Ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish tergov harakatini o‘tkazish tartibi. Ushbu tergov harakatini o‘tkazishdan avval tergovchi ko‘rsatuvlarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirishga taklif etilgan barcha qatnashchilarga ularning protsessual huquq va majburiyatlarini tushuntiradi va bu to‘g‘rida bayonnomada qayd etadi hamda qatnashchilarning imzolari bilan tasdiqlaydi; qatnashchilarga qanday hollar tekshirilishini tushuntirib, har bir qatnashchi oldiga tegishli vazifalar qo‘yadi va tegishli xavfsizlik choralarini ko‘radi. Ushbu tergov harakatida xolislar soni ikkitadan kam bo‘lmasligi kerak, agar zaruriyat bo‘lsa, tergovchi yoki surishtiruvchi tergov harakatiga mutaxassis yoki ekspertlarni jalb etishi mumkin.
Tergovchi, surishtiruvchi yoki sud ushbu tergov harakatini boshlashdan avval va yuqoridagi harakatlarni o‘tkazganidan so‘ng tekshiriladigan ko‘rsatuvlarni tergov harakatining qatnashchilari oldida e’lon qiladi va to‘liq ravishda o‘qib chiqadi va shundan so‘ng ko‘rsatuvlari tekshiriladigan shaxsdan so‘raydi. Agar guvoh yoki jabrlanuvchining ko‘rsatuvlari tekshiriladigan bo‘lsa, u holda ular bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berish yoki ko‘rsatuvlar berishdan bosh tortish to‘g‘risida ogohlantiriladi va bayonnomada bu to‘g‘rida o‘z imzolarini qo‘yadilar. SHundan so‘ng ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsning o‘zi o‘z ko‘rsatuvlarini erkin ravishda bayon etib, hodisa sodir bo‘lgan joyga qanday yo‘l bilan borish kerakligani aytadi.
Hodisa sodir bo‘lgan joyga borish paytida ko‘rsatuvlari tekshiriladigan shaxsdan qanday belgilarga ko‘ra u borayotgan yo‘nalishni eslab qolganligi va hodisa bo‘lgan joyni tanib olganligi to‘g‘risida so‘raladi va uni bayonnomada qayd etish kerak bo‘ladi. SHu paytda ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga biron bir yo‘lni ko‘rsatuvchi imo-ishora qilish, yordam ko‘rsatish yoki uning yo‘nalishlarni tanlashda ixtiyorini cheklash man etiladi. Hibsga olingan shaxsga nisbatan, agar uning ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan bo‘lsa, tegishli xavfsizlik choralari qabul qilinadi.
Erkin so‘zlab, tegishli harakatlarni namoyish qilgandan so‘ng, ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga detallashtiruvchi, shuningdek, uning eslash qobiliyatini faollashtiruvchi savollar berish mumkin, ammo ishorali savollar berish man etiladi.
Tergov harakatida ishtirok etuvchi shaxslar hodisa joyida ko‘rsatuvlari tekshirilayotgan shaxsga tergovchining ruxsati bilan savol berishlari mumkin, lekin avval savolning mazmunini tergovchining o‘ziga bayon etishlari lozim.
Ko‘rsatuvi tekshirilayotgan shaxs hodisa sodir bo‘lgan joyda bir vaqtning o‘zida ko‘rsatish, ko‘zdan kechirish yoki ba’zi narsalarni, hujjatlarni, izlarni olish yoxud muayyan harakatlarni namoyish qilish orqali tushuntirish beradi yoki o‘zining avval bergan ko‘rsatuvlariga aniqlik kiritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |