§. ICHKI ISHLAR IDORALARI XODIMLARINING FAOLIYATIDAGI PROFESSIONAL TAVAKKALCHILIK VA UNING TIPOLOGIYASI
Professional tavakkalchilik va uni amalga oshirish rinsiplari. Tavakkal deb uzoq mulohaza qilib o‘tirmay, «nima bo‘lsa bo‘lar, yo ostidan, yo ustidan» zaylida qilinadigan xatti-harakatga aytiladi.
Shundan kelib chiqqan holda ichki ishlar idoralarining professional tavakkalchiligiga quyidagicha ta’rif berish mumkin.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining professional tavakkalchiligi deb xavfli, o‘ta qiyin sharoitlarda ko‘zlagan maqsadga erishish uchun o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, qilayotgan ishining qanday oqibatlar bilan tugashini, atrofdagilarga qanday ta’sir etishini to‘liq hisobga olmagan holda, uzoq mulohazasiz qilingan xatti-harakatga aytiladi.
Tavakkalchilik asoslangan va asoslanmagan bo‘ladi. Asoslangan tavakkalchilikka noaniq sharoitlardagi optimal faoliyat kirsa, asoslanmagan tavakkalchilikka umuman harakat qilmaslik, hamma narsani o‘z holiga tashlab qo‘yish kiradi.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining professional tavakkalchiligi huquqiy jihatdan asoslangan yoki asoslanmagan bo‘lishi mumkin. Huquqiy jihatdan asoslangan professional tavakkalchilik quyidagi prinsiplarga tayanadi:
professional tavakkalchilikning qonun hujjatlariga hech qachon zid kelmasligi;
professional tavakkalchilikda bajarilayotgan ishning miqdorigina emas, balki uning oqibatida kelib chiqadigan sifati ham hisobga olinishi kerakligi;
professional tavakkalchilikdan ko‘zlanayotgan ijobiy natijalar salmog‘ining u keltirib chiqaradigan salbiy natijalardan ustun bo‘lishi.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining huquqiy jihatdan asoslangan professional tavakkalchiligi biron salbiy oqibat keltirib chiqargan bo‘lsa ham, uni sodir etgan ichki ishlar idoralarining xodimi ma’muriy yoki jinoiy jazoga tortilmasligi kerak.
Professional tavakkalchilik turlari va shakllari. Ichki ishlar idoralari xodimlari professional tavakkalchiligining quyidagi turlarini ajratish mumkin:
Ichki ishlar idoralari xodimlarining topshiriqlarni bajarishda yaxshi ijtimoiy natijalarga erishish uchun butun mas’uliyatni chin dildan his qilgan holda o‘zini oqlaydigan xatti-harakatlar qilishni o‘z ichiga olgan
tavakkalchiligi. Bunday tavakkalchilikka irodasi kasbiy burch talablariga mos keladigan xodimlarning tavakkalchiligi kiradi.
«Xavf hissini» sezgan, uni hech qanday xatti-harakat qilmay o‘tkazib yuborish pozitsiyasida turib ish tutuvchi, o‘zini oqlamaydigan xatti-harakatlarni qamrab oluvchi asoslanmagan tavakkalchilik. Bularga vaziyatni bilmaydigan, sharoitni o‘rganmaydigan, o‘z kuchi va qobiliyatiga haddan tashqari ortiqcha ishonuvchan ichki ishlar idoralari xodimlarining tavakkalchiliklari kiradi. Jinoyatni ochish chog‘ida bunday xodimlar tavakkalchiligiga qonunlarni tenglashtirish, gumon qilinuvchiga nisbatan kuch ishlatish, uning shaxsiy qadr-qimmatini yerga urish, kamsitish asosida ish ko‘rib, «maqsad vositani oqlaydi» shiori ostida ishlaydigan xodimlarning professional tavakkalchiligi kiradi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari jinoyatchilikka qarshi kurash chog‘ida, ayniqsa jinoyatchini ushlash, qurolsizlantirish, uyushgan guruhlarni fosh etish, jamoat tartibini saqlash, ommaviy tartibsizliklarning oldini olish vaqtlarida tavakkal bilan ish ko‘rishga majbur bo‘ladilar. Bunday sharoitlardan kelib chiquvchi tavakkalchiliklarning quyidagi shakllarini ko‘rish mumkin:
Operativ tadbirlarni o‘tkazish vaqtida qonunlarni, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini buzish tufayli sodir bo‘ladigan tavakkalchilik. Masalan, jinoyatchini qidirish va ushlash tadbiri o‘tkazilayotgan vaqtda, o‘zining kiyimi, tashqi ko‘rinishi, yuz tuzilishi va boshqa ko‘rsatkichlari bo‘yicha qidirilayotgan jinoyatchiga o‘xshab ketadigan odamlar ushlanishi mumkin. Ular vaqtinchalik ushlab turilishi, tekshirib ko‘rilishi mumkin. Bular ham tavakkalchilikka kiradi. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas. Ammo u keyinchalik qonuniy hal qilinadi.
Qurol-yarog‘larni ishlatish vaqtida sodir etiladigan tavakkalchilik. Ichki ishlar idoralari xodimlari o‘zlarining xizmat vazifalarini bajarish vaqtida zaruriy mudofaa chegarasidan chiqishga majbur bo‘ladilar va qurolni ishga soladilar, ammo uning oqibati nima bilan tugashini bilmay qoladilar. Bu ham professional tavakkalchilik shakliga kiradi.
Tushayotgan har xil ma’lumotlarni baholashda yo‘l qo‘yiladigan xatolar tufayli sodir etiladigan, obyektiv mazmunga ega bo‘lmagan tavakkalchilik. Bir qancha «o‘lik» (asoslanmagan) tusmollar mavjud, bunga jinoyatchilar tomonidan chalg‘ituvchi ma’lumot-xabarlarning tarqatilishi ham qo‘shilib ketishi oqibatida, mavjud jinoyatni tezlik bilan ochishda militsiya xodimlari xatoga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Bunday
tavakkalchilikni oqlab bo‘lmaydi, u ma’naviy-axloqiy jihatdan ichki ishlar idoralarining obro‘siga juda salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Qonunlarda hali o‘z ifodasini topmagan jinoyatlarga qarshi kurash chog‘ida qo‘llaniladigan tavakkalchilik. Masalan, iqtisodiy jinoyatchilik turi bo‘lgan soxta bankrotlikka qarshi kurash, fuqarolarni qul sifatida yollab ishlatish kabilarga qarshi kurash yoki jinoyatchilar ichiga kirib ishlash kabilar shular jumlasiga kiradi.
Shuni unutmaslik kerakki, ichki ishlar idoralari xodimlarining professional tavakkalchiligi hamma vaqt mumkin qadar huquqiy jihatdan asoslangan tavakkalchilik bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |