Raqobat bilan bog‘liq tushunchalarning mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlari
Kategoriyalarning nomi
|
O‘ziga xos xususiyatlari
|
Bellashuv
|
Yashash uchun kurash orqali namoyon bo‘luvchi etakchilikka, umuman g‘alabaga intilish. Bellashuvning mavjud bo‘lmasligi inqiroz belgisidir. Musobaqa va raqobatga nisbatan umumiy tushuncha hisoblanadi.
|
Mehnatdagi raqibchilik
|
Mehnat sohasidagi bellashuv shakli, mehnatda o‘zini ko‘rsatish, yaxshi natijalarga erishish istagidir. U, xususan, mehnatdagi shaxsiy yutuqlarni ishlab chiqarish jarayonidagi boshqa ishtirokchilarning natijalari bilan o‘lchash va taqqoslashni taqazo etadi. Mehnatdagi raqibchilik - umuman bellashuvga qaraganda nisbatan aniq tushunchadir.
|
Musobaqalashuv
|
Ijtimoiy ishlab chiqarish soxasidagi bellashuv shakli bo‘lib, ishtirokchilar tomonidan erishilgan natija- larni ma’lum tarzda taqqoslash bilan bevosita bogliq. Musobaqalashuv reytingni ko‘tarish, maqomni oshirish tomon intilishni taqazo etadi. U mexnat jarayonining barcha ishtirokchilarini o‘z urniga qo‘yib, ularning tabaqalashuviga olib keladi.
|
Raqobat
|
Tovar munosabatlari sohasidagi bellashuv shakli, bozor raqibchiligidir. U xomashyo va yarimfabrikatlarni xarid kilish va sotish, ishlab chiqarilgan mahsulotni sotishning nisbatan foydali sharoitlariga ega bo‘lish, ko‘proq foyda olish uchun kurashdir. Raqobat tovar ishlab chikaruvchilarni tabakalashuviga olib keladi, tovar ishlab chiqarishning regulyatori bo‘lib maydonga tushadi.
|
Ba’zi bir adabiyotlarda raqobatning nafaqat bozor iqtisodiyotiga, balki ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga ham taalluqli ekanligi e’tirof etiladi. Ularga javoban iqtisodchi olim Y.O.Abdullaev shunday fikr bildiradi: bozor munosabatlari o‘tmishdagi «sotsialistik musobaqa»ni mutlaqo tan olmaydi, u haqiqiy, ta’sirchan, rag‘batlantiruvchi, erkin raqobatchilikni talab qiladi. Ta’sirchan va rag‘batlantiruvchi, erkin iqtisodiy raqobatni rivojlantirish evaziga ishlab chiqaruvchi va sotuvchilar ustidan xaridorlarning hukmronligi o‘rnatilib, bu bozor munosabatlarining mohiyatini belgilab beruvchi sharoit hisoblanadi9.
Iqtisodiy kategoriya sifatida «raqobat» nisbatan keng tarqalgan fundamental atama hisoblanadi. Biroq raqobat tushunchasi shu qadar serqirraki, uni qandaydir yagona umumiy ta’rif bilan qamrab olish mumkin emas. Raqobat ham xo‘jalik yuritish usuli, ham bir kapitalning boshqasi bilan bellashuvini ta’minlay oladigan usul sifatida yuzaga chiqadi. Bundan tashqari, raqobat ijtimoiy ishlab chiqarishning tartibsiz boshqaruvchisi sifatida ham namoyon bo‘ladi. «Raqobat» tushunchasini aniqlashtirishning ba’zi bir nuqtai nazarlariga to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. Jumladan, A.Smit raqobatni bozordagi alohida sotuvchi va xaridorlarning nisbatan foydali sotish va xaridga erishish uchun bellashuvini ifodalovchi xulqiy kategoriya sifatida talqin etgan. Y.Shumpeter raqobatga iqtisodiy o‘sish jihatidan e’tiborni qaratib, yangi tovarlar va texnologiyalarga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishning yangi manbalari, mahsulotlar yangi turlarining eskilari bilan bellashuvini namoyon etadi, deb ta’kidlaydi. Shundan kelib chiqqan holda, raqobatni maksimal foydani qo‘lga kiritish, nisbatan qulay xo‘jalik yuritish sharoitlariga ega bo‘lish uchun tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi kurash sifatida baholash mumkin. Boshqa tomondan, raqobatni mahsulot ishlab chiqarish va sotish jarayonida, shuningdek, kapital kiritish sohasida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning o‘zaro ta’sirini ta’minlovchi bozor mexanizmining elementi sifatida ko‘rib chiqish mumkin. Raqobatning amal qilish shakli ijtimoiy ishlab chiqarishni tashkil etishning me’yor va qoidalari tizimi hisoblanib, uning asosida davlatning direktivalari, davlat va xususiy firmalardan iborat milliy xo‘jalik amal qilishining bozor usullari yotadi.
Shundan kelib chiqqan holda, raqobatning mohiyatini bozor iqtisodiyoti talablariga javob berishi nuqtai nazardan ko‘proq iste’molchi sub’ektlarni jalb qilish asosida korxonani rivojlantirish vositasi deb e’tirof etish maqsadga muvofiqdir. Iste’molchilar o‘rtasida raqobatning yuz berishi haqida to‘xtalib, shuni ta’kidlash lozimki, ular tovarlarni qulay va arzon baholarda sotib olishga harakat qiladilar, ya’ni xaridor har bir sarflangan pul birligi evaziga ko‘proq naflilikka ega bo‘lishga harakat kilib, arzon va sifatli tovarni tezroq sotib olish uchun intiladi. Bu jarayon taniqli ingliz olimi M.E.Porterning qayd qilishicha, alohida bozordagi raqobatning holatini beshta raqobat kuchi orqali tavsiflashda yanada to‘liq namoyon bo‘ladi. Ya’ni:
1. Raqobatlashuvchi sotuvchilar o‘rtasidagi bellashuv.
2. Bir-birining o‘rnini bosuvchi va narx nuqtai nazaridan raqobatbardosh bo‘lgan tovarlar o‘rtasidagi raqobat.
3. Yangi raqobatchilarning paydo bo‘lish xavfi.
4. Mahsulot etkazib beruvchilarning iqtisodiy imkoniyatlari va savdoni tashkil qilish jarayonlari.
5. Xaridorlarning iqtisodiy imkoniyatlari va xarid qobiliyatlari.
Raqobat kurashining mazmuni to‘g‘risida to‘laroq tushunchaga ega bo‘lish uchun uning asosiy shakllari va belgilarini har tomonlama, chuqur ko‘rib chiqish zarur. Bozordagi korxona tovarlari raqobatining bir necha turlari (funksional raqobat, ko‘rinishi bo‘yicha raqobat, predmet bo‘yicha raqobat) amal qiladi. Funksional raqobat har qanday ehtiyojni turli vositalar orqali qondirish mumkinligi natijasida kelib chiqadi.
Shunga ko‘ra bunda qondirishni ta’minlovchi barcha tovarlar funksional raqobatlashuvchi hisoblanadi. Ko‘rinishi bo‘yicha raqobatlashuv–bu bir maqsadga mo‘ljallangan, biroq qandaydir ahamiyatli parametri bo‘yicha farqlanuvchi tovarlarning mavjudligidan kelib chiqadi. Predmet bo‘yicha raqobatlashuv – bu firmalar tomonidan faqat tayyorlanish sifati jihatidan farqlanuvchi bir xildagi tovarlarning ishlab chiqarilishi natijasida vujudga keladi. Shuningdek, predmet bo‘yicha raqobatlashuvni yana firmalararo raqobatlashuv deb ham ataladi. Aynan firmalararo, ya’ni tarmoqlar bo‘yicha raqobatbardoshlik bozor iqtisodiyoti sharoitida rivojlanishga undovchi eng asosiy raqobat shakllaridan biri hisoblanadi. Bu haqda R.O.Alimov, A.F.Rasulov, A.M.Qodirovning ilmiy monografiyasida «Tarmoqning raqobatbardoshligi aynan ushbu mamlakat uchun va raqobat jihatdan ustunliklardan kelib chiqib, ishlab chiqarishning ma’lum tarmog‘i uchun yuzaga kelgan boshqaruv amaliyoti hamda tashkil etish modellarini uyg‘unlashtirishning natijasi sifatida ishtirok etadi»10 deb qaraladi. Tarmoq ichidagi raqobat tovarlarning ijtimoiy qiymatini, boshqacha aytganda, bozor qiymatini aniqlaydi va belgilaydi. Bu qiymat, odatda, o‘rtacha sharoitda ishlab chiqarilgan va muayyan tarmoq tovarlarining anchagina qismini tashkil etadigan tovarlarning qiymatiga mos keladi. Tarmoqlar ichidagi raqobat natijasida texnika darajasi va mehnat unumdorligi yuqori bo‘lgan fermer xo‘jaliklari qo‘shimcha foyda oladilar va aksincha, texnika jihatdan nochor fermer xo‘jaliklari esa, o‘zlarida ishlab chiqarilgan tovar qiymatining bir qismini yo‘qotadilar va zarar ko‘radilar. Mustaqil tovar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat tovarlarni qulay sharoitda ishlab chiqarish va yaxshi foyda keltiradigan narxda sotish, umuman iqtisodiyotda o‘z mavqeini mustahkamlash uchun kurashdan iborat bo‘lib, ular bu jarayonda kerakli ishlab chiqarish vositalari, xomashyo va materiallarni sotib olish, ishchi kuchini yollash uchun zarur mablag‘larni sarflaydi. Ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi raqobat oxir-oqibatda bozorda iste’molchilarni o‘ziga jalb qilish bilan belgilanadi va bu jarayonda «kimga», «nimaga» va «qanday» mazmunidagi savollarga avvaldan javob topib, ularni amalga oshirish yo‘llarini ishga solish raqobatbardoshlikni ta’minlovchi muhim omillardan biri bo‘lib hisoblanadi (1-rasm). Raqobatning vujudga kelishi va amal qilishi tabiiy, bu jarayonlarga tashqi kuchlarning ta’sir qilish darajasidan kelib chiqqan holda ikki asosiy guruhga–mukammal va nomukammal raqobatga ajratish mumkin.
Mukammal raqobat quyidagi bir qator belgilar bilan tavsiflanadi: – bozor ichidagi resurslarning harakatchanligi; – bozorga kirish va undan chiqishning erkinligi; – sotuvchilar xatti-harakatining bir-biriga bog‘liq bo‘lmasligi; – ishlab chiqarilgan mahsulotning bir xil ko‘rinishda ekanligi; – sotilgan mahsulot hajmi; – narx to‘g‘risida to‘liq axborotga ega bo‘lish imkoniyati. Mukammal raqobatning yagona ko‘rinishi–sof yoki erkin raqobatdir.
Sof raqobat savdo-sotiq bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab sotuvchi va xaridorlarning mavjudligi bilan tavsiflanadi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko‘plab sotuvchilar o‘zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar. Bunday sharoitda bozorda mahsulot tabaqalashuvi mavjud bo‘lmay, ko‘p sonli sotuvchi va xaridorlar erkin holda harakat qilib, bozor narxining shakllanishiga ta’sir ko‘rsata olmaydilar.
Nomukammal monopolistik raqobat XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida monopoliyalarning paydo bo‘lishi bilan vujudga keldi. Mazkur davr kapitalning konsentratsiyasi, aksiyadorlik jamiyatlarining vujudga kelishi bilan tavsiflanadi. «Monopoliya» atamasi tom ma’noda tovarning yagona sotuvchisi mavjudligini anglatadi, biroq hozirgi vaqtda bu atama o‘zining dastlabki talqinini yo‘qotib, nomukammal raqobatga xos bo‘lgan bozor holatining turli ko‘rinishlarini belgilashda foydalaniladi. Monopolistik raqobatning asosiy belgisi bo‘lib yuqori monopol narxlar va monopol foydalar hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |