Xudoyberdi To‘xtaboyevning hayoti va ijodi
Ijod yoki mutolaa haqida ming bir adibdan gap so‘rasangiz ming bitta fikrni eshitasiz. Adabiyoti bo‘lmagan, adabiyotning taraqqiysiga intilmagan va adiblar yetishtirmagan millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum bo‘lib, sekin-sekin inqirozga yuz tutadi. Juda ko‘p badiiy kitoblar mutolaasida o‘quvchi ahli dam oladi, zavqlanadi va undan o‘ziga tegishli xulosalarni chiqaradi. Sababi oddiy: chunki uni yozishda ham yozuvchi ahli dam olgan. Ulug‘ yozuvchilar durdona kitoblarini o‘qib ular favqulodda iqtodor egalari bo‘lganini his etamiz. Haqiqatan ham bynday ajoyib asarlarni yozish oddiy hodisa emas. Iqtidor ijoddagi birlamchi asosdir. Biroq faqat iste’dod bilan qalam tebratib bo‘lmaydi. Istalgan ulug‘ adibning tarjimayi holi bilan tanishib chiqadigan bo‘lsak, bir narsani anglaymiz: ular o‘zlarini jiddiy tarbiyalagan. O‘qigan, yozgan, izlangan, o‘chirgan, qayta-qayta yozavergan. Ularga tez-tez ilhom kelib turgan, shuning uchun oson ijod qilishgan, degan fikr ham xatodir. Ilhom juda kamyob narsa va u hamisha kelavermaydi. Ernest Xemenguey aytganidek, ,,Yozuvchining nuqsonlarini topib tanqid qilish axmoqlik, hatto vijdonsizlikdir. O‘quvchini ijodkorning ayblari emas, yutuqlari qiziqtirishi kerak.” Dunyoda shunday yozuvchilar borki, ularning asarlarini qayta-qayta o‘qigimiz keladi. Ularning asarlari yetti yoshdan yetmish yoshgacha barchaga birday manzur bo’ladi.
O‘zbek bolalar adabiyotining ko‘zga ko‘ringan iste’dodli vakillaridan biri Xudoyberdi To‘xtaboyev 1932-yil 17-dekabr kuni Farg‘ona viloyatining Katta Tagob qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi To‘xtavoy 21 yoshida quloq qilingan bo‘lib, Tojikistonning Chorku degan joyida vafot etgan. Ikki yildan so‘ng onasi Sorabibi xolasi Ashurbibi o‘lib, besh bolasi yetim qolgani sababli, uning eri Usta Qodirjonga turmushga chiqqan. Uning tarbiyasi bobosi Erkavoy, buvisi Robiyabibilarning ixtiyorida bo‘lgan. Yozuvchi o‘zi aytib o‘tganidek, ,,Ruhim, xulqi-ahloqim va xarakterimda neki bo‘lsa, bog‘bon bobom, ertakchi enam tufayli shakllangan.”1
Xudoyberdi To‘xtaboyev o‘smirlik davrlari Ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. 1949-yil Qo‘qon pedagogika bilim yurtini, 1955-yil Toshkent davlat universitetini bitirgan. 1958-yildan boshlab ,,Toshkent oqshomi”, so‘ng hozirgi ,,O‘zbekiston ovozi” gazetalarida hammasi bo‘lib o‘n to‘rt yil ishladi. ,,Guliston” jurnali, ,,Yosh gvardiya” nashriyotida bo‘lim mudiri va bosh muharrir o‘rinbosari, ,,Gulxan”, ,,Yosh kuch” jurnallarida bosh muharrir, ,,Oltin meros” xalqaro xayriya jamg‘armasi boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan.
Xudoyberdi To‘xtaboyev dastlab jurnalist sifatida tanilgan, felyetonlar yozgan. Ilk hikoyalar to‘plami – “Shoshqaloq” (1961), “Felyetondan keyin” (1962), “Sir ochildi” (1963), “Sehrli qalpoqcha” (1964) singari qissalari, “Muhabbat qo‘shig‘i” (1967), “Jonginam shartingni ayt” (1969), “Konizar yulduzlari” (1978), “Omonboy va Davronboy sarguzashti” (1974) va boshqa asarlar muallifidir. “Sariq devni minib” romani (1968) yozuvchiga katta shuhrat keltirgan. Shundan keyin “Sariq devning o‘limi” (1973), “Besh bolali yigitcha” (1976), “Qasoskorning oltin boshi” (1981), “Yillar va yo‘llar” (1983), “Shirin qovunlar mamlakati” (1986), “Mungli ko‘zlar” (1988), “Jannati odamlar” (1996) romanlari nashr etildi. Xudoyberdi To‘xtaboyev asarlari yumorga boyligi, bolalar hayoti, ularning o‘ziga xos tabiati, xususiyatlari, ruhiy kechinmalari nihoyatda jonli, qiziqarli va bolalarbop yo‘sinda mahorat bilan tasvirlanishi jihatidan ajralib turadi Adib o‘zbek bolalar adabiyotini jahon miqyosiga olib chiqqan ijodkorlardan biridir. Uning asarlarini o‘qigan o‘quvchining dunyoqarashi o‘sadi, fikrlashi yuksaladi. Yozuvchi shuncha yil yashab ham ijod qilishdan to‘xtamadi, bir-biridan qiziqarli va ajoyib asarlar yaratdi. 14 yil davomida 300 dan ortiq felyeton yozdi. Bu haqida uning o‘zi shunday yozadi: “300 dan orti felyeton yozdim. Yo‘q, baribir, ulardan ko‘nglim to‘lmadi. Bostirib kelayotgan tankka qarshi rogatkaga kesak solib otganimiz bilan ta’sir qilmaganidek, jamiyatdagi illatlarga qaratilgan felyetonlarimning ham hech ta’siri bo‘lmayotgandek edi. “Ruhi dunyosi pok bo‘lgan, tarbiyaga quloq soladigan, savob va gunohni bilishga intilayotgan, ruhim go‘zallikka talpinayotgan bolalar dunyosida ishlasam qalay bo‘larkan,” deb o‘ylay boshladim va shunday qaror qabul qildim”.1
Xudoyberdi To‘xtaboyev ta’kidlaganidek, butun ijodiy salohiyatini bolalar, o‘smirlar dunyosini sharh etishga, ularning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qiladigan asarlar yaratishga baxsh etdi. Shu bois yoshlar nashriyoti, “Gulxan”, “Yosh kuch” jurnallari, “Iste’dod” jamg‘armasi boshqaruvida rahbar lavozimlarida ishlab, bola va o‘smir ruhiyatidagi go‘zallikni himoyalashga, boyitishga e’tibor qaratdi. Adib bolalar ruhiyatini tushunadi, ularning kechinmalarini asarlarida aks ettirdi. Asarlarida inson dardini va baxtini, o‘y-xayollarini, yurakdagi gaplarini tasvirladi va uning bu ijod mahsulining barcha-barchasi qizg‘in ijodiy faoliyatining samarasi bo‘ldi. Adib 1972-yil O‘zbekiston Yoshlar tashkilotining mukofoti, 1982-yil “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni, 1989-yil O‘zbekiston Davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari tojik, qirg‘iz, turkman, ozarbayjon, arman, rus, ukrain, belorus, moldovan, eston, latish, litva, fin, bolgar, venger, nemis, chex, italyan- jami 24tilga tarjima qilingan.
Bolalarga atab yozadigan ijodkorlar kam. Balki bu yo‘nalishda katta gaplarni, kata dardlarni ifodalab bo‘lmas. Bolalarga yozish, uning ruhiga tenglashib olish, bola qalbiga monand biror narsa aytish albatta qiyin. Lekin mana shunday ulkan vazifani adib o‘z zimmasiga oldi. U o‘zining yumoristik roman, qissalarida yoshlarning to‘g‘rilik, insonlarga bo‘lgan mehr-u muhabbat, sadoqat kabi oliyjanob xislatlarni va firibgarlikka qarshi olib brogan kurashlarini qiziqarli va ta’sirchan sahifalarda aks ettirgan. Bu jihatdan esa Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib”, “Sariq devning o‘limi” romanlari 70-yillar o‘zbek bolalar adabiyotining taraqqiyotiga qo‘shilgan salmoqli hissadir. Adib mazkur asarlari uchun Hamza mukofotini olgan.
Xudoyerdi To‘xtaboyev bolalar adabiyotining chinakam jonkuyari sifatida “Kamalak” nashriyotida muharrir, bosh muharrir vazifalarida ishlagan. Bu ijodkor nomi o‘zbek jurnalistikasida A.Qodiriy, K.Aliyev, V.Mahkamov, U.Yusupov singari felyetonchilik borasida ham ma’lum va mashhur. Uning o‘tkir felyetonlari 60-70-yillar publitsistikasining ajoyib namunalari sifatida jamiyatimizning salbiy illatlaridan qisman tozalanishida o‘z amaliy hissasini qo‘shgan.
Xudoyberdi To‘xtaboyev bolalikdan to‘g‘riso‘z, halol, pok va mehnatsevar bo‘lib o‘sdi. Gazetada ishlar ekan, ba’zi nopok odamlarni ko‘rib, ularning qilmishlarini hazm qila olmadi. Bunday kishilarning sir-asrorlarini fosh etishga, el-yurt o‘rtasida munofiqlarning yaramas tomonlarini ochib tashlashga qaror qildi.
“Hadik”, “Tilxat”, “Ona”, “Xarakteristika”, “Barvaqt aytilgan azon”, “Domlaning uyiga o‘t ketdi”, “Maxsus topshiriq”, “Jonginam, shartingni ayt” kabi kattalar uchun hikoya va qissalar yozgan. Uning “Birinchi daraxtim”, “Qochoqlar”, “Qizg‘anchiq”, “Dadajon, yozmang”, “Vali bilan Salim”, “Yaxshi-yaxshi” singari o‘nlab hikoyalari yosh kitobxonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Xudoyberdi To‘xtaboyevda yozuvchilikka ishtiyoq uyg‘otgan, qobiliyatining shakllanishida muhim rol o‘ynagan, asarlariga qaytarilmas rang va jilo bergan narsa hayot, vaqtli matbuot, tahririyatdagi qaynoq ijodiy muhit va qunt, chidam bilan o‘qish, o‘rganish, o‘z ustida ishlash bo‘ldi.
Ma’lumki, hajviy qissalarimiz barmoq bilan sanalar edi. “Kalvak maxsum”, “Toshpo‘lat tajang”, “Tirilgan murda”, “Shum bola”dan keyin ancha vaqt bu janrda asarlar yaratilmadi. Keyingi yillarda Abdulla Qodiriy va G‘afur G‘ulomning an’analarini Xudoyberdi To‘xtaboyev davom ettirib, bu bo‘shliqni to‘ldirishga harakat qildi.
Yozuvchi bolalar uchun asar yozayotgan paytda, albatta, o‘z o‘quvchisini ko‘z oldiga keltirib yozadi. “Olti yoshli bolaga aytayotgan gapingiz o‘n to‘rt yoshli o‘smirga aytadigan gapingizdan, albatta, farq qilishi kerak” deb ta’kidlaydi. Uning bolalar va o‘smirlarga atab yozgan asarlarining qiziqarli, o‘qimishli, jozibali bo‘lishining asosiy sabablaridan biri ham mana shunda. Shuning uchun Xudoyberdi To‘xtaboyevning birinchi yumoristik-sarguzasht qissasi, bolalar hayotidan olingan “Sehrli qalpoqcha” tez orada bolalar hurmatiga sazovar bo‘ldi va uni jamoatchilik juda yaxshi kutib oldi.
Adibning yumorga moyilligi, oddiy vaziyatlardan ham kulgi chiqara olish iste’dodi tufayli asarlari qo‘lma-qo‘l bo‘ldi, tinimsiz mutolaa qilindi. Asarlar yumorga boyligi bilan ajralib tursa-da, ularda tarbiya muhim, ezgulikning yovuzlik ustidan g‘alaba qilishi, rostgo‘ylikning yolg‘onchilik illatidan ustun turishi birinchi masaladir. Ularni o‘qib kitobxon bir tomondan zavqlansa, bir tomondan o‘ziga tegishli bo‘lgan xulosalarni chiqaradi. Bir so‘z bilan aytganda, iste’dodli bolalar yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning asarlari bolalar uchun o‘ziga xos “tarbiya maktabi” desak ham, adashmaymiz. Chunki adibning ijod mahsuli o‘zbek bolalar adabiyotining yutug‘i hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |