Kurs ishida ish haqini oshirish, uning takror ishlab chiqarish, rag’batlantiruvchi; tartibga soluvchi; ijtimoiy funktsiyalari bajarilishini ta’minlash uchun qulay sharoit yaratish mehnatga haq to’lash tizimini takomillashtirishning asosiy vazifasi ekanligi asoslab berildi. Tadqiqot jarayonida respublikamizda mehnatga haq to’lashning quyidagi asosiy xususiyatlari ochib berildi: ish haqi o’sish sur’atlarining mehnat unumdorligi o’sish sur’atlaridan yuqoriligi; mehnatga haq to’lashda tarmoqlararo va hududiy tafovutlarning mavjudligi, davlat sektorida xususiy sektorga nisbatan ish haqi darajasining sezilarli darajada balandligi; ish haqi tarkibida mehnatga haq to’lashning tarif qismi salmog’ining pastligi, yagona tarif tizimi mavqeining va aholi pul daromadlari tarkibida ish haqi ulushining pasayishi; yangi ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy-iqlim sharoitlariga mehnatga haq to’lash tuman koeffitsientlarining mos kelmasligi. Mehnatga haq to’lashning tarmoq tizimini joriy qilishda, quyidagi tamoyillarga amal qilish zarur: ish haqi darajasining xodimning malakasi, ma’lumoti, ish staji, bajariladigan ishning murakkabligi va mehnat sharoiti bilan uzviy bog’liqligi ta’minlanishi; u erda yaratilgan; bajaradigan ishining murakkabligi; tarif-malaka ma’lumotnomasi talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ishlarning tarifikatsiyasi; asosiy tarifga qo’shimcha rag’batlantiruvchi to’lovlarni tizimlashtirish va birxillashtirish; bajarilgan ishlarni sifati va yuqori natijalari uchun rag’batlantirish tizimidan foydalanish. Ishchi kuchiga xarajatlar va ish haqi bo’yicha me’yorlarni ishlab chiqishda ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, ishchi kuchiga xarajatlar va ish haqi fondini asosli rejalashtirish, ish haqi miqdorini oshirish uchun ish beruvchining imkoniyatlarini aniqlash imkonini beruvchi bir qator ko’rsatkichlarni joriy etish zarurati asoslandi. Mustaqillik yillarida ish haqi tizimi iqtisodiy rivojlanishning muayyan bosqichlaridagi vaziyatga mos holda takomillashtirib borildi. Jumladan, 1993 yilda yagona tarif setkasi (YaTS) joriy etildi. Shu bilan birga, tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, muallif iqtisodiyotni modernizatsiyalash sharoitida ish haqi tizimini takomillashtirishning quyidagi yo’nalishlari bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqdi: respublika mintaqalarida aholi jon boshiga to’g’ri keladigan iste’mol tovarlari va xizmatlar asosida hududiy koeffitsientlarni aniqlash va tabaqalashtirilgan eng kam ish haqini tasdiqlash; aholi daromadlarida ish haqining rag’batlantiruvchi rolini oshirish maqsadida ish haqini mehnat unumdorligi bilan, xodim mehnatining miqdori va sifati bilan o’zaro aloqadorligini kuchaytirish yo’li bilan ish haqi tizimini isloh qilish;sanoat sohasidagi barcha xodimlarni ishchining malakasi va korxona faoliyatiga qo’shgan shaxsiy hissasiga bog’liq holda ish haqini oshirish imkonini beruvchi mehnatga haq to’lashning tarmoq tarif setkasiga o’tkazish; xodimlarning kasbiy mahorati va mansab lavozimlari o’sishini rag’batlantirish maqsadida sanoat tarmog’i xodimlari uchun yagona tarif setkasidagi razryad oraliqlarini oshirish; boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorini korxonaning moliya-xo’jalik faoliyatiga va xoimlarning o’rtacha ish haqi darajasiga bog’liq holda belgilash bo’yicha tadbirlarni amalga oshirish.
O’tkazilgan tadqiqotlar shuni ko’rsatadiki, ish haqi ko’rsatkichlarini davlat tomonidan hisobga olish tizimi mehnatga haq to’lashning tezkor va sifatli monitoringini to’liq amalga oshirish imkonini bermaydi. Shu munosabat bilan, muallif ish haqi bo’yicha davlat statistik hisobotlarini xo’jalik sub’ektlarida xodimlarning toifalari bo’yicha muntazam tanlama tekshiruvlar o’tkazish yo’li bilan to’ldirishni va iqtisodiyotning barcha sektorlarida ish haqi ko’rsatkichlari tizimini qo’llashni taklif etadi.
Bunday tadbirlarning o’tkazilishi mamlakatimizda ishchi kuchiga sarflanadigan xarajatlar tarkibi va mehnatga haq to’lash tizimini yaxshilash hamda aholi turmush darajasini oshirish imkonini beradi.