Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligiga bag„ishlangan tantanali
marosimda so„zlangan nutq
Assalomu alaykum, aziz, vatandoshlar!
Qadrli mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Avvalo, barchangizni qadimiy va muqaddas Xorazm zaminida turib, Vatan
ozodligi uchun jon fido qilgan buyuk ajdodimiz Jaloliddin Manguberdi tavalludining
800 yilligi bilan muborakbod etaman.
Vatanimizning ko„pming yillik tarixi el-yurtimizni bosqinchi, yovuz kuchlardan
himoya qilish, millatimizning erkinligi va or-nomusini asrash yo„lidagi buyuk
voqealarni, bu kurashlarda jasorat va mardlik ko„rsatgan buyuk shaxslarning
nomlarini asrlar davomida o„zining yorqin xotirasida saqlab kelmoqda.
Jaloliddin Manguberdi – ona yurt himoyachisi, jasur sarkarda va davlat arbobi,
xalqimizning Spitamen, Muqanna, Najmiddin Kubro, Amir Temur singari tarixda
o„chmas iz qoldirgan milliy qahramonidir.
Jaloliddin Manguberdi – bor-yo„g„i o„ttiz ikki yillik qisqa hayoti davomida el-u
yurt uchun, xalq ozodligi uchun so„nmas xizmat qilishga ulgurgan ulug„ ajdodimizdir.
Aziz do„stlar!
Jaloliddin Manguberdining beqiyos jasoratini anglash uchun, avvalo, shu
davrlarning mashaqqatli va beshafqat sahifalarini o„zimizga tasavvur qilib ko„raylik.
Shu paytgacha hech qaysi davlat, hech qaysi el bas kelolmagan, Xitoy va bepoyon
Sibir yerlaridan boshlab bugungi Kaspiy va Qora dengiz bo„ylarigacha bo„lgan
o„lkalarni zabt etgan, yo„lida uchragan shahar-qishloqlarni yondirgan, dahshati
o„zidan oldin yetib, ne-ne shoh-u shahanshohlar, amir-u sultonlar, sarkardalar
yuragiga vahima solgan Chingizxon lashkarining Xorazm ustiga balo-qazoday
yopirilib kelayotganini ko„z oldingizga keltiring.
Bir tomondan, boy-badavlat, ikkinchi tomondan, parokanda bo„lib yotgan
yurtimizning o„sha paytdagi ahvolini ham bir o„zingizga tasavvur qilib ko„ring.
Chingizxon shunday bir mash‟um kuch ediki, dunyodagi manaman degan qancha
zotlar uning qarshisida tiz cho„kib, qullug„ qilib yashashga tayyor edi.
Muhammad Xorazmshoh atrofidagi ko„plab beklar ham yov qo„liga taslim
bo„lishni afzal ko„rganlarida, Jaloliddin bu fikrga qarshi chiqib, o„zining beqiyos
jasorati va qat‟iyatini namoyon etdi. Shu paytgacha mag„lubiyatga uchramagan
mo„g„ul lashkariga qarshi o„n bir yil muttasil jang qildi. Va g„animlarga shunday
qaqshatqich zarbalar berdiki, hatto Chingizxonday makkor va beshafqat, dunyoning
yarmini zabt etgan fotih ham unga tan berishga majbur bo„ldi.
482
Aytinglar, aziz do„stlar, ana shunday qaltis vaziyatda o„zi kabi fidoyi, botir
insonlarni jipslashtirib, Xorazm zaminini toptashga shay turgan yovuz dushmanga
qarshi chiqish uchun odamda qanday jur‟at, qanday yurak, qanday iroda, qanchalar
baquvvat imon-e‟tiqod bo„lishi kerak?
Aytinglar, buning uchun insonda Vatanga muhabbat, el-u yurtga sadoqat, fidoyilik,
ozodlikka intilish tuyg„usi nechog„li bo„lishi kerak?
Qani, aytinglar, do„stlarim, qadrdonlarim, oldindan o„zini qurbon bo„lishini
bilaturib, lekin Vatan uchun, uning or-nomusi, uning tarixi va istiqboli uchun,
zimmasiga shunday og„ir qismatni olgan zotlarni tarixda ko„p uchratish mumkinmi?
Aminman, bunday shijoatli va mard o„g„lonni dunyoga keltirgan, voyaga
yetkazgan xalq har qancha hurmat-ehtiromga, har qancha tasannolarga munosibdir.
Hurmatli mehmonlar!
Qadrli do„stlar!
Sulton Jaloliddin Manguberdi o„z elining baxt-u saodati uchun hayot-mamot
janglarida jon fido etdi. Lekin dunyoda hech qanday xayrli ish beiz ketmaydi. Millat
ruhi, odamzodning ozodlik sari intilishi abadiydir.
Oradan bir asr o„tib, sohibqiron Amir Temur Jaloliddin Manguberdi boshlagan
ozodlik kurashini yangi sharoit va ulkan miqyoslarda davom ettirdi. Ona yurtimizni
bosqinchilardan xalos qilib, markazlashgan qudratli davlat barpo etdi.
Muhtaram jamoat!
Jaloliddin Manguberdining hayot yo„lini tahlil qiladigan, o„sha tarixiy voqealarga
bugungi kun ko„zi bilan qarab baho beradigan bo„lsak, ular bizni mana shunday tabiiy
va ibratli saboq xulosalarni chaqirishga undaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |