N. V. Gogol
SHINEL
(Qissa)
Davlat idoralaridan birida… Ammo qaysi idora ekanligini aytmay o’tsak yaxshi bo’ladi. Chunki davlat idoralarida, harbiy qo’mitalarda, maxsus xizmatchilar, qisqasi jamiyatga xizmat qilgan har qanday tashkilotning xodimlari bizga qarshi chiqish uchun fursat kutmoqdalar. Ular har narsadan “ranjiydilar”. Shunday zamon keldiki, bir insonning shaxsiga qaratilgan ayblov, shu inson mansub bo’lgan guruhning barcha a’zolariga uyushtirilgan hujum sifatida baholana boshladi. Eshitishimcha, o’tgan kuni bir bosh komissar (qaysi shahardan ekanligi yodimda yo’q) shikoyat arizasi yozibdi. Arizada qonunlarga amal qilinmayotganligini, rasmiy idoralar tahlika ostida ekanligini va bu idoralar nazdida davlatning yuksak sharafining qadrsiz ekanligini ta’kidlabdi. So’zlariga dalil sifatida qalin bir badiiy asarni arizasiga qo’shib topshiribdi. Bu asarni dalil qilishiga sabab esa kitobning har o’n sahifasida bir bosh komissardan so’z borishi, hatto ba’zi joylarida so’z borayotgan bosh komissarning o’ta mast holda tasvirlanishi ekan. Shunday ekan biz ham qandaydir falokat yuz bermasin deb voqea sodir bo’ladigan joyni “davlat idoralaridan biri” deya nomlashni afzal ko’rdik.
Ha nima deyayotgan edik… Davlat idoralaridan birida ishlovchi xizmatchi bor edi va bu odam tashqi ko’rinishi jihatidan insonlarda qiziqish uyg’otuvchi toifadan emasdi. Past bo’yli, shapaq ko’zli, biroz oqish yuzli, sochlari butunlay to’kilib ketgan, har ikki yanog’ida chuqur ajinlar bor edi. Yuziga boqqanlar uning dardli inson ekanini anglab olar edilar. Uning qo’lidan nima ham kelardi! Yagona aybdor Peterburg iqlimi. Xizmatchimizning mansabiga to’xtalsak (bizda bir insonni ismidan avval unvoni aytiladi), o’ziga tishi o’tmaydigan insonlarga tegishib yuruvchi ba’zi yozuvchilarning mazaxlariga nishon bo’lgan oddiy kotib va umrbod “oddiy bir kotib bo’lib qoluvchilardan” biri edi. Familyasi Bashmachkin edi. Boshmoqchi (boshmoq - oyoq kiyimi) ma’nosini bildiruvchi bu familyani uning oilasi qachondan beri va nima sababdan foydalanishini bilish mumkin emas. Chunki xizmatchimizning otasi ham, bobosi ham, xotinining akalari ham, xullas butun Bashmachkinlar sulolasi bsohmoq emas etik kiyishardi. Bir yilda uch marta tovonlarini ta’mirlatar edilar. Xizmatchimizning ismi Akakiy Akakiyevich edi. Bu ism-sharif o’quvchiga biroz g’alati eshitilishi mumkin. Ammo ishontirib aytamanki, bu ism hech ham g’alati va bo’lishi mumkin bo’lmagan ism emas. U tug’ilgan paytdagi holat unga boshqa ism berilishiga yo’l qo’ymadi. Qisqasi voqea bunday bo’lgandi: agar xotiram pand bermayotgan bo’lsa Akakiy Akakiyevich 23-mart yarim tunda dunyoga keldi. Oddiy xizmatkorning xotini bo’lgan mehribon onasi chaqalog’ini cho’qintirish marosimi uchun barcha tayyorgarliklarni ko’rdi. Bechora ona eshik qarshisidagi kravatda yotardi, o’ng tarafda cho’qintiruvchi rohib va hurmatli inson Ivan Ivanovich Yeroshkin hamda kvartal ofitserining xotini Arina Semyonovna Belobryushkova joy olishgandi. Rohib onaga tanlashi uchun taqvimdan ko’rib uch ism aytdi: Mokkiya, Sossiya va Xozdazat.
-Yo’q bo’lmaydi, shunaqa ham ism chiqadimi - e’tiroz bildirdi bechora ayol.
Onani hursand qilish uchun taqvimning boshqa bir sahifasini ochib yana uch ism aytdilar: Trifiliy, Dula va Varaxasiy.
-Bular ham bormidi boshimda, qanday ismlar bo’ldi bular? Qasam ichamanki, birortasini ham avval eshitmaganman. Varadat yoki Varux bo’lsa edi koshki, rozi bo’lardim. Ammo Tirifiliy va Varaxasiy chiqib o’tiribdi, - dedi ona.
Yana sahifani almashtirdilar. Bu safar qarshilaridan shu ismlar chiqdi: Pavsikaxiy va Vaxtisiy.
-Yetar, men ko’radiganimni ko’rdim. Tushunishimcha, bu bolamning taqdiri. Shunday ekan unga otasining ismini qo’yish eng to’g’ri yechim bo’ladi. Erimning ismi Akakiy edi. O’g’lining ham ismi Akakiy bo’laqolsin, - dedi onasi.
Shu tarzda Akakiy Akakiyevich ismi-sharifi paydo bo’ldi. Chaqaloq cho’qintirildi va kelajakda oddiy bir kotib bo’lishini sezgandek yuzini burishtirib yig’lay boshladi.
Xullas voqea shunday bo’lgan edi. Biz ham uni to’g’ridan-to’g’ri bayon qildikki, o’quvchi chaqaloqqa boshqa ism berilmaganligining sababini aniq tushunishini, aslida bu ismni tanlashga majbur bo’lganliklarini bilishini istadik.
Uni qachon ishga qabul qilinganini hech kim bilmaganidek, uni ishga olgan odamni ham hech kim bilmasdi. Bu idorada qancha rahbarlar, qancha amaldorlar xizmat qildi. Ammo Akakiy Akakiyevich doim shu yerda, ayni shaklda, ayni vazifani bajarar edi. Hayotidagi shu “ayni” liklar sabab bo’lsa kerak, insonlar bora-bora uni kal boshi va rasmiy xizmat kiyimi bilan dunyoga kelganiga ishona boshlashdi. Idorada hech kim uni hurmat qilmasdi. Ichkariga kirgan vaqti idoradagilar o’rinlaridan turish tugul, yonlaridan oddiy bir pashsha o’tib ketgandek munosabatda bo’lishar, boshlarini u tomonga burib qarab qo’yishni ham lozim ko’rmas edilar. Rahbarlar unga unga sovuq va qo’pol muomala qilardi. Rahbarning yordamchilari “shu ishni qila olasizmi?” yoki “bu boshqacha bir ish, shu bilan mashg’ul bo’la olasizmi?” deyishni o’rniga, hurmat doirasidan chiqqan holda, hech qanday nazokat ko’rsatilmasdi hamda qog’ozlar odatda uning yuziga otib berilardi. Akakiy Akakiyevich boshini qog’ozlardan ko’tarmasdi, boshini ko’tarib unga ham qo’pollik qilish yoki bunday muomala qilishga uning haqqi yo’q ekanligini bildirishni o’ylamasdi ham. Yuziga otilgan qog’ozni olar va yana ishida davom etardi. Yosh xizmatchilar esa o’zlarining naqadar nuktadon ekanliklarini ko’rsatish uchun Akakiy Akakiyevichning jig’iga tegishar, uning nafsoniyatiga teguvchi hazillar qilishardi. Masalan, uning yonida turishib, u va yetmish yoshli bir uy bekasi haqida o’zlari to’qigan hikoyalarni bir-birlariga aytib berishardi. Orada Akakiy Akakiyevichning qari bir xotindan tayoq yeganligi haqida, u ikkisi qachon turmush qurishlari haqida so’rashar, qog’oz parchalarini uning boshidan sochishar va “ana qor yog’yapti” deya unga tegishishar edilar. Akakiy Akakiyevich bu holatlarga qarshilik ko’rsatmas, go’yo atrofida hech kim yo’qdek o’z ishini davom ettiraverardi. Bu hodisalar uning ishiga xalaqit ham bermasdi, o’ziga qilingan bu hujumlar ishida xato qilishiga ham olib kelmasdi. Faqat qilinayotgan hazillar chidab bo’lmas darajaga yetganda, yosh xizmatchilar uning qo’liga yopishishib ishini davom etishiga yo’l qo’ymagan vaqtlarda shunday derdi:
-Tinch qo’ying meni, nega menga bunday ozor bermoqdasizlar?
O’zgacha bir ohang bor edi uning ovozida. Go’yoki azoblarga yengilgan odamning ovozsiz hayqirishlari eshitilayotgandek. Idorada yangi ish boshlagan bir yosh xizmatchi qolganlarning izidan borib Akakiy Akakiyevichni mazax qila boshlagan edi. Bu hayqirishni eshitishi bilan birdan kalaka qilishni bas qildi. U kundan e’tiboran yosh xizmatchining dunyoqarashi o’zgardi. Hamma narsaning farqiga bora boshladi. Nomsiz bir tuyg’u shu kungacha tarbiyali, hurmatli insonlar deb bilgan hamkasblaridan uzoqlashishiga sabab bo’ldi. Eng baxtiyor bo’lgan vaqtlarida ham ko’z oldida Akakiy Akakiyevich gavdalanardi va go’yo uning “tinch qo’ying meni, nega menga bunday ozor bermoqdasiz?” degan so’zlarini eshitardi. Bu yurakni mahzun qiluvchi so’z bilan birgalikda yosh xizmatchining quloqlari ostida “biz birodarlarmiz axir, menga ozor bermang” kabi so’zlar ham jaranglardi.
Hayoti davomida o’sha sahnani tez-tez ko’z o’ngiga keltiruvchi bu yosh yigit inson degan borliqning naqadar zolim ekanligini, nozik, madaniyatli va tarbiyali insonlarda ham shaytoniy ikkinchi yuzi borligini his etardi hamda bundan iztirob chekardi.
Menimcha, Akakiy Akakiyevich kabi o’z ishini sevuvchi, ishi uchun yashovchi insonni topish mushkul. “O’zgacha bir g’ayrat bilan ishlardi” desak, “g’ayrat” so’zining o’zi kamlik qilardi. Ha, Akakiy Akakiyevich ishini juda sevardi. O’z ishi u uchun o’zga bir dunyo edi go’yo. Ishi bilan mashg’ul bo’lgan vaqtdagi hursandligini uning yuz ifodasidan ham bilib olsa bo’lardi. Ba’zi harflar uning seviklilari edi. U o’sha harflarni yozar ekan, tamoman o’zini yo’qotib qo’yar, ko’zlarini pirpiratar, kulimsirar va go’yoki dudoqlari bilan qalamiga yordam berardi. Yuziga boqqan inson uni qaysi harfni yozayotganini osonlik bilan bilsa bo’lardi. Agar uning sarf etayotgan g’ayrati munosib taqdirlanganda edi (zero bunga o’zi ham ishonmasdi), ilmiy anjuman a’zoligiga tayinlanishi aniq edi. Ammo hazilkash hamkasblarining aytganidek, bu xizmatlari evaziga Akakiy Akakiyevichga belidagi bukrilik va tagidagi stuldan boshqa hech narsa nasib qilmadi. Garchi ko’rsatgan xizmatlari e’tiborsiz qolmagan edi. Rahbarlaridan biri uzoq muddat bu ishni sidqidildan bajarib kelayotgani uchun uni boshqa yuqoriroq lavozimga tayinlanishini buyurdi. Boshqa bir idoraga o’tkazildi. Uning vazifasi avvaldan tayinlangan hujjatlarni birinchi mas’ul hodimdan ikkinchisiga yetkazish edi. O’ziga yuklatilgan bu vazifa Akakiy Akakiyevichga shunchalik og’ir keldiki, bir zumda hayoti zindonga aylandi. Nihoyat, peshonasidan oqayotgan marjondek terlarini artar ekan shunday dedi:
-Yo’q, yo’q. menga avvalgi ishimni qaytarib beringlar. Shunisi yaxshi.
O’sha kundan e’tiboran Akakiy Akakiyevichni o’zining qadrdon ishi bilan “abadiy birga” qoldirdilar. Uning uchun qilayotgan ishidan boshqa narsaning ahamiyati yo’qdek edi. Mansabi, kiyib yurgan kiyimlari haqida hech ham bosh qotirib o’tirmasdi. Maxsus xizmat kiyimi avvalgi yashil rangini yo’qotgan, zangning rangiga o’xshash tus olgan va kir bo’lib ketgandi. Yoqasi kalta va tor edi. Akakiy Akakiyevichning bo’yni unchalik uzun bo’lmasa ham tor yoqadan majbur chiqib turgani uchun uzunchoqroq bo’lib ko’rinardi. Xizmat kiyimiga doim yo bir somon parchasi, yo biror ip bo’lagi, xullas nimadir yopishib qolgan bo’lardi. Va yana yo’lda ketib borar ekan, derazalardan axlatlar uloqtirilayotgan vaqtda aynan o’sha derazaning tagidan o’tib qolishdek hech kimga nasib qilmagan “ajoyib iste’dod” sohibi edi. Shuning uchun bosh kiyimida doim qovun yoki tarvuz urug’i yoxud boshqa bir “bezaklar” bo’lardi. Hayoti davomida bir marta bo’lsa ham atrofida bo’layotganlarga diqqat bilan nazar solmagandi. Bular esa idoradagi yosh xizmatchilarning ko’zlarini to’rt qilib kuzatadigan narsalari edi. Ularning bu kuzatishlari biror yo’lkada ketayotgan kishining paltosini oldi ochiq qolganini sezishlari va uning ustidan bildirmay kulishlari uchun imkon yaratardi.
Akakiy Akakiyevich esa bu kabi holatlarga duch kelgan taqdirda ham ish stoli ustini va qog’ozlarini ko’rgandek bo’lardi. Shu on qarshisidan bexos bir ot chiqsa, boshini Akakiy Akakiyevichning yelkalariga qo’ysa va otning burnidan chiqayotgan kuchli bir shamol uning yanoqlariga tegsa edi, balki o’shanda u o’zi sevgan qog’ozlari orasida emas, ko’chaning o’rtasida turganini tushunib yetgan bo’lardi.
Ishdan kelishi bilanoq dasturxonga o’tirar, tezlik bilan sho’rvasini ichar, piyoz bilan bir parcha sig’ir go’shti yer edi. Yeganlarining mazasiga e’tibor bermas, yemishlarning ustiga qo’ngan pashshalarni ham yoki Tangri rizq qilib nimani bergan bo’lsa ularni ham yer edi. Qornini to’yganini his qilishi bilan dasturxondan turar, siyohdonini olar va uyga olib kelgan ishlarini bajarishni boshlardi. Agar idoradan hech narsa olib kelmagan bo’lsa, uslubi go’zal bir yozuv turini tanlar va faqat o’zi zavq olishi uchun bir narsalar yozishni boshlardi.
Peterburgning kulrang osmoni qorong’ulashganda barcha xizmatchilar uyiga kelar, o’zining zavqlariga mos ravishda ovqatlanib qorinlarini to’ydirishar, kun bo’yi davom etgan qalamlarning qitirlashi tinganini his qilishardi. O’zlariga va boshqalarga oid ishlarni tamomlaganlaridan so’ng, hatto o’z ishini sevgan ba’zi xizmatchilarning “ortiqcha” qabul qilib olgan ishlari ham tugagandan so’ng ishdan bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishga urinardilar. Tomosha ishqibozlari teatr tomon yo’lga tushardilar, ba’zilari so’ngi modadagi ayollar bosh kiyimlarini ko’rish uchun ko’chaga shoshilardi. Kimlardir bir qancha amaldorlarning seviklisi bo’lgan xonimchalarga bir kechalik mehmon bo’lardi. Yana kimlardir (eng ko’p uchraydigani ham aynan shu toifa edi) uchinchi yoki to’rtinchi qavatda yashovchi, ikki kichik xona va bir dahliz yoki oshxonadan iborat bo’lgan, modaga amal qilgan holda bazo’r sotib olingan bir lampa va devoriy rasm bilan bezatilgan uyning egasi bo’lmish yaqin do’stinikiga yo’l olardi. Qisqasi hamma xizmatchilar o’zlariga tanish uylarga tarqalishar, qizg’in bir shaklda qarta o’ynashga kirishishar, uch tiyinlik shirinliklarni choy bilan qo’shib tanovul qilishar, uzun papiroslarini tutatishar, qartalar tarqatilarkan siyosiy jamiyatga doir mish-mishlarni bir-birlariga aytib berishar (zero, bu mish-mishlar rus fuqarosining hech qachon va har qanday holatda ham voz kechmaydigan narsasidir), hatto so’zlashish uchun mavzu qolmaganda Falkonetova monumentidagi otning quyrug’ini kesishga uringan qo’mondon haqidagi ma’nosiz anekdotlarni aytishardi. Xullas hamma qo’lidan kelgancha ko’ngilxushlik qilishga urinayotgan bir vaqtda Akakiy Akakiyevich hech qanday ko’ngilxushlik qilishga urinmas ham edi. Hech kim uni hayotining qaysidir pallasida, qaysidir bir bazmda ko’rganligini ayta olmasdi. U yetarlicha yozuv ishi bilan mashg’ul bo’lgach tungi o’rniga yotar, ertasi kun Tangri unga hadya qiladigan yozuv ishlarini o’ylab, yuzida paydo bo’lgan kulimsirash bilan uyquga ketardi. Taqdiriga yozilgan yilda to’rt yuz rubllik nasibasi uchun rozi bo’lib yashayotgan odamning sokin hayoti shu tariqa o’tayotgan edi. Balki yozuvchilarning, tahrirchi, rahbar yordamchilari, rahbarlarning, hech kimdan maslahat olmaydigan va hech kimga maslahat bermaydigan donishmandlarning, ya’ni istalgan bir mansabda faoliyat olib borayotgan xizmatchilarning hayot yo’llariga sochib qo’yilgan falokatlar bo’lmasa edi, ularning ham hayoti aynan Akakiy Akakiyevichniki kabi bo’lardi.
Yilda to’rt yuz rubl foydaga ega bo’luvchi har kimning Peterburgda ayovsiz bir dushmani bordir. Bu dushman inson salomatligi uchun foydali ekanligi ko’p takrorlanuvchi mashhur shimol izg’irinidir. Erta tong soat to’qqizda, ya’ni ishga shoshilayotgan insonlar ko’chani to’ldirgan bir vaqtda bu izg’irin hech kimni saralab o’tirmay, hammaning burnini chimchilashga tushadi. Bechora xizmatchilar shu paytda burunlarini qayerga berkirishni ham bilmay qoladilar. Bunday holatlarda yuksak mansab egalarining ham sovuq tufayli peshonalari muzlab qolar, ko’zlaridan yoshlar oqarkan, bechora oddiy xizmatchilar butunlay himoyasiz qolardi. Ularning yagona choralari idoraga yetib olish uchun o’rtadagi besh yoki oltita ko’chani eskirgan, yupqa paltolarining ichida, mumkin qadar tez bir shaklda bosib o’tishi hamda qorovulning xonasiga kirib olish edi. Ular bu xonada yo’lda butunlay muzlab qolgan oyoqlarini cho’zib o’tirishar, xuddi oyoqlari kabi sovuqdan ishlamay qolgan qo’llarini isitishga urinar edilar.
Akakiy Akakiyevich ham idoraga yetib olishi uchun yo’lda qanchalik tez harakatlanmasin, baribir yelkalari va beli muzlab qolganini his qilardi. So’ngra muammo shinelida emasmikin degan fikr keldi hayoliga. O’sha kun uyga qaytgach shinelini obdon ko’zdan kechirdi va yelkasida, orqa qismida ikki yoki uchta joyni xuddi g’alvirdek holga kelib qolganini o’zi uchun kashf qildi. Shinel shu qadar yupqalashgan ediki, narigi tarafni bemalol ko’rish mumkin edi. Shinelning astari ham o’z vazifasini allaqachon bajarib bo’lgandi. Shu o’rinda Akakiy Akakiyevichning shineli hamkasblari orasidagi mazaxlarga ham mavzu ekanligini aytib o’tish kerak. Ularning hammasi bu xarob holatdagi mato parchasini “shinel” nomiga munosib emas, uni “tungi kiyim” deb atasa ham bo’laveradi degan fikrda edilar. To’g’risi ham Akakiy Akakiyevichning shinelini shinel deb bo’lmasdi. Boshqa joylariga yamoq solish uchun mato shu shinelning o’zidan olingani uchun shinel har yili biroz kichrayib borardi. Ham bu yamoqlar mahoratli bir tikuvchi tomonidan solinmagan, bir qarashda ko’ngilga xush yoquvchi emasdi albatta. Ular qo’pol va g’alati ko’rinardi. Muammoni nimada ekanini tushunib yetgan Akakiy Akakiyevich shinelni Petrovichga olib borishga qaror qildi. Petrovich to’rtinchi qavatda yashaydigan tikuvchi edi. U yerga orqa tarafdagi zinalardan chiqilardi. Bir ko’zi ko’r, yuzida yaralardan qolgan izlar borligiga qaramay, bu tikuvchi palto va jiketlar ta’mirlashda usta edi. Uning ustaligi hushyor bo’lgani va zehnini band qilgan hech qanday muammosi yo’qligida edi. Tikuvchi haqida uzundan-uzun ma’lumot berishni albatta keragi yo’q, lekin hikoya qahramonlarining xarakterlari haqida gapirish an’ana tusiga kirgan ekan, Petrovich haqida ham ikki og’iz so’z aytishni lozim ko’rdik.
Avvallari unga faqat Grigoriy deb xitob qilinardi. Bir paytlar kimnidur qo’lida xizmatkor bo’lgan. Ozodligiga erishgandan so’ng bayramlarda bo’kkuncha ichadigan odat chiqardi va endi uni Petrovich deb atay boshladilar. Avval katta bayramlarda mast bo’lguncha ichardi, keyinchalik katta yoki kichik demay, taqvim sahifalarida qaysi kunning yoniga xoch belgisi qo’yilgan bo’lsa, o’sha kuni ichkilikka to’yardi. Bu ishi bilan uning oilaviy an’analarga sodiq qolganini, otalarining izidan borayotganini aytishimiz mumkin. Xotini bilan bo’lgan dahanaki janglarda uni “moddiyatchi xotin” yoki “nemis xotin” deya so’kardi. Petrovichning xotinini yodga oldik, endi u haqida ham biroz gapirish shart bo’ldi bizga. Bu xotin haqida qo’lga kiradigan ko’p ma’lumotiz yo’q va bilganlarimizni aytadigan bo’lsak, bu ma’lumotlar shundan iborat: Petrovichning bir xotini bor edi, ro’mol o’ramasdi, tillarga doston bo’lgan chiroyi ham yo’q edi. Ochiqchasi, burama mo’ylovli, o’xshamagan ovozga sohib qo’riqchi askarlardan boshqa hech kim unga qiyo boqmasdi.
Akakiy Akakiyevich Petrovichlarning uyiga olib chiquvchi zinalarga qadam qo’yarkan (lekin uning haqqini berishi kerak, Peterburgdagi hamma uylarning zinalari kabi bu zinalar ham loyga botgan va badbo’y xid kelmoqda edi)… nime deyotgandik… Akakiy Akakiyevich zinalardan ko’tarilarkan, bu ish uchun Petrovich qancha so’rashini tahmin qilishga urinar va o’z-o’ziga ikki rubldan ortiqcha bermaslik kerak deya takrorlardi. Petrovichning xotini baliq qovurayotganligi uchun uy eshigini lang ochib qo’ygandi. Oshxona shunday tutunga to’lgandiki, atrofda bemalol kezib yurgan suvaraklarni ham payqash mumkin emasdi. Akakiy Akakiyevich uy bekasiga ko’rinmasdan oshxonadan o’tib, koridorning oxiridagi xonaga kirdi. Petrovich keng yog’och stulda xuddi turk poshsholari kabi chordana qurib o’tirardi. Oyoqlari yalang’och holda bo’lgani uchun Akakiy Akakiyevichning ko’zi tushgan ilk narsa Petrovich oyog’ining bosh barmoqlari bo’ldi. Bu barmoqni u avval ham ko’rgandi. Mazkur barmoqning tirnog’i juda ham ko’rimsiz, xuddi toshbaqaning kosasi kabi edi. Petrovichning bo’ynida o’ram ip o’rami osilib turar, quchog’ida eski popukli ko’ylak bor edi. Necha daqiqalardan beri ipni qo’lidagi ignaga o’tkazishni uddalay olmay o’tirardi. Bu ishni bajara olmagani uchun qorong’ulikni va qo’lidagi ipni so’kish bilan ovvara edi:
-Ax yovvoyi, o’tmayapsan, meni ovvora qilyapsan sen muttaham!
Petrovichning kayfiyati yo’q paytda kirganini bilib Akakiy Akakiyevichning ham yuragi siqildi. U ishini Petrovichning kayfi chog’ bir paytda yoki xotinining tili bilan aytsak “bir ko’zli shaytonning aqli joyida bo’lgan vaqtda” qildirmoqchi edi. Agar bu ishni ana shunday paytda aytganida bormi… Petrovich u bergan pulni shunchaki olmas, balki yerga qadar egilib, tashakkurlar ustiga tashakkurlar aytib olgan bo’lardi. Garchi keyin xotini kelib eri mast bo’lgani uchun arzon savdolashganini aytib zorlanardi, ammo uni o’n tiyin bilan tinchitsa bo’lardi. Lekin o’sha kun Petrovichning kayfiyati rasvo edi, shuning uchun undan xushmuomalalik kutib bo’lmas, kelishish ham qiyin bo’lardi. Kim biladi deysiz, shineliga yamoq solib bergani uchun undan qancha pul olar ekan. Akakiy Akakiyevich vaziyatni tushungach, darhol ortiga qaytib ketmoqchi bo’ldi. Ammo endi kech bo’lgandi. Petrovich ko’rish qobiliyatiga ega yagona ko’zi bilan Akakiy Akakiyevichga boshdan oyoq razm soldi va bechora xizmatchimiz ham istamagan holda gap boshlashga majbur bo’ldi.
-Salom Petrovich!
-Salom! –dedi Petrovich ham, nima olib kelganini anglamoq uchun Akakiy Akakiyevichning qo’llariga tikilib qararkan.
-Men senga Petrovich… haligi… mana buni…
Akakiy Akakiyevich ko’p hollarda uzrlar bilan, bahonalar va hech qanday ma’no tashimagan so’zlar bilan gapirar edi. Agar majburlikdan gapirayotgan bo’lsa, gapirayotgan jumlalarini yarim holatda talaffuz qilar va bu narsa unga xos bo’lgan odatlardan edi. Shu sababli, ko’pincha gapini “shuning uchun”, “o’zingiz bilganingizdek…” kabi jumlalar bilan boshlar, davomida esa hech narsa gapirmasdi. Ishning yomon tomoni shu ediki, Akakiy Akakiyevich bunga e’tibor bermas, gapirishi kerak bo’lgan hamma gapni gapirib bo’ldim deb o’ylardi.
-Nima bo’ldi? –deb so’radi Petrovich.
Shu asnoda yagona ko’zi bilan Akakiy Akakiyevichning egnidagi maxsus formaning yoqasidan tortib qo’llarigacha, yelka qismi va orqa taraflariga , tugmalariga sinchiklab nazar solardi. Hammasi o’zining mehnat mahsuli bo’lgani uchun juda ham tanish ko’rinardi. Bu holat aslida tikuvchilarga xos odatdir. Birontasi bilan ko’rishib qolganda qiladigan ilk ishi shudir.
-Bunga qara Petrovich… shinel, ko’rib turganingdek, qolgan joylari aslida sog’lom… biroz chang bo’libdi, shunga eskidek ko’rinyapti, aslida yangi… haligi… faqatgina bir joyida biroz… orqasida, yana yelka qismida kichik bir teshik bor… haligi… narigi yelkasida ham bor, kichkinagina lekin… ko’rdingmi? Hammasi shu. Ortiqcha ishi yo’q aslida…
Petrovich “tungi ko’ylakni” qo’liga oldi, avval uni stolning ustiga yoydi, uzoq-uzoq tikildi, boshini sarak-sarak qildi va qopqog’iga bir generalni rasmi tushirilgan yumaloq nonqovog’ini olish uchun deraza tokchasiga qo’l cho’zdi. Rasmdagi generalning kim ekanligini bilib olish mumkin emasdi, yuzi joylashgan qism teshilib qolgan, bir qog’oz parchasi bilan yamab ham qo’yilgandi. Bir chekim nosni og’ziga solgandan so’ng Petrovich ikki qo’li bilan shinelni yaxshilab tekisladi, yuqoriga ko’tardi, chiroqqa to’g’rilab razm soldi va yana boshini sarak-sarak qildi. Keyin astarini ko’rish uchun shinelni ters o’girdi va yana boshini sarak-sarak qildi. Takror qog’oz yopishtirilgan generalning rasmi tushirilgan qopqoqni ochdi, burniga yaqin olib kelib hidladi, qopqoqni yopdi, nosqovoqni bir chetga qo’ydi.
-Yo’q, buni ta’mir etishning imkoni yo’q. Eski bu, axlat bu!
Bu so’zlarni eshitib Akakiy Akakiyevichning yuragi to’xtab qolay dedi.
-Nega imkoni bo’lmas ekan Petrovich? –deb so’radi yosh bola kabi ezmalik bilan, -faqatgina yelkalari biroz yirtilibdi… haligi… nima qilibdi, senda kichik mato parchalari topiladi-ku yamoq uchun…
-To’g’ri, mato parchalari topilishga topiladi, ammo bu shinelingni ortiq tikib bo’lmaydi. Allaqachon chirib bo’lgan bu, ignani bunga tekkizib bo’lmaydi. Tekkizgan zahoting parcha-parcha bo’lib ketadi.
-Mayli parchalanaversin, sen yana yamab beraverasan.
-Yamoq solib bo’lmaydi bunga, yamoq solinadigan ahvolda ham emas. Juda eskirib ketibdi. Shinellik holi qolmabdi. Yamoq solsam ham eng yengil shamolda har yoqqa sochilib ketadi.
-U holda qanday bo’lsa ham to’g’rilasang… Bunga aminman… to’g’risi… bu…
-Yo’q, -dedi Petrovich qat’iy bir ohangda, -to’g’rilaydigan joyi yo’q, shinellik holi qolmabdi buni. Menga qolsa buni uzun-uzun qilib kesib, oyoqqa o’raydigan biron nima qil yaxshisi. Bu sovuqlar biroz bosilgach, oyog’ingni issiq tutadi hech bo’lmasa. Paypoqlar hech bir ishga yaramayapti. O’zi paypoq degani nima o’zi? Ko’zi och nemis millati ikki tiyin ko’proq topish uchun shu paypoq degan narsani o’ylab topdi (Petrovich nemislarni yomon ko’rar, ular haqida ig’vo qilish uning sevimli yumushi edi). Shinel masalasiga kelsak, yangi bir shinel tiktirishingizga to’gri keladi.
“Yangi” so’zini eshitar-eshitmas Akakiy Akakiyevichning ko’z oldi qorong’ilashdi, xonadagi hamma narsa, barcha jihozlar uning atrofida aylana boshladi. Endi uning ko’zlari nosqovoqning qopqog’i ustidagi generalning yuzini to’sib turgan qog’ozdan boshqa narsani ko’rmayotgan edi.
-Yangi shinelmi? –deb so’radi sodir bo’lgan voqealarning barini yomon bir tush deb o’ylab, -buning uchun yetarli pul yo’q menda.
-Ha, yangi shinel, -insonni daxshatga tushiruvchi bir sovuqqonlik bilan takrorladi Petrovich.
-Mayli… yangi shinel tikish… yangisi qancha bo’ladi?
-Narxi qancha bo’lishini so’rayapsizmi?
-Ha.
-Eng kami yuz ellik rubl bo’ladi, -dedi Petrovich va oshkora ravishda labini burdi. Bu odam gaplari bilan kishini dovdiratib qo’yishni, keyin ko’z qiri bilan sherigining yuz ifodasi o’zgarishini tomosha qilishni xush ko’rardi.
-Bitta shinel uchun yuz ellik rublmi? –baqirib yubordi bechora Akakiy Akakiyevich. Balki umrida ilk bor baqirishi edi bu. Zero, bu inson ovoz pardalarining juda pastligi bilan tanilgan ham edi.
-Ha, -dedi Petrovich, -tabiiyki mehnat haqqi siz shinelni qanday ko’rinishda istashingizga qarab o’zgaradi. Agar yoqasiga mo’yna qo’ysam, ipak astarli bir kapishon ham qo’shsam, unda narxi ikki yuz rublga ko’tariladi.
Akakiy Akakiyevich Petrovichni na eshitardi va na eshitishni xohlardi. Yig’lamsiragan bir holatda shunday dedi:
-Petrovich, iltimos… bir narsa qilib to’g’rilab ber shuni, hech bo’lmasa yana bir muddat korimga yarasin.
-Mumkin emas! Bu vazifasini bajarib bo’libdi axir. Endi bu uchun qilingan mehnat ham, sarflangan pul ham foyda bermaydi, -deya javob berdi Petrovich.
Bu so’zlarni eshitgan Akakiy Akakiyevich parishon bir holda u yerda chiqib ketdi. Petrovich esa Akakiy Akakiyevich ketgandan so’ng ham lablarini burgancha ancha vaqt shunday turdi. U bir tarafdan mijoz oldida past ketmagani uchun, ikkinchi tarafdan tikuvchilik san’atining sharafini ko’targani uchun hursand edi.
Akakiy Akakiyevich ko’chaga chiqqandan so’ng ham ko’rayotgan yomon tushdan hali ham uyg’onmagandek edi go’yo.
-Buni qarang! –deya o’z-o’ziga gapira boshladi, -bunday bo’lishi hayolimga ham kelmagandi… Buni qarang!
Bir on sukut saqladi va yana o’ziga-o’zi gapirishda davom etdi:
-Buni qarang! Nima istagandim, nimani topdim! Yo Tangrim!
Uzoq vaqt jim yurgandan so’ng yana gapirishni boshladi:
-Bu ishni qara! Bunday bo’lishini tahmin ham qilmagan edim… bular… kimni ham aqliga kelardi… qanday ham yomon vaziyat…
Shularni takrorlar ekan, uyi tomon yurish o’rniga, nima qilayotganini bilmagan bir holatda umuman teskari tarafga qarab ketayotgandi. Yo’lda bir mo’ri tozalovchi bilan to’qnashib ketdi va butun yelkasi qora qurumga bo’yaldi. Qurilish bo’layotgan binoning yonidan o’tayotganida ustiga tepadan ohak to’la idish tushib ketdi. Ammo Akakiy Akakiyevich bularni hech birini sezmadi ham. Birdan yana qo’riqchiga to’qnashib ketdi. Qo’riqchi qurolini bir chetga qo’yib, qadoq qo’llari bilan tamaki to’ldirayotgandi. Qo’riqchi:
-Ey, nega yo’linga qaramaysan, senga yurish uchun boshqa yo’l topilmadimi? –deya baqirishga tushdi. Akakiy Akakiyevich o’ziga keldi, atrofiga qaradi va uyi tomonga yo’l oldi. U endi hayollarini jilovlay olgandi, o’z-o’zi bilan endi do’sti bilan dardlashganday gaplasha boshladi:
-Yo’q, yo’q… Petrovichning yoniga bugun borish xato edi. U harholda… xotini bilan janjallashgan bo’lsa kerak. Yaxshisi men yakshanba kuni boraman uni oldiga. Shanba kuni kechasi to’yib ichadi va ertasi tongda o’ziga kelib ulgurmagan bo’ladi. O’ziga kelishi uchun yana ichishi kerak, ammo xotini bunga ruxsat bermaydi. Huddi shu vaqtda borib qo’liga o’n tiyinlikni tutqazsam bormi, darhol yuvosh tortadi va balki shinelni…
Qabul qilgan bu qarori natijasi o’laroq Akakiy Akakiyevich yakshanba kunini kuta boshladi. Yakshanba tongda tikuvchining xotinini uydan chiqib ketayotganini ko’rdi va Petrovichning uyiga yugurdi. Tahmin qilgani kabi u shanba kuni bo’kkuncha ichgan va hozir ham hushiga kelmagandi. Yagona ko’zini pirpiratar, boshini tik ushlab turishni eplay olmayotgandi. Akakiy Akakiyevichni nima masalada kelganini anglagach yana qaysarlik qila boshladi:
-Mumkin emas, yangi shinel tiktirishing kerak.
Akakiy Akakiyevich darhol uni qo’liga o’n tiyinlik tutqazdi.
-Rahmat sizga, bir qadahni sizning sog’ligingiz uchun ichaman, -dedi Petrovich, -Yangi shinel masalasida aslo havotir olmang. Eskisi endi hech narsaga yaramaydi. Siz uchun, obro’yingizga yarashadigan bir shinel tayyorlayman. Menga ishonishingiz mumkin.
Akakiy Akakiyevich yangi shinel tayyorlash o’rniga eskisini ta’mir etish haqida so’z ochgan bo’lsa ham Petrovich uni tinglamadi.
-Yangi bir shinel… Sizga albatta yangi shinel tayyorlayman, menga ishoning, qo’limdan kelganini qilaman. Hatto zamonaviy uslubda ham tikishimiz mumkin. Masalan, kumush rangli yoqa qo’yamiz, sirli cho’ntaklar qo’yamiz, -dedi Petrovich.
“Yangi shinel” balosidan qochiq qutula olmasligini tushungan Akakiy Akakiyevichni yana yuragi siqildi. Qanday to’laydi haqqini, qaysi pulni beradi? To’g’ri, yaqinda bayram sababli qo’shimcha mukofot puli oladi, shu pulga ishonish mumkin. Lekin bu pulni qayerga sarflash allaqachon belgilangandi. Bir nechta yangi shim olishi kerak, etigini tepasini yangilab bergan etikdo’zga qarzini berishi kerak (o’zi juda kechikib ketdi), uchta ko’ylak va yana (bu yerda aytish noqulay bo’ldi) ichki kiyim sotib olishi kerak. Qisqasi bu pulni hammasi tugaydi shu bilan. Agar rahbar sahiylik qilib mukofot pulini qirq rubl o’rniga qirq besh yoki ellik rubl berganda ham, xarajatlardan juda kam pul ortib qolar, bu pul esa yangi shinel tayyorlatish uchun kerak bo’lgan miqdor oldida dengizdan tomchi kabi edi. Garchi Petrovich mehnat haqqini belgilashda insofsizlik qilayotganini Akakiy Akakiyevich ham bilardi. Hatto bunday paytlarda Petrovichning xotini o’zini bosolmay, “sen aqlingni yeb qo’yibsan ahmoq, boshqa payt bunday ishlarni tekinga qilardi, endi esa bir dunyo pul istayapti, seni o’zingni narxing ham bunchalik emas” deb janjallar ko’targanini eshitgan edi. Boshqa tarafdan qaralsa, Petrovichni shinelni sakson rublga tikib berishga rozi bo’lishini ham bilardi, ammo shu sakson rublni qayerdan topishni bilmasdi. Bu pulni yarmini topishi mumkin, balki yarmidan biroz ko’proq ham topardi, lekin qolganini qayerdan oladi?... Faqat hammasidan avval shu qirq rublni xizmatchimiz qayerdan topishi mumkinligini o’quvchilarga aytib o’tishimiz kerak. Akakiy Akakiyevichning ajoyib odati bor edi, ya’ni sarflagan bir rubl puli uchun yarim tiyin pulni maxsus teshikcha ochib qo’yilgan, kalitli qutichaga tashlab qo’yardi. Har olti oyda bu qutichani ochar, pullarni hammasini to’plab kumush tangalarga aylantirib qo’yardi. Bu ishni boshlaganiga ancha vaqtlar bo’lgan, bir necha yil ichida bu pul qirq rublni tashkil etgan edi. Ya’ni shinel uchun kerakli pulning yarmi qo’lida, ammo qolgan yarmini qayerdan topadi? Yana qirq rubl pulni qayerdan topsa bo’ladi?
Akakiy Akakiyevich o’yladi… o’yladi… va nihoyat kunlik sarf-xarajatlarni kamaytirish kerak degan qarorga keldi, eng kamida bir yil shunday qilishi shart. Oqshomlari choy ichmaydi, sham ham yoqmaydi, agar ish qilishi kerak bo’lib qolsa uy sohibasining xonasiga boradi va o’sha yerdagi sham yorug’ida ishlarini bitiradi. Ko’chada yurganda og’irligini oyoqlariga bermasdan, oyoq uchida yuradi, qadamlarini yo’lning tekis qismiga tashlaydi. Shu orqali oyoq kiyimining tovonlari uzoqroq muddat xizmat qilardi. Kir bo’lgan kiyimlarini endi kamroq yuvadi, shu bilan kiyimlar ham kamroq yirtiladi. Uyga kelishi bilanoq eskirmasligi uchun kiyimlarini darhol yechib qo’yadi, uyda ancha yillardan beri xizmat qilib kelayotgan paxtali tungi kiyimlarini kiyib yuradi.
To’g’risi, boshda bularga o’rganish Akakiy Akakiyevich uchun ancha qiyin bo’ldi. Ammo biroz vaqt o’tib hammasiga bir-bir ko’nikdi va ishlar joyiga tushib ketdi. Hatto kechalari och-nahor uyquga ketish uning uchun muammo tug’dirmay qo’ydi. Balki uning qorni to’ymasdi, ammo hayollarini band qilgan “kelajakda sohibi bo’ladigan yangi shinel” uni ovuntirardi. Go’yo hayotidagi eng katta bo’shliq to’ldirilardi, go’yo uylangandek edi, go’yo yonida har vaqt birga bo’ladigan insoni bordek edi, endi yolg’iz emasdi, go’yo turmush o’rtog’i hayoti davomida doim birga bo’lishga rozi bo’lgandek edi. Tushunib turganingizdek, bu turmush o’rtoq qalin va chidamli shineldan boshqasi emasdi. Oldiga aniq maqsad qo’ygan har bir inson kabi u ham qarorli edi. Nima istayotganini va buning uchun nimalar qilishi kerakligini yaxshi bilardi. Hayotidagi bu o’zgarishlar yuzidan va harakatlaridan bilinib turardi: endi u doim havotirda yuradigan, beqaror inson emasdi. Vaqti-vaqti bilan uning ko’zlarida otash porlardi, hatto zehnida avvallari o’ylashga ham jur’ati yetmaydigan fikrlar charmoq kabi chaqnar edi. Rostdan ham, nega endi shinelning yoqasiga suvsar mo’ynasi qo’yilmasligi kerak? Zehni doimo “yangi shinel” bilan mashg’ul bo’lgani uchun ishiga yetarlicha e’tibor bermay qo’ydi. Bir safar qog’ozga yozar ekan, avval hech qilmaydigan ishini qildi, xato yozib qo’ydi. O’zi ham buni tushungach “Ax!” deb baqirib yubordi va darhol xato so’zning ustiga chiziq tortdi.
Oyda eng kami bir marta shinel haqida gaplashish uchun Petrovichning yoniga borardi. Materialni qayerdan olgani yaxshi, qaysi rangli material olgani ma’qul, bunga qancha pul ketadi… Uyga qaytgach shinelni tiktirish vaqti tez orada kelishini, kerakli qismlarini sotib olishini va shinelni ertami kech baribir tikilishini o’ylash uni hotirjam qilardi. Ishlar tahmin qilganidan ko’ra tezlashdi. Kutilganidek rahbar Akakiy Akakiyevichning mukofot pulini qirq besh yoki ellik rubl qilib emas, naq oltmish rubl qilib belgiladi. Bu holatda rahbar Akakiy Akakiyevichni yangi shinelga ehtiyoji borligini bilganmi, yoki bir bir tasodifmi bilmaymiz. Sababi nima bo’lishidan qat’iy nazar Akakiy Akakiyevichning qo’lida ortiqcha yigirma rubl paydo bo’ldi. Bu kutilmagan mablag’ ishlarni yanada tezlashtirdi. Yana ikki-uch oy qiyinchilikdan so’ng Akakiy Akakiyevich kerakli sakson rubl pulni topishni uddasidan chiqdi. Shu kunga qadar sokin-sokin urgan yuragi, bugun tashqariga intilgan kabi ura boshladi.
Darhol Petrovich bilan bozorga borib shinel tayyorlash uchun eng go’zal materialdan sotib oldilar. Ochiqchasi, olti oydan beri shu mavzu haqida o’ylaganlari, tez-tez bozor aylanib materiallarning narxi va sifati haqida ma’lumotlar to’plaganliklari uchun bu ish ularga qiyinchilik tug’dirmadi. Petrovich materiallarning eng a’losini olganliklarini aytdi. Astar uchun sifatli va toza bir paxtali bo’z tanladilar. Petrovichning aytishicha, buni ipak astar bilan tenglashtirsa arzirdi. Ko’rinishiga ko’ra ham undan ortiqrog’ini topib bo’lmasdi. Suvsar mo’yna olmadilar, chunki juda ham qimmat edi. Ammo uning o’rniga echki terisini tanladilar, do’kondagi eng yaxshi echki terisi shu edi. Shundoq ham uzoqdan qaralsa suvsar mo’ynaga o’xshab ketardi. Ortiqcha ishlov bergani uchun (bo’lmasa undan ham avvalroq bitardi) Petrovich shinelni ikki haftada tayyor qildi. Tikib bergani uchun o’n ikki rubl haq oldi, bundan oz haqqa rozi bo’lmasdi. Ipak iplar bilan ikki martalab tikib chiqdi va har bir tugunlarini tishlari bilan mustahkamlab chiqdi axir.
Va…nihoyat bir kuni Petrovich shinelni tamomlab, sohibiga topshirdi. O’sha kunni aynan ta’riflash juda qiyin, ammo shuni aytish mumkinki, u kun Akakiy Akakiyevichning hayotidagi eng quvonchli kun edi. Petrovich shinelni erta tongda, aynan idoraga yo’l olishga tayyorgarlik ko’rayotgan vaqtda keltirdi. Bundan a’loroq vaqt bo’lishi mumkin ham emasdi. Qahraton izg’irin o’zini his ettirishni boshlagan va insonlar havoning yana ham sovub ketishini tushunib turishgandi. Petrovich ham mashhur usta tikuvchilar kabi o’z ishini shaxsan o’zi keltirgandi. Yuzida Akakiy Akakiyevich avval hech ko’rmagan g’urur balq urib turgandi. Ulkan bir ishni bajarganligi va qo’lida turgan mana shu “shoh asar” tufayli, astar tikish, kiyim ta’mirlashdan nariga o’tmagan tikuvchilar bilan “haqiqiy” tikuvchilarning farqini ko’rsatib qo’ygandek his qilardi o’zini. Kiyim tozalashdan endigina kelgan, gulbandlarga o’ralgan shinelni asta-sekin chiqardi hamda gulbandni (keyinchalik yana ishlatish uchun) cho’ntagiga soldi. Shinelni chiqargach, yana bir marta yuksak g’urur bilan o’z asarini tomosha qildi. So’ngra ikki qo’li bilan Akakiy Akakiyevichning egniga kiydirdi, bir necha marta tepa tarafga qarab tortdi, qo’li bilan orqa taraflarini to’g’riladi. Bir muddat Akakiy Akakiyevichning egnida tugmalari qadalishga ham ulgurmay turgan asarini kuzatdi. Akakiy Akakiyevich ham shinelni egnida ko’rishni istadi aslida. Petrovich yana unga qaralashmoqchi bo’ldi, tekshirdilar, qo’llari ham aynan o’ziga loyiq. Qisqasi shinel aynan Akakiy Akakiyevichning o’lchamida edi. Fursatdan foydalanmoqchi bo’lgan Petrovich kichik bir ko’chada yashagani, tikuvchilik do’koni bo’lmagani, qolaversa Akakiy Akakiyevichni avvaldan tanigani uchun bu qadar arzonga tikkanini, agar ayni shu shinelni Nevskiy Bulvardagi boshqa biror tikuvchiga tayyorlatganda tikish uchun yetmish besh rubl pulini olishlarini aytib o’tdi. Akakiy Akakiyevich bu mavzuda Petrovich bilan tortishishni istamasdi, chunki u talaffuz etishni xush ko’ruvchi qo’rqinchli raqamlardan juda ham qo’rqardi. Haqqini to’ladi, tashakkurlar aytdi va egnida yangi shineli bilan idoraga yo’l oldi. Petrovich tashqariga chiqib ko’chada to’xtadi, Akakiy Akakiyevichni orqasidan qarab uzoq-uzoq shinelni kuzatdi. Keyin yon tarafdagi ko’chadan Akakiy Akakiyevichning yo’lini kesib chiqdi va shinelni endi o’ng tarafdan kuzatib turdi. Bu paytda esa xizmatchimiz bayramga chiqqan yosh boladay hursandchilikdan uchib ketayotgandi go’yo. Har qadam tashlaganida egnida yangi shinel borligini o’ylab ich-ichiga sig’mayotgandi. Hatto yuragida to’lqinlanayotgan hursandchilik sababli, yurib ketayotgan paytda bir necha marta kulimsiradi. Ahvoliga qayg’urishi uchun hech qanday sababi yo’q edi: shineli uni issiq saqlayotgandi va haqiqatdan ham ko’rkam shinel edi.
Qancha yo’l yurganini anglab ham ulgurmay o’zini idorada ko’rdi. Garderobxonada shinelini yechdi, uning har tarafiga bir karra ko’z tashladi, so’ngra uni garderob xizmatchisining saranjomlikka o’rgangan qo’llariga topshirdi. Qandayligini bilmadik, ammo idoradagi hamma Akakiy Akakiyevichning yangi shinel kiyganini, eski “tungi ko’ylak” yo’qolganini darhol sezdilar. Hamma bir zumda yangi shinelni ko’rish uchun garderobxonaga yopirildi. Shunday bir jo’shqinlik bilan qarshi oldilarki Akakiy Akakiyevichni, tabriklarni mayin kulimsirashlar bilan qabul qilgan xizmatchimiz bir oz vaqtdan so’ng uyatdan siqilishni boshladi. Uning yoniga kelganlarning hammasi yangi shinelni “yuvish” kerakligini aytishardi. Hech bo’lmaganda ularning hammasini oqshom payti choy ichishga taklif qilishi kerak. Akakiy Akakiyevichning hayajonlangandan tili tutilib qoldi. Ularga nima deb javob qilish kerakligini, bu holatdan qanday qilib chiqib ketish mumkinligini bilolmay qoldi. Bir necha daqiqadan so’ngra qizargan holda, atrofidagilarga buni yangi shinel emasligiga, ya’ni u qadar yangi hisoblanmasligiga ishontirishga urinib ko’rdi. Oxiri xizmatchilardan biri, yana ham to’g’rirog’i rahbarning yordamchilaridan biri o’zida zarra qadar kibrlanish asorati yo’qligini, lekin o’zidan yuqori mansablardagi insonlar bilan ham vaqtini o’tkaza olishini jumla olamga bildirib qo’ymoqchidek gap boshladi:
-Ha mayli, mayli. Akakiy Akakiyevichning o’rniga men sizlarni taklif qilaman. Bu oqshom hammangizni o’z uyimda kutaman. Ham tasodifni qarangki, bugun mening tug’ilgan kunim.
Barcha xizmatchilar rahbar yordamchisini tavallud ayyomi bilan tabriklashar ekan, qilingan taklifni ham bajonidil qabul qildilar. Akakiy Akakiyevich bahonalar qilib kelolmasligini aytmoqchi edi, lekin barcha hamkasblar bir ovozdan bu ishi o’ta behurmatlik bo’lishini, taklifni rad etmasliklarini qat’iy turib tushuntirishgach, ilojsiz rozi bo’ldi. Hatto keyin shu taklif tufayli oqshom payti shinelini kiyish uchun fursat tug’ilganligini o’ylagach, taklifni qabul qilgani uchun sevindi ham.
O’sha kun Akakiy Akakiyevichning eng hayajonli kuni edi. Uyiga so’ngsiz baxtiyorlik tuyg’ulariga cho’mgan holda qaytdi, shinelini yechdi, ehtiyotkorlik bilan devordagi ilgakka osdi. Hayronlik bilan ham materialiga, ham astariga diqqat bilan razm soldi. So’ngra solishtirish uchun avvallari shinel o’rnida kiyib yurgan, abgor holatdagi “tungi ko’ylakni” yoniga keltirdi. ikkisini diqqat bilan kuzatgandan so’ng birdan qahqah otib yubordi: Tangrim! Ikkisini orasida tog’lar qadar farq bor! Hatto bir oz fursat o’tgach, ovqatlanish uchun o’tirgan vaqtida ham “tungi ko’ylakning” hozirgi holati ko’z oldiga kelib kulishni davom ettirdi. Hursand bir holatda ovqatini yedi va ovqatlanishdan so’ng bir satr ham narsa yozmadi. Buning o’rniga biroz yotib dam olishni afzal bildi. Oqshom payti bo’lgach o’rnidan turdi, kiyindi, shinelini egniga ildi va ko’chaga chiqdi.
Afsuski, uyiga taklif etgan xizmatchini aniq qayerda yashashini aytib berolmaymiz, chunki xotiramiz bizga pand berishni boshladi. Peterburgda joylashgan hamma narsa, barcha ko’chalar, butun uylar aqlimizda shunday qorishib ketganki, natijada biron joyni manzilini aniq ayta olishimiz iloji yo’q. Lekin shuni aytishimiz mumkinki, rahbar yordamchisi shaharning uzoq kvartallaridan birida, ayniqsa Akakiy Akakiyevichning uyiga mutlaqo yaqin bo’lmagan bir joyda yashardi.
Akakiy Akakiyevich avval yaxshi yoritilmagan, kimsasiz ko’chalardan o’tishga majbur bo’ldi. Ammo keyinchalik rahbar yordamchisining uyiga yaqinlashar ekan jonli, gavjum va yaxshi yoritilgan ko’chalardan yurdi. Endi u har qadamida piyoda yo’lovchilarga duch kelar, hatto ularning orasida chiroyli kiyingan ayollar va mo’ynali paltolar kiygan odamlar ham ko’zga tashlanib qolardi. Bechoralar foydalanadigan taxtalari mixlar bilan qotirib qo’yilgan oddiy chanalarga deyarli duch kelmas, ularning o’rniga to’q qizil rangli qalpoqli yaxshi kiyingan aravachilar boshqarib borayotgan , ustiga ayiqning po’sti yopilgan, har yeri bezatilgan chanalarni ko’rardi. Aravachilarning o’tirgan joylari ham binoyidek bo’lgan bu chanalar qorlarni g’ichirlatgancha, ko’chalardan yelib borardi.
Akakiy Akakiyevich bularning bariga umrida ilk bor ko’rayotgandek qarardi. Kim biladi deysiz, so’nggi bor qachon oqshom payti chiqqandi. Yorug’ nur sochib turga bir do’konning vitrinasi oldida to’xtadi, bir devoriy rasmga termulib turib qoldi. Rasmda go’zal bir ayol, oyoq kiyimlarini yechayotgan payti aks etgandi, xushbichim ayolning oyoqlari to’laligicha tasvirlangandi. Orqa tarafda uzun sochli, cho’qqi soqolli bir odam boshqa xonaning eshigidan boshini suqqancha, ayolni tomosha qilardi. Akakiy Akakiyevich boshini sarak-sarak qildi va kulimsiragancha yo’lida davom etdi. U nega kulimsiradi ekan? Ajabo, har bir erkakning ichida yotgan nozik hislar unda ham uyg’onib qolgani uchunmi yoki boshqa xizmatchilar kabi “Obbo fransuzlarey! Nima ham derdik… Agar ular bir narsani haqiqatdan ham istasalar mutlaqo yetishadilar!” deb o’ylagani uchunmi… Balki bularning hech biri uning aqliga kelmadi, kim biladi yana… Nima bo’lganda ham inson ruhiyatining eng tubida nimalarni o’ylayotganini aniq aytib berish mumkin emas.
Akakiy Akakiyevich nihoyat rahbar yordamchisi yashaydigan go’zal binoga yetib keldi. Zinalar fonarlar bilan yoritilgandi, xonadon ikkinchi qavatda joylashgandi. Kiraverishda devor oldida yonma-yon turgan bir nechta etiklarga ko’zi tushdi. Ularning sal narisida bir samovar atrofga to’lqin-to’lqin bug’larini yoyib turardi. Devordagi ilgichlarga paltolar va shinellar osilgandi. Ularni orasida yoqasi qunduz mo’ynasidan bo’lganlari ham bor edi, oddiy yoqalilari ham bor. Ichkaridagi xonadan shovqin va suhbat ovozlari kelayotgandi. Birdan eshik ochilib, qo’lida patnis tutgan uy xizmatkori chiqqach, shovqin yana ham balandroq eshitildi. Pantisdagi bo’sh stakanlardan, sut idishi va shirinlik qutilaridan mehmonlarning tashrif buyurganlariga ancha vaqt bo’lganini va yengilgina tamaddi ham qilishga ulgurganlarini sezish qiyin emasdi. Akakiy Akakiyevich shinelini o’z qo’llari bilan ilgichga joylashtirib xonaga kirganda noodatiy holatga dush keldi: atrof haddan tashqari yorug’, mehmonlar soni ham anchagina, og’izlarda tamaki, qarta o’ynash uchun mo’ljallangan alohida stollar, baland ovozdagi suhbatlar, stullarning g’ichirlagan ovozlari, hammasi Akakiy Akakiyevichni bezovta qilayotgandi. U nima qilishini bilmay xonaning o’rtasida turib qoldi. Bu orada o’tirganlar Akakiy Akakiyevichni kelganini allaqachon sezishgan va hammasi birdan shinelni yana bir bor tomosha qilish uchun qo’zg’alishgandi.
Akakiy Akakiyevich bu holdan biroz hijolat bo’ldi. Ammo juda ham toza qalbli bir inson bo’lganligi tufayli shineliga ko’rsatilayotgan hurmatdan hursand edi. Qisqa bir fursat o’tgach mehmonlar Akakiy Akakiyevichni ham, shinelni ham o’z holiga qo’yib, o’yin stollari tomon yo’l oldilar. Bu shovqin-suron, gavjumlik, suhbatlar Akakiy Akakiyevich uchun begona edi. Nima qilishi kerakligini, qo’llari va oyoqlarini qayerga qo’yishni, tanasini qanday boshqarishni bilmasdi. Nihoyat qarta o’ynayotganlar yoniga bordi. Avval biroz o’yinni kuzatdi, so’ngra birma-bir o’yinchilarga sinchiklab nazar soldi, bir necha daqiqadan keyin zerikkanidan esnashni boshladi. Uning uxlaydigan vaqt allaqachon kelgandi. Uyning sohibi bilan xayrlashib, ketmoqchi bo’ldi. Lekin yangi shinel sharafiga bir qadah shampan vinosi ichmay turib hech qayerga keta olmasligini aytib, unga ruhsat bermadilar.
Bir soatdan keyin dasturxonga sabzi salati, yaxna go’sht, bo’g’irsoq va shampan vinosi keltirildi. Majburlab ichirilgan ikki qadah shampan vinosi Akakiy Akakiyevichga atrofga avvalgidan ko’ra qiziqib nazar tashlashiga sabab bo’lsa ham, soat o’n ikkiga bosh urganini va uyga ketishi kerakligini unuttira olmadi. Uy sohibi uni ketish fikridan qaytarishga urinishini bilib, unga bildirmay xonadan chiqdi. Ilgichdan shinelini izladi va uni afsuski yerda yotgan holda topdi. Qo’liga olib silkidi, yopishib qolgan chang va tuklarni tozaladi, yelkasiga ildi va zinalardan tushib ko’chaga chiqdi.
Ko’chada hamon chiroqlar porlab turardi. Xizmatchilar va maxsus mijozlar maskani bo’lgan klublarning bir nechtasi hamon ochiq edi. Yopilgan klublarning ham derazalaridan yorug’lik ko’rinib turardi. Bu esa klubda odam borligini, bu soatga qadar qayerda yurganlari xususida xo’jayinlarini havotirga qo’yayotgan xizmatkorlarning suhbati hali tugamaganini bildirardi. Akakiy Akakiyevich kayfi chog’ holatda yurib borardi ko’chada. Hatto (nima uchunligini o’zi ham bilmaydi) yonidan yashindek o’tib ketgan va har bir a’zosi insonni xirsini uyg’otuvchi bir ayolni orqasidan yugurishni boshladi. Ammo tezda o’ziga keldi, o’ziga hukmini o’tkazgan bu hayajonga qanday berilib ketganiga o’zi ham hayron holda avvalgidek sokin qadam tashlab keta boshladi. Ko’p o’tmay kunduz kuni ham serharakat bo’lmaydigan, kechalari yana ham kimsasiz bo’lgan, bo’m-bo’sh ko’chalar boshlandi. Kechaning bu vaqtida atrof har doimgidan ko’ra jonsiz va kimsasiz ko’rinar, moylari tugash arafasida bo’lgan ko’cha chiroqlari o’zlarini bazo’r yoritmoqda edi. So’ngra taxtalik chetan devorlar bilan o’ralgan uylarni ko’rdi, atrofida biror jon yo’q edi, faqatgina ko’chalardagi qorning yaltirashi va sohiblari allaqachon uyquga ketgan xarobgina kulbalarning ko’lankalari ko’zga tashlanardi. Akakiy Akakiyevich ko’chaning bepoyon maydon bilan kesishgan joyiga yaqinlashdi. Bu maydonning narigi burchagida bir nechta uylar bazo’r ko’zga tashlanardi. Bir qarashda maydon insonning tuklarini ham jimirlatib yuboruvchi cho’lga o’xshab ketardi.
Juda ham uzoqda (Xudo biladi, balki, dunyoning narigi burchagidadir) qo’riqchi kulbasidan taralayotgan nur goh ko’rinar, goh esa ko’rinmay qolardi. Akakiy Akakiyevichning kayfiyati buzildi. Yomon bir voqea bo’lishini oldindan sezayotgandek, qo’rqa-pisa maydon sari qadam tashladi. Avval qayrilib orqasiga qaradi, so’ngra yon atrofni ko’zdan kechirdi, to’rt tomonini bepoyon dengizlar o’rab olgandek his qildi.
“Yo’q, yo’q, atrofga qaramasam yanada yaxshi bo’ladi”, deb o’ylab ko’zlarini yumdi va yurishni boshladi. Maydonning oxiriga yetib kelgan yoki kelmaganini bilish uchun ko’zini ochganida qarshisida (aniqrog’i shundoqqina yonida) mo’ylovli bir to’da odamlarni turganini ko’rdi. Ularni biron narsaga o’xshatishga ulgurmadi ham. Ko’z oldi qorong’ulashdi, yuragi go’yo tashqariga otilib chiqib ketadigandek urayotgandi. Odamlardan biri Akakiy Akakiyevichning yoqasiga yopishdi:
-Hey, bu shinel meniki,- deya baqirdi.
-Yordam bering, qo’riqchi,- deb baqirishni boshladi Akakiy Akakiyevich. Shu zahoti uning burni oldida kallasidek keladigan musht kelib to’xtadi.
-Yana bir bor baqirgin,-dedi taxdid ohanggida musht o’qtalgan odam.
Akakiy Akakiyevich faqatgina shinelini ustidan yechib olishganini va tepkilashni boshlaganlarini his etdi, yuztuban qorning ustiga yiqildi va boshqa hech narsani bilmadi. Bir necha daqiqadan so’ng o’ziga keldi, oyoqqa turdi, ammo odamlar allaqachon ketib bo’lishgandi. Akakiy Akakiyevich dag’-dag’ titrayotganini, ustida shineli ham yo’qligini fahmladi va ovozi boricha baqirishni boshladi. Lekin bu holatda ovozini maydonning narigi tarafigacha yetib bormayotganini anglash qiyin emasdi. Umidsiz holda, baqirishdan bir zum bo’lsa ham to’xtamay, maydonning narigi tarafidagi qo’riqchining kulbasi tomon yugurishni boshladi. Kulbasining yonida tayog’iga suyangancha, tik oyoqda turgan qo’riqchi uzoqdan u tomon baqirgancha yugurib kelayotgan bu (Tangrining unga yuborgan jazosi bo’lgan) odamni kimligini bilish uchun unga tikilib turardi. Qo’riqchining yoniga yetar-yetmas Akakiy Akakiyevich bazo’r nafas olib dedi:
-Ko’zingni oldida odamni tunashmoqda, sen esa bu yerda uyqusirab turibsan.
Qo’riqchi esa Akakiy Akakiyevichni maydonning o’rtasida ikki odam tarafidan to’xtatilganini ko’rganligini, ammo bular do’stlar bo’lsa kerak deb taxmin qilganligini, endi u foydasiz baqir-chaqir qilish o’rniga ertasi kun mahkamaga borib militsionerlarga arz qilishi kerakligini, shinelini o’g’irlaganlar mutlaqo topilishini tushuntirdi.
Akakiy Akakiyevich parishon bir holda uyiga qaytib keldi. Boshining orqa qismida va chakkasidagina qolgan bir tutam sochi ham xarob holatda edi. O’ng, chap tarafi, ko’ksi, shimining hamma joyi qor bilan qoplangandi. Qari uy sohibasi kimdir eshikni sindirib yuboradigan darajada taqillatayotganini eshitishi bilanoq yotog’idan tezlik bilan turdi, shoshilinchda faqat bir oyog’iga shippagini kiygancha, eshikni ochish uchun yugurdi. Tungi kiyimining oldini qo’li bilan to’sgancha eshikdan mo’raladi. Qarshisida Akakiy Akakiyevichni parishon holda ko’rib, dovdiragancha bir qadam orqaga chekindi.
Akakiy Akakiyevich boshidan o’tganlarni bir-bir aytib berdi. Ayol bechora oh-voh tortgancha eshitdi. So’ngra to’g’ri tuman politsiya boshqarmasiga borishi kerakligini, agar mahalliy boshqarmaga borsa, u yerdagilar uni aldashlarini, va’dalar berib hech birini bajarmasliklarini, uni bekorga vaqtini olishlarini, shu sababli to’g’ri tuman boshqarmasiga borishi kerakligini aytdi. Ayol yana tuman politsiya boshqarmasi boshlig’ini tanishini, bir vaqtlar o’zini yonida oshpaz bo’lib ishlagan Annani hozir bshliqning uyida enaga bo’lib ishlayotganini, o’zi ham boshliqni tez-tez uylarini yonidan o’tayotgan vaqtida ko’rib turishini, bu odam har yakshanba cherkovga borib ibodat qilishini, hammaga samimiy munosabatda bo’lishini, mana shular sabab boshliqning oqko’ngilligiga ishonishini ta’kidladi. Akakiy Akakiyevich uy sohibasini o’gitlarini tinglab bo’lgach, xafa holatda o’z xonasi tomon yo’l oldi. U kechani qanday o’tkazganini taxmin qilish qiyin emas.
Ertasi kun tong sahardan politsiya boshlig’ining uyiga bordi. Ammo boshliqni hali uyg’onmaganligini aytdilar. Soat o’nda takror bordi, boshliq hamon uyquda. Soat o’n birda bordi, boshliqnining uyda emasligini aytdilar. Kunduzgi sayrga chiqqan ekan, lekin bu safar ham kutish xonasidagi xizmatchilar uni ichkariga qo’ymadilar. Boshliq bilan nima masalada gaplashmoqchi ekanligini, bu yerga kelish maqsadini, voqeani butun tafsilotlari bilan bayon qilishini qattiq turib talab qildilar. Vaziyat bunday tus olgach Akakiy Akakiyevich hayotida ilk marotaba o’ziga ishongan holda, qat’iy ovoz bilan boshliqni shaxsan o’zi bilan ko’rishishi kerakligini, bunga qarshilik ko’rsatishga ularning haqqi yo’qligini, hukumat doir masalasini muhokama qilish uchun bir davlat idorasidan yuborilganini, ularning ustidan shikoyat qilsa, kunlarini ko’rishlarini aytdi. Shundan so’ng xizmatchilar bir og’iz so’z aytishga ham jur’at qila olmadilar, oralaridan biri boshliqqa xabar berish uchun ketdi.
Boshliq shinelning o’g’irlanishi bilan bog’liq hikoyani hotirjamlik bilan tingladi. Asl masala bilan shug’ullanish o’rniga Akakiy Akakiyevichga voqeaga aloqador bo’lmagan savollar bera boshladi: nima uchun uyiga juda kech qaytayotgani, yo’qsa biron tungi ayolning uyiga ketayotganmidi, yoki voqea sodir bo’lgan vaqtda ana shunday uylarning biridan kelayotganmidi… Bu savollarni qarshisida Akakiy Akakiyevich shu qadar uyaldiki, shineli bilan bog’liq surishtiruv ishlari olib borilishi yoki olib borilmasligini ham bilmay, u yerdan ketib qoldi. O’sha kun hayotida birinchi marta ishga bormadi. Ertasi kuni yuzi dokadek oqargan holda, ustida avvalgidan ham xarob holatga tushib qolgan eski paltosida idoraga bordi. Shinelning o’g’irlanishi, garchi uni shu bilan mazax qilishga tayyor xizmatchilar bor bo’lishiga qaramay, ko’pchilikni yuragini parchaladi. Unga yordam berish uchun oralarida pul to’plashga qaror qildilar, ammo aytarlik hech qancha mablag’ to’planmadi. Chunki shu oy idora boshlig’ining portreti uchun pul yig’ishgandi, undan tashqari, yuqoridan tavsiya etilgan bir kitobni sotib olish uchun (muallif ham mana shu idorada ishlardi) ancha xarajat qilishgan edi. Shu sababli, to’plangan mablag’ni aytishga ham arzimasdi. Akakiy Akakiyevichning ahvoliga achingan xizmatchilardan biri hech bo’lmasa bir yo’l ko’rsatish orqali unga yordam berishga qaror qildi va mahalliy boshqarmaga boshmasligini aytdi. Chunki u yerdagilar o’z boshliqlariga yaxshi ko’rinish uchun shinelni topadilar va undan shinel o’ziga tegishliligini isbotlashni talab qiladilar. Yetarli darajada dalil keltira olmasa (keltira olmaydi ham) shinelni musodara qilindi bahonasi bilan o’zlashtirib oladilar. Bu holatda eng to’g’ri yo’l biron muhim shaxsga iltimos qilishdir. Chunki muhim shaxs kerakli joylar bilan yozishmalar olib boradi, kerakli kishilar bilan aloqaga chiqadi, natijada bu ishni ko’ngildagidek hal qilishini uqtirdi. Akakiy Akakiyevich chorasiz muhim shaxsning oldiga borishga qaror qildi. Ushbu muhim shaxsning aynan nima ish bilan shug’ullanishi bugungi kunga qadar noma’lumdir. Shuni aytib o’tish kerakki, bu odam muhim shaxs bo’lganiga uzoq muddat bo’lgani yo’q va avvallari muhim shaxs emasdi. Aslida o’zidan ko’ra “muhimroq” insonlar bilan solishtirilganda, bu odam juda ham “muhim” emasdi. Lekin bunday “aslida muhim bo’lmagan odamlar” ning atrofida uni muhim odam sifatida ko’rilishini ta’minlovchi shaxslar har doim bor bo’lgan.
Biz so’z yuritayotgan muhim shaxs ham o’z shaxsiyatini boshqalarning ko’z o’nggida yuksakka ko’tarish uchun qo’lidan kelgan barcha ishlarni qilmoqda edi. Jumladan, idorasiga kelganda, qo’l ostida ishlayotgan barcha xizmatchilar uni kutib olish uchun zinalarda turishini, hech kim berilgan buyruqni to’liq bajarib bo’lmagunicha uning yoniga kirmasligini buyurdi. U bilan ko’rishmoqchi bo’lgan odam masalani mohiyatini ro’yxat tuzuvchi xizmatchiga bildirishi kerak edi. Ro’yxat tuzuvchi yozuvchiga, yozuvchi tuzatuvchiga, tuzatuvchi o’zidan yuqorida kim tursa unga bildirishi kerak edi. Shu tariqa masala muhim shaxsga bildirilardi. Muqaddas Rusiyamiz mana shunday holatda, hamma buyruq berishga tirishadi, hamma o’zini buyruq beruvchi deb his qiladi. O’tgan kuni shunday bir voqeani eshitdim: bir xizmatchi kichik bir idoraga kotib etib tayinlanibdi. Darhol o’ziga alohida xona tayyorlatibdi, eshikka “bo’lim boshlig’i” degan lavha ostiribdi, eshik tagiga qizil yoqali, galstuk taqqan bir qo’riqchini qo’yibdi. Qo’riqchining ishi eshikning tutqichini ushlab turish va xonaga kirmoqchi bo’lganlarga xona eshigini ochib berishdan iborat ekan. Ishning eng qiziq tomoni, bu “boshliq xonasi” yozuv stoli bazo’r sig’adigan holatdagi kichik o’lchamli xona ekan.
Biz bilgan muhim shaxsning ko’rinishi viqorli va jiddiy, lekin juda ham murakkab inson emas. Ish uslubida talabchanlik birinchi o’rinda turadi. “Tartib, tartib va yana tartib” degan so’zni ko’p takrorlardi va so’nggi so’zni aytayotganda, hukm chiqaruvchi shaxs o’zi ekanligini ta’kidlash maqsadida suhbatdoshining ko’zlariga tik boqardi. Aslida bunday qilishi ham shart emasdi. Chunki boshliqlik qilayotgan idorasida unga bo’ysunuvchi o’nlab xizmatchilar bor edi va hammasi undan keragidan ortiq darajada qo’rqishar, birontasi uni uzoqdan kelayotganini ko’rib qolsa, hamma ishini bir chetga surib, ketgunicha unga tikilib tik oyoqda turardi. O’zidan mansabi past xizmatchilar bilan ularga tanbeh berayotgandek ohangda gaplashardi va aytadigan gaplari odatda shu uch jumla bilan chegaralanib qolardi: “Bunga qanday jur’at qildingiz? Siz kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi? Qarshingizda kim turganini bilasizmi o’zi?”
Aslini olganda u avval yaxshi odam edi: do’stlari bilan yaxshi munosabatda bo’ladigan, ularga yordam berishni xush ko’radigan. Lekin mansab uning boshini aylantirib qo’ydi. Mansabga ko’tarilishi bilan bu odamga bir narsalar bo’ldi: hayoli parishon, asablar buzilgan, qanday harakat qilish kerakligini unutgandek go’yo. Agar darajasi o’zi bilan bir xil insonlar orasiga tushib qolsa, yana tarbiyali, kibor insonga aylanar, ular bilan xushmuomalalik bilan munosabatda bo’lardi. Ammo bir pog’ona past mansabdagi odamlar orasiga kirgan zahoti umuman boshqa insonga aylanib qolardi: hech kim bilan gaplashmas, bir chekkada shunchaki o’tirardi. Atrofidagilar unga ba’zan achinib qarashardi. Aslida vaqtini ular bilan mazmunliroq o’tkaza olishini o’zi ham yaxshi bilardi. Ba’zan atrofda bo’layotgan qiziqarli suhbatlarga uning qo’shilish istagi kuchliligi ko’zlarida ham aks etardi. Lekin bu kabi hodisalar o’zining vaziyatiga to’g’ri kelmasligini, unga nisbatan betakalluf munosabatda bo’lishlari uchun sharoit hozirlab berishini va obro’siga putur yetishi mumkinligini o’ylab doim o’zini bunday suhbatlardan olib qochardi. Shu sababli jiddiy holatda ovozini chiqarmay bir chetda o’tirar, har zamonda bir-ikki so’z aytib qo’yardi. Oqibatda “juda ham zerikarli inson” degan “sharafga” erishgandi.
Do’stimiz Akakiy Akakiyevich yordam so’ramoqchi bo’lgan muhim shaxs ana shunday inson edi va u ham yordam so’rab eng nomunosib vaqtda bordi. Akakiy Akakiyevichning muammosi sababli ushbu vaqt nomunosibga aylandi, yo’qsa muhim shaxsning bekorchi vaqti g’oyatda ko’p edi. U xonasida, yillar davomida ko’rishmagan do’sti bilan maroqli suhbat qurib o’tirgandi. Shu pallada Bashmachkin ismli odamning kelganini va u bilan ko’rishishni istayotganini ma’lum qildilar.
-Kim ekan u? –deya so’radi qo’pol tarzda.
-Bir xizmatchi ekan,-degan javob oldi.
-A! Kutsin unday bo’lsa. Shu onda umuman vaqtim yo’q.
Bu yerda vaqti yo’qligini aytgan muhim shaxsning yolg’on gapirayotganini aytib o’tishimiz kerak, aslida vaqti serob edi. Do’sti bilan gaplashadigan mavzularni allaqachon gaplashib bo’lishgan va suhbat uzoq sukutlar bilan davom etayotgandi. Faqatgina har zamonda bir-birlarining tizzalariga yengilgina qo’l tashlashib, bir xil gapni takrorlashar edi:
-Shunaqa deng Ivan Abramovich!
-Shunday, shunday Stefan Barlamovich!
Muhim shaxs bir necha yil avval idoradagi ishini tashlab bu yerga ko’chib kelgan do’stiga xizmatchilar u bilan ko’rishish uchun qancha vaqt kutishi kerakligini ko’rsatib qo’yish uchun Akakiy Akakiyevichni kuttirayotgan edi. Nihoyat, do’sti bilan suhbatlashib bo’lgach, to’g’rirog’i, uzoq davom etgan sukutdan keyin oromkursiga yastanib tamaki tutatdilar. Muhim shaxs yodiga birdan bir narsa tushgandek, eshik oldida imzolanishi kerak bo’lgan hujjatlarni ko’tarib turgan kotibasiga qarab:
-Ax, bir xizmatchi kutayotgan edimi? Ayting, ichkariga kirsin, -dedi.
Akakiy Akakiyevichning g’arib holini va abgor kiyimini ko’rgach, boshliq etib tayinlanmasidan avval xonasidagi ko’zgu qarshisida turib, minglab marotaba mashq qiligan ovoz ohanggi bilan so’radi:
-Nima istaysiz?
Xonaga zotan tortinibgina kirgan Akakiy Akakiyevich bu munosabat oldida o’zini yo’qotib qo’yayozdi. Qo’lidan kelgancha, ammo har doimgidek “haligi”, “nima” degan so’zlar bilan yangi shineli haqida, uni shafqatsizlarcha o’g’irlanganini, shu sababdan o’zi kabi yuqori martabali biror odamga, masalan politsiya boshlig’iga yoki boshqa biriga shinelini topib berishlarini aytib bir ariza yozib berishini iltimos qilib kelganini aytdi. Muhim shaxs o’ziga to’g’ridan-to’g’ri qilingan bu arzni katta bir hurmatsizlik deb qabul qildi.
-Yana nimalar istaysiz janob? –dedi muhim shaxs. Siz yo’l-yo’riqlar qandayligini bilmaysizmi? Bu yerga to’g’ridan-to’g’ri shikoyat qilish mumkin deb o’yladingizmi? Bu ishlar qay tartibda amalga oshirilishini bilmaysizmi? Avval bir ariza yozib idoraga borishingiz kerak edi, arizani stol boshlig’iga berishingiz kerak edi, u bo’lim boshlig’iga, u kotibaga, kotiba esa menga berishi kerak edi.
Akakiy Akakiyevichni har yerini ter bosdi, so’nggi jasoratini to’pladi.
-Ammo janobi oliylari, sizga… haligi… bezovta qildim janobi oliylari, chuki kotibalar… haligi… ularga ishonib bo’lmagani uchun…
-Nima? Nima? –dedi muhim shaxs ovozini ko’tarib. Bu jasoratni qayerdan oldingiz? Bunday fikrlarni kim o’rgatyapti sizga? Boshliqlarga, kattalarga hurmat degan narsa qolmadi bu yoshlarda!
Muhim shaxs Akakiy Akakiyevichni ellik yoshdan oshganligini fahmlay olmadi chamasi. Chunki Akakiy Akakiyevichni “yosh” deyish uchun uni yetmishdan o’tgan odamlar bilan solishtirish kerak edi.
-Bu qanday jur’at? Siz kim bilan gaplashayotganingizni bilasizmi o’zi? Qarshingizda kim turganini bilasizmi? –bu so’zlarni aytarkan muhim shaxs oyog’ini yerga qattiq-qattiq urar va ozovi boricha baqirardi.
Akakiy Akakiyevich qo’rquvdan tosh qotdi, butun vujudi dag’-dag’ titrar, oyoqda turolmaydigan holatda edi. Agar xizmatkorlar kelib uni ushlab qolishmaganda ana shu yerga yiqilardi. Xonadan olib chiqishganda u o’zida emasdi. Muhim shaxs esa o’zi kutgandan ham ortiq ta’sir ko’rsatganidan, bir baqirish orqali qarshisidagi odamni oyoqda ham turolmaydigan holatga keltirib qo’yganligini ko’rib juda xushnud edi. Buni do’stiga ham bildirish uchun unga zimdan qarab qo’ydi. Do’stining ham bezovta bo’layotganini, hatto biroz qo’rqqanini ko’rib xursandchiligi ikki karra ortdi.
Akakiy Akakiyevich zinalardan qanday tushdi, ko’chaga qanday chiqdi, umuman hech narsani eslayolmasdi. Na qo’llarini va na oyoqlarini his qilardi. Hayoti davomida hech bir boshliqdan, ustiga-ustak boshqa bir idoraning boshlig’idan bunday og’ir tanbeh eshitmagandi. Tashqarida shiddatli shamol ko’chalarni asir olgandi. Og’zi bir qarich ochiq holda yurib ketayotgan Akakiy Akakiyevich yo’lakchada qoqilib ketdi. Shamol esa Peterburgda har doim bo’lgani kabi to’rt tarafdan unga to’g’ri esayotgandi. Uni tomog’i og’rishni boshladi. Uyiga kelganda bir og’iz so’z aytishga ham majoli yo’q edi. O’zini yotoqqa tashladi. Eshitgan tanbehi ba’zi insonlarni shunday ayanchli ahvolga tushirib qo’yadi!
Ertasi kuni Akakiy Akakiyevichni isitmasi ko’tarildi, alahsirashni boshladi. Peterburgning “mard” iqlimi kam bo’lmasin! Uning sharofati bilan Akakiy Akakiyevichning xastaligi kuchayib ketdi. Muolaja qilish uchun kelgan doctor uning tomir urishini tekshirib ko’rdi. Uni tibbiyot ne’matlaridan bebahra qolmasin deya (shifo topsin deb emas) qandaydir dori berdi va ikki kunlik umri qolganligini aytdi. So’ngra uy sohibasiga qarab:
-Siz ham buvijon vaqtni o’tkazmay, bir oddiy yog’och tobut buyurtma qilib qo’ying. Zero, eman tobut bu kabilarga qimmatlik qiladi, -dedi.
Akakiy Akakiyevich bu mash’um tashxisni eshitdimi, agar eshitgan bo’lsa unga qanday ta’sir qildi, buyog’i bizga qorong’i… Bu orada bechora olovlar ichida yonar, tinmay bir narsalar deb alahsirardi. Uning ko’z o’ngidan bir-biridan g’alati sahnalar o’tayotgandi: Petrovichni ko’rdi, undan o’g’rilarni qo’lga tushirish uchun tuzoqli shinel tayyorlashga buyurtma berdi, o’g’rilarni yotog’ini tagiga berkinib olgan deb o’ylar va adyolini ichiga ham kirib olgan bir o’g’rini tutish uchun uy sohibasini chaqirardi. Ba’zan yangi shinel borligiga qaramay nega eski “tungi kiyim” qarshisida osiliq turganini so’rardi. Ba’zan esa boshliqdan asosli ravishda tanbeh eshitdim deb, “Kechirasiz janobi oliylari”, “Siz haqsiz janobi oliylari” derdi, birozdan so’ng g’azablanar va behayo so’zlarni qator qilib terib tashlardi. Akakiy Akakiyevichning tilidan bunday so’zlarni hech bir zamon eshitmagan qari uy sohibasi hayron edi. Bechora ayolni daxshatga tushirgan narsa bu kufr so’zlarning ortidan aytilayotgan “janobi oliylari” jumlasi edi. Biroz vaqt o’tgach, Akakiy Akakiyevich aljirashni boshladi. Aytayotganlaridan biron narsa tushunib bo’lmasdi. Faqat shunisi aniq ediki, aljirayotgan gaplarining bari yangi shineli bilan aloqador edi. Bu aljirashlar nihoyasida bechora Akakiy Akakiyevich ruhini taslim qildi. Xonasiga ham, ashyolariga ham muhr bosilmadi. Chunki na bir meroschisi bor edi, na “meros” deb nomlashga arziyli biror narsasi. Undan qolgan narsalar yozuv quroli, ikki o’ram oq qog’oz, uch juft paypoq, shimidan tushgan ikki-uch dona tugma va o’quvchilarga g’oyat tanish bo’lgan eski paltodan iborat edi. Bu “ulkan boylik” kimga nasib bo’lganini faqat Tangrim biladi. To’g’risi, hikoya muallifi ham buni surishtirib ko’rmagan.
Akakiy Akakiyevich tuproqqa berildi hamda Peterburg uningsiz qoldi. Go’yoki bu shaharda bunday inson hech bo’lmagandi ham. Da’vosiga kimsa e’tibor qaratmagan, hech kimsa o’ziga uni o’ziga yaqin olmagan, bir ignaning uchiga oddiy pashshani olib mikroskop ostida tekshirgan olimlarning ham diqqatini tortmagan jonzot, umrining so’nggi kunlarida bo’lsa ham yangi shineliga burkangancha mehmondorchilikka borgan, shu bilan nochorlik ichida o’tgan hayotiga biroz rang bag’ishlangan, so’ngra shohlar va dunyodagi butun hukmdorlarning boshiga tushgan falokat uni ham qarshisidan chiqqan, yillar davomida idoradagi kasbdoshlarining shafqatsiz masxaralariga sabr qilib chidagan Akakiy Akakiyevich arzimagan sabab bilan bu dunyodan ketdi.
O’limidan bir necha kun o’tib, Akakiy Akakiyevichning uyiga u ishlaydigan idoradan bir xizmatchi keldi. Idora boshlig’i unga darhol ishga kelishini buyurgan ekan. Xizmatchi idoraga qaytib keldi va Akakiy Akakiyevichni ortiq ishga kelolmasligini bildirdi. “Nima uchun?” deb berilgan savollarga shunday javob berdi:
-Haligi… kelolmaydi, chunki o’libdi. To’rt kun avval ko’mishibdi.
Akakiy Akakiyevichning o’limidan idoradagi hamkasblari shu yo’sinda xabardor bo’ldilar. Ertasi kuni esa uning o’rnida boshqa bir xizmatchi ish boshladi. Yangi xizmatchi Akakiy Akakiyevichga qaraganda, ancha uzun bo’yli edi. Ammo yozuvi uning kabi yaxshi emasdi.
Akakiy Akakiyevich haqida aytadiganlarimiz shu bilan yakunlanmasligini kim ham bilibdi deysiz… Hayoti davomida hech kim ahamiyat bermagan bu odamga, o’limidan so’ng bir necha kun bu dunyoda borligini his ettirish baxti berilganini kim ham tasavvur qila olardi! Ammo shunday bo’ldi… Va bayon qilganimiz bu mahzun hikoya kutilmaganda fantastik shaklda tugallanmoqda.
Birdan Peterburgda har xil mish-mishlar tarqala boshladi. Aytishlaricha, Kalinkin ko’prigi atroflarida kechalari xizmatchi qiyofasidagi bir arvoh daydib yurganmish. U o’g’irlangan shinelini qidirar va qarshisidan chiqqan har qanday insonni mansabi yoki unvoniga qaramay ustidagi shinelini yechib olayotgandi. Shinelning o’ziga xos taraflariga ahamiyat bermasdi: yoqasi qunduz terisidan bo’lganmi yoki echki terisidanmi, paxtalimi yoki paxtasizmi, tulki terisi ishlatilganmi yoki ayiqnikimi, xullas, unga bularni ahamiyati yo’q edi. Qisqa qilib aytganda, inson bolasining badanini yopib yurgan har qanday shinelni tortib olayotgandi. Idoradagi xizmatchilardan biri arvohni o’z ko’zi bilan ko’rganini va bir qarashdayoq uni Akakiy Akakiyevichga o’xshatganini aytardi. Lekin bu odam shu qadar qo’rqib ketgandiki, u yerdan katta tezlikda yugurib qochgan, shu sababli arvohni yaxshiroq ko’ra olmagan, faqatgina uzoqdan barmoqlari bilan o’ziga tahdid qilayotgandek ishora qilganini va qo’lini u tomonga cho’zganini anglay olgan xolos.
Shikoyatlarning son-sanog’i yo’q edi. Nafaqat oddiy xizmatchilar, balki yuqori mansabdagi insonlarning ham shinellari ustidan majbur yechib olina boshladi. Politsiya bu arvohni o’lik yoki tirik holda qo’lga tushirishga va boshqalarga ibrat bo’lsin uchun eng og’ir jazo berilishiga qaror qildi. Buni uddasidan chiqishardi ham… Lekin avvallari fleyta chaluvchi bo’lgan, hozirda nafaqada bo’lgan bir muzikantning shinelini arvoh yechib olayotgan vaqtda Kiryushkin ko’chasi qo’riqchisi uning yoqasiga yopishdi. So’ngra ikki qo’riqchi sheriklarini yordamga chaqirdi. Sheriklari kelgandan so’ng ularga, sovuq qish kechalarida olti marta muzlab qolgan burnini yana o’z holiga qaytarish uchun etigini ichidagi nos idishini olishi kerakligini, ungacha bu arvohni ushlab turishlarini aytdi. Ammo bu tamakining xidi shu qadar badbo’y ediki, unga jonli inson tugul, arvohlar ham chidolmasdi. Qo’riqchi o’ng burun teshigini barmog’i bilan berkitib, chap teshigiga tamakini olib borgan ham ediki, arvoh birdan qo’riqchilarning yuziga qarab aksa urib yubordi. Ular yuzlariga sachragan so’laklarni tozalashni boshlagan vaqtda arvoh qochib qoldi. Hamma narsa shunchalik tez sodir bo’lgandiki, qo’riqchilar arvohni haqiqatdan ham tutgan yoki tutmaganliklarini ham anglolmay qoldilar. Arvoh ularga “sovg’a qilgan” qo’rquv ta’sirini ko’rsatdi. O’sha kundan beri ular o’lik u yoqda tursin, tirik jonni ham tutolmaydigan holga tushdilar. Uzoqdan “Hey sen! Bu yerlarda o’ralashma, yo’lingdan qolma!” deyishdan narisiga o’ta olmay qoldilar. Shu bilan arvoh-xizmatchi Kalinkin ko’prigining narigi tarafida javlon urishni va hamma yuraksiz odamlarga qo’rquv ulashishni boshladi.
Faqat arvoh haqida gapirishga shu qadar qiziqib ketdikki, butunlay haqiqatlar aks etgan hikoyamizni fantastic tarzda tugallanishiga sababchi bo’lgan insonni unutib qo’ydik. Avvalo, vaziyat muhim shaxsga nisbatan adolatli bo’lishimni va uning hayolidan o’tayotganlarni asl holicha sizga bayon qilishimni taqozo qilmoqda. Eshitgan tanbehlaridan so’ng Akakiy Akakiyevich vayron holatda xonada chiqib ketar ekan, muhim shaxsning ham yuragi biroz g’ash bo’lgandi. Zotan achinish hissi unga butunlay begona emasdi, har qancha yuqori mansab egasi bo’lsa ham, hislarini oshkora qilish odati bo’lmasa ham, uning yuragi insoniy tuyg’ular uchun ochiq edi. Ziyoratchi bo’lib kelgan do’sti ketishi bilan bechora Akakiy Akakiyevichni o’ylay boshladi. O’sha kundan e’tiboran deyarli har kuni, o’zidan eshitgan gaplarga chiday olmagan bechora Akakiy Akakiyevichning dokadek oqargan yuz ko’rinishi ko’z oldida jonlanadigan bo’ldi. Sho’rlik Akakiy Akakiyevich haqidagi andishali o’ylari uni bir hafta o’tgach qo’l ostidagi xizmatchilarning biridan bechora odam haqida so’rashga majbur qildi. U xizmatchini Akakiy Akakiyevich qanday ahvolda ekanligini, hamon yordamiga ehtiyoji bor yoki yo’qligini bilishi uchun uning idorasiga yuborishga qaror qildi. Akakiy Akakiyevichni kutilmagan bir shaklda, olovlar ichida alahsiragancha jon taslim qilganini eshitgach o’zini juda ham yomon his qildi. Kun davomida vijdon azobida qiynaldi va hech o’ziga kela olmadi. Hayolini chalg’itish hamda bu noxush voqeani ta’siridan qutulish uchun o’sha kecha bir do’sti uyushtirgan bazmga borishga qaror qildi. U yerga borganda bir guruh hurmatli insonlarga duch keldi. Ularning bari o’zi bilan bir xil mavqedagi odamlar edi. Shuning uchun istaganicha harakat qildi, o’ziga hech qanday cheklovlar qo’ymadi. Kayfiyati ham joyiga keldi. Erkin, kular yuzli, xushsuhbat insonga aylandi, ya’ni u uchun kecha ajoyib o’tdi. Ovqatlanayotib ikki qadah shampan vinosi ichdi. Ma’lumki, shampan vinosi insonni kayfiyatini ko’tarish uchun eng a’lo vositadir. Aynan u sabab muhim shaxs to’g’ri uyiga bormasdan, bir ayol do’stini, Karolin Ivanovnani ziyorat qilishga qaror qildi.
Muhim shaxs asli nemis bo’lgan bu ayol bilan faqatgina do’st edi. bunga shubha yo’q. Shuni ham aytib o’tish kerakki, bu odam yoshlik yillarini ancha ortda qoldirgan mukammal bir er va hurmatli oila boshlig’i edi. Ikki nafar voyaga yetgan o’g’li (ulardan biri idorada ishlardi) va har tongda uyg’onishi bilan qo’lini o’pib “Bonjour Papa” (ya’ni “Hayrli tong dada”) deydigan go’zal, kichkinagina burni bo’lgan o’n olti yoshli qizi bor edi. Hamon yosh va go’zal bo’lgan xotini o’pishi uchun avval qo’lini uzatar, so’ngra o’zi erini qo’lini o’pardi. Muhim shaxs o’zi yashayotgan oilaviy muhitdan juda mamnun bo’lsa ham, shaharning boshqa qismida yashovchi “faqatgina do’stona munosabatda” bo’ladigan bir ayol do’sti bo’lishini muammoli tomoni yo’q deb hisoblardi. Bu do’st o’zining xotinidan yosh yoki xotinidan ko’ra go’zalroq emasdi, lekin o’zingiz ham bilganingizdek yer yuzida bu kabi hayron qoldiradigan voqealarga tez-tez duch kelish mumkin va bularni muhokama qilish bizning ishimiz emas. Nima bo’lganda ham do’stlari bilan xayrlashgan muhim shaxs zinalardan tushdi, chanasiga o’tirdi, boshqaruvchiga “Karolin Ivanovnaning uyiga” degan buyruqni berdi. Juda ham xushbichim, insonni issiq saqlovchi mo’ynali shineliga burkangancha hamon ajoyib kechaning ta’siri ostida edi. Bir rus uchun bir-biridan xush hayollarni hech qiynalmay, insonlarni ortidan yugurmay, o’zi zehnida to’plashdan ham yaxshi narsa yo’q. Xush kayfiyat bilan o’tkazilgan kechaning eng bahtiyor onlarini, atrofidagi samimiy insonlarning qahqahalariga sabab bo’lgan hazillarni takror-takror esladi, bir qanchasini past ovozda o’z-o’ziga takrorladi va ular birinchi bor eshitgandagi kabi kulguli tuyulib, yana bir karra qahqaha otib kulishdan o’zini to’ztata olmasdi. Garchi vaqti-vaqti bilan kutilmaganda shiddatli tus oluvchi, qayerdan va nima uchun esayotgani aniq bo’lmagan shamol uni bezovta qilayotgandi, yuzini pichoq kabi tilayotgandi, shinelini yoqasini yelkan kabi tepaga ko’tarib boshiga urayotgandi, bundan qutulish uchun esa ancha mehnat qilishiga to’g’ri kelayotgandi.
Muhim shaxs kimningdir birdan qattiq kuch bilan yoqasiga yopishganini his qildi. Orqasiga qayrilib qarab, ustida juda eski xizmatchi formasi bo’lgan qisqa bo’yli biro dam bilan yuzlashdi. Qor kabi oppoq yuzli bu odamni Akakiy Akakiyevich ekanligini bilgach daxshatga tushdi. Bu arvoh-xizmatchini gapirish uchun og’zini ochganini ko’rib, uning og’zidan chiriyotgan jasad xidini sezgan muhim shaxs qo’rquvdan o’zini yo’qotib qo’ydi.
-Nihoyat shu yerdasan! Nihoyat… haligi… sening ham yoqangga yopishdim. Aslida sening shinelingni qidirayotgandim, meniki o’g’irlanganda barmog’ingni ham qimirlatmading, yordam so’raganim uchun menga aytmagan so’zing qolmadi! Shuning uchun hozir menga o’z shinelingni berasan! –dedi arvoh.
Bechora muhim shaxsni qo’rquvdan joni chiqib ketay dedi. U idorasida, ayniqsa o’zidan mansabi past insonlarni oldida qudratli va quvvatli bo’lib ko’rinar, uning muomalasini va ko’rinishini ko’rgan har qanday odam, “Ax! Qandayin inson!” deyishga majbur bo’lardi. Lekin shu ondagi ahvolda, boshqalarning ko’ziga qahramon bo’lib ko’ringan bir qancha muhim insonlar kabi u ham qo’rquvdan dir-dir titrardi. Darhol shinelini yechib iloji boricha uzoqroqqa otib yubordi va noodatiy bir ovozda chana boshqaruvchisiga “Uyga xayda!” deb baqirdi. Favqulotda vaziyatlardagina eshitadigan bu ovozdan va bu kabi ovoz ortidan yanada qattiqroq tanbehlar kelishini hayoti davomida ko’p bor sinab ko’rgan chana boshqaruvchisi qo’lidagi qamchini o’ynatgancha, bir o’q kabi oldinga intildi. Besh-olti daqiqa ichida muhim shaxs uyiga yetib keldi. Karolin Ivanovnaning yoniga borish o’rniga g’amgin, qo’rquvdan tili tutilgan va shinelsiz bir shaklda o’z uyiga keldi. Bazo’r yotog’iga cho’zildi hamda butun kecha goh u yonga, goh bu yonga ag’darilib uhlolmay chiqdi. Ertasi kun buning asorati yuzida yaqqol sezilib turgandi. Nonushta vaqti qizi:
-Bugun juda xorg’in ko’rinasizmi dadajon? –dedi.
Ammo bechona dadajoni sukunatini buzmadi, kecha tunda boshiga tushgan ishlarni, qayerga borganini va qayerga borishni reja qilganini hech kimga aytmadi. Boshidan kechirgan bu voqea unga chuqur ta’sir ko’rsatdi. Hatto qo’l ostidagi xizmatchilarga “Bu qanday jur’at? Mening kim ekanligimni bilasizmi o‘zi?” kabi gaplarni deyarli aytmaydigan bo’ldi. Agar birovga tanbeh bermoqchi bo’lsa, avval bo’lgan voqeani atroflicha bilishga harakat qila boshladi.
Qizig’i shundaki, o’sha kundan beri arvoh-xizmatchi hech qayerda ko’rinish bermay qo’ydi. Tushunishimizcha, muhim shaxsning shineli unga juda mos kelgan, boshqalarning shinellariga endi ehtiyoji yo’q edi. Shu sababdan, insonlarni ustidan shinellar majburan yechilib olinayotgani haqidagi xabarlar tarqalmay qoldi. Shunday bo’lsa-da, bunday mavzulardan rohat oladigan mish-mishchilar shaharning chekka hududlarida arvohning hamon kechib yurganini aytib qolishardi. Bu orada Kolomendagi bir ko’cha qo’riqchisi arvohni ko’rganmish, u ko’zining o’ngida bir uyning orqasidan sokin qadamlar bilan chiqib kelibdi, lekin qo’riqchi juda ham ozg’in va oriqchan bo’lgani uchun (bir safar unga kichikkina cho’chqa bolachasi bir uydan qochib chiqib uyga urilib ketgandi, qo’riqchi esa oriqchanligi uchun yerga yiqilgandi, atrofdagi aravachilar qahqah urib kulishgandi o’shanda, qo’riqchi esa ulardan bu hurmatsizliklari uchun tamaki puli sifatida ikki tiyindan yig’ib olgandi), ha shunday oriqchan bo’lgani uchun arvohni to’xtatishga jasorat etolmadi. Arvohni ortidan kuzatishga qaror qildi.
Biroz o’tgach arvoh ta’qib etilayotganini sezib, birdan ortiga o’girilibdi, “bu dunyoda” yashovchi hech bir odamda uchramaydigan ulkan mushtini havoga ko’targancha, “Nima istaysan mendan?” deb baqiribdi qo’riqchiga. U esa “Heeeech” deya javob beribdi va darhol u yerdan uzoqlashibdi. Aytishlariga qaraganda, bu bo’ylari baland va shop mo’ylovli bir arvoh ekan. Arvoh Obuxova ko’prigi tomonga yo’l olibdi, so’ngra kechaning zimiston qorong’uliklari ichida g’oyib bo’lganmish.
Iminjanov Boburmirzo tarjimasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |