1.2. ASOSIY TO‘QIMALAR. SO‘RUVCHI, ASSIMILYASION VA G‘AMLOVCHI PARENXIMALAR.
ASOSIY TO‘QIMALAR. Asosiy to‘qimalar o‘simlikda eng ko‘p joyni egallab, ular tashqaridan qoplovchi to‘qimalar bilan o‘ralgan, ular orasida esa o‘tkazuvchi va mexanik to‘qimalar joylashgan bo‘ladi. Boshqa to‘qimalardan farq qilib, asosiy to‘qimalar hujayralararo bo‘shliqlarga juda boy Asosiy to‘qimalarning bosh vazifasi esa o‘simliklarni oziqlantirishda iborat. SHunga ko‘ra ular 3 turga: so‘ruvchi, assimilyasion va g‘amlovchi parenximalarga bo‘linadi. So‘ruvchi parenxima ildizning uchida, uning so‘ruvchi qismida joylashib, ildiz tukchalari tomonidan tuproqdagi suv va unda erigan mineral moddalarni so‘radi va uni ildizning markaziy qismiga o‘tkazadi. Bu moddalar undan o‘tkazuvchi maxsus tizimga o‘tib o‘simlikni barcha organlariga tarqaladi. Assimilyasion parenxima yoki xlorenxima o‘zida ko‘plab xlorofill donachalari borligi bilan xarakterlanadi. Uning asosiy vazifasi fotosintez bo‘lib, birlamchi mahsulotlar hosil qilishdan iborat Uglevodlar hosil bo‘lishi faqat xloroplastlar borligi bilan emas, balki quyosh nuri tushishiga ham bog‘liq. SHu sababli xlorenxima, odatda barg po‘stining ostida, yashil novdalarda joylashib, ularga chuqur singib boradi. Bargning ustki qismida unga perpendikulyar joylashgan prizmasimon hujayralar bo‘lib, ular polisad yoki ustunsimon to‘qimalar deyiladi. Barg ostidagi to‘qimalar esa siyrak joylashadi va bulutsimon yoki gubkali parenxima deyiladi. Gubkali to‘qimalar xlorofill donachalari bo‘lsada, ular asosan gaz almashinuvi va suv bug‘latish vazifasini bajaradi. Assimilyasiya esa ikkiichi darajali vazifasidir. G‘amlovchi parenxima. Bu to‘qimalar, asosan kraxmal, inulin, shakar, yog‘ kabi zapas moddalarni g‘amlashga moslashgan. Ular urug‘li o‘simliklarning barcha organlarida uchraydi. G‘amlovchi to‘qimalar kraxmal va oqsil to‘playdigan g‘alla o‘simliklar, kraxmal, oqsil, yog‘ (araxis) to‘playdigan dukkakli o‘simliklar urug‘ida, tuganak ildizlarda, daraxt va butalarning novda va shoxlarida, shakar to‘playdigan qand lavlagi ildiz mevasida joylashgan. Hatto lavr, zaytun, magnoliya, padub kabi doimiy yashil o‘simliklarning tashqi hujayralarida ham yilning ma’lum davrida qraxmal donachalari bo‘ladi. Bu parenximaning hujayralarida faqat zapas modalar to‘planmasdan alkaloid, glyukozid, oshlovchi moddalar, kauchuk va smola qorishmalari kabi organik birikmalar ham to‘planadi. Bulardan tashqari, ushbu parenxima turli xil eritmalarni o‘simlikning o‘zida o‘tkazish vazifasini bajaradi. G‘amlovchi parenximaning amaliy axamiyati aniq. U biz uchun turli xil o‘simlik mahsulotlarining manbai hisoblanadi. Ayrim o‘simliklarda aerenxima deb ataluvchi maxsus havo tutuvchi parenximalar rivojlanib, ular o‘simlikning suvga botib turuvchi ildiz qismi nafas olishi uchun xizmat qiladi. Bunaqa parenximalar, odatda botqoqlik yoki suvda o‘sishga moslashgan o‘simliklarda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |