II.2. Er-xotin munosabati ifodalangan maqollar
Oilada er va xotin munosabati birlamchi ahamiyatga ega. Ilmiy adabiyotlarda oilaga ta’rif berilganda ham aynan ”Er-xotin, ota-ona va farzandlar o`rtasidagi munosabat oilani tashkil qiladi”, deyiladi. Shu sababdan ham o`zbek xalq maqollari ichida er-xotin munosabatlari ifodalanganlari salmoqli o`rinni egallaydi. Quyida ana shunday maqollarning ba’zilarini izohlashga harakat qilamiz.
Xotin – bo`yin, er – bosh. Xotin oilaning ichki masalalarini hal qilishga mas’ul. Tadbirli bo`lish, ro`zg`ordagi bor narsani joy-joyiga qo`yish oiladagi ayoldan talab qilinadigan asosiy narsa. Shuningdek, oiladagi muammolarni hal qilishda xotin eriga to`g`ri maslahat berishi lozim. Oilaning butligi, avvalo, ayolning donoligi bilandir. Bo`yin boshni kereakli tarafga yo`naltirib turgani kabi xotin ham erni to`g`ri yo`lga boshlab turishi lozim. Varianti: ”Er – podsho, xotin – vazir”.
Bevafo yor –joningga dor. Xalqizmiz yaratgan ko‘pgina maqollarda yor-do‘st tanlashga nihoyatda ehtiyot bo‘lish, avval obdon sinab, keyin do‘stlashish, qalbaki ziyon-zulmat yetgazuvchi ko‘z o‘ngingda do‘st bo‘lib turib, orqangdan dushmanlik qiladigan bevafo “do‘st“ larning bahridan o‘tish, ulardan “qolni yuvib qo‘ltiqqa urish” lozimligi uqtiriladi. Yuqoridagi maqollarda yor deganda ham do‘st, ham mahbuba nazarda tutilgan. Variantlari “Vafosiz yordan jafoli dor yaxshi”.
Bir xotinning hiylasi qirq eshakka yuk bo‘lar. Variantlari: “Erning hiylasi bitta bo‘lsa, xotinning hiylasi mingta”, “Xotinning makri shaytonga dars bo‘lur”. Bular ba’zi ayyor, makkora ayollarga nisbatan aytiladi.
Aybsiz yor qidirgan yorsiz qolar. Turmush qurish uchun qiz tanlagan yigit yoki yigit tanlagan qiz unisini o‘poq bunisini so‘poq deb injiqlik qilaversa, oxiri avvalgilardan o‘zolmaydiganga duchor bo‘ladi. Variantlari: “Gul tanlagan qora tolga ham ko‘nolmabdi” ; “Tanlab-tanlab tozga yo‘liqibdi” kabi.
Er-xotin – qo`sh ho`kiz. Bu maqol garchi qo‘polroq o‘xshatish qilingan bo‘lsa-da, aytilmoqchi bo‘lgan fikr teran: “Qo‘sh ho‘kiz omochni baravar tortgani singari, er- xotin ham uy-ro‘zg‘or ishlarini baravar qilishi, tirikchilik “yuki” ni baravar tortishi, bir-biriga ko‘maklashishi, hamkorlik qilishi kerak”. Bu fikrni to‘ldiruvchi va quvvatlovchi quyidagi maqollar ham bor: “Er-xotin – qo‘sh qanot”; “Oila – qo‘sh ustunli ayvon”; “Xotin - bo‘yin, er – bosh”. Bo‘yinni boshdan, boshni bo‘yindan judo qilinsa, kishi hayoti tugagani kabi, er xotindan, xotin erdan ajrasa, oila inqirozga yuz tutadi”, deyilmoqchi. Shuningdek, bu maqolni: “Boshni bo‘yin u yoq – bu yoqqa burib turgani kabi, erning xatti-harakatini ham qo‘llaydilar. Mazkur fikrni “Er xotinning taxti – zanjirida bo‘ladi” degan maqol ham quvvatlay oladi. “Er – avra, Xotin – astar”. Bu bilan majozan: “Kiyim – kechakning, ko‘rpa – ko‘rpachaning avrasi sirtda, astari ichda bo‘lgani kabi, uy-ro‘zg‘or ehtiyojlarini yer sirtdan, yani ko‘chadan tashib-tashmalab keltirib, xotin esa ichdan ta’minlaydi, deyilmoqchi; “Er vaziri – xotin, Ro‘zg‘or og‘iri – o‘tin”; “Uyni uy qilgan – erning topishi-yu, xotinning ko‘rpa tikishi”; ‘Erning topganiga xotinniki qo‘r bo‘lar”; “Xotin – uy bezakchisi, Er – uy ko‘makchisi”; ‘Er – daladan, Xotin – uydan”; “Er qoplar, Xotin saqlar”; “Xotin qizg‘ansa, uy tuzalar, Erkak qizg‘ansa, uy buzilar”; “Ikki qo‘l qilgan ishni bir qo‘l qilolmas”; “Xotin eri bilan, Dehqon yeri bilan”.
Demak, oilada erkak va ayol doimo hamfikr bo‘lib, totuvlikda ish ko‘rishi lozim ekan.
Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi. “Er-xotinning urishi – yoz kunining yog‘ishi”; “Er-xotinning urishi - jo‘ja xo‘roz urishi (doka-yupqa, harir ip gazlama bo‘lganligi uchun birpasda quriydi. Yoz yomg‘iri “ezib” yog‘maydi, birpasda o‘tadi-ketadi. Jo‘ja xo‘rozlar bir-birlari bilan cho‘qishib, urushishadi, ammo birpasdan keyin qarabsizki, tag‘in bir-birlari bilan donlashib ketaverishadi. Mazkur maqollarda aksariyat er-xotinning bir-biri bilan tez-tez urishib, janjallashib turishi va birpasdan keyin yarashib, apoq-chapoq bo‘lib ketishi - ana shu tez tugaydigan holatlarga tashbih etilgan); “Ikki yorning urishgani – o‘ynashgani”; “Er-xotinning urushiga uy ostonasi kuladi” (bu bilan “Er-xotinning urishganini ko‘rib-bilib turgan ostona: “Hah, bularning urishishgani nimasi-ya! Bari-bir tez orada yarashib ketishadi-ku”, deb ularning ustidan kuladi”, deyilmoqchi); “Er-xotinning o‘rtasiga esi ketgan tushadi” (“Er-xotin bir-biri bilan urishib, janjallashgan vaqtda ularning o‘rtasiga tushib, pand-nasihatlar qilib yarashtirib qo‘yishga harakat qilgan odamning o‘zi qaytaga uyalib, ular ko‘ziga shumshuk bo‘lib qoladi, negaki er-xotin urishgani bilan, tez orada til topishib, yarashib ketadi”, deyilmoqchi). Bulardan tashqari, er-xotinga bir-biri bilan totuv, inoq bo‘lib yashashi, bir-birini izzat-hurmat qilishi, arzimagan narsaga arazlashib, xafalashib yurmasligi, oila hayotini shod-hurramlik bilan o‘tkazishi zarurligini uqtiruvchi quyidagi maqollar ham bor: “Er qaynaydi, Xotin aynaydi”; “Xotin avjiydi, Er aljidi” (bular bilan: “yo er, yo xotin arzimagan narsadan janjal chiqazib, “tirnoq orasidan kir izlab”, bo‘lar-bo‘lmasga qattiq-qurum gapirib, shang‘illab asabni buzaversa, ularning unisi yo bunisi har qancha og‘ir, bosiq bo‘lgani taqdirda ham, odatidan tashqari qattiq gapirib yuborishga, urishib- jerkib tashlashga majbur bo‘ladi”, deyilmoqchi bo‘ladilar); “Eri o‘lib, erga borgan- el to‘rasi, Eri bo‘lib, erga borgan- bet qorasi”; “Achchiq o‘yin shirin turmushni buzar”; “Erimga yoqdim- elimga yoqdim”; “Er sevsa – el sevadi”.
Bu maqollarning barchasi oilada er-xotin munosabatini ifodalashga xizmat qiladi hamda ularni tinch-totuv yshashga chaqiradi.
Er so‘zidan qaytmas, sher – izidan. “Yigit so‘zidan qaytmas, Arslon- izidan”; “Er aytmas, aytsa qaytmas”; “Kim mard bo‘lsa so‘ziga, oydir ona ko‘ziga”; “Tupurilgan tupuk qaytib og‘izga olinmas” (Bu maqolni bir odam bir narsani qilmayman deb axd qilgan, qasam ichgan, so‘z bergan bo‘lsa-yu, yana o‘shani takrorlasa, shunda unga achchiq kinoya tarzida aytadilar. Shuningdek, falon ishni endi qilmayman, deb va’da berayotgan, qasam ichayotgan odam bu ahdida qat’iyan turajakligiga, so‘zini also yerda qoldirmayajakligiga kishini yo kishilarni qat’iy ishontirmoq maqsadida shunday deyiladi); “Tursang so‘zingda-hurmat yuzingda”.
Xotinli ro‘zg‘or guldir, xotinsiz ro‘zg‘or cho‘ldir. Bir turkum maqollarda xotinlarning oila hayotida qanchalik katta rol o‘ynashi, yu-ro‘zg‘or yumushlarini bajarishda, bolalarni tarbiyalab o‘stirishda ularga oson emasligi qayd etilib, ularning qadriga yetish, izzat-hurmat qilish, also va also xo‘rlamaslik uqtiriladi, xotinsizlikning mushkulotlari ko‘rsatiladi: “O‘tinsiz qozon qaynamas, Xotinsiz uy yayramas”; “Ro‘zg‘or ziynati – o‘tin, Uy ziynati - xotin”; “Uyni qirq erkak to‘ldirolmaydi, Bir ayol to‘ldiradi”; “Xotin –uyning charog‘i”; “Bekasiz uyning barakasi yo‘q”; “Xotin – umr yo‘ldoshi”; “Tog‘ning ko‘rki qor bilan, Erning ko‘rki yor bilan”; “Xotinning chiroyi - erdan” (“Er yaxshi, vafodor, qadrdon, shirinsuxan, oilaning g‘amxo‘ri bo‘lsa, xotin bot qarimaydi, chiroyi tobora ochilib boraveradi” deyilmoqchi); “Er yaxshi – xotin yaxshi, xotin yaxshi - er yaxshi”; “Xotining yomon bo‘lsa, ayb o‘zingda” (“O‘zing beg‘am, beparvo bo‘lsang, uy-ro‘zg‘or ishlariga qaramasang, dangasalik qilsang, qo‘rs va badfe’l bo‘lsang, o‘z maishatingni o‘ylab ko‘chadan beri kelmasang, xotin, bola-chaqang bilan bundoq ochiqko‘ngil bo‘lib gaplashmasang va h.k. albatta xotining ham “to‘nini teskari kiyib oladi”, arzimagan narsaga urish-janjal chiqaradi, seni koyib – koyib tashlaydi-da”) deyilmoqchi); “Kelining yomon bo‘lsa-o‘g‘lingdan ko‘r, Kuyoving yomon bo‘lsa-qizingdan ko‘r”; “Xotinga bo‘zdan so‘z yaxshi”; “Xotinga mol berma, kol ber” (Kol – shirin so‘z, iltifot ma’nosida); “Xotinsizlik – mehnat, Xotinbozlik-la’nat”; “Xotinsiz o‘tish-xato, Bolasiz o‘tish-jafo”. Uyda ayoling bo‘lmasa, huzur-halovating ham bo‘lmaydi, deyishadi. To‘y qilish niyatida edim, bu ham o‘nglanmayapti (S. Nazar. Yashil boylik).
Umuman olganda, o‘zbek xalq maqollari orasida oila, xususan, er-xotin munosabatiga asoslangan maqollar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi va bularda o‘zbek mentalitetiga xos bo‘lgan xususiyatlar o‘z aksini topganligini ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |