Tadqiqotning asosiy masalalari va farazlari. Alisher Navoiyning “Siroj ul-muslimin” hamda Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyin dar fiqh” asarlarini diniy-didaktik hamda fiqhiy-ta’limiy jihatdan o‘zaro qiyosiy tadqiq qilishda:
XV asrda yaratilgan ushbu ikki asar o‘rtasidagi o‘xshash va farqli jihatlarni aniqlash;
fiqhiy masalalarning boshqa asarlarga nisbatan bayon qilinish darajasi hamda o‘ziga xos shakllarini izlash;
shu kunga qadar ushbu ikki asarni o‘rganish orqali amalga oshirilgan ilmiy yangiliklar va amalga oshirilmagan ilmiy-tahliliy muammolarni yuzaga chiqarish;
manbashunoslik, tarixshunoslik hamda islom huquqi bo‘yicha ilmiy izlanish olib boruvchi tadqiqotchilarga qo‘yiladigan keyingi talab va takliflarni qisman bo‘lsa-da, ishlab chiqish.
Tadqiqot mavzusi bo‘yicha adabiyotlar sharhi. Mazkur tadqiqot ishimizga zarur manbalar, adabiyotlar hamda materiallar to‘plash jarayonida biz duch kelgan X-XIX asrda Movarounnahr fiqhiy ilm dunyosi va uning nodir namunalariga bag‘ishlangan ishlar ko‘pchilikni tashkil qildi. Ammo ishimizga bevosita aloqador manbalarni saralash orqali ularni bir necha guruhlarga ajratish mumkin:
1. X-XVI asrlarda Movarounnahrda yaratilgan diniy-didaktik, fiqhiy-ta’limiy asarlar va o‘sha davrdagi ijtimoiy-siyosiy hamda diniy hayotni tahlil qilishda N.Abduazizova, I.Abdullev, H.Aliqulov, R.Bahodirov, K.Vohidova, A.Jumanazarov, K.Kattayev, D.Maxsudov, N.Muhammad, A.Mo‘minov, S.Sayfulloh, A.Dehqon, U.Uvatov, N.Shermuhamedova, D.Yusupova kabi o‘zbekistonlik olim va tadqiqotchilar, shuningdek, rus tarixshunoslari V.Dmitriyevich, A.Yu.Yakubovskiy, V.V.Bartold, T.N.Gramovskiy, S.M.Solovyev, M.Ivanin, G.Jukova, T.Buxarseva, M.Batsev, R.Yerjokova, V.Reznichenko kabi tarixchilarning ishlari muhim o‘rin tutadi8.
2. Fiqh ilmi va islom huquqshunosligiga oid chet el adabiyotlari mualliflari orasida A.Axsher, K.Brokkelman, Ye.Bloshed, V.Ivanov, R.Rashid, V.Roshen, L.Rubin, F.Sezgin, Ye.Xerman kabi xorijlik tadqiqotchilar ham o‘z fikr mulohazalarini bildirib o‘tadilar9.
3. Manbashunos olimlar A.Arslanova, B.Belyayev, L.V.Dmitriyeva, A.Semenov, O.Sheglovalar tomonidan tuzilgan kataloglarda ham fiqhiy asarlar hamda tadqiqotimizda asosiy e’tibor qaratilgan “Siroj ul-muslimin” va “Mubayyin dar fiqh” asarlari haqida ayrim ma’lumotlar ko‘rsatilgan10.
4. Zamonaviy ilm-fanning yutuq va imkoniyatlari asosida yaratilgan fiqh ilmiga oid ilmiy tadqiqotlar orasida I.I.Daminov, N.X.Nasrullayev, Z.X.Najmiddinov, A.A.Kariyev, D.N.Rasulov, M.M.Kamilov kabi tadiqoqtchilarning ilmiy izlanishlari natijalarini ham alohida qayd etish lozim11.
5. Bevosita Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning diniy-falsafiy qarashlari va shu mavzuga oid ilmiy merosiga oid ilmiy qarashlarni o‘zida jamlagan asarlar qatoriga O.O.Husanbayev12, T.Q.Yuldashev13, N.Rasulzoda14, A.P.Ibragimov15, O.D.Davlatov16, A.A.Madraimov17 kabi olimlarning ilmiy asarlarini kiritish mumkin.
Yuqorida sanab o‘tilgan adabiyotlar qamrovi shuni tasdiqlaydiki, Alisher Navoiyning “Siroj ul-muslimin” hamda Zahiriddin Muhammad Boburning “Mubayyin dar fiqh” asarlarini diniy-didaktik hamda fiqhiy-ta’limiy jihatdan o‘zaro qiyosiy tadqiq qilish ishi hozirgi zamonaviy manbashunoslik davrida yetarlicha o‘rganilmagan. Va shu sabab o‘laroq, ikki asarda mavjud fiqhiy ma’lumotlarni qiyosiy-taqqoslash metodikasi orqali tahlil qilib, umumiy xulosa va takliflar ishlab chiqish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |