12-mavzu: Realizm, tanqidiy realizm, yangi realizm.
Reja:
Realizm metod sifatida.
O’zbek realizmi.
Hozirgi davr adabiyotida realizm.
Mavzu yuzasidan tayanch so`z va iboralar:
Realizm ijodiy metodi, uning o`ziga xos xususiyatlari. Realizm ”hayotni haqqoniyligi bilan tiklash” deganidir. Haqqoniylik realizmning bosh alomati. Tipik xarakterni tipik sharoitda yaratish. Hayot mantiqi va xarakterlar mantiqi.
Ma’ruza bayoni.
1. Realizm metod sifatida.
Realizm — voqelikni, mavjud borliqni badiiy adabiyot va sanʼat (tasviriy sanʼat, teatr, musiqa va boshqalar)ning ifoda vositalari orqali oʻziga oʻxshash shakllarda haqqoniy aks ettirish. Adabiyotda realizm — hayotni voqelikdagi voqea va hodisalarga muvofiq ravishda obrazlar orqali aks ettirish metodi. Realizm adabiyotning oʻzini va tashqi olamni bilish vositasi sifatidagi ahamiyatidan kelib chiqqan holda voqelikni barcha ziddiyatlari bilan qamrab olishga intiladi, yozuvchiga hayotning barcha tomonlarini cheklanmagan holda aks ettirish imkoniyatini beradi. realizm metodiga asoslangan adabiyotda hayot haqiqatini tasvirlash tamoyili ustuvor ahamiyatga ega. Binobarin, realizm adabiyoti jahon adabiyoti taraqqiyotidagi eng yuksak bosqich hisoblanadi.
Realizm keng maʼnoda Gomer va Dante, Shekspir va Rasin, Firdavsiy va Navoiy ijodiga ham xos xususiyat, zero, hayotiylik va samimiylik bu mumtoz ijodkorlarning asarlarida katta mahorat bilan ifoda etilgan. Ammo Realizm adabiy metod yoki adabiy yoʻnalish sifatida yozuvchidan voqelikni hayotiy va haqqoniy aks ettirish tamoyiliga izchil rioya etishni, inson va tashqi olamni ongli ravishda oʻrganish va bilishni taqozo etadi. Shu maʼnoda jahon adabiyoti 19-asrga kelibgina oʻz taraqqiyotining Realizm metodiga asoslangan yangi bosqichiga erishdi.
Realizmning metod sifatida paydo boʻlish vaqti masalasida adabiyotshunoslikda turlicha qarashlar mavjud. Ayrim tadqiqotchilar hayotni realistik tasvirlash usullari qadim zamonlardan beri davom etib kelayotgani va bu usullarning turli bosqichlarni bosib oʻtganini nazarda tutib, antik realism Uygʻonish davri realizmi, maʼrifatparvarlik realizmi va sotsialistik realizm tushunchalarining mavjudligi haqidagi qarashlarni olgʻa surib keladilar. Boshqa tadqiqotchilarning fikriga koʻra, realizm ijodiy metod sifatida XVIII-asrda oilaviy-maishiy va ijtimoiy-maishiy romanlar yaratilishi bilan bir vaqtda maydonga kelgan.
Realizmning XIX-asr 30-yillarida Yevropa adabiyotida shakllana boshlaganligi haqidagi fikr aksar adabiyotshunoslar tomonidan qabul qilingan boʻlib, bu fikr Yevropa xalqlari adabiyotlarida voqelikni haqqoniy tasvirlash tamoyili yuksak ijtimoiytahliliy shakllarda keng va teran ifodalanganligi bilan tasdiqlanadi.
Romantizm bilan XIX-asrning 1-yarmidagi realizm oʻrtasida aniq chegara yoʻq. Bu hol O. Balzak ("Sagʻri teri tilsimi"), G. Stendal ("Parm ibodatxonasi"), V. Gyugo, qisman Ch. Dikkens asarlarida yorqin koʻrinadi. Ayni paytda romantik motivlar realistik asarlarning badiiy toʻqimasida yashashda uzoq vaqt davom etdi (Stendalning "Qizil va qora", M. Yu. Lermontovnipt "Zamonamiz qahramoni" va boshqalar). XIX-asr oʻrtalarida Yevropa adabiyotlarining romantizm anʼanalaridan keskin uzoqlashishi bilan Realizmning metod sifatida shakllanishida yangi davr boshlandi (G. Flober, G. Mopassan, U. Tekkerey va b).
Rossiya XIX-asrning 20—30-yillarida A.S. Pushkin ("Yevgeniy Onegin", "Boris Godunov", "Kapitan qizi", soʻnggi davr lirikasi), shuningdek, A. S. Griboyedov ("Akllilik balosi"), I. A. Krilov (masallar) asarlari bilan realizmga poydevor qoʻyildi. Keyinchalik I. A. Goncharov, I. S. Turgenev, N. A. Nekrasov, A.N. Ostrovskiy va boshqa rus adabiyotida Realizmning uzilkesil qaror topishiga muhim hissa qoʻshdilar. XIX-asr rus adabiyotida voqeliqdagi salbiy holatlar butun keskinligi bilan fosh etilganligi sababli A. M. Gorkiy bu davr realizmini tanqidiy realizm deb atagan. N. V. Gogol asarlarida, ayniqsa, yaqqol koʻringan tanqidiy realizm anʼanalari A. P. Chexov va qisman A. M. Gorkiy ijodida davom ettirildi va rivojlantirildi. L. N. Tolstoy va F. M. Dostoyevskiy ijodi rus Realizmining choʻqqisi hisoblanadi.
XX-asrning 30-yillarida sotsialistik realizm metodining sunʼiy ravishda oʻylab topilishi va yozuvchilardan shu metod asosida yozishning talab qilinishi natijasida realizm anʼanalaridan uzoqlashish jarayoni boshlandi va bu jarayon shaxsga sigʻinish fojialari fosh etilgan 60-yillarga qadar davom etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |