246-modda. Kassatsiya instansiyasi sudi ko‘rsatmasining majburiyligi
Kassatsiya instansiyasi sudining qarorida bayon qilingan ko‘rsatmalar ishni yangidan ko‘rayotgan sud uchun majburiydir.
Kassatsiya instansiyasi sudi u yoki bu dalilning ishonchliligi yoki ishonchsizligi, bir dalilning boshqalaridan ustunligi to‘g‘risidagi, ish yangidan ko‘rilganida qanday hal qiluv qarori qabul qilinishi haqidagi masalalarni ilgaridan hal qilib qo‘yishga haqli emas.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 243 — 245-moddalari.
Oldingi tahrirga qarang.
247-modda. Birinchi instansiya sudining ajrimi, apellatsiya instansiyasi sudining qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti)
Birinchi instansiya sudining ajrimi, apellatsiya instansiyasining qarori ustidan ushbu Kodeksda nazarda tutilgan hollarda kassatsiya tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.
Birinchi instansiya sudining ajrimi, apellatsiya instansiyasining qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarorlari ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
Kassatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya sudining ajrimi va apellatsiya instansiyasining qarori ustidan berilgan shikoyatni (protestni) ko‘rish natijalari bo‘yicha quyidagilarga haqli:
1) ajrimni, qarorni o‘zgarishsiz qoldirishga, kassatsiya shikoyatini (protestini) qanoatlantirmasdan qoldirishga;
2) ajrimni, qarorni o‘zgartirishga yoki bekor qilishga va ishni yangidan ko‘rishga yubormasdan yangi qaror qabul qilishga;
3) ajrimni, qarorni bekor qilishga va arizani, ishni ko‘rib chiqish uchun birinchi instansiya sudiga yuborishga;
4) apellatsiya shikoyatini (protestini) qabul qilishni rad etish, apellatsiya shikoyatini (protestini) qaytarish, apellatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rmasdan qoldirish, apellatsiya shikoyati (protesti) bo‘yicha ish yuritishni tugatish, apellatsiya instansiyasi sudida ish bo‘yicha ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi ajrimni bekor qilishga va apellatsiya shikoyatini (protestini) ishni apellatsiya instansiyasi sudida ko‘rish uchun yuborishga.
5) sud hujjatlarining ba’zilarini bekor qilishga va ish bo‘yicha ilgari qabul qilingan sud hujjatlaridan birini o‘z kuchida qoldirishga haqli.
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan ushbu Kodeksda belgilangan qoidalar bo‘yicha berilgan kassatsiya shikoyati (protesti) ushbu bobda sudning hal qiluv qarori ustidan berilgan kassatsiya shikoyatini (protestini) ko‘rib chiqish uchun nazarda tutilgan tartibda kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ko‘riladi.
(247-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 12-yanvardagi O‘RQ-662-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.01.2021-y., 03/21/662/0012-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Do'stlaringiz bilan baham: |