Tadqiqotning maqsadi. Dissertatsiyaning asosiy maqsadi ingliz va o`zbek tillari konchilik hamda metallurgiyaga oid negativ affiksli terminlarni gapdagi vazifalari hamda tahlilini sintaktik sathda sintaksem nazariya asosida o’rganishdir.
Ushbu maqsaddan kelib chiqib quyidagi vazifalar belgilandi: -tilshunoslikda negativ affiksli leksemalar tipologiyasini yoritib berish;
-o’zbek tilida negativ affikslar tuzilishini tasniflash;
-ingliz tilida negativlik kategoriyasini tadqiq qilish;
-ingliz va o’zbek tillaridagi negativ affiksli konchilik va metallurgiya terminlarini o’zaro qiyoslab tahlil qilish;
-o`zbek tilida terminlar izohli lug’atlari ustida olib borilgan ishlarni ko’rib chiqish;
-har ikki tilda konchilik va metallurgiyaga oid inkor elementli terminlarning sintaksem tadqiqi-negativ affiksli komponentlarni semantik xususiyatlarini belgilash, ularni semantik, grammatik jihatdan tasniflash;
-negativ affiksli terminlarni leksikografik tadqiqotlardan olingan misollar asosida tahlil qilish;
-negativ affiksli komponentlarni o`zbek va ingliz tillaridagi izomorflik va allomorflik xususiyatlarini yoritib tahlil qilishda yozuvchi mahoratini ko’rsatish.
Tadqiqotning obyekti. Konchilik va metallurgiya terminlarining inglizcha-o’zbekcha, shuningdek, turli tizimli, qardosh bo’lmagan ingliz va o’zbek tillaridagi negativ affiksli konchilik va metallurgiya terminlari mavjud bo’lgan gap qurilmalari.
Tadqiqotning predmeti. Ingliz va o’zbek tillaridagi konchilik va metallurgiya sohasidagi negativ affiksli terminlarning qiyosiy-tipologik tahlil qilish, ingliz va o’zbek tillarida negativ affiksli komponentlarning grammatik, sintaksem xususiyatlarini ochib berish, ikkinchi tilni o’rganish jarayonida negativ affikslardan foydalanish tadqiqot predmetini tashkil qiladi.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi: 1.Negativ affiksli konchilik terminlari turli tizimli tillarda ilk marotaba sintaktik sathda qiyosiy-tipologik tahlil qilindi.
2. Qardosh bo’lmagan tillar (ingliz va o’zbek tillar) tizimida negativ affiksli terminlarning allomorfimik va izomorfimik xususiyatlari aniqlandi.
3. Ingliz va o’zbek tillarida negativ affikslar morfologik xususiyatlari tipologik nuqtai-nazaridan o’rganildi.
4. Turli tizimli tillarda negativ affiksli terminlarning semantik tahlili lingvistik tahlil metodlari vositasida amalga oshirildi.
5. O’zbek leksikografiyasida birinchi marotaba ikki tilli inglizcha-o’zbekcha kon va metallurgiya negativ affiksli terminlarning qisqacha lug’ati tuzildi.