bo`ladiki, hali u sir saqlash nimaligini bilmaydi. Kimga qaysi gapni aytish kerakligini farqlay olmaydi. Shuning uchun keksalarimiz yoshlarga ”Bolaning oldida har gapni gapirma, bola og`zida gap turmaydi”, qabilida tanbeh beradilar.
Bolasiz uyda kir yotmas deganda, yosh bola yo`q xonadon doim toza turishi, ortiqcha pala-partishliklar bo`lmasligi nazarda tutiladi.
“Aldagani bola yaxshi” to‘g‘ri ma’noda yig‘layotgan xarxasha qilayotgan yo biror joyga ergashayotgan bolani va’da bilan yoki qo‘liga biror narsa berib tinchlantirsalar, ko‘ndirsalar, shunday deb qo‘yadilar. Variantlari: “Aldamoqqa bachcha yaxshi, chaynamoqa kulcha”.
Bir tovuqqa ham don kerak, ham suv. Majoziy ma’nosi: “Bola – chaqani (ayniqsa, ular ko‘p bo‘lsa) boqish oson emas. Har biriga allaqancha narsa kerak. Bu narsalarni muhayyo qilaman deb ota-ona ozmuncha qiynalmaydi”. Variantlari: ”Qush nima topsa, bolasining og‘ziga tutadi”; “Jo‘jasiga istab don, Tovuq boshi qora qon”; “Ovchi dat yeydi36, bolalari et yeydi.
Bola yig‘lab katta bo‘ladi. Bu maqol ko‘pincha bolasining yig‘loqligidan nolidigan yoxud mehmonlar huzurida, biror yerga borganda bolasining yig‘laganidan xijolat tortadigan ota-onaga o‘zgalar tarafidan tasalli berilganda aytiladi. Ayrim hollarda esa bolasining yig‘loqiligidan pisanda yo masxara qilgan o‘zga kishilarga qarata aytiladi.
Demak, oila mavzsusidagi maqollarning asosiy qismini ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlar aks etgan maqollar tashkil qiladi. Chunki oilada farzand tarbiyasi eng muhim va dolzarb masalalardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |