Yo`sinsimonlar bo`limi — Bryophyta
Yo`sinsimonlar eng sodda tuzilishli yuksak o`simliklar bo`lib, qator xususiyatlariga ko`ra suv o`tlariga o`xshash. Bu o`xshashlik nimada kuzatiladi? Birinchidan, yo`sinsimon o`simliklar, suv o`tlari singari o`tkazuvchi nay bog`lamlari va ayrim turlarning rizoidlari e`tiborga olinmaganda haqiqiy ildizlari yo`q. Ikkinchidan, yo`sinsimonlarning ayrim turlarining (masalan, jigarsimon yo`sinlar) yer bag`irlab o`suvchi plastinka shaklidagi vegetativ tanasi suv o`tlarining tallomiga o`xshash. Yo`sinsimonlarning suv o`tlariga o`xshash, yog`ochlangan turlari yo`q va, nihoyat, ularning individual tarqqiyot davridagi umumiy o`xshashlik, bularda xam suv o`tlari singari jinsiy gametofit naslning ustunligi hisoblanadi. Shuning uchun ham yo`sinsimonlar tarixiy taraqqiyotda o`ziga xos yo`nalishga ega bo`lib, filogenetik shajaraning alohida rivojlana borgan mustaqil bo`limidan iborat.
Yo`sinsimonlar o`simliklar tuban vakillarining vegetativ tanasi dorzovenrtal tuzilishli, bir qadar yuksak vakillarida poya, barg va ildiz yo`q. Gametofit ustida jinsiy organlar anteridiy va arxegoniy joylashgan, u sharsimon yoki oval shakldagi bir qator hujayralardan tashkil topgan va ichi ko`p sonli spermatogen hujayralar bilan to`lgan bo`ladi. Bu hujayralarning har birida ikkitadan (jigarsimon yo`sinlari) yoki bittadan barg poyali yo`sinlarda ikki xivchinli spermatozoidlar hosil bo`ladi. Pishib yetilgan anteridiyning uch qismi ochiladi, undan spermatozoidlar chiqib, suvli nam muhitda harakatlanadi va ma`lum vaqtdan so`ng arxegoniydagi tuxum hujayrani urug`lantiradi. Arxegoniy, odatda, cho`ziq shaklda bo`lib, bir qadar kengaygan qorin va ingichka bo`yin qismidan iborat. Arxegoniy devori bir qator hujayralardan shakllangan bo`lib, uning qorin qismida tuxum hujayra joylashgan. Urug`lanish oldidan arxegoniyning bo`yin qismidagi hujayralar o`zidan maxsus shilmshiq modda ajratadi. Shilimshiq modda xemotaksis xususiyatiga ega bo`lib, tashqariga chiqishi bilan spermatozoidlardan birini o`ziga jalb qiladi va ulardan biri arxegoniyning bo`yin qismi orqali uning qorin qismiga o`tib, tuxum hujayrani urug`lantiradi. Urug`lanish natijasida hosil bo`lgan zigota tinim davrini o`tamasdan darhol mitoz yo`l bilan bo`lina boshlaydi va asta-sekin sporogon deb ataladigan sporofitga yoki sporogoniyga aylanadi. Sporogon ko`sak shaklida bo`lib, uning ust tomonida qopqoqchasi bor. Yo`sinsimonlarning turli xil vakillarida sporogon tuzilish jihatidan turlicha bo`ladi. Uning devori bir yoki ko`p qavatli, ichida sporogon to`qimalari yoki boshqacha arxesporiy (spora hosil qiluvchi hujayralar) joylashgan. Reduksion bo`linishidan to`rttadan gaploid sporalar vujudga keladi.
Yo`sinsimonlarning sporofiti ko`pincha sporogon bandida joylashgan, hech qachon poya va barg hosil qilmaydi. Chunki alohida hayot kechirish imkoniga ega emas. Shunga ko`ra, gametofitning bir qismi hisoblanadi va uning hisobiga oziqlanadi.
Shunday qilib, yo`sinsimon o`simliklarda gametofit naslning sporofit naslga nisbatan ustunligi aniq. Yo`sinsimonlarning ko`pgina turlari ko`p hujayrali kurtaklar yordamida vegetativ yo`l bilan ham ko`payadi. Bu o`simliklar paleozoy erasining toshko`mir davrida paydo bo`lgan qadimiy o`simliklardan hisoblanadi.
Psilofitsimon, yo`sinsimon o`simliklar gametofit va sporofit nasli bir xilda rivojlangan, quruqlikka chiqqan o`simliklarning eng sodda vakillaridan vujudga kelgan.
Yo`sinsimonlarga 20 mingdan ortiq o`simlik turi mansub bo`lib, ular, odatda, ikki ajdodga bo`lib o`rganiladi:
1. Jigarsimon yo`sinlar — Hepaticae.
2. Poya bargli yo`sinlar — Musci.
Do'stlaringiz bilan baham: |