Falsafa fanining predmeti, mazmuni va jamiyatdagi o’rni!!!
Falsafa fanining tadqiqot ob’ekti bilan uning predmeti o‘rtasida yaqinlik bor. Biroq, predmet o‘sha ob’ektni o‘rganish uslub va usullarini ham o‘z ichiga oladi. YUqoridagi ta’rifda bu holat inobatga olingan. Olam nima, undagi harakatlar negizida qanday quvvat yoki qudrat (energiya) yotadi, u qachon va qanday paydo bo‘lgan, odam ongi borliqni bilishga qodirmi, uni o‘z xoxishicha o‘zgartira oladimi yoki yo‘qmi kabi savollarga javob qidirish jarayonida dastavval mifologik, so‘ngra diniy dunyoqarashlar o‘z-o‘zidan shakllanib, odamlarning ijtimoiy muxitda bir-biri bilan xamkor-xamnafas bo‘lib yashashlari uchun ma’naviy-ruxiy shart-sharoit yaratildi. Bu dunyoqarashlar tufayli odam-olam munosabatlari insonparvarlik asosida rivojlanishi yo‘lida katta tarixiy tajribalar to‘plandiki, ularga tayanib turib ITI va Globallashuv jarayonida odamlar, elatlar, xalqlar, millatlar o‘zaro hamkor, hamnafas, do‘stona aloqalarda yashashlari uchun yangicha, tarafkashlikdan holi tafakkur tarzini shakllantirish, «odam-olam» munosabatlarini to‘la-to‘kis ilmiy o‘zanga burib yubora oladigan dunyoqarashga kuchli ijtimoiy extiyoj paydo bo‘lmoqda.Falsafa fanining funksiyalarida uning fanlar tizimi va ijtimoiy hayotdagi o‘rni ravshanlashadi. Funksiya (vazifa) deganda harakat uslubi, falsafiy bilimlar tizimi doirasida faolligining namoyon bo‘lishi, bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarning umumiy tip (tur)lari nazarda tutiladi.Dunyoqarash kishilarning olam xaqidagi ahloqiy, falsafiy, xuquqiy, estetik, ilmiy, diniy va xokazo qarashlari majmuidan iborat. Dunyoqarashda kishilarning muayyan tarixiy davrdagi olam xaqidagi umumlashgan, yaxlit bilimlari aks etadi. Dunyoqarashning asosini insonning olamga munosabati tashkil etadi. Inson butun umri davomida o‘zini o‘rab olgan dunyoning mohiyatini anglashga harakat qiladi. Dunyoqarashning sub’ekti inson (individ), ijtimoiy guruhlar, sinflar, partiyalar, jamiyat a’zolari hisoblanadi. Dunyoqarash kishilarning nafaqat olamga, balki o‘z-o‘zlariga munosabatini ham ifodalaydi. SHu ma’noda dunyoqarashni inson tomonidan olamni va o‘z-o‘zini anglash jarayoni, deb hisoblash o‘rinlidir. Dunyoqarash o‘ziga xos xususiyatlarga ega:
- Dunyoqarash olam va odam haqidagi yaxlit, umumlashtirilgan bilimlardan iborat. Unda olam, voqelikdagi turli o‘zgarishlar, taraqqiyot haqidagi o‘y-fikrlar, orzu-umidlar, his-tuyg‘ular, kayfiyatlar, bilimlar aks etadi.
- Dunyoqarash kishilarning amaliy faoliyatlari jarayonida vujudga keladi va rivojlanadi. Inson faoliyati esa xilma-xil: mehnat, ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy sohadagi xatti-xarakatlar; shu ma’noda dunyoqarashni anglash va faoliyatning uyg‘unligi tarzida ifodalash mumkin.
- Dunyoqarashda individ, ijtimoiy guruhlar, sinflar, millatlarning yashash sharoitlari, turmush tarzlari, ular hayotining tabiiy-ilmiy hamda ijtimoiy-ma’naviy omillari o‘z ifodasini topadi. Dunyoqarash kishilar ijtimoiy hayoti- ijtimoiy borliqning in’ikosidir. Dunyoqarashning shakllanishi va rivojlanishi uzluksiz tarixiy jarayon bo‘lib, jamiyatdagi o‘zgarishlar, taraqqiyot unda o‘z ifodasini topadi. Turli ijtimoiy tuzumlarda dunyoqarashning o‘ziga xos mazmuni va shakllari vujudga keladi va taraqqiy etadi.
- Dunyoqarash olamning inson tomonidan anglanishigina emas, balki uning baholanishi hamdir. Alohida olingan kishilar, ijtimoiy guruhlar, sinflar, millatlar o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda olamni anglaydilar, Undagi predmet, xodisalar, jarayonlarga o‘z munosabatlarini bildiradilar, ya’ni baholaydilar. SHu ma’noda dunyoqarash deganda uni tashkil etuvchi ikki elementni, birinchidan, olam haqidagi bilimlarni, ikkinchidan, inson hayotining muhim tomonini tashkil etadigan qadriyatlarni tushunmoq lozim. Inson olamni va o‘z-o‘zini anglashi, o‘z xatti-harakatlariga, maqsad va manfaatlariga boshqalarning nuqtai-nazarini hisobga olgan holda baho berishi uning dunyoqarashining qay darajadaligidan, qanchalik mustaqil fikr yurita olishidan dalolat beradi.
.Mifologik (yunoncha – «mifos» - naql, rivoyatlar haqidagi ta’limot demakdir) dunyoqarash jamiyat taraqqiyotining eng boshlang‘ich davriga xos bo‘lib, unda olam hodisalari naqllar, rivoyatlar, afsonalar asosida tushuntiriladi. Mifologik dunyoqarash ilm-fan taraqqiy etmagan vaqtda keng tarqalgan bo‘lib, uning kelib chiqish sababining asosini insonning o‘zini qurshab turgan olamni bilishga intilish yotadi. Mifologik dunyoqarashda jamiyat bilan tabiat, jonli bilan jonsiz narsalar bir xil tarzda ifodalanadi. Unda dunyoning qanday paydo bo‘lganligi, olamning asosida nima yotishi, narsa va xodisalarning o‘zaro aloqadorligi afsonalar, ertaklar misolida ifoda qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |