1.3. “Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri” tamoyilini ishlash mexanizmi.
Pedagogik innovatsion jarayonlarni G‘arbda 1950 yillar oxirlaridan boshlab, bizning mamlakatimizda esa keyingi 10 yillikdan boshlab olimlar maxsus o‘rgana boshladilar.
Innovatsiya-sifat o‘sishini ta’minlashda qo‘llanilgan yangilik, bozor tomonidan talab qilinadigan jarayonlar yoki mahsulotlarning samaradorligi, insonning aqliy faoliyati natijasi, uning tasavvuri, ijodiy jarayon, kashfiyot va ixtirosidir [59].
G.Ibragimova yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda bilimli mutahassislarga ehtiyoj tug‘ilishi, bu esa o‘z navbatida ta’lim tarbiya jarayoniga nisbatan innovatsion yondashuvni talab qilishi, “Innovatsiya” iborasi inglizcha so‘zdan olingan bo‘lib “innovation”, “yangilik kiritish”, “yangi g‘oya” degan ma’nolarni bildirishini ko‘rsatib o‘tgan.
A.T.Ibragimov tomonidan chop etilgan maqolada pedagogik innovatsiya – (ing. innovation-yangilik) yangilik kiritish bu pedagogik tizimdagi o‘zgarishdir deyilgan. Pedagogik innovatsiyalar to‘g‘risida turli darajada va pog‘onalarda fikr yuritish mumkun; davlat, regional, oliy ta’lim, kasb-hunar ta’limi, akademik litsey va umumta’lim maktabi, maktabgacha ta’lim, musiqa maktablari va maktabdan tashqari ta’limda innovatsiyalar bo‘lishi mumkun. Umuman pedagogik innovatsiyalar deganda pedagogik tizimga yangiliklarni kiritish, o‘quv tarbiyaviy jarayonlarning borishini yangilash, natijalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishdir.[33; 131-b]
U.Xodjamqulov innovatsiya-muayyan sohaga konseptual o‘zgarishlar, yondashuvlar asosida kiritilayotgan uzoq muddatli va tizimli faoliyat bilan bog‘liq yangilanishlardir degan fikrni bildiradi [60; 537-544-b].
Innovatsiya – mavjud bo‘lgan holatdan, o‘zgargan, farq qiluvchi degan ma’noni bildiradi.
Innovatsiya - bu g‘oya, jarayon va vosita, uning natijalari pedagogik tizimini yangicha takomillashuvi hisobiga ta’limni sifati-samarasi qo‘lga kiritiladi deb fikr bildirilgan [59; 10-b].
Bugungi kunda barcha sohalarda innovatsiyalar tadbiq etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shunday innovatsiyalardan biri “klaster modeli” bo‘lib, ayni paytda iqtisodiyot, agrar, to‘qimachilik, yengil sanoat va farmatseftika sohalarida keng qo‘llanilmoqda. Qisqa vaqt ichida klaster modeli iqtisodiyotda istiqbolli innovatsion yo‘nalish sifatida e’tirof etilib, uni boshqa sohalarda ham qo‘llash tajribalari amalga oshirilmoqda.
Xo‘sh, klaster nima o‘zi, bu g‘oya qachon, qaerda paydo bo‘lgan va uning ahamiyati, qudrati nimada?
Integratsiyalashuvning kichik darajasi mamlakatlar iqtisodiyotida yangi xo‘jalik yuritish tizimini shakllantirish yo‘li hisoblanib, o‘zaro pirovard mahsulot ishlab chiqaradigan va geografik yaqin bo‘lgan korxona va tashkilotlarni o‘z ichiga olgan “Klaster” lar yaratishdir.
Klasterlarni shakllantirishdan maqsad - shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini va ular bilan yagona texnologik zanjirda bo‘lgan ta’lim, ilmiy, injenering, konsalting, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni uyg‘unlashtirish - innovatsion ishlab chiqarishni tashkil etish asosida raqobatbardosh tovarlar yaratishga yo‘naltirishdan iboratdir. Bunda aholini ish bilan ta’minlashdek muhim jihat ham o‘zini namoyon etadi.
“Klaster” atamasi fransuzcha so‘z bo‘lib, “bog‘lam”, “guruh”, “to‘planish” ma’nolarini beradi. “Klaster” nazariyasining asosi bo‘lib, Alfred Marshallning XIX asr oxirida yozilgan “Iqtisodiyot prinsiplari” nomli asarida ixtisoslashgan tarmoq-sohalarning alohida hududlarda uyg‘unlashishi to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari hisoblanadi.
“Klaster” nazariyasini o‘rganish jahon jamiyatida tez sur’atlarda o‘sib bormoqda va uni amaliyotda qo‘llash esa milliy va mintaqaviy iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishiga aylanmoqda.
1980 yillardan keyin Amerika, Britaniya va Skandinaviya va boshqa ilmiy maktablar “Klaster nazariyasi” ning rivojlanishidagi yutuqlarini ko‘rishimiz mumkin [61].
G.I.Muxamedov hamda U.N.Xodjamqulovlar fikriga ko‘ra aslida “Klaster” (sluster) co‘zi ingliz tilidan olingan bo‘lib, tarjima qilinganda “To‘plam”, “to‘p”, “guruh”, “konsentratsiya”, “guruhlarga to‘plash”, “to‘plamlarda o‘sish” kabi ma’nolarni anglatadi. Dastlab ushbu termin statistika va kompyuter sohalarida paydo bo‘lgan, keyinchalik iqtisodiyot va sotsiologiyada ham keng qo‘llanila boshlagan [43; 6-7-b].
Klaster nazariyasi XIX asrda dastlab nemis iqtisodchisi Iogan Genrix Fon Tyunen va uning izdoshlari V.Launxard hamda A.Veberlar tomonidan ilgari surilgan. A.Marshall o‘zining “Iqtisodiyot fani prinsiplari” ishida tadqiqot ob’ekti tarzida shahar aglomeratsiyasi va industrial hududlarni tanlab, o‘tkazgan tadqiqotlarida samaradorlik va ishlab chiqarish geografik lokalizatsiyasi o‘zaro bog‘liqligini bayon etgan. U korxona va tashkilotlar samaradorligi ularning iqtisodiy zonalar yaqinida geografik joylashuviga bog‘liqligini isbotlagan. Iqtisodiyotdagi klaster nazariyasining asoschisi amerikalik iqtisodchi, Garvard biznes maktabi professori M.Porter klasterning shakllanish mexanizmini o‘zaro raqobatdoshlik o‘sishiga sabab bo‘ladigan bir-biriga bevosita bog‘liq sohalarning jamlanishi deb tushuntiradi. Uning fikricha klaster-o‘zaro bog‘langan kompaniyalar, tegishli tarmoqdagi firmalar, bitta yo‘nalish bo‘yicha ixtisoslashgan yetkazib beruvchilar hamda ularning ish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarning jug‘rofiy belgi asosida birlashtirilgan guruhi sanaladi.
Umuman olganda ta’limga nisbatan klaster yondashuv asosidagi tadqiqotlarni o‘rganish va tahlil qilish bu boradagi bir qancha qarashlarni jamlash va umumlashtirishga imkon beradi. Tadqiqotchilar klaster atamasiga har hil tarif berishadi. Masalan: M.Galushkina klasterni - bitta jug‘rofiy hududda joylashgan va bitta tarmoqni tashkil etadigan firmalar guruhi deb tariflaydi. L.I.Osechkina klasterni ta’lim-fan-ishlab chiqarish tizimida innovatsiyalarni qo‘llab quvvatlashni shakllantirish vositasi deb hisoblaydi [59].
G.A.Yashevoy klaster – bir ilmiy ma’rifiy markaz atrofida birlashgan kompaniyalar o‘rtasidaga hamkorlik munosabatlariga asoslanuvchi tarmoq tashkilotlari majmui deb tariflaydi. A.G.Granberg fikricha klaster - bitta sohaga birlashgan va bir-biri bilan uzviy aloqada bo‘lgan korhonalar guruhi. V.Gorodnova klaster – maxsus sohalar bo‘yicha bitta geografik xududda faoliyat yuritayotgan bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan va bir-birini to‘ldiruvchi kompaniyalar, institutlar guruhi deb tariflaydi. D.L.Skipin klasterni – gorizontal va vertikal ravishda funksional bog‘liq bo‘lgan firmalar guruhi deb ta`riflasa, N.E.Yegorov jamoaviy, xususiy va yarim jamoaviy ko‘rinishda bir-biri bilan bog‘liq va o‘zaro bir-birini to‘ldiruvchi firmalar, tadqiqot va rivojlanish institutlari guruhi deya ta`rif beradi. N.A.Mishurova bo‘lsa klaster – tijorat va notijorat tashkilotlari guruhi bo‘lib, u guruhda faoliyat yuritayotgan har bir firmaning raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qiladi deb ta`riflaydi.
L.L.Naumova klasterni xududiy konsentratsiyalashuvga asoslangan va texnologik zanjirga bog‘langan tovar hamda hom-oshyo yetkazib beruvchilar, asosiy ishlab chiqaruvchilarni birlashtirgan industrlashgan majmua sifatida ko‘rsatadi [45].
T.I.Shamova, klaster alohida soha bo‘lib raqobatbardosh samaradorlikka erishishdan manfaatdor bo‘lgan sohalar birlashishining tashkiliy shakllarini kuchaytirish mexanizmi, M.N.Frolovskaya turli ta’lim muassasalarini (bog‘chasi, maktab, kollej, OTM) integratsiyalashuvi natijasida ta’lim tizimini izchillik prinsipi asosida qayta tashkil etish deya ta`riflashgan.
Ta’lim tizimida ham klaster mavjud. Bu esa shaxsni kamol topishi va yetuk kadr bo‘lishiga qaratilgan bo‘lib, uning bog‘liqligi bog‘cha, maktab, litsey, kollej, oliy o‘quv yurti, doktorantura, malaka oshirish kabi jarayonlarni qamrab oluvchi butun umr davomidagi ta’lim zanjirini bir-biriga bog‘langanidir. Haqiqatdan ham “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” da bu zanjir o‘zini namoyon etadi. Lekin mustaqillik davrlarning boshlari, o‘tish davrlari va undan keyingi davrlarda respublikamizda iqtisodiy, ta’lim sohalarida juda murakkab jarayonlar bosib o‘tildi. Bular bir qaraganda stabil holatda ketgandek ko‘rinsada, hozirga kelib ishlab chiqarishda mahalliy texnika va texnologiyalar zamon talablaridan ortda ekanligi, kasb-hunar kollejlari hamda OTM larning bitiruvchilarini bilim va ko‘nikma darajalari zamon talablaridan pastda ekanligi yaqqol sezilib qoldi.
Demak, bu yerda ta’lim zanjiri ketma-ketligida uzilish bo‘lmasa ham, zanjirning alohidagi bo‘g‘inlari ichida katta uzilishlar ro‘y bergan. Bular ta’lim oluvchiga nisbatan talabning susayganligi, ta’lim oluvchining oliy ma’lumotga ehtiyoj sezmagani, raqobat zaruriyati bo‘lmagani, sifatli ta’lim shaklini buzilishi o‘quv yurtlarining moddiy texnika bazasini yetishmovchiligi va boshqalar bo‘ldi. Shuning uchun ham yurtboshimiz hozirgi kunda milliy iqtisodiyotimizni “Klaster usuli”da rivojlantirish bo‘yicha qo‘ygan maqsad va rejasiga asoslangan holda, huddi shu usul bilan OTM va boshqa o‘quv yurtlarida “Raqobatbardosh kadr tayyorlash klasteri” tashkil etish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi [48; 6-7-b].
Keyingi yillarda respublikamizdagi umumta’lim maktablarining reytingida Toshkent viloyatining oxirgi o‘rinlarda ekanligi fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu muammoning ilmiy va amaliy yechimlarini topish Chirchiq davlat pedagogika institutidan tizimga nisbatan yangicha yondashuvlarni, innovatsion loyihalarni ishlab chiqishni taqozo qilmoqda.
Chirchiq davlat pedagogika instituti mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida tashkil qilindi va hozirda ushbu muammolarning yechimi borasida ilmiy va amaliy ahamiyatga ega yo‘nalishlarda ish olib bormoqda. Xususan, “Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri” institutning asosiy strategik tadqiqot yo‘nalishi sifatida belgilandi va uni amaliyotga joriy etish maqsadida “Eshitdim, ko‘rdim, bajardim” tamoyili ishlab chiqildi. Mazkur loyiha zamirida oliy talimda tehsil olayotgan yosh kadrlarni bilim saviyasini oshirish, amalyotchilik ko‘nikmasini shakillantirish va mustaqil izlanuvchanlik va ijodkorlikni rivojlantirishni maqsad qilib olgan Ushbu omillar mazkur loyihaning dolzarbligini ko‘rsatadi.
Ilmiy adabiyotlarda klaster tushunchasi borasida bildirilgan yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib pedagogik ta’lim klasteri tushunchasiga quyidagicha ta’rif berish mumkun: “Pedagogik ta’lim klasteri” muayyan geografik hududning raqobatbardosh pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida bir-biri bilan uzviy aloqadagi teng huquqli alohida subektlarning, texnologiyalarning va inson resurslarining integratsiyalashuvini kuchaytiruvchi mexanizm.
Pedagogik ta’lim klasteri mimetik (grek tilida mimiomai-taqlid qilmoq) metod bo‘lib, iqtisodiyotning ishlab chiqarish sohasida samaradorlikka olib kelgan modelni pedagogik ta’lim tizimiga ijodiy asosda joriy etishni nazarda tutadi. Pedagogik ta’lim klasteri “Ta’lim-ilm-fan-vositalari-texnologiya-boshqaruv-biznes” zanjirini hosil qiladi va uni ilmiy nuqtaiy nazardan tadqiq qilish bugungi pedagogikamizning oldidagi muhum vazifalardan bo‘lib turibdi.
Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha ta’lim turlari, ilmiy tadqiqot institutlari va markazlari, amaliyot bazalari, ilmiy va ilmiy-metodik tuzilmalarning bir butunligi bo‘lib, ularning birgalikdagi vazifalar taqsimlangan faoliyati pedagogik ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish imkonini beradi. Binobarin, klasterning asosiy maqsadi o‘z tarkibiga kiruvchi ta’limiy-ilmiy-innovatsion salohiyatni nafaqat yuqori fuqarolik va kasbiy layoqatlilik darajasi bilan, balki raqobatbardoshligi, yangiliklarni qabul qila olish qobiliyati, yangi ta’lim dastur va texnologiyalarini loyihalash hamda amalga oshira olish qobiliyatiga ega zamonaviy ta’lim mutaxassislarini tayyorlash uchun birlashtirishdir.
Pedagogik ta’lim rivojlanishining klaster tizimi ta’lim berish, o‘quv adabiyotlarini yaratish, pedagog kadrlar ilmiy salohiyatini oshirish, ta’lim va tarbiya uzviyligi bilan bog‘liq umumiy yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi. Ayni paytda bu umumiy yo‘nalishlar ta’limni boshqarish va tashkillashtirish, ta’lim turlari va yo‘nalishlari o‘rtasida uzviylik va integratsiyani ta’minlash, o‘qitish metodlari va vositalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlarda xususiylashadi.
Klaster tizimi har biri alohida faoliyat olib boradigan sub’ektlarni umumiy maqsad atrofida birlashtiradi va ayni paytda har bir sub’ekt umumiy maqsaddan kelib chiqqan holda xususiy manfaatdorlik asosida ish yuritadi. Klaster tizimi sub’yektlari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi va nazorat qiladi, har biri alohida klasterning ma’naviy va intellektual maydonini yaratadi, ijtimoiy ta’siri hamda ahamiyatini kengaytiradi.
Pedagogik ta’lim innovatsion klasteri aloqadorlik, uzviylik, izchillik, vorisiylik, zamonaviylik, yo‘naltirilganlik, manfaatdorlik tamoyillariga asoslanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |