Samarqand
1998-yil 23-oktabr.
Al-Farg„oniy dahosiga ta‟zim
Qadrli yurtdoshlar!
Aziz mehmonlar!
476
Bugun yurtimizning qadimiy va so„lim go„shalardan biri Farg„onada muborak
bayram. Kecha biz tabarruk Samarqand zaminida islom olamida yuksak obro„-e‟tibor
qozongan ulug„ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni, buyuk alloma Imom al-
Buxoriyning tavallud to„yini o„tkazib, g„oyat savobli ishni ado etdik.
Bugun esa xalqimizning yana bir buyuk o„g„loni, o„rta asrlar jahon ilm-fani
asoschilaridan biri, qomusiy olim Ahmad al-Farg„oniyning xotirasini yod etib
turibmiz. Ushbu tarixiy voqealar butun dunyo ilm-u ma‟rifat, ma‟naviyat ahlining
diqqat markazida bo„lib, el-yurtimiz obro„-e‟tiborini jahonga tarannum etmoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Kishilik taraqqiyotiga o„zining o„chmas ulushini qo„shib, mamlakatimiz shuhratini
olamga taratib, tarix sahifalariga abadul-abad muhrlagan Muhammad al-Xorazmiy,
Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug„bek, Imom al-Buxoriy, Imom at-
Termiziy, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy singari ulug„ siymolarni
yetishtirgan millat har qancha g„ururlansa arziydi.
O„zbek diyorida parvarish topgan minglab alloma-yu adiblar, olim-u mutafakkirlar
qatoridan o„rin olgan Burhoniddin Marg„inoniy, Zahiriddin Muhammad Bobur,
Maxdumi A‟zam Kosoniy, Boborahim Mashrab, Nodirabegim kabi fozillar dunyoga
kelgan Farg„ona vodiysi ushbu aqidani yana bir bor tasdiqlaydi. Zero, bu maskan ham
ko„hna tariximizda, davlatchilik, ilm-u ma‟rifat, madaniyat, me‟morchilik
an‟analarimiz taraqqiyotida benazir o„ringa ega.
Aziz do„stlar!
Bir haqiqatni barchamiz anglab olishimiz zarur. O„zbek zaminida asrlar davomida
fan va madaniyatning turli sohalarida buyuk iste‟dodlarning parvarish topgani bejiz
emas, albatta.
Jamiyat taraqqiyotidagi har qanday o„zgarishlar, yangiliklar, ayniqsa, insoniyat
rivojiga katta turtki beradigan jarayonlar, kashfiyotlar o„z-o„zidan yuz bermaydi.
Buning uchun avvalo asriy an‟analar, tegishli shart-sharoit tafakkur maktabi,
madaniy-ma‟naviy muhit mavjud bo„lmoqi kerak. Millatning tabiatida, qonida, nasl-
nasabida ezgulik va ma‟rifat sari intilish mafkurasi va qonuniyati jo„sh urishi lozim.
Buning uchun eng avvalo mana shu qadimiy va betakror yurtga Ollohning nazari
va e‟tibori tushishi kerak.
Aziz do„stlar, birodarlarim!
Ahmad al-Farg„oniy tavalludining 1200 yilligi millatimiz uchun katta siyosiy va
ma‟rifiy ahamiyatga ega. Biz bu sanani davlatchiligimiz va ilm-u madaniyatimiz
tarixini, mustabid tuzum yillarida nohaq unutilgan buyuk ajdodlarimizning muborak
nomlarini qayta tiklashdek olijanob ishning uzviy bir qismi, deb bilamiz.
Ahmad al-Farg„oniyning olamshumul merosi dunyo madaniyati va ma‟rifati
xazinalaridan biri bo„lib, milliy salohiyatimiz, milliy tafakkurimiz ko„lami va
qudratining isbotidir.
Ahmad al-Farg„oniy kishilik tarixidagi ilk uyg„onish davrining eng zabardast va
yorqin namoyandalaridan biri, o„z zamonasi fundamental fani asoschilaridan edi.
477
Uning merosi insoniyatning yangi ilm cho„qqilariga ko„tarilishiga sababchi bo„ldi,
butun ma‟rifiy dunyo olimlari uchun dasturilamal bo„lib xizmat qildi. Farg„onalik bu
fozil zotning «Astronomiya asoslari» nomli shoh asari o„n ikkinchi asrdayoq lotin va
ivrit tillariga tarjima etilgan edi.
Yevropada kitob nashr yetish boshlangan XV asrda esa bu asar Italiyada,
keyinchalik Germaniya, Fransiya, Gollandiya va AQSH kabi mamlakatlarda qayta-
qayta chop qilingani uning naqadar yuksak ahamiyatga egaligini ko„rsatadi. Inson
tafakkurining bebaho mahsuli bo„lgan bu kitob asrlar davomida astronomiya fani
bo„yicha o„ziga xos qomus vazifasini o„tagan. Dunyoning eng nufuzli
dorilfununlarida undan asosiy darslik sifatida foydalanib kelingan.
Ahmad al-Farg„oniyning Yerning sharsimon shaklga egaligi borasidagi
qarashlarini oradan sakkiz yuz yil o„tib amalda isbotlagan mashhur sayyoh Xristofor
Kolumb, Yer meredianining bir darajasi miqdori haqidagi al-Farg„oniy hisoblarining
to„g„riligiga to„la ishonch hosil qildim, degan dastxat qoldirgan.
Bu e‟tirof bobokalonimiz, yanada kengroq aytsam, millatimiz ilmiy salohiyatiga
berilgan munosib bahodir.
Ahmad al-Farg„oniyning astronomiya fani rivojidagi nufuzi shu qadar ediki,
alloma bobomizning nomi yer kurrasidagina emas, samoda ham abadiy shuhrat topdi.
O„n oltinchi asrdayoq Oydagi kraterlardan biriga uning nomi berilgan edi. Atoqli
astronom Yan Geveliy tomonidan 1647-yili nashr qilingan «Selenografiya» kitobida
Oydagi kraterlardan ikkitasi ikki buyuk vatandoshimiz– Ahmad al-Farg„oniy va
Mirzo Ulug„bek nomi bilan ataladi.
Muhtaram do„stlar!
Bugun ozod yurtimizda Ahmad al-Farg„oniy kabi zotlar yoqib ketgan ilm mash‟ali
yangitdan porlay boshladi. Biz o„sib kelayotgan yosh avlod ta‟lim-tarbiyasini,
ularning zamonaviy ilg„or bilimlarga ega bo„lgan holda ulug„ bobokalonlarimiz
merosiga munosib bo„lishlarini davlatimiz siyosatining ustuvor yo„nalishi, deb
bilamiz. Shu maqsadda mamlakatimizda yagona ta‟lim-tarbiya tizimi maxsus Milliy
dastur asosida tubdan isloh qilinmoqda.
Minglab farzandlarimiz yuksak taraqqiy topgan davlatlardagi eng nufuzli bilim
dargohlarida tahsil olayotgani, buyuk ajdodlarimizning izdoshlari sifatida aql-zakovat,
ilmga chanqoqlik, tirishqoqlik namunalarini ko„rsatayotgani jamiyatimizni ertangi
kuni yanada yorug„ bo„lishidan darak beradi.
Ahmad al-Farg„oniyga bag„ishlangan tantanalar o„zligimizni, qadr-qimmatimizni,
millatimizning dunyoda tutgan o„rnini anglash yo„lida yana bir muhim vositadir.
Ayniqsa, bu sananing YuNESKO qarori bilan xalqaro miqyosida keng nishonlanishi
Ahmad al-Farg„oniy ilmiy merosini o„rganish borasidagi yangi-yangi tadqiqotlarga
asos bo„ladi, deb ishonaman.
Qadim Qubo tuprog„ida bunyod etilgan muhtasham yodgorlik majmui, Ahmad al-
Farg„oniyning qarshingizda qad ko„tarib turgan bu ulug„vor haykali
vatandoshlarimizning ulug„ bobokalonimizga hurmat-ehtiromi hamda ezgu
maqsadlarimiz ramzi bo„lib qolishi tabiiydir.
478
Mana shu fursatdan foydalanib buyuk ajdodimiz xotirasini abadiylashtirish, ko„hna
Qubo shuhratini tiklash, Farg„ona shahrini vodiy tarovatiga xos ravishda obod etishda
sidqidildan mehnat qilib, bor mahoratlarini ishga solgan quruvchilarga, me‟morlarga
samimiy minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.
Aziz yurtdoshlar!
Bugun Ahmad al-Farg„oniy bobomizning to„yini nishonlar ekanmiz, u qoldirgan
merosning olamshumul ahamiyati haqida so„zlar ekanmiz, biz Farg„ona zaminiga,
Quva tuprog„iga, shu yerdan o„tgan odamlarning ruhi oldida va bugun yashayotgan
avlodlar qarshisida ta‟zim qilamiz.
Bu zotning shu yerda tug„ilgani, tarbiya topib voyaga yetgani bu yurtni barchamiz
uchun yanada aziz va mukarram qiladi.
Bu zot qayerda yashagan bo„lmasin, xoh Bag„dodda, xoh Damashqda, xoh
Qohirada o„z ilmiy kashfiyotlari bilan shuhrat topgan bo„lmasin, ishonamanki, u
hamisha tug„ilgan yurtini sog„inib yashagan. Ona-Vatanining muhabbati va
sog„inchini bir umr qalbida saqlab yurgan. Bu tuyg„u nafaqat ulug„ insonlarga, balki
iymonli, diyonatli har bir odamga xos xususiyatdir.
Muhtaram vatandoshlarim!
Yillar o„tadi, asrlar o„tadi, yangi avlod dunyoga keladi, lekin bu zotning nomi,
buyuk merosi xalqimiz uchun shon-sharaf ramzi bo„lib abadul-abad saqlanib qoladi.
Yana bir bor barchangizni bugungi qutlug„ tantana bilan chin qalbimdan
muborakbod etaman. Olloh taolodan hammangizga omonlik-farovonlik, ezgu va
xayrli ishlaringizda madad tilayman. Ulug„ bobomiz ruhi xonadoningizni nurafshon,
qalbingizni munavvar etsin.
Farg‘ona – Quva 1998-yil 24-oktabr
.
Do'stlaringiz bilan baham: |