II. Dasturlarni shakllantirish 1 §. Dasturlarni shakllantirish bosqichlari 7. Dasturlarni shakllantirish bosqichlari quyidagilardan iborat:
dasturlar nomlarini aniqlash (Dasturlarni shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan keyin 1 oy muddatda);
tanlovlar e’lon qilish (Dasturlar nomlari aniqlangandan keyin 10 kun muddatda);
tanlovga fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalarini qabul qilish (tanlov e’lon qilingandan keyin 1,5 oy muddatda);
loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish (loyihalar qabuli tugallangandan keyin 2 oy muddatda);
Dasturlarni shakllantirish (ilmiy-texnika ekspertizasi yakunlangandan so‘ng 1 oy muddatda);
Dasturlarni tasdiqlash.
2 §. Fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalari tanlovini tashkil qilish 8. Qo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar hokimliklari, Fanlar akademiyasi, vazirliklar, idoralar hamda boshqa ilmiy muassasa va tajriba konstruktorlik tashkilotlardan Dasturlar nomlarini shakllantirish uchun takliflarni qabul qiladi.
9. Vazirliklarning Dasturlarni shakllantirish bo‘yicha ilmiy-texnik kengashida (keyingi o‘rinlarda “Kengash” deb yuritiladi) takliflar tahlil qilinadi hamda fan va texnologiyalar taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga mos Dasturlar ro‘yxati shakllantiriladi.
10. Dasturlarning nomlari vazirliklarning Kengashida tasdiqlanadi hamda Qo‘mitaga fan va texnologiyalar taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligi ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi.
11. Qo‘mita va vazirliklar ommaviy axborot vositalari orqali fundamental va amaliy tadqiqotlar tanlovini e’lon qiladi. E’londa tanlov muddatlari, talablari va loyihalarni tanlovga topshirish tartibi keltiriladi.
12. Tanlovga loyihalarni qabul qilish:
vazirliklar tasarrufidagi oliy ta’lim, ilmiy muassasalar va tajriba-konstruktorlik tashkilotlarining tanlovga yo‘llangan loyihalari ularning ilmiy tadqiqotni muvofiqlashtirish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi;
vazirliklar tasarrufiga kirmaydigan ilmiy va tajriba-konstruktorlik muassasalar, tadqiqotlar o‘tkazish uchun imkoniyati va ilmiy salohiyati mavjud tashkilotlar hamda alohida faoliyat yurituvchi olimlar va mutaxassislarning tanlovga yo‘llangan loyihalari Qo‘mitaning fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalarini muvofiqlashtirish va tahlil etish bo‘limida qabul qilinadi.
13. Respublika iqtisodiyoti tarmoqlaridagi dolzarb muammolarni yechishga qaratilgan ikki va undan ortiq ijrochi tashkilotlar tomonidan shakllantirilgan hamda vazirliklararo o‘zaro kelishilgan fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalari ushbu loyihani tuzishda tashabbus bilan chiqqan tashkilot tomonidan Qo‘mitaning fundamental va amaliy tadqiqotlar loyihalarini muvofiqlashtirish va tahlil etish bo‘limiga taqdim etiladi. Bunda ushbu loyihalarning har bir ijrochi tashkilotlarning hamkorlikda bajaradigan ish ulushi va zarur mablag‘lari foizlarda ko‘rsatiladi.
14. Qo‘mita va vazirliklar tomonidan tanlovga qabul qilingan loyihalar mazkur Nizomning 1-ilovasi talablari bo‘yicha ko‘rib chiqiladi va rasmiylashtiriladi.
15. Fundamental va amaliy ilmiy-texnika loyihalari tanlovida qatnashuvchi ilmiy jamoaning rahbari ilmiy darajaga ega bo‘lishi shart.