Ulug‘bek HAMDAM: — Modern asarlar o‘z kitobxonini topayotgan, uni qadrlovchilar soni ko‘payib borayotgan bir paytda tamomila o‘zga bir nuqtai nazar bilan chiqayotgan, bu hodisani bizga hamon yot hodisa deb qarayotgan olimlarimiz ham bor. Bu o‘rinda men professor Bahodir Sarimsoqovning keskin chiqishini nazarda tutayotirman.
Umarali NORMATOV: — Adabiyotshunos B. Sarimsoqov modernizm, aniqrog‘i, absurd va ekzistentsializm adabiyotini tanqid qilishda hatto Sho‘ro davrining eng jangari munaqqidlarini ham yo‘lda qoldirib ketdi. XX asr o‘zbek adabiyotining qator namunalarida absurd va ekzistentsializm ko‘rinishlari mavjudligi xususidagi qarashlarga javoban yozilgan «Absurd ma’nisizlikdir» (O‘zAS, 2002, 28 iyun) maqolasida olim jahon adabiyotidagi bu oqimlar sha’niga keskin tanqidiy gaplar aytadi. Uningcha, «Umuman olganda, badiiy-estetik hodisalardagi absurd tushunchasi ijobiy hodisa emas», «absurd o‘z oti bilan ma’nisizlik», «absurd asar jamiyatda ana shu asarga umuman estetik talab bo‘lmagan paytda, ijodkorda esa «ehtiyoj farzandi» (A. Oripov) tug‘ilmaganda yoziladi. Aniqrog‘i, absurd asar ijtimoiy-estetik jihatdan arziydigan g‘oya tashimaydi», «absurd asar ma’naviy-axloqiy kontseptsiyasiz, muayyan g‘oya tashimaydigan, hayotga loqayd va ma’nisiz munosabatni ifodalaydi. Bu uning belgilovchi mezoni. Absurd tuyg‘u — ma’nisizlik tuyg‘usi. Absurd insonning o‘zi yashayotgan jamiyatga, muhitga, o‘z-o‘ziga, hattoki yaratuvchiga begonalik tuyg‘usi», «absurd barcha zamon va makonlarda ma’nisizlik bo‘lib qolaveradi», u badiiyat dunyosidagi inqoroz, «botqoq»dan iborat… Olim absurd adabiyotini shu tariqa qayta-qayta qoralar ekan, ekzistentsializmni esa qisqa va lo‘nda qilib «subutsizlik» deb ataydi va bu bahoda sobit ekanligini ta’kidlab, «men ekzistentsializmga nisbatan «subutsiz» sifatlovchisini to‘la anglagan holda ishlatdim va bu masalada bahslashishga hamisha tayyorman», deb yozadi.
Tabiiyki, har qanday adabiy-badiiy oqimda bo‘lgani kabi absurd va ekzistentsializm adabiyotida ham ijtimoiy-estetik jihatdan arziydigan g‘oya tashimaydigan, badiiy nochor asarlar bor. Biroq bu hol absurd va ekzistentsializmning XX asr jahon taraqqiyparvar adabiyotidagi munosib o‘rnini, bu oqimga mansub shaxs va uning ruhiyatini butunlay yangi tomonlardan badiiy kashf etib bergan nodir asarlar ahamiyatini inkor etish uchun aslo izn bermaydi. O‘ta murakkab, ziddiyatli bu falsafani, adabiy-badiiy hodisani anglash, o‘rganish yo‘lidagi bizdagi dastlabki xayrli qadamlarni qo‘llab-quvvatlash o‘rniga bu harakatni yomonotliq qilish, meningcha, insof va odobdan emas.
B.Sarimsoqovning absurd va ekzistentsializmga bergan bahosi o‘ta munozarali. San’at hodisasi sifatida absurd tushunchasi bu so‘zning lug‘aviy ma’nosidan o‘zgacharoqdir. Absurd B. Sarimsoqov da’vo qilganidek, aslo ma’nisizlik emas, balki, aksincha, teran ma’noga ega. Absurd adabiyot, san’atda adashgan, aldangan, behuda, samarasiz mehnat-faoliyatga, ma’nisiz qismatga mubtalo etilgan shaxsning fojiasini ochib berish, kutilmagan tomonlardan o‘ziga xos tarzda badiiy tahlil etishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |