Tadqiqоtning mеtоdоlоgik asоsi va tadqiq usullari.
1. “Oila” konseptini ifodalovchi til birliklarining matnda ifodalanayotgan lingvistik xususiyatlarini aniqlash uchun kontekstual tahlil metod.
2. “Oila” konsepti va uni ifoda qilayotgan xalq maqollarining qadimgi davrlardan boshlab xalq og‘zaki ijodi, rasm-rusumlari, urf-odatlari va an’analarini yorqin tasvir etish uchun tarixiy-madaniy tahlil metod.
3. Statistik metod yordamida esa maqollardagi “oila” konseptiga aloqador leksik birliklar soni aniqlandi.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi. Bitiruv malakaviy ishida “oila” konseptining mohiyati o‘zbek tilida ilk marta tadqiq etildi va uning o‘ziga xos xususiyatlari hamda turli olimlar tomonidan berilgan ta’riflar umumlashtirildi, ilmiy xulosalar berildi.
-“oila” konsepti atrofida yana boshqa konseptlar, masalan “mehr-oqibat”, “tarbiya”, “ayol” kabi konseptlarni tahlil qilish mumkinligi aniqlandi;
- rus va o‘zbek olimlarining konseptga nisbatan bildirilgan ta’riflari, tasnifiy leksik talqinlari to‘planib umumlashtirildi;
- o‘zbek xalq maqollari misolida esa “oila” konsepti tahlil qilindi va boshqa tillardagi maqollar bilan qiyoslandi hamda aksiologik tahlilga tortildi.
Ishning tuzilishi va hajmi. Ushbu bitiruv malakaviy ishi kirish, uchta bob, umumiy xulosa va foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan tarkib topdi.
I BOB. MAQOLLARNING ANTROPOTSENTRIK TADQIQI
1.1. Lingvokulturologiyada konsept terminining o‘rganilish tarixi
Til paydo bo‘libdiki, necha ming yillardan beri odam bolasi sehr-u sinoatga to‘la bu xilqat oldida hayrat barmog‘ini tishlashdan tolmaydi. Tabiat va jamiyatdagi turfa hodisalarning mohiyati hamda qonuniyatlarini, ibtidoiy bir shamoyillarda bo‘lsa-da, imkoni boricha inkishof etishga uringan ilk aql sohiblarining diqqatini til, xususan, ilohiy va badiiy so‘z tilsimi muammolari ham jiddiy band etgan. Bu yorug‘ diqqat-u shuur tetapoya davridan to bugungi yetuklik davriga kelguncha til mohiyatini aniqlashning ming bitta yo‘lini sinab ko‘rgan bo‘lsa-da, bu mohiyatga to‘la yetib borishning uddasidan chiqa olganicha yo‘q. Chunki inson tili benihoya murakkab, benihoya ko‘p tomonlama, benihoya o‘ziga xos muhtasham va muntazam hodisadirki, uning barcha jihatlarini yaxlitligicha va birdaniga tasavvur qilishga ko‘pda inson aqli ojizlik qiladi.
Dunyo tilshunosligiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, shuning uchun ham til degan hodisaga xilma-xil va shu bilan birga, bir-biridan farqli yondashuvlar yuzaga kelganini kuzatishimiz mumkin bo‘ladi. Albatta, bu yondashuvlar uchun tilning muayyan bir jihati asos qilib olingan va aynan ana shu bir jihatning xususiyatlarini ochishga harakat qilingan, tilning butun muakkab mohiyatiga daxldor barcha o‘ziga xosliklar ana shu jihatdan kelib chiqqan holda tadqiq qilingan. Tilshunoslik alohida fan sifatida e’torof etilib, u o‘rganadigan obyektga nisbatan tilshunoslik tarixida psixologizm, sotsiologizm, naturalizm, strukturalizm, estetizm kabi ko‘pdan- ko‘p oqimlar shakllangan. Tabiiyki, yuqorida sanalgan oqimlar tilning u yoki bu jihatini ochishga qaratilgan bo‘lib, biri ikkinchisini mutlaqo inkor etmaydi, chunki bularning hammasi til mohiyatiga daxldor hodisalardir. Masalan, tilning psixik jihati mavjudligi (ruhiy jihati) uning estetik (go‘zallik, badiiy-ifodaviylik) tomoni borligini inkor qilmaydi. Shuning uchun tilning mohiyatini ochishda mazkur xususiyatlarning barchasi hisobga olinishi lozim. Ammo dunyo tilshunosligi tarixidagi bir necha asrlik tajribalar ko‘rsatib turibdiki, bu oson ish emas, mazkur oqimlar namoyandalari ham o‘z tanlagan yo‘llarini tilni tadqiq etishdagi eng maqbul yo‘l deb hisoblaganlar, bu yo‘lda o‘rganish obyektini va uning mohiyatini aniq ko‘rsatib berishga butun umrlarini sarflaganlar. Albatta, tilning mukammal tadqiqi yo‘llarini topish borasidagi jiddiy sa’y-harakatlar hamon davom etmoqda, insoniyat taraqqiyotining mislsiz jadallashuvi bilan bu harakatlar yanada keng sur’at va ko‘lam kasb qilmoqda.
Bugun fanda, xususan, tilshunoslik ilmida ham dastlab Amerika olimi T.Kun tomonidan (fizika faniga nisbatan) amaliyotga kiritilgan “ilmiy muammoni qo‘yish va hal qilishning mutaxassislar e’tirof etgan yaxlit andozasi, fan obyektiga umumiy nazar, nazariy qoidalar, metodlar tizimi” ma’nosidagi “paradigma” termini urf bo‘ldi. Y.S.Stepanov semiotikada til uch o‘lchovda – semantika (belgining o‘zi ifodalagan obyektlar va obyektlar haqidagi tushunchalar bilan munosabati), sintaktika (belgilarning bir-biri bilan munosabati), pragmatika (belgining tildan foydalanuvchi odam bilan munosabati) o‘lchovlarida tavsiflanishidan kelib chiqqan holda “paradigma” terminini mazkur ma’nodan biroz kengroq, ya’ni til falsafasiga (tilga u yoki bu falsafiy oqim bilan bog‘liq holdagi qarashlar), tafakkur uslubiga daxldor tushuncha sifatida qo‘llaydi .
Aytish lozimki, mazkur tasnifdagi uchinchi paradigma alohida diqqatga sazovor. Y.S.Stepanov bu haqda, xususan, shunday yozadi: “Til falsafasining yangi paradigmasi oldingi ikki paradigmaga qaraganda ikki mutlaq farq bilan xarakterlanadi: 1) yaxlit til undan foydalanuvchi subyekt bilan – “Men” bilan bog‘lanadi; 2) til tavsifi uchun foydalaniladigan barcha tushunchalar relyativlashtiriladi (vazifaga nisbatlanadi): nomlar, predikatlar, gaplar – ularning barchasi, bir-biridan farqli bo‘lsa-da, vazifalar sifatida qaraladi . Muhimi shuki, bu paradigmada faqat tilning o‘zi emas, balki tildan foydalanuvchi, tilning egasi ham tadqiq obyekti tarkibiga tabiiy ravishda kiradi.
Ko‘rinib turganiday, Y.S.Stepanov paradigma tushunchasini tilshunoslikning eng qadimgi davridan to bugunigacha bo‘lgan davrlariga nisbatan qo‘llaydi. Aksariyat tilshunoslar bu tushunchani Yevropada tilshunoslik fanining shakllanish sanasi deb hisoblanuvchi XIX asrdan keyingi davrlar tarixi uchun qo‘llashga moyildirlar. Bugun tilshunoslik fanida paradigmalar miqdori haqida turli fikrlar mavjud bo‘lsa-da, asosan, uch paradigmani farqlash an’ana tusini olgan, ya’ni 1) qiyosiy-tarixiy, 2) sistem-struktur va 3) antroposentrik paradigmalar.
Qiyosiy-tarixiy paradigma lingvistikadagi dastlabki ilmiy paradigma bo‘lgan, zotan, qiyosiy-tarixiy metod tilni tadqiq etishning birinchi maxsus metodi bo‘lgan. Butun XIX asr ayni shu metod hukmronligi ostida o‘tdi. Sistem-struktur paradigmada diqqat predmet, narsa, nomga qaratildi, shuning uchun diqqat markazida so‘z turdi. Antropotsentrik paradigma tadqiqotchi diqqatining bilish obyektidan subektiga ko‘chishidir, ya’ni bunda inson tilning ichida va til inson tarkibida o‘rganiladi. Bu fikrlaridan keyin V.A.Maslova g‘oyat asosli ravishda ta’kidlaganidek, “Tilning antroposentrikligi haqidagi g‘oya zamonaviy lingvistikada ochqich maqomidagi g‘oyadir. Bizning davrimizda endi til sistemasining shunchaki turli tavsiflarini yaratib berish lingvistik tahlilning maqsadi bo‘la olmaydi”.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, antropotsentrizm tilshunoslar tomonidan faqat til tadqiqigagina nisbatlangan tushuncha yoki paradigma emas, antropotsentrizm bevosita tilning mohiyatiga daxldor hodisadir. Rus tilshunosi T.B.Radbil antropotsentrizm tilning fundamental, bazaviy xususiyati ekanligini atroflicha yoritar ekan, Y.S.Stepanovning “til inson andozasida yaratilgan va bu o‘lcham til tuzilishining o‘zida muhrlangan, til ham shunga muvofiq o‘rganilmog‘i kerak” degan gaplarini keltiradi. Tashqi olamdagi sifat-xususiyat, harakat-holatlarni inson “o‘z tanasidan o‘tkazib”, o‘ziga xos nigoh tarzidan kelib chiqib, go‘yo o‘ziga nisbatlab baholaydi va nomlaydi, mazkur metaforalarning asosida inson turganligi jihatidan ularning mavzu mohiyatini insondan tamoman ajratib izohlash g‘oyatda mushkul ekanligini ta’kidlash joiz.
Mutaxassislar S.Dovlatovning “inson shaxsiyatining 90 foizini til tashkil qiladi” degan hikmatomuz gapini tilga oladilar. V.A.Maslova ta’kidlaganiday, inson aqlini, insonning o‘ziday, tildan va nutq yaratish hamda nutqni idrok qilish qobiliyatidan tashqarida tasavvur etib bo‘lmaydi. U o‘rinli ko‘rsatib o‘tganidek, keyingi o‘n yilliklarda hozirgi tilshunoslikda mazkur paradigma doirasida shakllangan kognitiv tilshunoslik va lingvokulturologiya (lisoniy madaniyatshunoslik) yo‘nalishlari tildagi madaniy omil va insondagi lisoniy omilga qaratilgan bo‘lishi lozim. “Lingvokulturologiya tilni madaniyat hodisasi sifatida o‘rganadi. Bu dunyoni milliy til prizmasi orqali o‘ziga xos tarzda ko‘rish bo‘lib, bunda til alohida milliy mentallikning ifodachisi sifatida ishtirok etadi”. Bugun lingvokulturologiya rus va boshqa xorijiy tilshunosliklarda alohida lingvistik yo‘nalish sifatida shakllandi va rivojlanib bormoqda, o‘quv fani sifatida filologik oliy ta’lim tizimiga kirib ham bo‘ldi. “Vazifasi til va madaniyat, til va etnos, til va mentalitet o‘rtasidagi o‘zaro munosabatni tavsiflash va o‘rganishdan iborat bo‘lgan” bu yo‘nalish o‘zbek tilshunosligida ko‘proq qiyosiy aspektdagi izlanishlarda endi-endi boshlanmoqda.
Lingvokulturologiyaga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqot va o‘quv adabiyotlarining deyarli barchasida tilga antropotsentrik yondashuv garchi XX asr oxiri – XXI asr boshida yangidan paydo bo‘lgan esa-da, uning ildizlari nemis olimi V.fon Gumboldtning mashhur g‘oyalariga borib taqalishi ta’kidlanadi. Chindan ham, uning “Til xalqlar ruhining xuddi zohiriy namoyon bo‘lishidir: xalqning tili uning ruhidir va xalqning ruhi uning tilidir, bulardan-da bir-biriga aynan mos boshqa biror narsani tasavvur qilib bo‘lmaydi”; “Tillarning xilma-xilligi tovushlar va belgilardagi farqlar tufayligina emas, balki dunyoni ko‘rishning o‘zidagi farqlar tufayli hamdir”; “Turli tillar millatlar uchun ularning original tafakkuri va tasavvuri organlari ekanligini umume’tirof etilgan deb hisoblash mumkin”; “Tafakkur umuman tilga shunchaki bog‘liqqina emas, u muayyan darajada har bir alohida til bilan shartlangan hamdir”; “Xarakter yaratish uchun eng qulay vosita tildir; butun milliy xarakter faqat tilda muhrlangan”; “Millatning xarakterini axloq, odat, xatti-harakatidan ko‘ra, tiliga qarab osonlik bilan bilish mumkin” kabi fikrlarida allomaning, ta’bir joiz bo‘lsa, lingvoantropologik falsafasi o‘zining ochiq ifodasini topgan. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy bejiz “Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur” demagan.
V.Gumboldtning mazkur g‘oyalari keyinroq Y.L.Vaysgerber, E.Sepir, A.A.Potebnya kabi bir qancha olimlar tomonidan rivojlantirildi va targ‘ib etildi. Bugun dunyoda olamni bilishda tilning ustuvor roli, uning real borliq va ongga faol ta’siri, insonning butun ruhiy va bilish faoliyatida bosh omil va asosiy manba ekanligi deyarli e’tirof etilgan, ayni shu haqiqat tilga antropotsentrik yondashuvning mustahkam zaminini tashkil etadi.
Madaniyatlararo muloqotda tilning o‘rnini tadqiq etgan S.G.Ter-Minasova shunday yozadi: “Shunday qilib, til, tafakkur va madaniyat bir-biri bilan shu qadar zich bog‘langanki, amalda ayni uch unsurdan tarkib topgan yaxlit butunlikni tashkil qiladi, ularning birontasi boshqa ikkitasisiz yashay (demakki, mavjud) olmaydi. Ularning barchasi birgalikda real olam bilan munosabatda turadi, shu olamga zidlanadi, unga bog‘liq bo‘ladi, uni aks ettiradi va ayni paytda uni shakllantiradi”. Antropotsentrik paradigma markazida inson turgan mazkur muammolar tizimini tadqiq etishga qaratilgan.
Lingvokulturologiya tilshunoslik va madaniyatshunoslik fanlari hamkorligida, ammo tilshunoslikning ustuvorligida yuzaga kelgan eng yosh yo‘nalishdir, shuning uchun ham bu yangi yo‘nalish bevosita til haqidagi ilm bag‘rida dunyoga kelgan. Lingvokulturologiyada (kognitiv tilshunoslikda ham, umuman, antropologik paradigmada) “olamning lisoniy manzarasi”, “lisoniy shaxs” , “konsept” kabi bir qator asosiy tushunchalar mavjud. Biz bu tadqiqotimizda konsept termini, xususan, xalq maqollaridagi “oila” konseptini lingvokulturologik jihatdan tadqiq qilishga harakat qildik.
“Konsept” termini bugungi zamonaviy tilshunoslik yo‘nalishlarining asosini tashkil qiladi. Antroposentrik paradigma asosida shakllanayotgan lingvokulturologiya fanida ham konsept alohida mavqega ega. Konsept termini adabiyotshunoslikda, kognitiv tilshunoslikda ham o‘rganiladi. Konsept termini tilshunoslikda bir vaqtning o‘zida ham zamonaviy, ham tarixiy sanaladi. Chunki 1928- yil S.Askoldov o‘zining “Konsept va so‘z” maqolasida bu terminga to‘xtalgan edi. S.Askoldovning qarashicha, konseptlar vositasida turli millat vakillari muloqotga kirishadi, shunga ko‘ra konseptlarni yaratish va qabul qilish ikki tomonlama kommunikativ jarayon hisoblanadi.
Y. Stepanov esa konseptning mental jihatlarini ochishga harakat qilgan edi. Ammo shunga qaramasdan o‘tgan asrning o‘rtalarigacha konsept tushunchasi alohida termin sifatida qabul qilinmadi. Faqatgina XX asrning 80-yillaridagina konsept tushunchasi ongimizda aks etadigan jarayonlarni ifodalovchi birlik sifatida paydo bo‘ldi. Bu davrgacha esa konsept termini tushuncha so‘ziga sinonim tarzda ishlatilgan. Bugun esa konsept terminining tushuncha ifodalaydigan mazmundan ancha keng holda qo‘llanilayotganini ko‘rishimiz mumkin.
Konsept terminining etimologiyasi lug‘atlarda shunday keltiriladi: Konsept lotincha so‘zdan olingan bo‘lib, “fikr, tushuncha” degan ma’nolarni bildiradi. Konsept ma’lum belgi haqidagi bilim, ya’ni ma’lum narsa, hodisa haqidagi tushunchamiz mazmunidir. Shuningdek, konseptga turli ta’riflar beriladi. Kognitiv tilshunoslikda konsept insonning bilimi va tajribasini, mental leksikasini, butun olam manzarasini, miyaning konseptual va til tizimini, insonning ruhiyatini ifodalovchi vosita sifatida o‘rganiladi.
Ingliz lug‘atida general notion8 deya ta’rif keltiriladi. Bunda konsept andazaga, stereotipga, umumqabul qilingan fikr, nuqtai nazarga yaqin turadi. Bulenvile fikricha: "Idee est tout concept forme par l'esprit"9. Uning nazarida, aql bilan shakllangan barcha konseptlar g‘oyadir.
Y.S.Stepanov konseptni lingvokulturologik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadi: "Konsept - bu inson ongidagi madaniyat yig‘indisi; insonning mental dunyosiga madaniyat tarzida kirgan narsa; madaniyat boyliklarining ijodkori"10. Olimning nazarida, konsept – o‘sha jamiyatning ideologiyasidir.
V.N.Teliyaning ta’rificha, "konsept -bilimning hajmini kengaytirishga qaratilgan, biz obyekt haqida bilgan, tasavvur qilgan narsa". Demak, u so‘zning ma’nosini kengaytiradi, fikrlashga, faraz qilishga imkoniyat yaratadi.
G.G.Slishkinning fikriga ko‘ra esa: "qanchalik konseptni ifodalovchi belgilar potensial bo‘lsa, shunchalik konsept qadimiy bo‘ladi va o‘sha til jamoasida uning qimmati ortadi". Demak, har qanday obyekt konsept bo‘la olmaydi, deb xulosa qilish mumkin.
I.P.Susov va A.A.Susovlar lotincha conceptus terminining derivatsion bog‘liqligiga e’tibor qaratadi: capio - "brat, vzyat; poluchat, prinimat; vibirat, zaxvativat; lovit, poymat; usvaivat, ponimat, postigat"; concipio "sobirat, prinimat; vbirat v sebya; soobrajat"; conceptus - "nakoplenie; zarodish, embrion"11.
Tilshunoslar konsept terminiga etimologik nuqtai nazardan yondashib, uning yetakchi g‘oyasini ilgari surishadi.
Zingarellining "Italyan tili lug‘ati"da "konsept"(concetto) - fikr (pensiero), g‘oya (idea), tushuncha (nozione/12)deb izohlanadi.
Dalillar konsept ma’nosiga monand bo‘lib, dunyo haqidagi ma’lumotlarning boshqa bir ma’lumotlar bilan moslashgan shakli, tasavvur qilingan bilimlar tizimlanishidir. O‘.K.Yusupov nuqtai nazarida "konsept - bu ongimizdagi bilimlar majmuasi, u haqidagi obrazlar va unga bo‘lgan ijobiy, salbiy, neytral munosabatlar, ya’ni baholashlar". Olimning nazarida, konsept - obyektga bo‘lgan shaxsiy munosabat.
Keltirilgan ta’riflarga ko‘ra, konsept haqida tilshunoslar yagona ta’rifni keltirishmagan. Natijada, fanda konseptni tushunishda uchta asosiy yondashuv kuzatiladi: lingvistik, kognitiv, madaniyatshunoslik.
A.M.Nadyojkin konsept haqidagi ilmiy talqinlarda juda ham mavhumlik, harxillik mavjudligini ko‘rsatib o‘tadi, konsept nazariyasi metodologik jihatdan jiddiy tadqiq etishga muhtoj ekanligini aytadi. Kognitiv tilshunoslik va pragmatika muammolari bilan jiddiy shug‘ullangan o‘zbek tilshunosi prof. Sh.Safarov ham negadir konsept haqida gapirar ekan, uning lingvomadaniy va etnomilliy jihatlariga etarli e’tibor bermaydi. To‘g‘ri, konsept tafakkurga oid, mazmuniy, mental tushuncha, lekin uni milliy-madaniy unsurdan tamoman xoli bo‘lgan hodisa sifatida qarash anchayin munozaralidir. Bu masala tadqiqiga bag‘ishlangan bir qator asarlar yaratgan S.G.Vorkachev hatto “lingvokonseptning yetakchi farqlovchi belgisi uning etnomadaniy belgili bo‘lishi” ekanligini ta’kidlaydi13. Konseptga rus tilshunosligida berilgan ko‘pdan-ko‘p ta’riflar orasida V.A.Maslova tomonidan ilgari surilgan ta’rif, bizning nazarimizda, haqiqatni aniqroq aks ettiradi. Uning fikricha, konsept, “bu lingvomadaniy o‘ziga xoslik qayd etilgan va muayyan etnomadaniyat egalarini u yoki bu tarzda tavsiflovchi semantik tuzilmadir”.14
Konseptga Shvedova quyidagicha ta’rif beradi: “Konsept- tushuncha ortida ijtimoiy yoki subyektiv tarzda aniqlanuvchi, inson hayotining muhim ruhiy aqliy tomonini aks ettiruvchi o‘z ildizlariga ega bo‘lgan, xalqning umumiy tajribasini ifodalovchi mazmundir”.15
Konsept terminini kognitiv tilshunoslik nuqtai nazardan D. Lakoff, R.Langaker, M.Jonson, Ch.Filmor, E.S.Kubryakova, A.P.Babushkin, J.R.Anderson, P.Zekendorf, S.Shifer kabi olimlar o‘rgangan bo‘lsa; psixolingvistikada A.A.Leontev, A.A.Zalevskaya; lingvokulturologiyada Y.S.Stepanov, N.D.Artunyova, V.I.Karasik, V.V.Vorobyov, V.V.Kolesov, G.G.Slishkin, S.X.Lyapin va boshqa olimlar o‘rganganlar.
Biz esa bevosita bu ishimizda lingvokulturologiyada konseptning roli qanday ekanligini tahlil qilamiz.
Yirik tilshunos olim N.Mahmudov “Tilning mukammal yo‘llari tadqiqini izlab...” nomli maqolasida lingvokulturologiyada konseptning o‘rganilishi xususida to‘xtalib, shunday yozadi: “Lingvokulturologik tadqiqotlarda aynan konseptning ifodalanishi muammolariga juda katta e’tibor qaratilmoqda, internet materiallari bilan tanishganda, masalan Rossiyadagi tilshunoslikda bu yo‘nalish nihoyatda keng tarqalganini ko‘rish mumkin, bu boradagi ishlarni sanab, sanog‘iga yetish mushkul. Hatto so‘nggi yillarda yoqlangan nomzodlik dissertatsiyalarining juda katta qismi aynan u yoki bu tilda konseptning lingvokulturologik tadqiqiga bag‘ishlangan”16. Darhaqiqat, lingvokulturologiyaning shakllanish ildizi hisoblangan rus tilshunosligida konsept terminining turli ko‘rininshlari, xususan, ayol, ona, boylik, do‘stlik kabilar alohida tadqiq qilingan.
Abelyarning fikricha, konsept mantiqiy-lingvistik kategoriya bo‘lib, obyektiv borliq va tafakkur o‘rtasidagi tushunchadir. Insoniyat har doim tabiatdagi mavjud narsalarni ma’lum bir obrazlar vositasida qabul qiladi. Olimning fikriga Slishkin e’tiroz bildiradi. Uning aytishicha, Abelyar tushuncha va konseptni deyarli farqlamaydi, ya’ni konseptdagi o‘ziga xoslikni: milliy mentallikni ifodalash xususiyatini nazarda tutmaydi.
Demak, xulosa shuki, konsept lingvokulturologiyada eng faol qo‘llaniluvchi birlik hisoblanadi. Biz esa o‘z tadqiqotimizda konseptning lingvokulturologik tomondan berilgan barcha ta’riflarini qabul qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |