Vatanimizning bosqichma-bosqich va barqaror rivojlanishini ta’minlash – bizning oliy maqsadimiz Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 16 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi



Download 118 Kb.
Sana23.01.2017
Hajmi118 Kb.
#889


Vatanimizning bosqichma-bosqich va barqaror rivojlanishini ta’minlash – bizning oliy maqsadimiz

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 16 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi
Assalomu alaykum, muhtaram vatandoshlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz, azizlarni va sizlar orqali butun xalqimizni qutlug‘ bayram – Konstitutsiya kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat va ehtiromimni bildirishga ijozat bergaysiz.

Shu kunlarda biz mamlakatimizning Asosiy qonuni bo‘lmish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 16 yilligini keng nishonlamoqdamiz.

Konstitutsiyamiz yurtimizda demokratik davlat qurish, erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish, inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan fuqarolik jamiyatini barpo etish bo‘yicha eng muhim tamoyillar, qoida va me’yorlarni o‘zida mujassamlashtirib, jamiyatimiz hayotining asosiy huquqiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shuni ta’kidlash zarurki, biz Konstitutsiyamizni qabul qilish bilan o‘z umrini o‘tab bo‘lgan, mafkuralashgan, mustabid ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan butunlay voz kechdik, mamlakatimizni huquqiy-demokratik rivojlantirishga qaratilgan, xalqimizning tub manfaatlariga javob beradigan yangi strategiyani aniq belgilab oldik.

Asosiy Qonunimizning negizini tashkil etadigan qoida va talablar asosida mamlakatimizni tubdan isloh etish va modernizatsiya qilishning o‘zbek modeli qabul qilindi. Bu modelning mazmun-mohiyatini ifoda etadigan beshta asosiy tamoyil hozir ham o‘z dolzarbligi va ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda.

Bugun, vaqt o‘tishi bilan, hayotning o‘zi, mamlakatimiz erishayotgan yuksak marralar Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan, xalqimizning orzu-umidlari, bugungi va kelajak manfaatlariga javob beradigan qoida va prinsiplarning naqadar to‘g‘ri ekanini isbotlamoqda, desam, o‘ylaymanki, bu fikrga sizlar ham qo‘shilasiz.

O‘tgan davr mobaynida xalqimizning azmu shijoati, fidokorona mehnati bilan ko‘lami va chuqurligiga ko‘ra g‘oyat ulkan yutuqlar qo‘lga kiritildi.

Buning tasdig‘ini avvalambor mamlakatimiz iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotining barqaror sur’atlarida, aholi farovonligining izchil va muntazam oshib borayotganida, qishloq va shaharlarimiz yanada obod bo‘lib, yangicha qiyofa kasb etayotganida, eng muhimi, yurtimizda ro‘y berayotgan demokratik yangilanish jarayonlarida yaqqol ko‘rish mumkin.

Eng asosiysi – odamlarimizning ruhiyati va dunyoqarashi, hayotga, o‘z mehnatining natijasiga munosabati, jahonda va yon-atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi tubdan o‘zgarmoqda. Ularning siyosiy faolligi, o‘z fuqarolik burchi va mas’uliyatini anglash tuyg‘usi kuchayib bormoqda.

Xalqimizning aynan ana shunday o‘sib borayotgan ijtimoiy faolligi, uning siyosiy va huquqiy tafakkurida yuz berayotgan chuqur o‘zgarishlar hozirgi bosqichda mamlakatimiz erishayotgan yutuqlarning hal qiluvchi muhim omili bo‘lmoqda, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, bularning barchasi bugungi kunda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sud-huquq tizimini liberallashtirishda, fuqarolik jamiyati institutlarini faollashtirish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini kuchaytirishda ishonchli va mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Boshqacha aytganda, bugun hayot yurishining o‘zi mamlakatimizni tadrijiy rivojlantirishning asosiy modeli bo‘lgan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” dasturini joriy etish bo‘yicha olib borayotgan ishlarimizni yanada kuchaytirish va samarasini oshirish masalasini kun tartibiga tobora qat’iy qilib qo‘ymoqda.

Mazkur dasturiy vazifaning mazmun-mohiyati avvalambor shundan iboratki, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy salohiyati mustahkamlanib, siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati yuksalib borishi bilan mamlakatni isloh qilish bo‘yicha biz tanlagan modelning mantig‘i yurtimizni demokratik yangilash uchun yangi vazifalarni, fuqarolarimizning davlat boshqaruvidagi rolini oshirishni taqozo etmoqda.

Xususan, bu maqsad-vazifalarni amalga oshirish yo‘lida davlatning rolini izchil ravishda kamaytirib borish va ayni paytda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallaning faoliyat ko‘lami hamda vakolatlarini kengaytirish, aholi turli qatlam va guruhlarining tub manfaatlarini ifodalaydigan va himoya qiladigan siyosiy va ijtimoiy institutlar, nodavlat, nohukumat tuzilmalar rolini kuchaytirish masalalari alohida ahamiyat kasb etadi.

Haqiqatan ham, ana shunday olijanob maqsadlarga erishish yo‘lida hech shubhasiz, mahallaning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini tushunish, anglash qiyin emas, deb o‘ylayman.

Bir vaqtlar “Otang – mahalla, onang – mahalla”, degan ibora bejiz paydo bo‘lmagan o‘zi.

O‘zingiz o‘ylang, chuqurroq qaraganda, bugun siyosiy partiyalar, nodavlat va turli ijtimoiy harakat va tuzilmalar haqida gapirganda – ayting, ularning ildiz-tomirlari mahalla zaminida o‘smaydimi o‘zi?

Odam shular haqida o‘ylar ekan, uzoq tariximizda mahalla, degan idoraning o‘zbek zaminida paydo bo‘lishida tashabbuskor, sababchi bo‘lgan ajdod-avlodlarimizga har qancha ta’zim qilsa arziydi, albatta.

Oldimizda turgan maqsadlarga erishishda, markazda va joylarda davlat organlarini shakllantirishda ana shunday tuzilmalarning ishtirokini yanada kengaytirish va ular tomonidan davlat boshqaruv idoralari faoliyati ustidan nazoratning amalga oshirilishi o‘ta muhim o‘rin tutadi.

Lo‘nda qilib aytganda, fuqarolik jamiyatining shakl-shamoyilini jamiyatimizning rang-barangligini to‘liq ifoda etadigan, ijtimoiy-siyosiy, sotsial, madaniy-ma’rifiy va professional tashkilot va muassasalarni qamrab olgan hamjamiyatni o‘zimizga tasavvur qilamiz.

Uning asosiy maqsad-muddaosi, millati, dini, irqi va jinsi, e’tiqodi va qarashlaridan qat’i nazar shu davlatda yashayotgan har qaysi insonning huquq va erkinliklarini himoyalash va hayotda ularning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishdan iboratdir.

Davlat organlari va siyosiy, ijtimoiy, fuqarolik institutlarining o‘zaro hamjihatligiga erishish ko‘p jihatdan jamiyatdagi turli ijtimoiy kelishmovchiliklarning oldini olish hamda mamlakatning izchil va barqaror rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi. O‘ylaymanki, buni isbotlab o‘tirishga hojat yo‘q.

Boshqaruvning tom ma’nodagi demokratik tizimiga o‘tish ko‘p jihatdan ana shunday omillarga bog‘liqdir. Hokimiyatning byurokratizm va korrupsiya illatlariga berilishi va odamlarni sansolarlikka tashlashni oldini olishning asosiy chorasi ham aynan mana shunda, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Fuqarolik jamiyatini shakllantirish – bu uzoq davom etadigan, uzluksiz va murakkab jarayon bo‘lib, bu maqsadga erishish mamlakat va jamiyatni isloh qilish maqsadlari va yo‘lining to‘g‘ri tanlanganiga, birinchi navbatda, odamlarning ongu tafakkurida demokratik va liberal qadriyatlarning naqadar mustahkam o‘rin olayotganiga bog‘liq ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz, deb o‘ylayman. Eng muhimi, islohotlarning asosiy subyekti bo‘lmish inson mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning zarurligiga, ulardan aniq manfaat topishiga o‘z hayotiy tajribasi misolida ishonch hosil qilishi zarur.

Yurtimizda zamonaviy demokratik davlat va jamiyat qurish bo‘yicha Konstitutsiyamizda belgilab berilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasida erishilgan muhim natijalarni munosib baholar ekanmiz, bir fikrni alohida ta’kidlamoqchiman.

Bugungi kunda demokratik islohotlar va jamiyatni liberallashtirishni izchil va bosqichma-bosqich davom ettirish hamda chuqurlashtirish jarayoni o‘zining aniq va ravshan marralariga ega bo‘lib, hayotimizda boshlangan tub o‘zgarishlar albatta o‘z mantiqiy yakuniga yetkaziladi, deb aytish uchun barcha asoslarimiz bor.

Bu – bizning kelajagimiz, kelajagimizdan esa biz hech qachon qaytmaymiz.
Aziz yurtdoshlar!

Bugungi imkoniyatdan foydalanib, hozirgi paytda eng muhim va dolzarb bo‘lib turgan masala – jahon miqyosidagi moliyaviy inqiroz va uning mamlakatimizga ta’siri xususida qisqacha to‘xtalib o‘tish zarur, deb hisoblayman.

Avvalo, jahon moliyaviy inqirozi haqida.

Bu inqiroz Amerika Qo‘shma Shtatlarida ipotekali kreditlash tizimida ro‘y bergan tanglik holatidan boshlandi. So‘ngra bu jarayonning miqyosi kengayib, yirik banklar va moliyaviy tuzilmalarning likvidlik, ya’ni to‘lov qobiliyati zaiflashib, moliyaviy inqirozga aylanib ketdi.

Dunyoning yetakchi fond bozorlarida eng yirik kompaniyalar indekslari va aksiyalarning bozor qiymati halokatli darajada tushib ketishiga olib keldi.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, ko‘plab mamlakatlarda ishlab chiqarish va iqtisodiy o‘sish sur’atlarining keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq ishsizlik va boshqa salbiy oqibatlarni keltirib chiqardi.

Hozirgi vaqtda bir qator yetakchi tahlil va ekspertlik markazlari global moliyaviy inqiroz holatini va uning yuz berishi mumkin bo‘lgan oqibatlariga doir materiallarni o‘rganish va umumlashtirish natijasida quyidagi xulosalarga kelmoqda.

Birinchidan, moliya-bank tizimidagi inqiroz jarayonlari deyarli butun dunyoni qamrab olayotgani, retsessiya va iqtisodiy pasayishning muqarrarligi, investitsiyaviy faollik ko‘lamining cheklanishi, talab va xalqaro savdo hajmining kamayishi, shuningdek, jahonning ko‘plab mamlakatlariga ta’sir ko‘rsatadigan jiddiy ijtimoiy talafotlar sodir bo‘lishi mumkinligi o‘z tasdig‘ini topmoqda.



Ikkinchidan, avj olib borayotgan global moliyaviy inqiroz jahon moliya-bank tizimida jiddiy nuqsonlar mavjudligi va ushbu tizimni tubdan isloh qilish zarurligini ko‘rsatdi.

Ayni vaqtda bu inqiroz asosan o‘z korporativ manfaatlarini ko‘zlab ish yuritib kelgan, kredit va qimmatbaho qog‘ozlar bozorlarida turli spekulyativ amaliyotlarga berilib ketgan banklar faoliyati ustidan yetarli darajada nazorat yo‘qligini ham tasdiqladi.



Uchinchidan, moliyaviy-iqtisodiy inqirozning har qaysi davlatdagi miqyosi, ko‘lami va oqibatlari qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan bir qancha omillardan kelib chiqadi.

Ya’ni, bu avvalo, ana shu davlatning moliya-valuta tizimi nechog‘liq mustahkam ekaniga, milliy kredit institutlarining qay darajada kapitallashuvi va likvidligi (to‘lov imkoniga), ularning chet el va korporativ bank tuzilmalariga qanchalik qaram ekaniga, shuningdek, oltin-valuta zaxirasining hajmi, xorijiy kreditlarni qaytarish qobiliyati va pirovard natijada – mamlakat iqtisodiyotining barqarorlik, diversifikatsiya va raqobatga bardoshlik darajasiga bog‘liq.

To‘rtinchidan, jahon moliyaviy inqirozidan imkon qadar tez chiqish, uning oqibatlarini yengillashtirish ko‘p jihatdan har qaysi davlat doirasida va umuman, dunyo hamjamiyati miqyosida qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning qanchalik samaradorligiga, ularning bir-biri bilan uyg‘unligiga bog‘liq.

Shu yil noyabr oyida Vashingtonda, jahon yalpi mahsulotining 85 foizini ishlab chiqaradigan 20 ta yirik davlat ishtirokida bo‘lib o‘tgan sammit global moliyaviy inqirozning ko‘lami tobora kengayib borayotganini tasdiqladi.

Ushbu sammitda bo‘lib o‘tgan muhokamalar shuni ko‘rsatdiki, bugun jahon moliyaviy inqirozining oldini olish haqida so‘z borayotgani yo‘q, balki undan qanday qilib chiqish yo‘llari izlanmoqda, xolos. Ya’ni, bu masalada vaziyat shu darajaga yetdiki, endi avvalgi marralarga qaytish haqida so‘z yuritishga asos yo‘q.

Muhokamalarda inqirozni keltirib chiqargan sabablar tahlili bo‘yicha sammit ishtirokchilarining yagona yondashuvga ega emasligi, shu bois ushbu global moliyaviy inqirozning jiddiy va uzoq davom etadigan oqibatlarini bartaraf etish yuzasidan umumiy va samarali dastur ishlab chiqish haqida gapirishga hali erta ekani ayon bo‘ldi.

Shu bilan birga, mazkur sammitning bo‘lib o‘tgani, unda jahon moliya inqirozi bilan bog‘liq muammolar va vujudga kelgan vaziyat muhokama qilinganining o‘zi umid uyg‘otadigan ijobiy hol ekani shubhasiz.
Hurmatli do‘stlar!

Jahon moliyaviy inqirozining har bir mamlakatga ta’siri, undan ko‘riladigan zararning darajasi va ko‘lami birinchi navbatda shu davlatning moliyaviy-iqtisodiy va bank tizimlarining nechog‘liq barqaror va ishonchli ekaniga, ularning himoya mexanizmlari qanchalik kuchli ekaniga bog‘liqligini isbotlashga hojat yo‘q, deb o‘ylayman.

O‘zbekistonda qabul qilingan va amalda o‘zini to‘liq oqlagan islohotlar va modernizatsiyalashning o‘ziga xos modelidan kelib chiqadigan prinsiplar va maqsadli vazifalar haqida so‘z borganda, bir fikrni alohida ta’kidlashni istardim.

Biz iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishda uzoq va davomli milliy manfaatlarimizni ko‘zda tutgan holda, “shok terapiyasi” deb atalgan usullarni bizga chetdan turib kiritishga qaratilgan urinishlar va bozor iqtisodiyoti o‘zini o‘zi tartibga soladi, degan o‘ta jo‘n va aldamchi tasavvurlardan o‘z vaqtida voz kecha oldik.

Ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan boshqaruvning bozor tizimiga o‘tish jarayonida tadrijiy yondashuvni, «Yangi uy qurmasdan turib, eskisini buzmang» degan hayotiy tamoyilga tayangan holda, islohotlarni izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirish yo‘lini tanladik.

Eng muhimi, parokandalik va boshboshdoqlik ta’siriga tushib qolmaslik uchun o‘tish davrida aynan davlat bosh islohotchi sifatida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi zarurligini biz o‘zimizga aniq belgilab oldik.

Mamlakatimizning uzoq va davomli manfaatlari taqozo etgan holatlarda va keskin vaziyatlardan chiqish, ular tug‘diradigan muammolarni hal etish zarur bo‘lganda iqtisodiyotda davlat tomonidan boshqaruv usullari qo‘llandi va bunday yondashuv oxir-oqibatda o‘zini to‘la oqladi.

Biz tanlagan taraqqiyot modeli, mamlakatni isloh etish, modernizatsiyalash, texnik va texnologik yangilash, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan puxta o‘ylangan siyosat bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Va bu siyosat yurtimizni turli salbiy jarayonlar va inqirozlar ta’siridan saqlaydigan mustahkam va ishonchli himoya vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu o‘rinda, O‘zbekistonda moliyaviy-iqtisodiy, budjet, bank-kredit tizimi, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori korxonalari va tarmoqlarining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash uchun yetarli darajada mustahkam zaxiralar yaratilganini va zarur resurslar bazasi mavjud ekanini ta’kidlash joiz.

Ayrim misollarga to‘xtalib o‘tsam.

Hech kimga sir emaski, bugun keng ko‘lamda tarqalib borayotgan jahon moliyaviy inqirozining asosiy sabablaridan biri – bu banklar likvidligi, ya’ni to‘lov qobiliyatining zaifligi bilan bog‘liq muammoning keskinlashuvi, kredit bozoridagi tanglik, sodda qilib aytganda, pul mablag‘larining yetishmasligi bilan izohlanadi.

Keyingi yillarda respublikamizda banklarning kapitallashuv darajasini oshirish borasida bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi.

Bu esa mamlakatimiz bank tizimining asosini tashkil etadigan Milliy bank, Xalq banki, Sanoatqurilishbank va Mikrokredit banklarining, shuningdek, Asakabank, Paxtabank, G‘allabank kabi tijorat banklarining kapital bazasini va likvidligini, ya’ni to‘lov va kredit berish salohiyatini tubdan oshirish imkonini berdi.

Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida faqat 2008 yil davomida respublika tijorat banklari jami kapitalining to‘rtdan uch qismini o‘zida birlashtirgan sakkizta yetakchi tijorat bankining umumiy kapitali hajmi 42 foizga oshdi va bu ko‘rsatkich 2010 yilgacha ikki barobar ortadi.

Tijorat banklarining aktivlari miqdori, «Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq shakllangan zaxiralarni hisobga olgan holda, 13 trillion 360 milliard so‘mdan oshadi.

Bu aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlarning jalb qilingan depozitlari hajmidan taxminan 2,4 barobar ko‘p demakdir.

Bank aktivlari hajmining sezilarli darajada oshganini hisobga olib, bugungi kunda respublikamizda aholining banklardagi barcha depozitlarini davlat tomonidan yuz foiz kafolatlash ta’minlanmoqda.

Shu borada 2006 yilda tashkil etilgan Mikrokreditbankning faoliyati xususida alohida to‘xtalmoqchiman.

Mamlakatimiz hududlarida 78 ta filiali va 270 dan ziyod minibanki faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur bank kichik biznes va xususiy tadbirkorlik tarmog‘ini kreditlar bilan ta’minlashga xizmat qilmoqda.

O‘tgan ikki yil davomida ushbu bank aktivlari miqdori 3,5 barobar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kreditlash hajmi 4 barobarga oshdi va bu maqsadlarga 150 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Yaqinda Prezident farmoni asosida Mikrokreditbank ustav jamg‘armasini 72 milliard so‘mga oshirish va uning hajmini 150 milliard so‘mga yetkazish haqida qaror qabul qilindi.

Men to‘xtalmoqchi bo‘lgan yana bir masala – tashqi qarz va uni uzish muammolari bilan bog‘liq.

Shuni aytish kerakki, ko‘plab davlatlarning tashqi qarz masalasidagi puxta o‘ylanmagan siyosati ularning iqtisodiyotini zaif, tashqi omillarga qaram, xatarli vaziyatlar oldida himoyasiz va nochor ahvolga solib qo‘yganini ko‘rish, kuzatish qiyin emas.

O‘zbekiston o‘zining mustaqil taraqqiyoti davrida qisqa muddatli spekulyativ kreditlardan voz kechib, chet el investitsiyalarini uzoq muddatli va imtiyozli foiz stavkalari bo‘yicha jalb etish tamoyiliga doimo amal qilib kelmoqda.

Shuni ham qayd etishni istardimki, qarzni o‘z vaqtida qaytara olishga qat’iy ishonchimiz va kafolatimiz bo‘lmagan paytlarda muayyan loyihalarni kreditlash bo‘yicha ayrim takliflardan voz kechgan holatlarimiz ham bo‘ldi.

Bugungi kunda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi yalpi ichki mahsulot hajmining 13,3 foizini tashkil etadi va eksport hajmining 31 foizidan oshmaydi. Bu xalqaro mezonlarga ko‘ra, har jihatdan maqbul holat, deb baholanadi.

Tijorat banklarimizning tashqi majburiyatlar bo‘yicha to‘lovlarining holati va hajmi masalasi bo‘yicha so‘z yuritganda hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Bu ham respublikamiz bank tizimi jahon moliyaviy inqirozining salbiy ta’siri va oqibatlaridan ishonchli tarzda himoyalanganini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston o‘zining ishonchli va to‘lov qobiliyatiga ega hamkor ekanini, mamlakatimizda chet el sarmoyasini jalb etish bo‘yicha har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratilganini amalda isbotlamoqda. So‘nggi ikki yil davomida o‘zlashtirilgan chet el investitsiyalari hajmi 2,5 barobardan ko‘proq oshganining o‘zi ham buni tasdiqlab turibdi. Joriy yil oxirigacha 1,5 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi, shu jumladan, ularning 70 foizini to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilinadigan investitsiyalar tashkil etadi.

2009 yilda Investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida 1,8 milliard AQSH dollaridan ortiq xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Ularning taxminan to‘rtdan uch qismi to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etiladigan investitsiyalardir.

Umuman, 2009 yilda mamlakat iqtisodiyotiga kiritiladigan xorijiy va ichki investitsiyalarni hisobga olganda, kapital qo‘yilmalarning umumiy hajmi mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining kamida 25 foizini tashkil etadi.

Endi aholining ish haqi va daromadlarini izchil va oldindan oshirib borish hamda iste’mol bozorida narxlar indeksining asossiz tarzda o‘sishining oldini olishga doir chora-tadbirlar xususida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Joriy yilning 11 oyi davomida mamlakatimizda inflatsiya darajasi 6,6 foizni tashkil etdi, umuman, yil davomida bu ko‘rsatkich 8 foizdan yoki 2008 yil prognoz ko‘rsatkichlaridan oshmaydi.

Budjet sohasi xodimlarining o‘rtacha ish haqi 2008 yilda 51 foizga, xo‘jalik subyektlarini hisobga olgan holda esa, 47 foizga ortadi. Shu tariqa keyingi ikki yil davomida, ya’ni 2007-2008 yillarda mamlakatimizda o‘rtacha ish haqining 2 barobardan ziyodroq o‘sishiga erishamiz.

Bu esa el-yurtimizning farovonligini yuksaltirish, aholining xarid qobiliyatini oshirishni ko‘zda tutadigan eng muhim ustuvor maqsadlarimizga to‘la mos keladi.


Muhtaram vatandoshlar!

Tabiiyki, yuqorida keltirilgan misol va raqamlardan tobora chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy inqirozi mamlakatimizga ta’sir ko‘rsatmaydi, bizni chetlab o‘tadi, degan xulosa chiqarmaslik kerak. Masalani bunday tushunish o‘ta soddalik, aytish mumkinki, kechirib bo‘lmas xato bo‘lur edi.

Barchamiz bir haqiqatni anglab yetishimiz lozim – O‘zbekiston bugun xalqaro hamjamiyatning va global moliyaviy-iqtisodiy bozorning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi.

Buning tasdig‘ini tashqi dunyo bilan aloqalarimiz tobora kengayib borayotganida, taraqqiy topgan yetakchi davlatlar ko‘magida iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha dasturlarning amalga oshirilayotganida, O‘zbekistonning xalqaro savdo tizimiga integratsiyalashuvida, mahsulot va tovarlar importi va eksportining o‘sib borishida va boshqa misollarda yaqqol ko‘rishimiz mumkin.

Shu bois global moliyaviy inqiroz va birinchi navbatda uning oqibatlari iqtisodiyotimizning rivojlanishi va samaradorlik holatlariga ta’sir etayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Jahon bozorida talabning pasayib borishi oqibatida O‘zbekiston eksport qiladigan qimmatbaho va rangli metallar, paxta, uran, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar va boshqa mahsulotlarning narxi tushib bormoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va investorlarning eksportdan oladigan tushumlari kamayishiga olib keladi.

Ularning foyda ko‘rishiga va ishlab chiqarish rentabelligiga, oxir-oqibatda esa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarimizning o‘sish sur’atlari va iqtisodiyotimizning boshqa tomonlariga salbiy ta’sir etadi.

Shubha yo‘q, jahon moliyaviy inqirozining ta’sirini kamaytirish va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun bizda barcha zarur shart-sharoitlar mavjud.

Keyingi davr mobaynida mamlakatimizning iqtisodiy va moliyaviy salohiyatining puxta poydevorini, moliya-bank tizimining ishonchli boshqaruv mexanizmlarini o‘z vaqtida shakllantirib va mustahkamlab olganimiz bunga asos bo‘lib xizmat qilishi muqarrar.

Respublika Prezidentining yaqinda qabul qilingan farmoni bilan jahon moliya inqirozining oqibatlariga qarshi kurash yo‘lida bank va moliya tuzilmalariga qo‘shimcha yordam berish, iqtisodiyotning real sektori korxona va kompaniyalarining faolligini kuchaytirish va rag‘batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishga solish ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatimizda global inqirozning oqibatlarini, bugungi va ertangi kutiladigan ta’sirini hisobga olgan holda, qat’iy, har tomonlama o‘ylangan keng ko‘lamli loyihalar bugun amalga oshirilmoqda.

Albatta, mamlakatimizda bunday chora-tadbirlar tadbiq qilinishi bilan bir qatorda bu jiddiy sinovni yengish, hech shubhasiz, ko‘p jihatdan hammamizdan avvalo mas’uliyatimizni teran his qilishni, barcha imkoniyat va resurslarimizni ishga solishni talab qiladi.

Buni hammamiz chuqur anglab olishimizni istardim.
Hurmatli yurtdoshlar!

Bundan bir yil muqaddam mana shu muhtasham zalda sizlar bilan bamaslahat 2008 yilni yurtimizda “Yoshlar yili” deb e’lon qilgan edik.

Bu qarorimizning ma’no-mazmuni va asosiy maqsadlari haqida gapirganda, avvalambor unib-o‘sib kelayotgan farzandlarimizga yanada keng yo‘l ochib berish, ularning sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi, zamonaviy bilim va taraqqiyot qirralarini egallashi, o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini, kuch-quvvatini namoyon etishi uchun davlatimiz, jamiyatimiz tomonidan sharoit tug‘dirish, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘liq ta’minlash, bir so‘z bilan aytganda, navqiron avlodni biz qurayotgan yangi jamiyatning hal qiluvchi kuchiga aylantirish vazifasi qo‘yilgani barchamizga yaxshi ma’lum.

“Yoshlar yili”ga bag‘ishlab ishlab chiqilgan maxsus davlat dasturi va shu asosda bajarayotgan amaliy ishlarimiz istiqlolimizning dastlabki kunlaridan boshlab O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat va ijtimoiy siyosatimizda yoshlarga berilayotgan e’tiborni yanada kengaytirish va kuchaytirish uchun yangi imkoniyatlarni safarbar qilishga qaratildi. Shu masalaga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun birinchi navbatda moddiy va moliyaviy manbalar, mas’ul idora va tashkilotlar, tegishli ijrochilar aniq belgilab olindi.

Dasturning bajarilishini nazorat qilish vazifasi markazda respublika komissiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha esa maxsus hududiy komissiyalar zimmasiga yuklatildi.

2008 yilni mamlakatimizda “Yoshlar yili” deb e’lon qilganimiz xalqimiz, jamoatchiligimiz, avvalambor yoshlarimizning o‘zi tomonidan qizg‘in kutib olindi va keng qo‘llab-quvvatlandi.

Yurtimizdagi ko‘plab korxonalar, fermerlar, tashkilot va muassasalar, o‘quv yurtlari, siyosiy partiyalar, ijtimoiy jamg‘armalar dastur ijrosini ta’minlashga mas’uliyat bilan yondashganini ta’kidlash zarur. Aytish mumkinki, haqiqatan ham, “Yoshlar yili” dasturining bajarilishi butun mamlakatimizni qamrab olgan tom ma’nodagi umummilliy harakatga aylandi.

Shu borada qabul qilingan va amalga oshirilgan qonun, qaror, chora-tadbirlar va loyihalarni baholar ekanmiz, quyidagi ishlarimizga alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Avvalo, yoshlarning manfaatlarini yanada to‘liq ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish masalalariga e’tibor berilganini qayd etish lozim.

O‘tgan davr mobaynida bu yo‘nalish bo‘yicha Prezident va hukumat tomonidan 13 ta qaror, 1 ta farmoyish qabul qilindi va 2 ta qonun loyihasi qabul qilinish arafasida turibdi.

Ana shu qonun hujjatlarida bolalarni tug‘ilganidan to voyaga yetguncha bo‘lgan davrda salomatligini himoya qilish, Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va shu dargohlarda ishlayotgan xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash masalalari har tomonlama o‘rin oldi.

Ushbu qarorlar qatorida 2009-2014 yillarda bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy bazasini mustahkamlash va yangi muassasalarni qurish bo‘yicha davlat dasturi hamda iqtidorli yoshlarni taqdirlash va moddiy rag‘batlantirishga oid hukumat qarorining qabul qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Ayni paytda yana bir muhim hujjat – oliy o‘quv yurtlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga doir davlat dasturining loyihasi tayyorlanmoqda.

O‘tgan davr mobaynida e’tibor markazimizda turgan masala – ta’lim sohasida qabul qilingan umummilliy davlat dasturlarining ko‘rsatmalarini va ko‘zda tutilgan islohotlarini oxiriga yetkazish vazifasi bo‘ldi, desam, hech qanday xato bo‘lmaydi.

Bu yo‘nalishda boshlagan ijobiy ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida umumta’lim maktablari bitiruvchilarini akademik litsey va kasb-hunar kollejlariga to‘liq jalb etish tizimi shakllantirildi.

Ya’ni, boshqacha qilib aytganda, mamlakatimizda sovet davridan qolgan o‘rta ta’lim olish jarayonidan umumta’lim bosqichi, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limini o‘z ichiga olgan 12 yillik ta’lim tizimiga o‘tish ishlarini yakuniga yetkazdik.

1997 yilda boshlagan, haqiqatan ham olamshumul ishlarimizning bunday muhim natijasiga erishishda birgina shu yilning o‘zida 370 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanib, 184 ta zamonaviy litsey va kollej barpo etilgani ham salmoqli hissa bo‘lib qo‘shildi.

Yil davomida umumta’lim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha 364 milliard so‘m mablag‘ sarflanib, 1 ming 875 ta maktabda yangi qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari bajarilgani ham, hech shubhasiz, biz uchun, bizning kelajagimiz uchun amalga oshirilayotgan ishlarimizning yana bir namoyoni bo‘ldi.

Yosh avlodni tarbiyalash va ma’naviy yuksaltirishdek mas’uliyatli ishga o‘zini bag‘ishlagan ustoz va murabbiylarning mehnatini qadrlash, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish doimiy e’tiborimizda turgani barchamizga ma’lum.

2006 yildan boshlab umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha takomillashtirilgan yangi tizim tadbiq etilgani, ularning oylik maoshlari shuning hisobidan yil bo‘yicha o‘rtacha 1,6 barobar oshgani buning isbotidir.

Joriy yilda qabul qilingan maxsus qarorga binoan, oliy o‘quv yurtlarida ishlayotgan professor va o‘qituvchilarning maoshlari 25 foizga ko‘paytirildi. Agarki 2008 yilda yurtimizda umumiy ish haqi miqdorining oshirilganini inobatga oladigan bo‘lsak, ularning oylik maoshlari faqat shu yilning o‘zida hammasi bo‘lib ikki karra oshganini qayd etish kerak.

O‘z navbatida litsey va kollejlarning rahbarlari, pedagog va murabbiylarining ish haqi ham ana shunday hisob-kitob bo‘yicha 2008 yilda taxminan 1,8 barobar o‘sgani quvonarli hol, albatta.

Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik tufayli yurtimiz yoshlari zamonaviy ilm-fan asoslarini puxta o‘zlashtirishda yuqori natijalarga erishmoqda.

Jumladan, kimyo fani bo‘yicha shu yil Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida o‘quvchilarimiz 13 ta medalni qo‘lga kiritib, birinchi o‘rin sohibi bo‘lgani yoki Ispaniyada 97 ta mamlakat vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan matematika olimpiadasida 4 ta sovrinli o‘rinni olishga erishgani barchamizni mamnun etadi.

Ta’lim sohasini yangi bosqichga ko‘tarish haqida gapirganda, farzandlarimizning qalbi va ongiga Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini singdirish, ularni barcha balo-qazolardan, bizga begona bo‘lgan ta’sirlardan ogoh etish va himoyalash, bolalarimizni shu ruhda tarbiyalashga alohida e’tibor berib kelayotganimiz jamiyatimizning bugungi va ertangi kuni uchun naqadar muhim ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi anglaymiz.

Joriy yil davomida hayotimizdagi yana bir o‘tkir masalani yechishga katta ahamiyat berildi. Bugungi kunda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlarni ish bilan ta’minlash o‘ta dolzarb va jiddiy masala ekanidan barchamiz xabardormiz.

Bu muammoni hal qilish maqsadida o‘quv yurtlarini, avvalambor, kollejlarni bitirib, zamonaviy kasb-hunarga ega bo‘lgan yoshlarimizni korxona va tashkilotlarga joylashtirish, ularni qoniqtiradigan ish bilan ta’minlash bo‘yicha ancha ishlar qilindi. Eng muhimi, shu yildan boshlab bu borada yangi statistik hisobotlar va nazorat tizimi amaliyotga joriy etilmoqda.

To‘plangan ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu masalada o‘rnatilgan tartib va intizom, ya’ni har qaysi litsey va kollej bitiruvchisining ishga joylashtirilishi yuzasidan kuzatuv ishlarining olib borilishi, bu vazifaning o‘quv yurtlari rahbariyati va mahalliy hokimliklar zimmasiga yuklatilishi o‘z samarasini bermoqda.

Yana bir e’tiborli tomoni shundan iboratki, litsey-kollejlar va oliy o‘quv yurtlarida mavjud bo‘lgan ixtisosliklar soni va turlari tanqidiy ko‘z bilan qaytadan ko‘rib chiqildi.

Ya’ni, o‘quv yurtlarida o‘quvchi va studentlarni iqtisodiyotning real tarmoqlarida talab qilinayotgan mutaxassisliklarni hisobga olgan holda tayyorlash masalasi qattiq nazoratga olindi.

Misol tariqasida aytish kerakki, shu yilning o‘zida kasb-hunar kollejlari tizimida 80 ta ixtisoslik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash to‘xtatildi, oliy ta’lim tizimida esa 90 ta yangi ixtisoslik joriy etildi.

Bunday amalga oshirilayotgan tadbirlarimizning ma’no-maqsadlari shunga qaratilganki, ertaga litsey va kollejlarni bitirib chiqadigan bolalarimizning egallagan kasb-hunari va ixtisoslari iqtisodiyotimiz va boshqa turli sohalardagi talablarga javob berishini ta’minlashimiz zarur. Toki har qaysi bitiruvchi amaliy hayotda o‘z bilim va imkoniyatini namoyish qilishga qodir bo‘lsin.

Albatta, barchamiz yaxshi tushunamizki, bunday orzu-niyatlarimiz va intilishlarimizni amalga oshirishning asosiy mezoni – joylarda yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishdan iborat.

2008 yilda respublikamiz bo‘yicha 660 ming yangi ish o‘rni tashkil etilgani va bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 105 foizga o‘sgani, eng muhimi, bu ish joylari asosan hayotga kirib kelayotgan yoshlar uchun yaratilgani barchamizni so‘zsiz quvontiradi va bunday ishlarimizni hech susaytirmasdan, yanada tez sur’atlar bilan davom ettiramiz.

Barchangizga yaxshi ayonki, bolalarimizning qalbida go‘zallik va ezgulikka intilishni kuchaytirish va shu asosda jamiyatimizning madaniy saviyasini oshirish biz uchun ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu maqsadda poytaxtimizda eng zamonaviy talablarga javob beradigan muhtasham “Yoshlar ijod saroyi”ning barpo etilgani yosh avlodimiz uchun munosib sovg‘a bo‘ldi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Shuningdek, Andijon va Jizzax shaharlarida yoshlar markazlari qurilib ish boshlagani ming-minglab farzandlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib berishi shubhasiz, albatta.

2008 yil davomida sog‘lom avlodni voyaga yetkazish, jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarga alohida to‘xtalishni joiz deb bilaman.

Bu borada “Ayollar va bolalar salomatligini mustahkamlash”, “Salomatlik-2” loyihalari doirasida tibbiyot muassasalariga qariyb 3,5 million AQSH dollari qiymatidagi asbob-uskunalar yetkazib berildi.

Bu muhim yo‘nalishda o‘z kuch va imkoniyatlarimiz bilan bir qatorda xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan olib borayotgan yaqin hamkorligimiz ijobiy samara bermoqda.

Masalan, Jahon ovqatlanishni yaxshilash jamg‘armasining 6 million dollarlik mablag‘i hisobidan un mahsulotlarini fortifikatsiya qilish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaponiya hukumatining granti asosida Respublika akusherlik va ginekologiya ilmiy-tadqiqot instituti 3,5 million dollarlik zamonaviy davolash-diagnostika uskunalari bilan jihozlandi.

Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi va OPEK jamg‘armasi tomonidan yurtimizdagi 28 ta yangi maktab qurilishiga 21 million, Kuvayt arab iqtisodiy rivojlanish jamg‘armasi tomonidan Respublika neyroxirurgiya markazi qurilishiga 13 million, Islom taraqqiyot banki tomonidan 5 ta kasb-hunar kolleji qurilishi uchun 10 million dollar, Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan yangi maktablarni jihozlash, kompyuterlar bilan ta’minlash uchun 16 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilganini qayd etish lozim.

Shular qatorida Osiyo taraqqiyot banki, Germaniyaning KFV banki va Xitoy Xalq Respublikasining moliya institutlari tomonidan kommunal xizmat sohasini yanada rivojlantirish, qishloq aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash uchun katta miqdorda mablag‘ ajratilganini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.

Yoshlarni sog‘lom turmush tarzi asosida tarbiyalash, ommaviy sportni rivojlantirish uchun yil davomida 186 ta sport inshootida katta hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilib, millionlab farzandlarimizning sport bilan shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

O‘tayotgan yilimiz turli sport anjumanlariga, bu sohada erishgan, barchamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan g‘alabalarga boy bo‘lgani bilan ham esda qolishi shubhasiz. Jumladan, Pekinda bo‘lib o‘tgan 29-Yozgi olimpiada o‘yinlarida sportchi yoshlarimiz faol qatnashib, keskin kurashlarda 1 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani mamlakatimiz sport hayotidagi katta voqea bo‘ldi.

Ana shunday yutuqlar qatorida futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining Osiyo chempionati musobaqalarida munosib ishtirok etib, 2009 yili Misrda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish huquqiga ega bo‘lgani barchamizni quvontiradi, albatta.
Aziz do‘stlar!

Jamiyatimiz poydevori bo‘lgan yosh oilalarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalasini biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu va yuksak marralarga yetishning asosiy omillaridan biri deb bilamiz.

Joriy yilda bu masalada ham bir qator e’tiborga loyiq ishlar amalga oshirildi. Jumladan, hududlarimizda yosh oilalar uchun uy-joy qurish ishlariga 46 milliard so‘mlik kredit ajratilib, 15 ta ko‘pqavatli uy foydalanishga topshirildi va 530 ta yosh oila alohida kvartiraga ega bo‘ldi.

Yil oxirigacha yana shunday 52 ta ko‘pqavatli uy bitkazilib, 1 ming 900 ta yosh oila kvartira bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 1 ming 300 nafar yosh o‘qituvchining oilasiga yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari ajratilganini ham qayd etish lozim.

Shuni aytish kerakki, 2008 yilda Mehribonlik uylari bitiruvchilarini oilaviy turar-joy bilan ta’minlash tizimi yaratilib, ulardan 90 nafariga yangi kvartiralar berilgani xayrli ishlarimizdan biri bo‘ldi.

Agarki bunday ezgu ishlar ro‘yxatini davom ettiradigan bo‘lsak, 14 milliard so‘mdan ortiq homiylar mablag‘i hisobidan 15 mingdan ziyod oilaga qoramol berilgani, kam ta’minlangan va yosh oilalarga shaxsiy chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun 6,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgani, yordam va ko‘makka muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilingan boshqa ko‘p-ko‘p ishlarni aytib o‘tishimiz lozim bo‘ladi.

Muxtasar aytganda, “Yoshlar yili” davlat dasturi doirasida belgilangan chora va tadbirlarni amalga oshirish uchun shu kunga qadar barcha manbalar hisobidan 1 trillion 248 milliard so‘mdan ortiq, jumladan, 1 trillion 96 milliard so‘mlik budjet mablag‘i, 151 milliard so‘mdan ziyod homiylar mablag‘i sarflanganini o‘zimizga tasavvur qiladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, bu borada bajargan ishlarimizning ko‘lami va miqyosi yaqqol namoyon bo‘ladi.

Hurmatli vatandoshlar!

El-yurt manfaati yo‘lida beg‘araz va savob ish qilish, odamlarning dardu tashvishlarini o‘ziga yaqin olish kabi xalqimizga azaldan mansub bo‘lgan ana shunday xususiyat va fazilatlar, albatta, barchamizga iftixor bag‘ishlaydi va biz qanday ulug‘ zotlarning farzandlari ekanimizni his qilib, shunga munosib bo‘lib yashashga da’vat etadi.

Fursatdan foydalanib, mana shunday olijanob ishga o‘z hissasini qo‘shgan yurtimizdagi davlat va nodavlat tashkilotlarga, fermerlik va tadbirkorlik subyektlariga, xorijiy davlat va jamg‘armalar, xalqaro tuzilmalarga, mana shu zalda o‘tirgan, O‘zbekistonga yordam berishda jonkuyarlik ko‘rsatgan chet ellarning elchilari va vakillariga, shu yo‘lda xolis xizmat qilgan barcha-barcha insonlarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy tashakkur bildiraman.

Barchamizga ayon bo‘lishi kerakki, “Yoshlar yili” deb e’lon qilingan 2008 yilda amalga oshirgan ulkan, o‘lchovi va ahamiyatini baholash qiyin bo‘lgan ishlarimiz bir yil bilan chegaralanmaydi, albatta.

Bir narsani chuqur anglab olishimizni istardim. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu orzu-niyatlarimizga yetmoqchi, mamlakatimiz taraqqiyotini jadal rivojlantirmoqchi bo‘lsak, Vatanimizning xalqaro maydondagi o‘rni va nufuzini yanada oshirmoqchi, jondan aziz farzandlarimizning baxtu kamolini ko‘rmoqchi bo‘lsak, buning asosiy sharti va omili faqat bitta – hayotga kirib borayotgan yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning oldida keng yo‘l ochib berish, buning uchun barcha imkoniyatlarimizni safarbar etishdan iborat, deb bilaman. Va ishonamanki, biz bu yo‘lda o‘z maqsadlarimizga albatta yetamiz.


Qadrli yurtdoshlar!

Endi sizlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2009 yilga qanday nom berish, qanday muhim va ustuvor vazifalarni o‘zimiz uchun asosiy maqsad qilib belgilab olish to‘g‘risida fikr almashib olsak, ayni muddao bo‘ladi.

O‘ylaymanki, hammamiz bir fikrga qo‘shilamiz – barchamizning ildizimiz, tomirimiz avvalambor qishloq zaminiga borib taqaladi. Ona Vatan degan ulug‘ va muqaddas tushuncha odamzot uchun go‘yoki qishloq timsolidan boshlanadi.

Haqiqatan ham, xalqimizning rizqi ro‘zi, nasibasi avvalo dalalarimizda zahmatkash dehqonlarimiz tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlar, oziq-ovqat va nozu ne’matlar bilan o‘lchanadi. Lo‘nda qilib aytganda, har bir ongli inson qaysi joyda, yurtimizning qaysi chekkasida yashamasin, albatta o‘zining, oilasining hayoti qishloq zamini bilan chambarchas bog‘langanini sezishi, tushunishi tabiiy, deb o‘ylayman.

Shu bilan birga, yana bir masalani e’tiborimizdan chiqarmaslik kerak. Bugungi kunda xalqimizning aksariyat qismini, ya’ni 50 foizga yaqinini qishloq aholisi tashkil etadi.

Bundan kelib chiqadigan mantiqiy xulosa shuki, yurtimizning yanada obod, xalqimiz hayotining yanada farovon bo‘lishi va oldimizda turgan yuksak vazifalarning bajarilishi, hech shubhasiz, qishloqlarimizning taqdiri va kelajagi bilan bog‘liq ekanini barchamiz yaxshi anglaymiz.

Shuning uchun Vatanimiz taraqqiyotida tutgan o‘rni va ahamiyati beqiyos bo‘lgan qishloq ahlining hayotini zamonaviy mezonlarga javob beradigan darajaga ko‘tarish va umuman, qishloq xo‘jaligi sohasi rivojiga rivoj qo‘shish, uning samaradorligini oshirish bugungi kunda eng dolzarb, hayotning o‘zi talab qilayotgan muhim bir vazifaga aylanmoqda.

Shu borada olib borayotgan amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida men kirib kelayotgan yangi yilga mamlakatimizda «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” deb nom berishni taklif etaman.
Hurmatli do‘stlar!

Biz qishloqlarimizni har tomonlama rivojlantirish va obod etish, mavjud ijtimoiy muammolarni yechish uchun tegishli davlat va jamoat tashkilotlari ishtirokida “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili”ga bag‘ishlangan maxsus davlat dasturini ishlab chiqamiz, albatta.

Bu dasturda aks ettirish lozim bo‘lgan asosiy chora va tadbirlar haqida gapirganda, avvalo qishloqda turmush darajasini oshirish, qishloq ahlining manfaatlarini yanada to‘liq ta’minlashga qaratilgan huquqiy bazani mustahkamlash, shu masalalar bilan bog‘liq amaldagi qonun hujjatlarini bugungi kun talablari nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishimiz zarur, deb o‘ylayman.

Ayni vaqtda, qishloq joylardagi infratuzilma tarmoqlarini – bu uy-joy qurilishi bo‘ladimi, tabiiy gaz, toza ichimlik suvi, elektr energiyasi ta’minoti bo‘ladimi, yo‘llarning holati, transport va kommunikatsiya xizmatlari masalasi bo‘ladimi – bularning barchasini yanada rivojlantirish, bir so‘z bilan aytganda, qishloq hayotining saviyasi va madaniyatini yangi pog‘onaga ko‘tarishga ustuvor ahamiyat berishimiz darkor.

Shu bilan birga, qishloqqa sanoatni, xizmat va servis shoxobchalarini olib kirish, ixcham va zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan qayta ishlash korxonalarini barpo etish va shu tadbirlarni amalga oshirish hisobidan qishloq aholisi, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash, odamlarning daromadi va farovonligini oshirishdek muhim maqsadlar dasturda o‘z ifodasini topishi lozim.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi islohotlarni chuqurlashtirish, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, moddiy va moliyaviy bazasini mustahkamlash, ularga yanada keng yo‘l ochib berish, bu borada yangi imtiyoz va imkoniyatlarni tug‘dirish, qisqacha aytganda, qishloqda paydo bo‘layotgan mulkiy munosabatlarni, yangi o‘rta sinf vakillari – mulkdorlar, tadbirkor va ishbilarmonlarning manfaatlarini himoyalash bugungi kunda eng katta ahamiyatga ega.

Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri – bu yerimiz, tuprog‘imiz unumdorligini doimiy ravishda oshirish bilan bog‘liq ekani barchamizga yaxshi ayon. Bu maqsadga erishish uchun yerning meliorativ holatini yaxshilashdek o‘ta dolzarb masalalarga e’tiborni yanada kuchaytirish talab etiladi.

Ya’ni, yer dehqonni boqadi, dehqon esa elni boqadi, degan hikmat hamisha diqqatimiz markazida turishi, qishloq xo‘jaligi sohasidagi faoliyatimiz mezoniga aylanishi darkor.

Bu boradagi vazifalar qatorida biz uchun eng katta boylik bo‘lgan inson salomatligini asrash, aholining tibbiy madaniyatini oshirish, ta’lim-tarbiya tizimining moddiy bazasi va sifat darajasini kuchaytirish masalalari bo‘yicha aniq rejalar belgilanishi zarur.

Bu dasturni shakllantirishda davlat va nodavlat tashkilotlar, mahalliy hokimliklar, fermerlik va tadbirkorlik tuzilmalari, keng jamoatchilikning tavsiya va takliflari har tomonlama inobatga olinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi, albatta.

Aziz va qadrli vatandoshlar!

Yuqorida bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni mujassam etib, qishloq taraqqiy topsa, yurtimiz obod, hayotimiz yanada farovon bo‘ladi, desam, o‘ylaymanki, barchamizga daxldor bo‘lgan haqiqatni aytgan bo‘laman.

Ishonchim komilki, ana shunday ezgu maqsadni amalga oshirishda hammamiz belni mahkam bog‘lab, faol ishtirok etamiz, bu yo‘ldagi intilish va harakatlarimiz nafaqat qishloqlarimiz, balki butun mamlakatimizni yangi, yuksak marralarga olib chiqishda ulkan qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Sizlarni Konstitutsiyamiz bayrami bilan yana bir bor qutlar ekanman, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.




Download 118 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish