Ilmiy yangiligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
mazkur tadqiqot ishida X-XV asrda Movarounnahr fihq ilmining umumiy holati keng ma’noda qamrab olindi;
islom dinini ma’naviyatning bir qismiga aylanishida va uning turli xalqlar tomonidan e’tirof etilishida diniy ilmlarning o‘rni aniqlandi;
Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan mutafakkirlarning diniy ilmlar rivojiga qo‘shgan hissalari yoritib berildi;
ilmlar tasnifiga oid asarlarda falsafiy-dunyoviy ilmlar qatorida diniy-fiqhiy ilmlarning ham aks etganligi ko‘rsatib berildi;
fiqh va kalom ilmlarining mohiyati va ularning islom huquqshunosligining shakllanishidagi ahamiyati ochib berildi;
mumtoz adabiyot tarixida yaratilgan e’tiqod va fiqhga oid asarlarning o‘ziga xos o‘rni hamda X-XV asrda yaratilgan diniy-didaktik va fiqhiy-ta’limiy asarlarning tarixiy ahamiyati alohida ochib berildi;
qo‘lyozma, toshbosma hamda yangi nashr etilgan tarjimalari, nusxalariga tayangan holda temuriylarning diniy e’tiqodlari, fiqhiy mazhablari manbalarga tayangan holda bayon etiladi;
Temuriylar davrida yashab ijod qilgan fiqh ilmi namoyondalari hamda ularning yozib qoldirgan durdona asarlari, ularga yozilgan sharhlar, xoshiyalar, fiqhiy manzumalar tavsiflanadi;
Temuriylarning ilm-fan, xususan, diniy ulamolarga hurmat va ehtirom ko‘rsatganlari, ularni o‘zga yurtlardan o‘z mamlakatlariga olib kelganlari bayon etiladi;
tadqiqotga X-XIX asr oralig‘ida yaratilgan fiqhiy asarlar mavjud ilmiy yondashuv jihatidan birlashtirildi;
Alisher Navoiy diniy-falsafiy qarashlarining ilmiy ijodida namoyon bo‘lish xususiyatlari hamda “Siroj ul-muslimin” asarining o‘ziga xos jihatlari tahlil qilindi;
Zahiriddin Muhammad Bobur ilmiy ijodida “Mubayyin dar fiqh” asarining ilmiy ahamiyati, uning asarlarida din va jamiyat masalalari, “Mubayyin dar fiqh” asarining Boburiylar davlatidagi hanafiy-moturidiy ta’limoti rivojidagi o‘rni va ahamiyati atroflicha o‘rganildi;
“Siroj ul-muslimin” va “Mubayyin dar fiqh” asarlarining qoʻlyozmalari va hozirgi holati bayon etildi;
“Siroj ul-muslimin” va “mubayyin dar fiqh” asarlarining matniy-qiyosiy tadqiqi amalga oshirildi, ularda mavjud fiqhiy va sha’riy atamalar izohi va semantikasi tahlil qilinib, fiqhiy masalalarga yondashuvning o‘xshash va farqli jihatlari izohlandi;
yuqorida o‘rganilgan dalillarga tayanib mazkur tadqiqot ishi muammosi o‘zbek tilida batafsil o‘rganilmaganligi kuzatildi. Shuningdek, ishda tadqiqot mavzusi bilan bog‘liq katta hajmdagi manbashunoslik ishlari amalga oshirilganligi tasdiqlandi. Ammo ushbu ikki asarning o‘zaro qiyosiy-tahliliy o‘rganilishi tadqiqotning ilmiy yangiligini yanada oshirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |