Tadqiqotning uslublari. Tadqiqotda qiyosiy-tipologik, distributiv, transformatsion shuningdek, statistik metodlardan foydalaniladi.
Tadqiqotning ilmiy va amaliy ahamiyati. Magistrlik ishida ingliz va o’zbek tillaridagi kon-metallurgiya terminlaridagi negativ affikslarning morfo-semantik xususiyatlari qiyosiy-tipologik jihatdan o‘rganildi. Mazkur ish materiallaridan kelgusida kurs ishlari, maxsus ilmiy maqolalar yozish uchun nazariy va amaliy manba sifatida foydalanish mumkin. Bundan tashqari, ingliz va o’zbek tillarida konchilik ishlari borasidagi tarjimalarda ham keng qamrovli foydalanilsa bo’ladi. Ushbu tadqiqot ishi materiallaridan “Chog’ishtirma lingvistika”, “Leksikologiya”, “Tarjimashunoslik” fanlaridan ma’ruza va amaliy mashg’ulotlarda foydalanish mumkin.
Ish tuzilmasining tavsifi. Dissertatsiya ishi kirish, 3 ta bob, 10 ta bo’lim, xulosa, adabiyotlar ro’yxati va ilovadan tarkib topgan.
I.BOB. O’ZBEK VA INGLIZ TILLARIDA KONCHILIK VA METALLURGIYA TERMINALOGIYASINING NAZARIY ASOSLARI
1.1.O`zbek tilida konchilik va metallurgiyaga oid terminalogik tizim
Til bor ekan, rivojlanishda davom etadi; til rivojlanar ekan, bu har bir sohada o’z aksini ko’rsatadi. Har bir sohaga nazar tashlaydigan bo’lsak, ularning o’z alohida terminlariga duch kelamiz va bu terminlar ham shu soha o’sishiga qarab ko’payib, rivojlanib boraveradi. Shu jumladan, o’zbek tili terminlari ham guruhlarga ajralib turli uyalarga bo’lingan holda ko’payib bormoqda. Va bu, albatta, terminlar ustida izlanishlar, tadqiqotlar olib borish kerakligini taqazo qiladi. O’zbekistonda ham terminalogiya yuzasidan bir qancha ilmiy ishlar qilinmoqda. O`zbek tili terminshunoslik sohasining hozirgi darajasi, ilmiy qiymati bevosita rus hamda boshqa xalqlar terminshunoslarining ishlari bilan chambarchas bog‘liq. Shu jihatdan qaraganda, N.A.Baskakov, L.A.Bulaxovskiy, G.O.Vinokur, V.V.Vinogradov, A.A.Reformatskiy, D.S.Lotte, S.A.Chapligina, T.L.Kandelaki, V.P.Danilenko kabi o`nlab terminshunos olimlarning ishlari o`zbek terminshunosligining qaror topishiga o`zining katta hissasini qo`shdi.
Turkiy xalqlar tilshunoslarining, jumladan, M.Sh.Gasimov, B.U.Oruzbaeva, R.A.Urekenova, F.S.Faseev kabi olimlarning ishlari ham o`zbek terminologiyaning rivojiga ulkan hissa bo`lib qo`shildi. Ma’lumki, tilshunoslikning eng dolzarb, g‘oyatda murakkab, ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan sohasi terminologiyadir.
XX asrning 30-yillari o‘zbek tilining ko‘plab terminologik lug‘atlari tuzilib nashr etildi. Shu jarayonda terminlar tarixi, terminlarning ma’no va mavzu guruhlari, grammatik tuzilishi va yasalishi, taraqqiyot yo‘li va boyish manbalari haqida nazariy masalalari ham ishlab chiqildi.
Ulug‘ Tursunov, birinchilardan bo‘lib, o‘zbek tili terminologiyasi masalalariga oydinlik kiritishga harakat qildi va ushbu masalaga bag‘ishlab asarlar yozdi: «Til-terminologiyada burjuaziya intilishlariga qarshi», «O‘zbek terminologiyasi masalalari», «Terminologiya masalalari», «O‘zbek adabiy tilida so‘z-terminlar tanlash prinsiplari» kabilar. Bu asarlarda terminlarni hosil qilish, to‘plash, tartibga solish, unifikatsiyalash va nashr etish sohasidagi turli xil qarashlar va tushunchalar haqida mulohaza yuritiladi. Bundan tashqari, terminologiya sohasida ro‘y bergan va ro‘y berayotgan chalkashliklar yaqqol ko‘zga tashlana boshlashi ta’kidlanadi. Masalan:
bir tushunchaning turlicha atala va yozila boshlashi;
aniq va ixcham terminlar o‘rniga uzundan uzoq izohlarning berilishi;
termin yaratishda ona tili imkoniyatlaridan kam foydalanish;
o‘zbek terminologiyasini boyitishdagi manbalardan biri tashqi omilga turlicha yondashish faktlari mavjudligi ko‘rsatildi.
Prof. U.Tursunovning terminologiya masalalariga bag`ishlangan asarlarida ikki muammo alohida o‘rin tutadi:
1. Terminlarning qo‘llanilishi. 2. Terminologiyaning boyish manbalari.
Terminlar qo‘llanilishi haqida fikr yuritar ekan prof. U.Tursunov ularni uch guruhga ajratib tahlil qiladi:
a) bir sohada qo‘llaniladigan terminlar;
b) har xil sohada qo‘llaniladigan terminlar;
v) termin ham oddiy so‘z sifatida qo‘llaniladigan terminlar.
Prof. U.Tursunov asarlarida o‘zbek tili terminologiyasining boyish manbalari batafsil yoritilgan. O‘z asarlarida U.Tursunov o‘zbek tili terminologik tizimining ichki va tashqi manbalar hisobiga rivojlanishi haqida ma’lumot beradi. O‘zbek tili terminologik tizimlarining rivojlanishi, shakllanishi va takomillashuvida shu tilning ichki imkoniyatlari asosiy rolni o‘ynaydi. Chunki hayotda ro‘y berayotgan ulkan o‘zgarinshlar, fan va texnika hamda madaniyatning rivojlanishi tilning ichki imkoniyatlaridan maksimal foydalanishni taqozo etadi. Har bir tilda bo‘lganidek, o‘zbek tilida ham u yoki bu tushunchani ifodalash uchun bir qancha usullardan foydalanadilar. Ular quyidagilardan iborat:
1.Terminlarning semantik yo‘l hisobiga boyishi.
2.Terminlarning morfologik usul bilan yasalishi.
3. Terminlarning sintaktik yo‘l bilan yasalishi.
Qator terminologik sistemalarda semantik yo‘l bilan termin yasashdan unumli foydalanib keladilar. Chunki semantik so‘z yasash terminologiyada amal qilinadigan doimiy va an`anaviy yo‘ldir.
Xullas, o‘zbek terminologiyasi haqidagi prof. U.Tursunovning fikrlari bugungi tilshunosligimiz uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. K.M.Musayev terminologiyani tilning leksikasi sifatida go‘yo bir shaharga qiyoslaydi. Uning fikricha, terminologiya yagona reja asosida qurilsa-da, lekin birdaniga barpo etilmaydi. U tarixiy shart-sharoit asosida shakllanadi, uni yaratishda har xil avlodga mansub bo‘lgan turli me`morlar, loyihachilar, kashfiyotchilar ishtirok etadi. Ular har bir qurilayotgan inshootni yaxshi o‘rgangan holda barpo etadilar. Terminologiyani tartibga solishdagi o‘ziga xos murakkablik ham shu bilan belgilanadi3.
Yurtimizda qadimdan metallurgiya, tog‘-kon sanoati yaxshi rivojlangan. Tarixiy manbalarda ham mamlakatimiz hududidining er osti va er usti boyliklariga nihoyatda boyligi, ulkan tabiiy zaxiralarga egaligi hamda ajdodlarimizning konchilik ishlari bilan juda qadimdan shug‘ullangani ta’kidlanadi. Taniqli tarixchi olim O‘ktam Mavlonov O‘zbekiston hududida neolit davridayoq konchilik, metallurgiya sohasi shakllana boshlaganini qayd etadi. Jumladan, «Markaziy Osiyoda ham bu jarayon so‘nggi tosh davridayok boshlanib, ibtidoiy ajdodlarimiz mehnat qurollari yasash uchun kerakli tosh konlarini qidirib, neolit davridayoq tabiiy mis, oltin, kon-timur tosh (meteorit-temir) va boshqa metallarga duch kelganlar»4 deb yozib qoldirgan.
O‘rta asrlarga kelib O‘zbekiston hududida metallurgiya sohasining jadal taraqqiy etishi toponimikada ham o‘z aksini topdi. Xususan, Markaziy Osiyodagi ko‘pgina joy nomlarida metall yoki unga bog‘liq terminlar asos bo‘ldi: Temirkon, Tillakon, Kumushkon, CHo‘yankon, YAngikon va boshqalar. SHuningdek, mamlakatimiz hududida istiqomat qilgan turkiy qabilalar orasida insonlarga nom berishda ham metallurgiyaga oid so‘zlar qatnasha boshladi. Bular, Oltin, Kumush, Temirtosh, Temirxon va boshqalar.
Yirik qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy «Mineralogiya» asarida 30 dan ziyod qimmatbaho tosh va metallarning nomi, ularning kimyoviy va fizikaviy xossalarini aniqlash, eritib sinash, deyarli barcha qimmatbaho tosh va turli minerallar, ularning qotishmalari haqida qiziqarli ma’lumotlar yozib qoldirgan. Xususan, asarning 2 qismi «Metallar haqida» deb nomlanadi. Beruniyning fikricha, filizzat (ya’ni metallar)ning foydali tomonlari undan foydalanishga qarab 2 xil bo‘ladi. Birinchisi, oltin, kumush kabi metallar qimmatbaho taqinchoqlar uchun ishlatiladi. Ikkinchi turdagi mis, temirdan turli xil buyumlar va himoya vositalari yasash uchun foydalaniladi5.
Beruniy «Mineralogiya» asarida ma’lum bir metallning turli tillarda ifodalanishiga ham e’tibor qaratadi. Misol uchun, oltinning rum tilida – xarusun (xrizos), suriya tilida – daxaba, hind tilida – suvarn, turk tilida – altun, forschada – zar, arabchada – zaxab deb yuritilishin qayd etib o‘tgan6.
Mustaqillik yillarida mamlakatimizda tog‘-kon, metallurgiya sohasi yanada rivojlanib, zamon talablariga mos holda modernizatsiya qilinmoqda. Bugungi kunda O‘zbekistonda Navoiy kon-metallurgiya kombinati hamda Olmaliq tog‘ metallurgiya kombinatlari jahon standartlariga mos mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Xalqaro bozorlarga chiqish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishda sohaga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan hisoblanadi.
Hukumatimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor keyingi yillarda yanada oshib bormoqda. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» davlat korxonasi faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori va boshqa hujjatlar soha taraqqiyotining huquqiy asoslarini belgilab bermoqda.
SHu sabab, metallurgiyaga oid xalqaro terminlar, so‘z va iboralarni lingvistik tahlil qilish, ularning imlo, izohli va tarjima lug‘atlarini o‘zbek tilida yaratish muhim masalalar sirasiga kiradi. Zero, metallurgiya sohasining mutaxassislari tomonidan xorijiy terminlarni bilish, o‘zbek tilidagi atamalarning ingliz tilidagi tarjimasi bilan tanishish xalqaro munosabatlardagi muvaffaqiyatlarning garovi bo‘lishi mumkin.
Metallurgiyaga oid terminlarning lug‘atini yaratishda bir qancha omillarga e’tibor qaratish lozim. Xususan, ingliz tilidan o‘zlashgan so‘zlar. Metallurgiyaga oid ayrim tushunchalar ingliz tilidan o‘zbek tiliga kirib kelgan hamda muomalada keng foydalaniladi. «Ma’lumki, har qanday til ichki va tashqi manba asosida o‘z lug‘at boyligini doimiy ravishda oshirib boradi. Biz ichki imkoniyat tushunchasi ostida ma’lum bir til lug‘at tarkibining bevosita ichki imkoniyatlar, ya’ni grammatik qo‘shimchalar, bir so‘z turkumidan boshqa bir so‘z turkumiga o‘tish kabi vositalar orqali kengayib borishini tushunsak, tashqi imkoniyat deganimizda turli xil sabablar natijasida bir tildan ikkinchi bir tilga kirib kelgan lug‘aviy birliklarni ko‘z oldimizga keltiramiz.
Manbalarda ta’kidlanishicha, tashqi manba asosida lug‘at boyligining kengayishi o‘zbek tili doirasida 30-35 % ni tashkil etadi»7. Misol uchun “adhesion” so‘zini tahlil qilsak. Metullurgiyada bu tushuncha «yuzlari tegib turuvchi turli jinsdagi qattiq yoki suyuq jismlarning o‘zaro yopishib qolishi» ma’nosini bildiradi. Bu so‘z o‘zbek tilida «adgeziya» deb ishlatiladi. Xuddi shunday so‘zlar qatoriga “diffuser” - diffuzor (suyuqlik (yoki gaz) quvurlarining toraygan joyi, kesimi. Bu joyda suyuqlikning bosimi oshadi, oqimi tezlashadi), “isotherm” – izoterma (holat diagrammasidagi bir xil haroratli nuqtalarni birlashtiruvchi chiziq), “caisson” – kesson (Suv aylanib sovutiladigan po‘lat quti. Pechlarning ichki devoriga o‘rnatilib, uni sovutishda foydalaniladi) kabilar kiradi. YUqoridagi so‘zlar ingliz va o‘zbek tillaridagi talaffuzi deyarli o‘xshash.
YAna bir muhim jihat borki, metallurgiyaga oid so‘zlarning o‘zbek tilidagi muqobili bo‘lsada, biz asosan ingliz tilidagisini ishlatamiz. Masalan, “magnet” – magnit. Bu so‘zni ajdodlarimiz juda qadimdan «ohanrabo» deya talaffuz qilishgan. Bugungi kunga kelib “ohanrabo” so‘zini o‘rniga magnit so‘zi muamolaga kirib kelgan.
SHuningdek, metallurgiyaga oid yana ko‘plab so‘zlar borki, uni ingliz tiliga tarjima qilishda insondan lingvistik tahlil, tarjimonlik qobiliyati talab etiladi. Misol uchun “Muvozanat doimiysi” (Muvozanat barqarorlashgan vaqtda reaksiya natijasida hosil bo‘lgan moddalar faolligining reaksiyaga kirishuvchi moddalar faolligiga nisbati) tushunchasini ingliz tiliga “eguilibrium constant” deb tarjima qilish o‘rinli.
Ko‘rinib turibdiki, metallurgiyaga oid so‘zlarning tarjimasi bilan shug‘ullanish dolzarb masalalardandir. Bu borada elektron lug‘atlar, mobil ilovalar, onlayn tarjimonlar yaratish o‘zbekistonlik lingvist olimlar, mutaxassislar oldida turgan muhim vazifalardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |