Qiymat nazariyasi. U.Pettining merkantilistlar g’oyasiga bo’lgan salbiy yondashuvi nafaqat boylikning mohiyatini va uni ko’paytirish yo’llarini tahlil qilishda, balki tovarlar qiymatining yaratilish tabiatini va bozorda ularning qimmati darajasiga ta‘sir etuvchi omillarni aniqlashda ham o’z ta‘sirini ko’rsatdi. Bu boradagi uning tadqiqotlari keyinchalik uni qiymatning mehnat nazariyasining birinchi muallifi, deb tan olinishiga sabab bo’ldi. Umuman olganda, qiymatning mehnat nazariyasi klassik iqtisodiy maktabning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. U.Petti nazariyalarining birida aytilishicha, tovar qiymati kumush qazib oluvchi mehnat bilan yaratiladi va uning «tabiiy bahosi» hisoblanadi; kumush qiymatiga tenglashtirilgan tovarlar qiymati esa ularning «haqiqiy bozor bahosi» hisoblanadi. Ikkinchi bir joyda qayd qilinishicha, tovar qiymati mehnat va yer ishtirokida yaratiladi. Ya‘ni U.Pettining o’zi aytganidek, «Kemaning yoki kamzul (syurtuk)ning qiymati qandaydir yer miqdori va qandaydir mehnat miqdori qiymatiga teng, chunki har ikkalasi – kema ham, kamzul ham – yer va inson mehnati bilan yaratiladi»2. Bundan ko’rinib turibdiki, U.Pettida tovar bahosi asosida sarfli mexanizm yotadi. Daromadlar nazariyasi. Ishchilarning daromadlari, pul kapitali va yer egalarining daromadlari to’g’risida U.Petti aytib o’tgan qoidalar keyinchalik klassik iqtisod maktabi vakillarining nazariy izlanishlari uchun asos bo’lib xizmat qildi. U.Petti ishchining daromadi sifatidagi ish haqini mehnatning bahosi, deb hisobladi va uning darajasini ishchining yashashi uchun zarur bo’lgan vositalar minimumi bilan ifodaladi. U.Petti, har bir ishchi «yashash, mehnat qilish va ko‘payishi uchun» kerakli narsani olsa bas, degan xulosaga keldi. Buni u nazariy jihatdan isbotlab bermoqchi bo’ldi: agar ishchiga ko’rsatilgan minimumdan ikki baravar ko’p haq to’lansa, u chog’da ishchi ikki marta kamroq ishlaydi, bu esa jamiyat uchun shuncha miqdordagi mehnat boy berilganini bildiradi. U.Pettining ish haqi to’g’risidagi mazkur qoidasi «klassik maktabning» ko’pchilik vakillari nazariy tadqiqotlarining asosini tashkil etdi. Masalan, U.Pettidan keyin D.Rikardo va T.Maltus ish haqini ishchi mehnatining bahosi sifatida tavsiflab, uni ishchining va uning oilasining yashashi uchun zarur bo’lgan vositalar minimumi bilan bog’lab tushuntirganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |