Kelinchakning egasi bor, qudaga qatnash na darkor?
Ba’zi ota-onalar ”qudaga yaxshi ko‘rinay” deb, qudalari bilan bordi - keldiga zo‘r beradilar, ularni tez-tez ziyofat qilib chaqiradilar, to‘n kiygizadilar, sarupolar bilan siylaydilar, ularnikiga borganda esa turli sovg‘a-salomlar, ko‘proq va lazzatliroq pishirilgan narsalar qilib borishga harakat qiladilar. Mazkur maqol bilan shunday kishilarga qarata: ”Bunday qilishning nima keragi bor? Undan ko‘ra qizingning kuyoving bilan ittifoq bo‘lib, tinch - totuv turmush kechirishini ko‘zla, shuning g‘amini ye, chora tadbirini ko‘r”, deyilmoqchi.
Kelsa xotin urug‘i, topilar uning yo‘rig‘i, kelsa
Erning urug‘i, bo‘lar yurak burug‘i.
”Kelsa xotin urug‘i, topilar uning yo‘rig‘i, kelsa erning urug‘i, bo‘lar yurak burug‘i”; ”Xotin urug‘i kelsa – eshik ochiq, Er urug‘i kelsa - xotin qochiq”; ” Er urug‘i - savat bosh, Xotin urug‘i-ilon bosh”; ”Ammang kelsa, paranjisin ol, tagiga eski to‘qim sol, Xolang kelsa, paranjisin ol, tagiga yangi to‘shak sol”; ”Ammang kelsa, paranjisin ol, temir qoziqqa il, Xolang kelsa, paranjisin ol, kumush qoziqqa il”. Mazkur maqollar bilan: ”Yomon, dili qora, ichi tor, xudbin xotinlar uyga erining biror qarindoshi kelib qolsa, chehra ochib emas, chirositib qarshi oladi, borini dasturxonga keltirib qo‘ymaydi, ichida ”tezroq keta qolsa-chi!” deb o‘tiradi. O‘zining qarindosh- urug‘i kelguday bo‘lsa, ularni o‘tqazgani joy topolmay qoladi, borini dasturxonga to‘kib soladi”, deyilmoqchi.
Kuyovnikida quyruq yegandan- o‘gilnikida yudruq yegan yaxshi.
”Qiznikida go‘sht yegandan, O‘g‘ilnikida musht yegan yaxshi”; ”Kuyovning ho‘rdasidan- o‘g‘ilning yundasi yaxshi”; ”O‘g‘ilnikini o‘ynab yeysan, Qiznikini o‘ylab yeysan”. Bularning ma’nosi asosan shunday: ”Kuyovnikida qisinib- qimtinib, iymanib yeysan. Bundan tashqari, kuyovning (ayniqsa, u tor ko‘ngil, baxil, ziqna bo‘lsa) ovqati minnatli. O‘g‘ilnikida esa yayrab, hech narsadan tortinmay, iymanmay yeyaverasan, buning uyati ham, minnati ham bo‘lmaydi”. Xalq o‘rtasida: ”Kuyov har qancha yaxshi bo‘lmasin, baribir ota-ona uchun o‘z o‘g‘illaridek bo‘lolmaydi, uning o‘rnini bosolmaydi”, degan tushuncha ham mavjud. Quyidagi maqollar ana shunday tushunchaning mahsulidir: ”Kuldan tom bo‘lmas, Kuyov o‘g‘il bo‘lmas” (tom-uy); ”Kuldan tom bo‘lmas, kuyov o‘g‘il bo‘lmas, Qumdan qo‘rg‘on bo‘lmas, kuldan bek bo‘lmas”; ”Kul og‘il bo‘lmas”, Kuyov o‘gil bo‘lmas”; Kuldan devor bo‘lmas, Kuyovdan- o‘g‘il”; ”Kuyov-kuyovcha yig‘ilib, o‘g‘ling bo‘lmas, Kelin-kevat yig‘ilib, qizing bo‘lmas”; Kuyov-kuyov yig‘ilib, bolang bo‘lmas, Qo‘ni-qo‘shni yig‘ilib, xolang bo‘lmas”; Kelin qiz bo‘lmas, kuyov-o‘g‘il” (kuyovning o‘g‘ilday bo‘lmasligini ifodalamoq uchun ”kuyov” so‘zini ”ku- yov”, ya’ni u o‘g‘il bo‘larmidi, u yov –ku, degan ma’noda talaffuz etib, so‘z o‘yini ham qiladilar).
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ”oila” konseptining asosiy mohiyatini ochib berishda qaynona-kuyov hamda qaynona- kelin munosabatlari ifodalangan xalq maqollari ham alohida o‘ringa ega.
III BOB. OILA HAQIDAGI MAQOLLARNING MA’NOVIY XUSUSIYATLARI
III.1. Oila haqidagi maqollarda “shaxs” arxisemasining ifodalanishi
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, oila mavzusidagi maqollarning ham bosh markazi inson, ya’ni shaxs hisoblanadi.
Ot leksemalar ichida shaxs nomlari guruhi alohida o‘rin egallaydi. O‘zbek tilida bu guruhga mansub bo‘lgan o‘n mingdan ortiq leksema mavjud. Ana shu leksemalarni sistema sifatida o‘rganish o‘zbek tilshunosligida faqat nazariy ahamiyatgagina ega emas, balki o‘zbek tilining izohli lug‘atini tuzishda katta amaliy ahamiyatga ham egadir. Shuning uchun ham keyingi davrlarda SHNG tarkibidagi u yoki bu LSG larni monografik planda o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar yaratildi38.
Shaxs nomlarini ifodalovchi leksemalar o‘zbek tili leksikasidan "shaxs" umumiy belgisi asosida ajratiladi va bu belgi shaxs nomlari guruhiga mansub bo‘lgan so‘zlarni birlashtiruvchi sema vazifasini bajaradi.
“Shaxs” arxisemali xalq maqollari oilaviy munosabatlar va qarindoshlik belgilari asosida bir qator guruhlarga birlashadi. Bu guruhlarni `avlod`, `volid`, `qarindosh`, `kundosh` semalari asosida shakllangan maqollar tashkil etadi.
“Avlod” semali maqollar: Bol shirin, boldan bola shirin; Bola yig‘lamasa ona sut bermas; Bolalik – poshsholik; Bolali uy – bozor, bolasiz uy – mozor; Bolaginamning bolasi qandak o‘rikning donasi; Davlating – o‘g‘il-qizing; Farzand aziz, odobi undan aziz; O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa – qilig‘i, Qobil o‘g‘il ot mindirar, noqobil o‘g‘il otdan indirar; Har kimniki o‘ziga, oy ko‘rinar ko‘ziga; Qo‘ng‘iz ham o‘z bolasini oppog‘im der, kirpi ham o‘z bolasini yumshog‘im der;
“Volid” semali maqollar: Boshing ikki bo‘lmaguncha, moling ikki bo‘lmaydi; Boqmasang, moling ketar, xo‘rlasang, xotining ketar; Bo‘z yaktak qichitar, yaxshi xotin tinchitar; Yomon arava yo‘l buzar, yomon kishi uy buzar; Yomon otda yurguncha, yayov yurgan yaxshiroq, yomon xotin olguncha, bo‘ydoq yurgan yaxshiroq; Yomon turmush yashatmas; Totuv turmush – uzoq umr; Umr savdosi – qiyin savdo; Xotinlik ro‘zg‘or guldir, xotinsiz ro‘zg‘or cho‘ldir; Xotinsiz o‘tish –xato, bolasiz o‘tish – jafo; Erni er qiladigan ham xotin, qora yer qiladigan ham xotin; Erning vaziri – xotin; Er-u xotin – qo‘sh ho‘kiz; Er-u xotinning urushi – doka ro‘molning qurishi; Men kuyaman bolamga, bolam kuyar bolasiga; Oltin-kumushning eskisi bo‘lmas, ota-onaning bahosi bo‘lmas.
“Kundosh” semantikali maqollar: Kundoshlik – ko‘ngil g‘ashlik; Kundoshlikka kun tug‘mas, tug‘sa ham butun tug‘mas; Kundoshning kuli ham kundosh; Eshikdan kundosh kirsa, teshikdan urush kirar; Ikki xotinlikning qulog‘i tinmas, eshak minganning oyog‘i tinmas.
“Qarindosh” semantikali maqollar: Tuqqan-tuqqan topishar, yotga balo yopishar; Tuqqan tuqqandan umid kutar; Yangam sanchadi, men tortaman; Et bilan tirnoqni ajratib bo‘lmas; Onasi maqtagan qizni olma, el maqtagan qizdan qolma; Yaxshi erga bersang qizni, silay-silay sulton qilur, yomon erga bersang qizni, ura-ura ulton qilur; Quda bo‘lguncha ko‘p sinash, quda bo‘lgach, ko‘p siylash; Qirq uy quda bo‘lsa, qirq yil qirg‘in kelmas.
Yuqoridagi maqollarning barchasi ham oila a’zolari va ularning oiladagi o‘rni, ushbu jamoa a’zolarining o‘zaro munosabatlarini ifodalovchi leksemalardan tashkil topgan va bunday maqollar mazmunan ana shu leksik birliklar lug‘aviy ma’nolari asosida shakllangan. Bunday tipdagi maqollarda qavm-qarindoshlik tushunchalarini ifodalovchi shaxs va uning yaqinlarini anglatuvchi otlar muhim o‘rin tutadi. Qavm-qarindoshlik nomlarini o‘z navbatida bir necha kichikroq ma’noviy guruhlarga ajratish mumkin. Bunda lug‘aviy-ma’noviy guruhlarni turlicha asoslar bilan ajratish mumkin. Qavm-qarindoshlik nomlari doirasida, masalan, “bir avlod kishilari nomlari”39 guruhini quyidagicha tasvirlash mumkin. Kishi dastlab bola deyiladi /Bolali uyda g‘urbat yo‘q/ va bu tushuncha o‘zbek tilida farzand, zurriyot leksemalari bilan ham anglatiladi. Bu leksemalar sinonimik uyaga birlashib, paradigmatik munosabat hosil etadi. Bu sinonimik uyaning dominantasi sifatida bola leksemasi tanlanadi. Bola yosh jihatdan chaqaloq va go‘dak deb farqlanadi. Bu leksemalar o‘zaro darajali ma’no munosabatni hosil etadi: ”yangi tug‘ilgan bola”– “emizikli bola”. Bola leksemasida “jins” semasi yo‘q, shunga ko‘ra jins o‘g‘il bola, qiz bola /Qizginamning bolasi – qandak o‘rik donasi, O‘g‘ilginamning bolasi – hay-hay uning onasi / deb farqlanadi; odatda o‘g‘il, qiz leksemalarining yolg‘iz o‘zi ishlatiladi va bu leksemalar o‘zaro antonimik (oppozitiv) munosabat hosil qiladi.
O‘g‘il balog‘at yoshiga yetish oldida o‘spirin, balog‘at yoshiga etganda yigit deyiladi /Ayolning sunbuli – yigitning dili; Botirsingan yigitni yov kelganda ko‘ramiz, Chechansingan yigitni dov kelganda ko‘ramiz/ bu leksemalar o‘zaro darajali semantik munosabat hosil qiladi. Bunday darajali munosabat hosil etish qiz /Bir qizga yetti qo‘shni ota-ona/ leksemasi uchun xos emas, shuning uchun darajalanish zarur o‘rinlarda ham qiz leksemasi ishlatilaveradi.
Oila qurayotgan yigit kuyov, qiz esa kelin deyiladi; yigit- kuyov, qiz-kelin /Kuyovni o‘g‘il bil, kelinni – qiz; Qizni kim sevmas, qimizni kim ichmas; Kelin ketag‘on bo‘ldi, Ovul kezag‘on bo‘ldi/ leksemalari darajali semantik munosabat, kuyov-kelin leksemalari esa antonimik munosabat hosil qiladi. Kuyov bilan kelin oila sifatida yashay boshlaganidan keyin er bilan xotin deyiladi va bu leksemalar ham antonimik munosabat hosil qiladi: kuyov-er, kelin-xotin/ Er-xotining urushi– doka ro‘molning qurishi/ munosabati esa darajali semantik munosabatning bir ko‘rinishiga teng.
Oilada bola tug‘ilgandan keyin er ota mavqeiga, xotin esa ona mavqeiga erishadi; ota→←ona leksemalari antonimik munosabat hosil etadi /Onang o‘gay bo‘lsa, otang o‘zingniki emas/; er→ota, xotin→ona: ota→bola←ona/Ona – daraxt, bola – meva/ leksemalari esa darajali semantik munosabatning ko‘rinishlarini aks ettiradi. Ana shunday semantik munosabatlar oila mavzusidagi maqollarning mazmuniy asosini tashkil qiladi.
O‘zbek xalq maqollari orasida “shaxs” arxisemali maqollarda jins ifodalanishi paremik birliklarning alohida xususiyatlari sifatida ko‘zga tashlanadi. O‘zbek tilida grammatik jins kategoriyasi mavjud emas. Ammo biologik jins va u haqidagi tushuncha mavjud. Biologik jins o‘zbek tilida turli lisoniy vositalar orqali ifodalanadi. Ushbu lisoniy vositalarni quyidagi guruxlarga ajratish mumkin: leksik-semantik, morfologik, sintaktik. O‘zbek tilida ba’zi so‘zlarning o‘zida, ya’ni ma’nosida uning qaysi jinsni ifodalayotgani anglashinib turadi. Bu biologik jinsni ifodalashning leksik-semantik usulidir40.
F.Musayeva shaxsni ifodalovchi leksemalarni jins tushunchasini ifodalashiga ko‘ra quyidagi leksik guruhlarga ajratadi: a) jins tushunchasi leksemaning denotativ ma’nosida ifoda topadi; b) “qarindoshlik” semasi bilan jinsni tafovutlash; s) shaxsning sotsial-ijtimoiy funksiyasi vositasida jinsiy farqlash; d) shaxsning biologik xususiyatlari orqali jinsni farqlash; e) tarixiy mansublik asosida jins ifodalash41.
“A” guruhga mansub qiz, juvon, dugona, kanizak, joriya, kampir, beva kabi so‘zlarda ayollik semasi bo‘rtib turgan bo‘lsa, er, yigit, chol, jo‘ra, erkak, jo‘raboshi kabi birliklarda erkaklik semasi yetakchilik qilmokda /Oshnachilik – bir yilchilik, Qudachilik – ming yilchilik/;
“B” guruhga esa singil, xotin, kelin, qaynona, momo, boldiz, egachi; o‘g‘il, qaynota, dada, kuyov, aka, uka, boja, pochcha, yazna, bobo, amaki / Yaxshi xotin– uy ziynati, yomon xotin – to‘y ziynati; Onangni kiftingda tutsang, singlingni boshingda tut/ kabi birliklarni kiritish mumkin.
“S” guruhda ko‘proq kasb-hunar leksikasiga oid so‘zlardir. Masalan, bola tug‘ish, bola boqish, ovqat pishirish, tikish-bichish ishlari asosan ayollarga, jang qilish, ov qilish, boshqarish ishlari asosan erkaklarga xos bo‘lganligi sababli shu vazifalar bilan bog‘liq so‘zlarda ham biz biologik jinsning ifodalanishini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, doya, enaga, hamshira, chevar, pazanda, tikuvchi kabi so‘zlar ayollarni ifodalash uchun xoslangan bo‘lsa /Qiz uyning cho‘risi, ham o‘g‘risi/ sarkarda, sipohiy, sulton, to‘ra, amir, jangchi, askar, suvoriy, podsho, hammol kabi so‘zlar asosan erkak jinsidagi odamlarni ifodalash uchun xizmat qiladi /Muttahamdan gap so‘rasang, berari ko‘p, To‘radan gap so‘rasang, ertasi ko‘p; Mulla bobdan o‘tmas, Eshak– yopdan/
“D” guruhda tug‘ish, homilador bo‘lish faqat ayollarga xos bo‘lganligi tufayli bu biologik imkoniyatlar bilan bog‘liq so‘zlar faqat ayollarni bildiradi: tumsa, homilador, bo‘goz, emizikli, yukli, ogiroyoq /Qo‘y qo‘zichog‘i bilan chiroyli, Xotin – chaqalog‘i bilan/.
“E” guruhga choryor kabi faqat erkak jinsiga mansub tarixiy shaxslarni kiritamiz. Sababi, choryorlar bu to‘rt xalifa: Ali, Usmon, Umar, Abu Bakr. Ularning Rasul, payg‘ambar so‘zlari ham shu guruhga mansub. Chunki tarixdan ma’lumki, payg‘ambarlar faqat erkaklar bo‘lgan. Lekin bu guruhga kiruvchi so‘zlar boshqa guruhlarga qiyoslaganda kamroq /Isoning o‘chini Musodan olmoq; Sulaymon o‘ldi, devlar qutildi/.
Mifologik obrazlar ko‘pgina hollarda ongimizda jins tushunchasidan xoli tarzda tasavvur etiladi. Masalan jin, shayton, farishta /O‘g‘illi uy – farishta, Qizli uy – sarishta/ kabi so‘zlarda biologik jins ifoda etilmagan, shu sababli ularni ko‘chma ma’noda qo‘llaganimizda ham erkaklarga, ham ayollarga nisbatan ishlataveramiz. Ammo ba’zi mifologik obrazlar ongimizda ayol yoki erkak qiyofasida gavdalangani jihatidan, ularda jins ma’nosi ko‘rinadi. Masalan pari, suv parisi, hur /Qarining ham qarisi bor, Parining ham parisi bor; Qari bilganni pari bilmas; Qari bor uyda pari bor/ kabi obrazlar ongimizda ayol qiyofasida gavdalanadi. Dev esa ko‘proq erkak qiyofasida namoyon bo‘ladi.
Demak, oila haqidagi maqollarda “shaxs” arxisemasi yetakchilik qiladi va u tilshunoslikda o‘zining semantik tasnifiga egadir.
III.2. Xalq maqollarida metafora asosidagi nom ko‘chishi
Lug‘aviy ma’no odatda bir pedmet, belgi, harakatning nomini boshqa bir predmet, belgi, harakatga ko‘chirish yo‘li bilan rivojlanadi. Bunday ko‘chirishning tabiatini, mavqeini har bir tilning o‘zidagi semantik qonuniyatlar belgilaydi.
Ko‘chirish metaforik, funksional, metonimik va sinekdoxa asosida yuzaga keladi. Ko‘chirish qorishiq holda (metafora-funksional, metafora-metonimiya, metonimiya-funksional tarzida)42 ham uchraydi.
Biror predmet, belgi, harakatning nomi boshqasiga o‘zaro o‘xshashlik asosida ko‘chirilsa, metaforik usul hisoblanadi. Metaforada bir predmetning nomi (tandirning og‘zi) yoki belgisi (qora niyat) yoki harakati(so‘zni qayramoq) boshqa bir predmetga ko‘chiriladi.
O‘xshatish, metafora kabi hodisalar tilshunoslikda komparativ troplar deb ham yuritiladi43. Bunda, albatta, o‘xshatishning asosida ham, metaforaning asosida ham qiyoslash-o‘xshatish usuli yotganligi e’tirof qilinadi. Aslida metafora ham o‘xshatish, faqat metafora yashirin, ya’ni qisqargan o‘xshatishdir.
Metaforalar predmet va hodisalarni ularga xos xususiyatni qiyoslash hamda o‘xshatish natijasida yuzaga keluvchi so‘zlarning ko‘chma ma’nosiga asoslangan nutqiy ekspressiyadir. Ular badiiy asarning ekspressivligini, tasviriylik va obrazlilik darajasini belgilovchi muhim omildir.
Metaforalar ular yashab kelayotgan har bir milliy til qadar qadimiydir. Gogol metaforani “o‘ta kuchli zakovatning ifodasidir”, deya ta’riflaydi.
Ma’lumki, metaforalar so‘zlarning figural ma’nosi asosida yaratiladi va metaforik qo‘llangan so‘z esa predmet, belgi yoki harakat bilan o‘zining nominativ ma’nosi orqali bog‘lanadi44. Predmet ma’nosini bildirgan metaforalar, asosan, atash funksiyasini bajaradi; belgi va harakat bilan bog‘liq metaforalarda esa ekspressivlik, obrazlilik kuchli bo‘ladi.
Metafora badiiy nutqda turli xil maqsadlar uchun qo‘llaniladi. Xususan, bu ko‘chim turi badiiy tilning qimmatini yanada oshirish maqsadida, belgini yashirish yoki ochiq tartibda ifodalash uchun ham ishlatiladi.
Metaforalar alohida bir kategoriya sifatida quyidagi mezonlarga ega: metaforalar shaklidan qat’iy nazar tarkibidagi so‘zlar anglatgan ma’no bir tushunchaga asoslanishi; so‘zning denotativ ma’nosi bilan metaforik ma’no o‘rtasida mantiqiy o‘xshashlik bo‘lishi; metaforik nom so‘zning muhim deb hisoblangan semalari asosida yuzaga kelishi; konnotativ nom shaxs, predmet, voqea – hodisani, ularning belgi – xususiyatlarini muayyan tomondan tasvirlashi, xarakterlashi, izohlashi va metaforalar emotsionallikka, ekspressivlikka va obrazlilikka ega bo‘lishi shart.
Metaforaning yuzaga kelishi quyidagi unsurlarni talab qiladi: predmetlar orasida o‘xshashlik, shu o‘xshashlikning lisoniy aksi bo‘lgan mutanosib semalar, narsalardan birining nomi ayni nutqiy sharoit uchun yo‘qligi. Ana shu unsurlar ta’minlanganda, nomning metaforik ko‘chishi yuzaga keladi.
Metaforaning mohiyati va uning tabiatiga berilgan ta’riflarga nazar tashlasak, ularni asosan uch guruhga bo‘lish mumkinligini ko‘ramiz: metafora–nom ko‘chishning (deyarli) har qanday usuli (Arastu, E.Kassirer); metafora–qisqargan o‘xshatish (A.A.Potebnya va uning izdoshlari); metafora– nom ko‘chishning alohida bir turi ( N.D. Arutyunova va o‘zbek tilshunoslari)45.
Metafora nom ko‘chishning turlaridan biri yoki hammasi ekanligini shu soha bilan shug‘ullanganlardan hech biri rad etmaydi, biroq nom ko‘chish turlarini noto‘g‘ri talqin etish eski yanada to‘g‘rirog‘i, e’tibordan chetda qoldirish natijasida metafora talqinida nom ko‘chish bilan aloqador bo‘lmagan hodisalar (simvol, metamorfoza...) ham qamrab olinadi. Nom ko‘chish deganda, odatda so‘zlarning o‘zaro munosabati natijasida semantik qurilishning o‘zgarishi, semantik vazifalariing so‘z birikmasi a’zolari o‘rtasida qayta taqsimoti, assotsiativ yoki sintagmatik qatorda munosabatda turuvchi til birliklarining o‘zaro ta’sirlashuvi natijasida so‘z birikmasi unsurlaridan biriga yangi ma’no berilishi tushuniladi.
Metafora hosila ma’no yuzaga kelishi hodisalarining eng faoli hisoblanadi. U, tilshunoslikda qayd etilishicha, hosila ma’no yuzaga kelishining hosil qiluvchi va hosila ma’no referentlari o‘zaro o‘xshash kelishiga asoslanadi46.
D.Xudoyberganovaning tasnifiga ko‘ra, kognitiv metaforalar so‘z shaklidagi, so‘z birikmasi shaklidagi, gap va mikromatn shaklidagi metaforalar47ga bo‘linadi.
Oila haqidagi maqollarida metafora asosidagi nom ko‘chishi eng sermahsul usul hisoblanadi. Masalan, Kelin kirgan uyga nur kirar maqolida qo‘llangan nur so‘zi metaforik ma’no kasb etgan.
Quyidagi maqolda esa qirg‘oq so‘zi metaforik ma’noga ega. Masalan, Qiz yetilib qirg‘oqqa ketar, O‘g‘il yetilib yiroqqa ketar. Maqol matnida qirg‘oq so‘zida “o‘zga xonadon” semasi reallashgan.
Maqollarda metafora qisqargan o‘xshatish shaklida beriladi. Bunda maqol matnida dastlab predmetning asl nomi, keyin metaforik nom keltiriladi. Masalan, “Bolali uy-jannat, bolasiz uy - minnat”, “Bolali uy – bozor, bolasiz uy - mozor” kabi maqollarda metaforik nom ko‘chishi ana shunday yuz beradi. Agar metaforalar yangilik bo‘yog‘iga ega bo‘lsa, ular nomlayotgan predmet tema, metaforik nom esa rema hisoblanadi. Demak, bunday maqollar mazmunan tema-rematik munosabatni namoyon qiladi. Mana shunday mazmundagi xalq maqollarida anemonimlar metaforik nomga ega bo‘ladi. Masalan, Er- xotin – qo‘sh ho‘kiz maqolida er-xotinning oiladagi faoliyati qo‘sh hokiz birligida o‘z ifodasini topadi.
Ayrim o‘rinlarda metaforik nom sinekdoxa bilan qorishib ketadi. Shunday bo‘lsa-da, bu birliklar qism-butun munosabatidan ancha yiroqlashgani bois metaforik nomga aylanadi. Masalan, “Sher himmati – bilak, Er himmati – yurak” xalq maqolida metaforik asosda bilak leksemasida `kuch` semasi, yurak leksemasida `toza qalb`, `chin ko‘ngil` semalari reallashgan. Er qayerda bo‘lsa, sher panjasi o‘sha yerda maqolida ham sher panjasi birikmasida metaforik ma’no yashiringan. Quyidagi Baxtli bilan bahslashma, Tomlik bilan tenglashma maqolda esa tomlik bilan so‘zshakli matn tarkibida `uyi bor inson` semasini namoyon etmoqda. Agar tom leksemasi (tom solmoq)ning ayrim shevalarda uy tushunchasini anglatishini hisobga olsak, bu o‘rinda metaforik ma’no bir oz xiralashadi.
Ba’zi maqollarda metaforik nom tushunchasi atamoq fe’li bilan ham qo‘llanishi mumkin: O‘ttizida er atangan, Qirqida sher atanar. Matndan ko‘rish mumkinki, er so‘ziga nisbatan sher so‘zida shu belgiga egalik xususiyati kuchliroq namoyon bo‘lgan. Buni o‘ttiz sonidan keyin qirq sonining qo‘llanishida ham ko‘rish mumkin. Demak, metaforik nomda predmetga xos belgilar bo‘rttirilgan bo‘ladi. Bu esa metaforani har qanday badiiy matnning mubolag‘aviy xususiyatini namoyon etuvchi omillardan biri ekanligini tasdiqlaydi.
III.3. Metonimiya asosidagi nom ko‘chishi
Metaforalarga yondosh va o‘xshash hodisalar anchagina bo‘lib, ko‘pincha ularning hammasi metafora deb atalaveradi48.
Metonimiya ham nom ko‘chishi usuli bo‘lib, narsalar orasidagi obyektiv bog‘liqlikka asoslanadi. Narsa, belgi va harakatlar o‘rtasidagi aloqadorlik asosida nom ko‘chishi metonimiya usuli bilan yangi ma’no hosil qilish deyiladi.
Metonimiya va metafora orasidagi farq nom ko‘chirish asoslaridadir. Metaforaga o‘xshashlik, metonimiyaga esa bog‘liqlik asos bo‘ladi. Demak, daxldorlik metonimiyaning asl qoidasi so‘zning tagma’nosi o‘xshatilmasa, aloqadorlik mavjud bo‘lsa, biz uni to‘laqonli metonimiya hodisasi deb olishimiz mumkin. O‘xshashlik va bog‘liqlik munosabatlari orasidagi tafovut bu ikki til hodisasining farqini ochib berishga xizmat qiladi. Bu tafovut shundaki, metafora subyektiv o‘xshashlik asosida bo‘lib, so‘zning semem tarkibiga suyangan holda metaforalarni aniqlash mumkin. Metonimiyada esa bog‘liqlik obyektiv mavjud bo‘lmasa, uni yaratib bo‘lmaydi. Bir predmetning, belgining, harakatning nomi boshqasiga o‘xshashlik asosida emas, balki o‘zaro bog‘liqlik asosida ko‘chirilishi metonimiya yo‘li bilan ko‘chirish deyiladi. Masalan, dasturxon leksemasi “ovqatlanish uchun yoziladigan buyum”ni anglatadi: bu leksema bilan ovqatning o‘zi – “dasturxonga qo‘yiladigan noz-ne’mat” ham tushuniladi.
Metonimiya quyidagicha voqelanadi: a) jins-tur munosabatidagi predmetlardan jins nomi tur nomiga aylanadi; b) bir predmetning nomi shu predmetga asoslangan o‘lchov birligining nomiga aylanadi; v) bir predmetning nomi shu predmet asosida hosil bo‘ladigan predmetga ko‘chiriladi; g) belgining nomi shunday belgisi bor predmetga ko‘chiriladi; d) harakatning nomi shu harakat natijasida hosil bo‘ladigan predmetga ko‘chiriladi.
Metonimiya lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra boshqacha nom berish degan ma’noni bildiradi. Metonimiya hodisasi ham so‘zlarning ko‘chma ma’nosi bilan bog‘liq. Ammo bu yerda asosan biror narsa yoki voqea – hodisaning nomi boshqa bir narsa yoki hodisaga ko‘chiriladi. Bu predmet yoki voqea – hodisa ongimizda bir – biri bilan aloqador tushunchalarni anglatishi bilan o‘zaro bog‘langan bo‘ladi. Metonimiyada ikki predmet tashqi ko‘rinishi yoki ichki xususiyatlari bilan bir – biriga qandaydir aloqasi bo‘lsa ham, ammo umuman bir – biridan farq qiluvchi (bir – biriga o‘xshamagan) predmetlarning belgilari chog‘ishtiriladi49.
Oila mavzusidagi maqollarda metonimiya asosidagi nom ko‘chishi metaforaga nisbatan kam uchraydi. Masalan, O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa, qirqta bo‘lsa qilig‘i maqolida o‘nta va qirqta sonlari “farzand” tushunchasini ifodalab kelgan. Bu o‘rinda sonlar otlashuvi tufayli ana shunday ma’no ifodalangan.
Quyidagi misolda esa lokal birliklar orqali unda yashovchi shaxs tushunchasi ifodalangan: Ot olsang uying bilan kengash, Ot sotsang ovuling bilan. Maqolda uy va ovul leksemalarining “yaqin inson” hosila ma’nosi orqali metonimiya hosil qilingan.
Quyidagi misolda esa aloqadorlik asosida nom ko‘chishi predmet belgisining shu predmet tushunchasiga aylanishidan kelib chiqadi. Masalan, Beshikda tekkan kafanda ketar /Ma’nodoshi: Sut bilan kirgan jon bilan chiqar/ maqolida “odat” semasi beshikda tekkan birikmasi orqali ifoda etilgan. Bu aloqadorlik predmet va uning belgisi ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Kafanda leksemasi ham “mayit bilan” semasi asosida metonimik nom ifodalagan. Quyidagi maqolda ham beshik leksemasi metonimiyaga asos bo‘lgan: Beshikdagi besh turlanar, Qayoqqa bursang, shunga o‘rganar paremik birligida beshikdagi so‘zi “chaqaloq” ma’nosi bilan metonimik nom sifatida o‘rin belgisining shaxs tushunchasiga aylanishi kuzatiladi. Bunday semantik egalik predmet va o‘rin belgisi aloqadorligiga asoslanadi.
III.4. Sinekdoxa asosidagi nom ko‘chishi
Ko‘chimning navbatdagi turida bir predmetning nomi boshqa bir predmetga jins – tur munosabati asosida ko‘chirilishi sinekdoxa yo‘li bilan ko‘chirish deyiladi. Sinekdoxa yo‘li bilan ko‘chirishning ikki xili farqlanadi: predmetning nomi sifatida unga xos biror qismning nomi ishlatiladi ( qism→butun munosabati: “butun” ifodasi) yoki predmetning nomi sifatida shu predmetni ham o‘z ichiga olgan butunning nomi ishlatiladi (butun→qism munosabati: “qism” ifodasi).
Ba’zi adabiyotlarda metaforaning bir turi sifatida e’tirof etilgan sinekdoxa hodisasi, asli metonimiyaning bir ko‘rinishidir. Chunki unda ham metaforadan farqli ravishda o‘xshashlikdan ko‘ra bog‘liqlik, aloqadorlik jihatlari ustun. Buni birgina misol orqali ko‘rishimiz mumkin: boshim og‘riyapti jumlasida bosh so‘zi “miya” ma’nosida qo‘llangan. Bu jumlada o‘quvchi diqqati bosh so‘ziga qaratiladi. Bosh – odamning bo‘ynidan tepa qismini anglatadi. Miya esa boshning tarkibiy qismidir. Boshim og‘riyapti jumlasida boshning faqat biror qismi anglashiladi.
Demak, bosh so‘zi odam tana a’zosiga bog‘liq va aloqador bo‘lgan qismi. Bu misol orqali butun bo‘lakni ifodalab kelgan. Xalq maqollarida esa bosh so‘zi butunni ifodalagan o‘rinlar ham mavjud. Masalan: Qozon to‘la osh bo‘lsin, Yostiq to‘la bosh bo‘lsin.
Quyidagi misolda esa qism tushunchasi og‘iz leksemasi vositasida ifodalangan. Bu so‘z matnda “tish” tushunchasiga teng. Ro‘zg‘or, o‘ttiz ikki og‘zi bor maqolida ham og‘iz so‘zida sinekdoxa asosida nom ko‘chgan.
Oila haqidagi maqollarda sinekdoxa hodisasi tufayli sinonimlik shakllanishi ham mumkin: Ota-bilak, ona-yurak, Ota-aql, ona-idrok
Qo‘l qo‘lni tanir maqolida esa tanimoq fe’li qo‘l so‘zlarining ko‘chma ma’nosini yuzaga chiqarmoqdi. Bu o‘rinda qo‘l so‘zlari bergan odam va olgan odam tushunchasiga ega. Qo‘l leksemasining sinekdoxa ifodalashi quyidagi maqol uchun ham xos: Shoshqaloq to‘g‘ramchi qo‘lini kesar. Demak, bu o‘rinda qo‘l so‘zi barmoq tushunchasiga teng. Barmoq tushunchasini maqollarda panja leksemasi ham ifodalashi mumkin. Besh panja og‘iz yirtar.
Quyidagi misolda esa qo‘l so‘zlari barmoqni emas, qarindosh tushunchasini ifoda etmoqda: O‘ng qo‘lim, so‘l qo‘lim, Ikkovi ham o‘z qo‘lim. Maqolning majoziy ma’nosi matnda qo‘llangan qo‘l so‘zlarining butun-qism munosabatidagi ifoda semasiga asoslangan.
Oila haqidagi maqollarda oyoq, ko‘z va qo‘l so‘zlari ham matnda butun ifodasiga ega bo‘ladi. Bu birliklar ishtirokidagi maqollar esa sinonimik munosabatga kirishadi:
1. Asragan ko‘zga cho‘p tushar.
2. Asragan qo‘l sinar
Sinekdoxa asosida shakllangan maqollar metaforik nom ko‘chirishdan keyingi pog‘onani egallaydi. “O‘zbek xalq maqollari” kitobi asosida tanlangan partonimik munosabatni ifodalovchi maqollarga namuna tariqasida yuqorida tahlil etilgan va yana quyidagi paremik birliklarni keltirish mumkin: Yolg‘iz tuya baqiroq bo‘lar, Yolg‘iz farzand – tirnoq; Xotin – bo`yin, er – bosh.; Bel bilan bilak biriksa, ish bitar; Besh qo‘lim past-u baland, Beshovi asal-u qand; Qizning bo‘yi yetdi - boshingga yov yetdi; Etni tirnoqdan ajratib bo‘lmas.
S.Karimovning aytishicha, badiiy adabiyot tilida metonimiya va sinekdoxalarning ishlatilishi til tejamkorligi qonunlariga hamda badiiy estetik talabga to‘laligicha mos keladi50. Bizningcha, metonimiya hodisasida tejamlilik qonuni mavjud, biroq sinekdoxa bundan xoli. Chunki metonimiyada matnda biror so‘z tushiriladi va uning ma’nosi boshqa bir so‘zga yuklanadi. Sinekdoxada esa so‘z tushirilmaydi, balki so‘zning ma’nosi ikkinchi bir so‘z bilan ifodalanadi.
Umuman olganda, oila mavzusidagi maqollarda ham turli ma’no ko‘chishlari –metafora, metonimiya, sinekdoxalar faol qo‘llanilganligini ko‘rish mumkin.
XULOSA
Xalq maqollarida “oila” konseptining ifodalanishiga doir ushbu bitiruv malakaviy ishida quyidagi xulosalarga kelindi:
- “konsept” termini bugungi zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlarining asosini tashkil qiladi. Antroposentrik paradigma asosida shakllanayotgan lingvokulturologiya fanida ham konsept alohida mavqega ega. Konsept termini adabiyotshunoslikda, kognitiv tilshunoslikda ham o‘rganiladi;
- lingvokulturologik konsept ko‘pqirrali, chunki uning tuzilishida turli nuqtai nazarlar mavjud. Shu sababdan ham konsept murakkab mental kompleks sanaladi. Konsept o‘zida milliy mentalitetdan tortib, individual xususiyatlarni ham qamrab oladi;
- lingvokulturologik tahlillar uchun og‘zaki ijod namunalari, shu jumladan, maqollar g‘oyat muhim manba. Ular ma’lum bir xalq madaniyatning, milliy dunyoqarashining eng teran nuqtalarini aks ettiruvchi lisoniy birliklardir. Mazkur lisoniy birliklardagi milliy-madaniy jihatlar lingvokulturemalarning lingvistik tabiatidan kelib chiqadi;
- maqollardagi konseptual xilma- xillikni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik lozim. Maqollar, xususan, o`zbek xalq maqollari o`z qatida turli-tuman konseptlarni mujassamlashtirgan. Ayniqsa, ”oila” konsepti o`zbek xalq maqollarida yetakchilikni tashkil qiladi;
- oila masalasini o‘rganish kishilik jamiyatida ijtimoiy munosabatlar, millatlar va davlatlar, madaniyat va sivilizatsiyalar tarixi bilan chambarchas bog‘liq. Oila sharq xalqlarida azaldan dinga bog‘lanib o‘rganilgan, natijada tilda, xususan, xalq maqollarida o`ziga xos tarzda aks ettirilgan;
- “oila” konsepti ko`zga tashlanadigan o`zbek xalq maqollarini oilaviy munosabatlarning qay ko`rinishda ifodalanishiga ko`ra ota-ona va farzandlar o`rtasidagi munosabat ifodalangan maqollar, er-xotin munosabati aks etgan maqollar hamda oilada qaynona-kuyov hamda qaynona- kelinlik munosabati ifodalangan maqollar sifatida tasnif qilish mumkin;
- oila mavzsusidagi maqollarning asosiy qismini ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlar aks etgan maqollar tashkil qiladi. Chunki oilada farzand tarbiyasi eng muhim va dolzarb masalalardan hisoblanadi;
- o‘zbek xalq maqollari orasida oila, xususan, er-xotin munosabatiga asoslangan maqollar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi va bularda o‘zbek mentalitetiga xos bo‘lgan xususiyatlar o‘z aksini topganligini ko‘rish mumkin;
- ”oila” konseptining asosiy mohiyatini ochib berishda qaynona-kuyov hamda qaynona- kelin munosabatlari ifodalangan xalq maqollari ham alohida o‘ringa ega;
- oila mavzusidagi maqollarning ham bosh markazi inson, ya’ni shaxs hisoblanadi. “Shaxs” arxisemali xalq maqollari oilaviy munosabatlar va qarindoshlik belgilari asosida bir qator guruhlarga birlashadi. Bu guruhlarni `avlod`, `volid`, `qarindosh`, `kundosh` semalari asosida shakllangan maqollar tashkil etadi;
- oila haqidagi maqollarida metafora asosidagi nom ko‘chishi eng sermahsul usul hisoblanadi. Maqollarda metafora qisqargan o‘xshatish shaklida beriladi. Bunda maqol matnida dastlab predmetning asl nomi, keyin metaforik nom keltiriladi;
- oila mavzusidagi maqollarda metonimiya asosidagi nom ko‘chishi metaforaga nisbatan kam uchraydi. Sinekdoxa asosida shakllangan maqollar esa metaforik nom ko‘chirishdan keyingi pog‘onani egallaydi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, oila obrazini bilishda til vosita vazifasini bajarishi, inson- tafakkur – til - madaniyatning yagonaligi, jumladan, xalq maqollarida “oila” konseptining ifodalanishi yangi tadqiqotlarning paydo bo‘lishiga olib keladi va bu ishning dolzarb ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |