U.Pettining iqtisodiy ta‟limoti. Uilyam Petti (1623–1687) – Angliya klassik siyosiy iqtisodining asoschisi. K.Marks so’zi bilan aytganda, U.Petti- «Siyosiy iqtisodning otasi... buyuk tadqiqotchi - iqtisodchi». U.Petti har tomonlama yuksak bilimli inson bo’lgan. U Angliyaning janubidagi Romsi shahrida hunarmandmatochi oilasida tug’ildi. O’n to’rt yoshida ota kasbini egallashdan voz kechgan U.Petti uydan chiqib ketadi va kemada yollanma dengizchi (yunga) bo’lib xizmat qiladi. Oradan bir yil o’tgach, taqdir taqozosi bilan oyog’i lat yegan U.Petti Fransiya hududidagi bir qirg’oqda qoldirib ketiladi. Bu notanish o’lkalarda lotin tilini bilganligi tufayli u Kan kollejiga qabul qilindi va tinglovchi sifatida moddiy jihatdan ta‘minlandi. Kollej unga fransuz va grek tillarini, matematika, astronomiyani o’rganishga imkoniyat yaratib berdi. U.Petti 1640-yili kollejni bitirib, Londonga qaytib keldi. Keyinchalik Oksford universitetida tibbiyot sohasida tahsil oldi. 1650-yili 27 yoshida U.Petti fizika bo’yicha doktorlik darajasini oldi, Angliya kollejlarining birida professor bo’lib ishladi. U.Petti iqtisodiy muammolarga bag’ishlangan «Soliqlar va yig’imlar to’g’risida traktat» (1662-y), «Donishmandlarga so’z» (1665-y), «Irlandiyaning siyosiy anatomiyasi» (1672-y), «Siyosiy arifmetika» (1683-y) va boshqa asarlarni yozdi. U.Petti dastlab o’z asarlarida merkantilistlarning ijobiy savdo balansi g’oyasini va sanoatni rag’batlantirish maqsadida davlatning iqtisodiyotga faol aralashuvini qo’llab-quvvatladi. Ammo U.Petti asta-sekin tadqiqot obyektini o’zgartirdi va asosiy e‘tiborni savdo muammosidan ishlab chiqarish muammosiga qaratdi. Uning qayd qilishicha, boylik ishlab chiqarishda yaratiladi, muomala sohasida esa u faqat taqsimlanadi.
Boylik va pul nazariyalari. Merkantilistlardan farqli ravishda, U.Petti fikri bo’yicha nafaqat qimmatli metall va toshlar hamda pul boylik hisoblanadi, balki mamlakatning yeri, uylar, kemalar, tovarlar va hatto uy jihozlari ham boylikni tashkil etadi. Bu masala bo’yicha o’z fikrini rivojlantirib, bizning davrda keng tarqalgan «Mehnat – boylikning otasi, yer esa uning onasi» degan iborani ishlatdi.
Mamlakat boyligini ko’paytirish uchun U.Petti qamoq jazosi o’rniga pul jarimasini joriy etish zarurligini, pul to’lashga «qurbi yetmagan o’g’rilarni» esa «qullikka» mahkum etishni, ishlashga majbur qilishni tavsiya etadi. Bu merkantilistlarga qarama-qarshi tarzda boylik, eng avvalo, mehnat bilan yaratilishini bildiradi, ya‘ni xo’jalik hayotidagi pulning «asosiy» vazifasini inkor etadi. U.Petti bu fikrni rivojlantirib, chetga pul chiqarishni taqiqlash bema‘ni narsa ekanligini ko’rsatib o’tadi. Davlatning bunday xattiharakati uning fikri bo’yicha, mamlakatga chetdan tovar keltirishni man etish bilan bir narsadir. U.Petti bu fikrlari bilan o’zini pulning miqdoriy nazariyasi tarafdori ekanligini ko’rsatdi va muomala uchun zarur bo’lgan pul miqdori to’g’risidagi qonuniyatni tushunganligini namoyish etdi. Ammo uning iqtisodiyotdagi pulning vazifasini yuzaki tushunganligi aniq ko’rinadi. Bir tomondan, pulning miqdoriy nazariyasi haqiqatdan ham «pul o’z-o’zidan boylik mazmunini anglatmasligini» ko’rsatdi, ikkinchi tomondan esa – U.Petti va undan keyingi boshqa klassik iqtisodiy nazariya mualliflari M.Blaug so’zi bilan aytganda, u (pulning miqdoriy nazariyasi) asosiy e‘tiborni pulning muomala vositasi sifatidagi vazifasiga qaratgan holda tovar va pul bozorlari o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni keltirib chiqaruvchi pulning qimmatni saqlash vositasi sifatidagi funksiyasini inkor etdi. Shuning uchun merkantilizmga nisbatan to’g’ri tanqidlari bilan birga U.Pettining bu borada noto’g’ri tushunchalari ham bo’lgan. Masalan, u savdo va savdo kapitalining milliy boylik yaratishdagi ishtirokini inkor etdi va hatto savdogarlar sonini ancha kamaytirishni qattiq turib ma‘qulladi. U.Petti savdogarlarni davlatning «qonini» taqsimlash bilan shug’ullanuvchi «o’yinchilar»ga o’xshatadi. U «qon» deganda qishloq xo’jaligi va sanoat mahsulotlarini nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |