3 §. Loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish 16. Tanlovga taqdim etilgan loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish, uning natijalariga ko‘ra vazirliklarning Dasturlarini shakllantirish va tasdiqlash uchun vazirliklarda Dasturlar bo‘yicha ilmiy-texnikaviy kengashlar tashkil etiladi. Kengashlar tanlovga taqdim etilgan loyihalarni ekspertizadan o‘tkazuvchi — ekspertlar ro‘yxatini tasdiqlaydi.
Ekspert sifatida tegishli sohada yetarli darajada bilim va malakaga ega bo‘lgan, ekspertiza qilinayotgan ishga xolis yondosha oladigan, ilmiy darajaga ega bo‘lgan mazkur vazirlik yoki boshqa tizimda xizmat qiladigan mutaxassislar jalb qilinadi.
17. Vazirliklar tasarrufiga kirmaydigan ilmiy va tajriba-konstruktorlik muassasalar, tadqiqotlar o‘tkazish uchun imkoniyati va ilmiy salohiyati mavjud tashkilotlar hamda alohida faoliyat yurituvchi olimlar va mutaxassislarning tanlovga yo‘llangan loyihalarining ekspertizasi Qo‘mitaning Idoralararo ilmiy-texnikaviy kengashi tasdiqlagan ekspertlari tomonidan o‘tkaziladi.
18. Har bir loyiha ikki mustaqil ekspert tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ekspertlar o‘tkazilgan ekspertiza xulosalarining obyektivligi yuzasidan shaxsan javobgardirlar.
19. Ekspertiza jarayoni ochiq-oydin muhokama tarzida o‘tkaziladi. Ekspertlarning har bir loyihaga bergan xulosalari vazirliklar hamda Qo‘mitaning ekspert guruhlarida ochiq muhokamadan o‘tkazilib, ekspertiza xulosasi shakllantiriladi. Muhokamaga loyihaning ilmiy rahbari va ijrochilari hamda sohaning yetuk olim va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
20. Vazirliklararo shakllantirilgan yirik majmuaviy loyihalarning ekspertizasi hamkor vazirliklar ekspert guruhlarining qo‘shma majlisida ochiq muhokamada ko‘rib chiqiladi. Loyiha ikki yoki undan ortiq vazirliklar ekspertizasining ijobiy xulosasi va hamkorlikda amalga oshiriladigan tadqiqotlarning ahamiyatidan kelib chiqib baholanadi.
21. Vazirliklarning Kengashlari ekspertiza xulosalariga muvofiq Dasturlarning dastlabki variantlarini shakllantiradi. Vazirliklar Dasturlarning dastlabki variantlarini Dasturlar bo‘yicha Kengash qarori bilan birga ularni fan va texnologiyalar taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqligini ko‘rib chiqish uchun Qo‘mitaning Idoralararo kengashlariga taqdim etadi.
22. Qo‘mitaning ekspert guruhlari ekspertiza xulosalariga muvofiq Dasturlarning dastlabki variantlarini shakllantiradi va ularni Qo‘mitaning Idoralararo kengashlariga taqdim etadi.