Ibn Sinoning axloqiy qarashlari uning siyosiy, huquqiy va estetik qarashlari bilan
uyg’unlashib ketgan. Ular mutafakkirning dunyoqarashida o’ziga xos, e’tiborli salohiyatga ega.
Uning “Burch haqida risola” (“Risola fi al-ahd”), “Ahloq haqida risola”, “Insof haqida risola”,
“Ishq haqida risola”, “Nafs haqida risola” kabi asarlarida ijtimoiy-axloqiy muammolarning
g’oyat muhim qirralari o’z ifodasini topgan. Bu borada allomaning “Oilaviy baxt-saodatga
erishish haqida risolasi” (“Risola-ye tadbir-e manzil”), ayniqsa, alohida e’tiborga loyiqdir. U Ibn
Sino “Kitob ash-shifo” asarining muhim tarkibiy qismidir. Risola arab tilidan forsiyga taniqli
eron olimi Muhammad Najmiy Zanjoniy tomonidan tarjima qilinib, 1939 yili Tehronda chop
etilgan M.N.Zanjoniyning komil ishonch bilan ta’kidlashicha, mazkur risola garchand hajm
jihatidan kichik bo’lsa-da, muhim ahamiyatga molikdir, chunki axloq-odob haqidagi fan va
ma’naviy-axloqiy faoliyat, komil inson shaxsini shakllantirishga bevosita xizmat qiladi.
Ibn Sinoning “Hikmat buloqlari” (“Uyun ul-hikma”) asarida ta’kidlanishicha, axloq-odob
fani aslida odamlarning baxt-saodatli bo’lishini ta’minlovchi yo’l-yo’riqlarni
aniq-ravshan
ko’rsatib beruvchi amaliy falsafadir. U kishilar xulqi, fe’l-atvori ustidan rahbarlik qiladi. Unga
“jon qulog’i”ni tutgan va amal qilgan kishilar faqatgina o’zlari uchun yashamasdan, balki
boshqalar, jamiyat va uning manfaatlari uchun yashashni maqsad qilib qo’yishi lozim. Kishilar
o’zaro do’st-inoq bo’lib yashashi, o’zlarida insonparvarlik xislatlarini namoyon etishlari, kamtar-
kamsuqum, tejamkor, irodasi kuchli bo’lishlari zarur. Insonda mehnatsevarlik, halol-poklik,
yaxshi xulqlik xislatlari barkamol bo’lishi muhimdir. Asar sahifalarida kishidagi
odamshavandalik,
saxiylik,
tadbirkorlik,
do’stlarga
hurmat-ehtiromli
va
muruvvatli,
dushmanlarga nisbatan esa nafrat xislatlarini shakllantirish haqida fikr-mulohazalar yuritiladi.
Axloq-odob fan sifatida o’ziga xos kategoriyalarga tayanadi. Ibn Sino axloq
kategoriyalari sifatida yaxshilik va yomonlik, rohat va uqubat, adolatlilik va adolatsizlik, iffat va
surbetlik, saxiylik va baxillik, donolik va johil-nodonlik, kamtarlik va takabburlik, mehr-
oqibatlilik
va shafqatsizlik, ezgu niyatlilik va g’arazgo’ylik, halollik va o’g’rilik, shijoatlilik va
qo’rqoqlik, to’g’ri so’zlik, rostgo’ylik va yolg’onchilik, himmatlilik, xasislik, ig’vogarlik,
munofiqlik, fisqu fasod kabilarni nazarda tutadi.
Ibn Sinoning ta’lim berishicha, axloqiy fazilatlar va ilm o’z-o’zidan yuzaga kelmaydi.
Bordan yo’q bo’lmaydi, yo’qdan esa bor bo’lmaydi, deganlaridek, imkoniyatsizlik tasodifan
imkoniyatga aylanib qolmaydi. Alloh zaruriy bir tarzda inson vujudini, uning ichki olamini o’z
nuri ila munavvar qildi. Natijada ilm va axloqiy fazilatlar muayyan qadriyatlarga aylanadi va
yaratganning karami sifatida namoyon bo’ladi, uning qudrati va mehribonligidan insonlarga
saboq beradi, chunki barcha mavjudotlar, mo’’jizaviy hodisalar aniq maqsadni ko’zlab
yaratilgan.
Inson tangri tomonidan ojiz bir mahluq sifatida yaratilgan. U jismonan ko’pchilik
hayvonlar bilan raqobatga kirisha olmaydi. Lekin shunga qaramasdan, u barcha hayvonlar
orasida e’tiborli o’rin egallagan, ilohiy karamdan bahramand bo’lish, olamda tartib o’rnatish va
uni obod qilishga tegishli vakolatlarni olgan zotdir. U o’zining tashqi qiyofasi, tuzilishi, jussasi
bilan boshqa hayvonlardan tubdan ajralib turadi. Ko’p hollarda jismonan kuchli,
baquvvat
hayvonlardan inson zoti ustunligining boisi nimada? – degan savolning tug’ilishi tabiiydir,
albatta. Ibn Sinoning fikricha, tangri insonga shunday kuch-quvvatni in’om etdiki, u orqali
ezgulik, yaxshilik (“xayr”)ni yomonlik (“sharr”)dan, aqliy kamolot, etuklik (“rashad”)ni
yolg’on-yashiq, adashuv (“gumrohiy”)dan farq eta olish imkoniyati paydo bo’ldi». Demak, inson
aql-zakovat sohibi ekanligi, tabiatda o’ziga xos o’rin egallashi tufayli barcha tirik mavjudotlar
saltanatiga hukmronlik qilish huquqini olishga muyassar bo’ldi. U aql nuri orqali tabiatda sodir
bo’ladigan tasodifiy hodisalar, har qanday o’zgarishlar hukmidan ozod, o’z amaliy va nazariy
faoliyatini “donolik tarozisi” talablariga bo’ysundirgan shaxs martabasiga ko’tarildi.
Aql-farosat mavjudligining boisi inson hayoti, kishilarning turmush tarzi hayvonlarning
tashqi muhitga moslashishi va hayot kechirishi tarzidan tubdan farq qilib turadi. U borgan sari
o’ta
mazmunli, yaxshi vagunogun bo’la boradi. Ilmga cheksiz rag’bat, sabr-qanoat, kundalik
hayot qiyinchiliklarini, mashmashalarini sabr-bardosh ila enga olish, maqsad sari doimiy intilish,
o’z mehnat samarasini kutish aql, donolik bilan hamkor va hamnafasdir. Bu borada inson
g’aroyib chehra, tashqi qiyofa sohibi bo’libgina qolmasdan, balki shu bilan bir qatorda yuksak
axloqiy qadriyatlarning bevosita ijodkori hamdir.
Axloqiy barkamollikka intilishdan yagona maqsad jamiyat ravnaqi, kishilarning baxt-
saodatga erishishdir. Xulq-atvorning yuksak darajasiga tomon qilingan har bir xayrli sa’y-
harakat evaziga muayyan manfaatdorlik, yaxshi taassurot qoldirish emas, balki yaxshilik uchun
qilingan taqdirdagina erishiladi. YUksak insoniy baxt-saodatga hayvonlarga xos quvvatlarni aql-
farosat hukmiga itoat ettirgan taqdirdagina ro’yobga chiqarish mumkin. Inson ruhning amaliy
jabhasida yuksak axloqiy fazilat, xislatlarning yuzaga keltiradigan quvvatlar uyg’unligining
qaror topishi orqali baxt-saodat sarobdan real oqibat-natijaga aylanadi.
Kimki hatto bunday
fazilatlardan ham yuqorilab, buyuk maqomga musharraf bo’lsa, u inson qiyofasidagi haqqa
aylanadi. Allohdan keyin bunday kishi haqiga hamdu sanolar aytish ayb hisoblanmaydi, chunki u
yaratganning maqsad-muddaosini amalga oshirgan, o’z sa’y-harakatlari bilan uning irodasiga
bo’ysungan va roziligiga erishgan bandasiga aylanadi.
Axloqiy ravnaq inson zotiga xos jarayondir, chunki u aql, tafakkurning buyuk qudratli
quvvatiga tayangan holda haqiqat bilan yolg’on-yashiqning chegarasini aniqlabgina qolmasdan,
balki do’stni dushmandan ajrata oladi. Bu borada narsa-ashyolarning ichki mohiyatini kashf etish
uchun intellektual etuklik zarur bo’lsa, odamlarning axloqiy kamoloti uchun buning o’zi etarli
emas. Ilm bilan xulq-atvor, sa’y-harakatlarning o’zaro birligi insoniy donishmandlik, komil
inson darajasiga eltadi. Bunga hech qanday shubha bo’lishi mumkin emas, chunki “go’zallikka
va axloqiy kamolotga intilish – bu inson zotiga xos xususiyatdir”.
Mutafakkirning
asarlarida, jumladan “Tadbir-e manzil” risolasida ham inson tabiati
azaldan axloqli yoki axloqsiz bo’lmaydi, degan e’tiborli g’oya muhim ahamiyatga egadir. Aslida
odamlar tayyor fazilat, odat va hayotiy ko’nikmalar bilan tug’ilmaydilar. Bunday xususiyatlar
ijtimoiy hayotda sekin-asta shaxsiy va o’zgalar tajribasi, ajdodlar an’analari, el-yurt urf-odatlari,
rasm-rusumlari, ta’lim-tarbiyaning hayotbaxsh ta’siri ostida shakllana boradi. Ta’lim-tarbiya,
o’zgalarning ma’naviy-axloqiy ta’sirida inson o’zida ijobiy axloqiy fazilatlar, xislatlarni
shakllantiradi yoki o’zida mavjud salbiy moyillar sababli xudbin kayfiyatlarga beriladi, ularning
sohibiga aylanadi. Bunda shakllangan odatning ta’siri beqiyosdir. SHaxs kamolotida yomon
salbiy odatlarning ijobiy odatlarga yo’l ochib berishi naqadar darajada qiyin va mushkul bo’lsa,
yaxshi odatlarni ham osonlikcha tark etib bo’lmaydi.
Demak, ta’lim-tarbiyada inersion holatning mavjud ekanligini e’tiborga olish muhimdir.
Uning ba’zi salbiy jihatlari tarbiya jarayoniga va uning istiqboliga putur etkaza olmaydi, chunki
shu bilan birga ta’lim-tarbiyaning qator amaliy va nazariy imkoniyatlari ham o’z navbatida
cheksizdir. Bolalarning tarbiyasini barvaqt boshlagan ma’quldir. Rivoyatda aytilishicha, bir kishi
Ibn Sino huzuriga bola tarbiyasi haqida maslahat so’rab kelibdi. “Bolani necha yoshdan
tarbiyalash kerak? – deydi haligi kishi. “Bolangiz necha yoshda?” - deb so’raydi Ibn Sino.
Maslahatga kelgan kishi: “Uch yoshda”, - deb javob beradi. SHunda Ibn Sino: “Afsuski, uch yil
kechikibsiz”, – degan ekan.
Tarbiya jarayonida bolalarga yaxshi ijobiy odatlarni singdirib borish, o’ta sinchkovlik
bilan ulardagi ishtiyoq va qiziqishni o’z vaqtida payqab olishga harakat qilish, hayotida nafi
tegadigan muayyan hunar va san’atni egallab olishga ularni yo’naltirish o’ta muhimdir.
“Bolaning tana bo’g’inlari barqaror, uning tili burro, to’g’ri-ravon gapirish va quloqlari tinglash,
o’zgalar so’zlarini qabul qilish hamda o’rganilayotgan narsaga (tabiiy) moyillik paydo bo’lgan
paytdan boshlab ilmlar va axloq-odob asoslariga o’rgatib borish lozim”.
Insonning barkamol shaxs sifatida shakllanishida ta’lim-tarbiyaning o’rni muhimdir.
Xo’sh, bu tarbiyaviy jarayonni nimadan boshlagan ma’qul? – degan savol ko’ndalang bo’ladi.
Ibn Sino uni ajdodlarimizning azaliy an’analariga tayangan holda Qur’oni karimni,
dinning
maqsadi va tilning grammatik qonun-qoidalarini qunt bilan o’rganishdan boshlashni ma’qul deb
biladi. Bola o’z ona tilining, xorijiy tillarning qonun-qoidalarini va grammatik asoslarini asta-
sekin egallab olib, tibbiyot va geometriya kabi zarur ilm sohalarining o’ta muhim jabhalariga
kirib borishi lozim. O’rganilayotgan sohalarni yod olish, uni xotirada saqlash va kezi kelganda
tez-tez takrorlab turish bilish va tarbiyada muhim o’rin egallaydi. Ular bola xotirasini yanada
mustahkamlaydi, kitobga bo’lgan qiziqishni jonlantiradi, ilmlar sarchashmasiga kirib borishni
ta’minlaydi, tarbiyalanuvchida muayyan tartib-intizomni shakllantiradi va bahs-munoazara
yuritish madaniyatini beqiyos darajada yuksaltiradi.
Bilimdonlik bola ta’lim-tarbiyasining barcha nuqta va bosqichlarida muhim va zarurdir.
Birinchidan, o’z bilimlari, hayotiy ko’nikmalari tufayli ota-onalar uddaburronlik bilan zukko
tarbiyachi-murabbiyni tanlab olish real imkoniyatlarini qo’lga
kiritadilar, chunki tarbiyachining
o’zi birinchi galda axloq-odob va ilm bobida boshqalarga o’rnak bo’lmog’i va uning turmush
tarzi risoladagidek bo’lmog’i shartdir. Tarbiyachi erkak yoki ayol bo’lishidan qat’iy nazar,
sog’lom, zukko, aqlli bo’lsa, mo’ljallangan maqsadga erishish oson ko’chadi. Maqsadga erishish
borasida bir xil tadbirni qo’llay verish doimo ham kutilgan samarani, natijani beravermaydi.
Tarbiyachi (vaziyatdan kelib chiqib) ba’zan (bolani) jazolab, ba’zan esa rag’batlantirib turishi
lozim. Fursat kelganda vaqtida uni maqtab, ba’zan esa qattiqqo’llik qilib, o’z vaqtida
kamchiliklarini (kechirib) borishi ma’quldir, - deb uqtiradi mutafakkir.
Do'stlaringiz bilan baham: