2.2. Ishchi kuchi xarajatlari tizimida ish haqini belgilashdagi iqtisodiy ko’rsatkichlar tahlili
Ishlab chiqilgan ishchi kuchi xarajatlari tizimi bo’yicha “O’zbekko’mir” OAJ tarkibidagi korxonalar faoliyati o’rganildi va erishilgan natijalar ish haqini belgilashda bir qancha normativlar ishlab chiqish zaruratini asoslab berdi:
1. Ishchi kuchiga xarajatlarning sotuvlar hajmidagi ulushiga bog’liqligi. Mazkur ko’rsatkich yalpi foydaning qancha qismi xodimlarga sarflanishi haqida tasavvur beradi. “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filiali bo’yicha bu ulush 2008-2013 yillar uchun o’rtacha 38% ni tashkil etdi. Boshqacha aytganda, korxona shu davr ichida ishlab topgan har bir so’mdan 38 tiyini xodimlarga sarflangan. “O’zbekko’mir” OAJ boshqa korxonalarida bu ulush 29,5-37,5% ni tashkil etdi. Biroq, o’sish tendentsiyasi barcha korxonalarda kuzatilyapti. Bizningcha, bunga sabab korxonalarning umumiy miqyosda juda past bo’lgan maosh darajasini ko’tarishga intilayotganliklari bilan bog’liq.
2. Bir xodimga ishchi kuchi xarajatlarining hajmi. Bu narsa bir oy davomida bir xodim uchun korxona qancha mablag’ sarflaganini ko’rsatadi. Masalan, “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filialida bo’yicha bu ko’rsatkich 3,4 marta ortganini bildiradi. Bu esa, maosh jadal o’sayotganidan dalolat beradi.
3. Bir unumdor soatga xarajatlar ko’rsatkichi. Bu ko’rsatkich har bir xodim unumdor mehnatining bir soatiga korxona qancha mablag’ sarflashini aks ettiradi. Mazkur ko’rsatkich xorij amaliyotida nafaqat xodimlardan foydalanish samaradorligini tahlil qilish, balki rejalashtirishda, xususan yangi mahsulot yoki xizmat turini yo’lga qo’yishda chiqimlar qanday bo’lishini aniqlashda ham qo’llaniladi.
Tadqiq etilgan korxonalar bo’yicha bir unumdor soatga xarajatlar darajasi haqida xaqqoniy fikr yuritish mushkul. Chunki, Davlat statistika qo’mitasi tomonidan 2012 yilda o’tkazilgan bir martalik tanlama tadqiqot paytida bu ko’rsatkich unumdor vaqt bo’yicha emas, balki faqat ishlangan vaqt bo’yicha o’rganilgan. Biroq, qo’shilgan qiymat faqat unumdor soatlar davomida yaratiladi va korxonaning barcha xarajatlari aynan uning hisobidan qoplanadi.
4. Mehnatga xaq to’lash xarajatlari. Ushbu ko’rsatkichlar tahlilini yana xodimlarga xarajatlardan, aniqrog’i, xarajatlar tarkibidan boshlash lozim bo’ladi. Chunki xarajatlar tarkibidagi eng katta salmoq maoshga tegishlidir. “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filiali bo’yicha mehnatga xaq to’lash chiqimlarining xodimlarga xarajatlardagi ulushi keyingi 6 yil ichida deyarli o’zgarmadi (69,4-73,0%). Garchi bir xodimning o’rtacha oylik maoshi (xarid qobiliyati nuqtai nazaridan) uncha katta bo’lmasada, tadqiq etilgan sanoat korxonalari bo’yicha o’rtacha statistik ma’lumotlarga nisbatan ularda vaziyat ancha yaxshi ekanligi ko’rinib turibdi.
Qolgan xarajatlar asosan majburiy ijtimoiy badallarga to’g’ri kelgan. Xodimlarni uy-joy bilan ta’minlash, madaniy-maishiy ehtiyojlar va ovqatlanish bo’yicha xarajatlar bironta ham korxonada qayd etilmagan. O’z xodimlarini o’qitishga korxonalar sarflagan mablag’ salmog’i juda past (xodimlarga umumiy xarajatlardagi ulushi 1,1%).
“O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filiali bo’yicha bir martalik rag’batlantiruvchi mukofotlar ulushi 2,8-3,6% darajasida bo’lib, bu esa xodimlar ish haqi tizimida ularning mehnat natijalari etarli hisobga olinmaganini ko’rsatadi. Xodimlarni ijtimoiy himoya qilishga xarajatlar “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filialida asosan majburiy badallarni to’lashdan iborat bo’ldi, buni esa ijobiy holat deb bo’lmaydi.
5. Mehnatga xaq to’lash xarajatlarining ishlab chiqarish va sotuvlar hajmidagi ulushi. “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filiali bo’yicha ushbu ko’rsatkichlar miqyosi bo’yicha o’zaro juda yaqin (2013 yilda tegishlicha 24,9 va 23,6%). Umuman tadqiq etilgan korxonalar bo’yicha ko’rsatkichlardagi farq sezilarli darajada emas. Aksariyat hollarda maoshni sotuvlar hajmidagi ulushining kamayishi kuzatilyapti, bu esa o’rtacha oylik maoshning pasayishini belgilaydi.
6. Mahsulot birligiga hisoblangan maosh. Bu ko’rsatkich odatda taraqqiy etgan mamlakatlar iqtisodiyotida keng qo’llaniladi. “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filiali bo’yicha mahsulot birligiga hisoblangan maosh 2008-2013 yillar davomida bir darajada ushlab turildi.
Ma’lumki, tannarx tarkibida doimiy va o’zgaruvchan chiqimlar mavjud. Tannarxning ushbu unsurlari orasidan maosh xarajatlarini aniqlash kerak bo’ladi. “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filialida mehnatga xaq to’lash xarajatlarining o’zgaruvchan chiqimlardagi ulushi 2013 yilda 55,0%ni, doimiy chiqimlardagi ulushi esa 92,3%ni tashkil etdi. Biroq, bu ko’rsatkichlar real vaziyatni o’zida ifodalay olmaydi. Shuning uchun, tannarxning doimiy chiqimlarini ish haqining doimiy chiqimlariga nisbatini va tannarxning o’zgaruvchan chiqimlarini ish haqining o’zgaruvchan chiqimlariga nisbatini baholash zarur.
Rejali iqtisodiyot sharoitida mehnatga xaq to’lash xarajatlari samaradorligini baholash uchun mehnat unumdorligi o’sishining nisbat ko’rsatkichi qo’llanilgan. U bir ishchiga ishlab chiqarilgan mahsulotning o’rtacha maoshga nisbati sifatida hisoblab chiqilgan. Bunda maoshning o’sishi mehnat unumdorligining ortishi bilan asoslangan. Bizning fikrimizcha, bozor iqtisodiyoti sharoitida bu nisbat ishlab chiqarilgan mahsulot hajmiga emas, balki qo’shilgan qiymat asosida hisoblab chiqilishi zarur. Bunda asosiy e’tibor unumdor mehnatning bir soatiga qo’shilgan qiymat ko’rsatkichiga qaratilishi lozim. Bu ko’rsatkich “O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filiali bo’yicha unumdor ishning bir soatiga qo’shilgan qiymat ko’rsatkichini nafaqat korxonalar, tarmoqlar, balki korxona bo’linmalari, mahsulot turlari bo’yicha ham, turli uchastkalar unumdorligini solishtirgan holda, hisoblash maqsadga muvofiq bo’ladi.
“O’zbekko’mir” OAJ “Belazko’mir” filialida bir xodim unumdorligining o’sish sur’atlari to’g’risidagi ma’lumotlar yanada xaqqoniyroq bo’ldi. Ular qo’shilgan qiymat bo’yicha, eski sxema bilan aniqlangan bir xodim ish unumdorligining o’sishi sur’atlari bilan taqqoslab chiqarilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |