Diagnoz. Bemorga to'g'ri diagnoz qo'yish kasallikni davolashda muhim rol o'ynaydi. Diagnoz qo'yishda bemorning shikoyatlari, ayni kasallikning tarixi, kasal bo'lguncha qanday kasalliklarning og'riganligi, turmush sharoiti va abyektiv tekshirish natijasida to'plangan ma'lumotlarga asoslanadi. Diagnoz qo'yishning qiyinligi shundan iboratki, aksari kasalliklarda bir xil abyektiv va subyektiv xarakterdagi belgilar uchraydi. Masalan oshqozon (me'da) yoki ichakdan qon ketishi, oshqozon va ichak yarasi, rak, ichak yoki oshqozon poliplari, jigar sirrozlari va boshqa kasalliklarda. Kasallikka diagnoz qo'yishda yuqoridagilardan tashqari, asosiy kasallikni qo'shimcha kasallikdan ajrata bilish lozim. Bunga solishtirma diagnoz (diffirensial diagnoz) deyiladi.
Kasallikni aniqlash maqsadida bemordan so’rash (anamnez yig’ish) va laboratoriya usullaridan foydalanish tog’ri diagnoz qo’yishda muhim rol o’ynaydi.
Bemordan kasallik haqidagi ma’lumotlar qo’yidagi tartibda so’raladi:
1.bemor haqida umumiy ma'lumot (pasport qism).
2.bemorning shikoyati.
3.mazkur kasallikning kelib chiqish tarixi.
4. Bemorning hayotiy anamnezi.
Birinchi navbatda bemorni bezovta qilgan kasallik va uning shikoyati tinglanadi. Undan kasallikni rivojlanish tarixini qisqacha bayon qilib berish so'raladi. Bunda kasallik qanday paydo bo'lganligi, tibbiyot yordami ko'rsatilguncha kasallik qanday rivojlanganligi, qanday ehtiyot choralari ko'rilganligi va hokazolar haqida ma'lumot to'planadi. Kasallik haqida to'plangan ma'lumotlarga kasallik anamnezi (anamnesis morbi) deyiladi.
Bemorning kasallik haqidagi belgilarini eshitgandan so'ng undan turmush va ish sharoiti haqida so'raladi. Ulug' rus olimlari I.M.Sechinov, I.P Pavlov, kliniklardan M. Ya Mudrov, S.P.Botkin, G.A. Zaxarin va boshqalar kasallikning rivojlanishida bemorni turmush sharoiti qanday rol o'ynaganligi masalasiga katta ahamiyat berganlar. Ba'zi kasalliklar ancha yil ilgari, hatto bolalikda boshdan kechirilgan bo'lib, bemorni hozirgi kasalligiga ba'zan bevosita bog'liq bo'ladi.
Bemorni ish va turmush, atrof-muhit sharoiti, oila a'zolari o'rtasida ro'y bergan kasalliklar, yomon odatlar haqida yig'ilgan ma'lumotlar turmush yoki hayot anamnezi (anamnesis vitae) deyiladi. (vita-hayot). Turmush anamnezini to'plash quyidagi tartibda olib boriladi: bemorni tarjimaiy holiga oid ma'lumot to'planadi. So'ngra bemorning ilgari boshidan kechirga va nasldan-naslga o'tgan kasalliklari aniqlanadi. Naslni aniqlashning muhim ahamiyati shundaki, bunda bemorni u yoki bu kasallikka nisbatan moyilligi bilib olinadi. Suhbat oxirida jinsiy va oilaviy turmushi, ish va yashash sharoiti va nihoyat, zararli odatlar (tamaki, nosvoy chekish, spirtli ichimliklar ichish, ba'zan narkotik moddalar iste'mol qilish va hokazolar) aniqlanadi. Bemorni yuqoridagi tartibda savol javob qilib tekshirish sub'yektiv tekshirish usuliga kiradi. Bu usulda tekshirish tugallangach, tekshirishning ob'yektiv usuliga o'tiladi: bemor ko'zdan kechiriladi, ichki organlar holatini aniqlash maqsadida paypaslash, urib ko'rish va eshitish, ko'rish usullari qo'llaniladi. Bundan tashqari bemorning tana temperaturasi, vazni, ko'krak qafasining aylanasini o'lchash, balg'am, siydigining sutkalik miqdorini aniqlash kabi qo'shimcha tekshirish usullari ham bor. Bemorning qoni, siydigi, axlati, balg'ami, yiringini, laboratoriya-bakteriologik analiz qilish, arterial bosimini o'lchash, organlarini rentgenda tekshirish, elektrokardiogramma qilish, rektoromanoskopiya, sistoskopiya, urografiya va boshqalar-instrumental tekshirish usuliga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |