4. Somatik gibridlarning turlari
Somatik gibrid hujayra–bu genetik jihatdan turli xildagi, o‘zaro farqlanuvchi somatik hujayralar protoplastlarining o‘zaro qo‘shilishidan hosil bo‘lgan hujayra yoki o‘simlik hisoblanadi.
Birinchi marta turlar o‘rtasidagi gibrid 1972–yilda Karlson tomonidan tamakining 2 ta navi (24 ta xromosomaga ega bo‘lgan–Nicotiana glauca va 18 ta xromosomaga ega bo‘lgan– N.langsdorfii) protoplastlari o‘rtasida juft jinsiy gibridizatsiyani amalga oshirish natijasida olingan va tavsiflangan. Amfiploid gibridning kallus to‘qimasi gormonsiz holatdagi muhitda ham o‘stirilishi mumkin. Hozirgi vaqtgacha tur ichida, turlar o‘rtasida, turkumlararo hayotchanlik xususiyatiga ega bo‘lgan gibridlar olingan. Madaniylashtirilgan kartoshkaning ertapishar Priekul navi (Solanum tuberosum) bilan yovvoyi kartoshka turi (S. chacoense) protoplastlari o‘rtasida qo‘shilish amalga oshirilgan. Ma’lumki, yovvoyi kartoshka turida tugunaklar juda kichik o‘lchamga ega hisoblanadi. Shu bilan birgalikda, bu o‘simlik turi ko‘pgina kasalliklarga nisbatan chidamli hisoblanadi. Ertapishar Pirekul kartoshka navi tugunaklari yirikligi bilan ajralib turadi, biroq bu kartoshka navi kasalliklarga moyilligi bilan tavsiflanadi. Bu o‘simlik turlarida protoplastlar o‘lchamlari turli xilda bo‘lishi aniqlangan. Barglar va poya shakllari bo‘yicha, shuningdek tugunaklari o‘lchamlari bo‘yicha somatik gibridlar madaniy va yovvoyi o‘simliklar o‘rtasida oraliq holatni egallaydi. Shu bilan birgalikda, somatik gibridizatsiya usuli asosida olingan gibridlar «U» virusiga nisbatan chidamliligi bilan jinsiy yo‘l bilan olingan gibridlardan farqlanadi.
Turkumlar o‘rtasida gibrid olish bo‘yicha dastlabki urinishlar G.Melxers tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, 1978–yilda kartoshka, pomidor o‘simliklari gibridi olingan va «tomatofel»deb nomlangan. Ushbu gibrid steril holatda bo‘lib (avlod qoldirmaydi), morfologik jihatdan me’yoriy holatdan chetga og‘ishlar belgilariga (anomaliya) ega hisoblanadi: jumladan, ildizlari qalin, tipik hisoblangan gullari mavjud emas. Shuningdek, boshqa yana bir qator bu ko‘rinishdagi gibridlarni olishga urinishlar amalga oshirilgan, biroq ularning barchasi behuda ketgan va olingan o‘simliklar steril holatda bo‘lishi qayd qilingan. Bu tajribalar amaliy seleksiya maqsadlarida para jinsiy gibridizatsiya usulining cheklanishlarga egaligini ko‘rsatgan. Yaponiyalik taqiqotchilar (X.Ksiaka va uning hammualliflari, 1997–yil) tomonidan arpa va sholi protoplastlarini elektrik usulda qo‘shish yo‘li bilan turkumlararo gibrid olingan. Sholi protoplastlari suspenzion kultura asosida olingan bo‘lib, arpa protoplastlari esa–o‘simlikning yosh barglardan ajratib olingan. Hosil qilingan kalluslarning bir qismi yashil sohalar va poyalarni hosil qilgan. Faqat bitta poya o‘simtasi ildiz hosil qilgan va bu o‘simlik tuproqqa muvafaqqiyatli tarzda ekilgan. Morfologik tuzilish belgilariga ko‘ra, bu o‘simlik sholiga yaqinroq hisoblangan. Sitologik tahlillar natijalari ko‘rsatishicha, bu o‘simlik sholiga tegishli bo‘lgan kichik o‘lchamdagi xromosomalar va arpaga tegishli hisoblangan yirik o‘lchamdagi xromosomalarga egaligi aniqlangan. Shuningdek, mitoxondriya va xloroplastlarga tegishli bo‘lgan DNK tahlil qilingan. O‘simlik tarkibida mitoxondriya va shuningdek, xloroplastlarga tegishli bo‘lgan DNK tarkibida yangi ketma–ketliklar mavjudligi aniqlangan, bu ketma–ketliklar ota–ona hujayralar avlodlarda hech qachon aniqlanmagan.
Y.Y.Gleba va uning hammualliflari tomonidan triblar o‘rtasidagi gibridlar olish bo‘yicha ko‘plab tajribalar amalga oshirilgan. Trib –bu avlod va turkum o‘rtasidagi taksonomik birlik hisoblanadi. Bunda Arabidopsis va Brassica (xashaki sholg‘om, turneps) o‘rtasida– Arabidobrassica deb nomlanuvchi gibrid hosil qilingan. Gibrid liniyada o‘simlik va ildizning morfogenezi induksiyalangan. Hosil qilingan o‘simliklar genetik va morfologik jihatdan bir xil ko‘rinishga ega bo‘lib, gullash xususiyatiga ega emasligi qayd qilingan. O‘simliklarning ko‘rinishi nuqsonli, juda ko‘p sonda teramatodasimon hosilalarga ega bo‘lib, gulsimon shakllar hosil qilishi aniqlangan.
Tadqiqotlarda Ituzumdoshlarga mansub bo‘lgan 2 ta turkum–Datura innoxia, Atropa belladonna gibridizatsiyalangan. Barcha holatlarda har ikkala ota–ona hujayralarga tegishli bo‘lgan xromosomalar avlodlarda aniqlangan. Amfiploidlar poya morfogenezi xususiyatiga ega emasligi qayd qilingan, poliploid va aneuploid xromosoma to‘plamiga ega bo‘lgan liniyalarda anomaliya ko‘rinishidagi poya hosil bo‘lishi kuzatilgan. Regenatsiyalangan o‘simliklar steril holatda bo‘lib, bangidevona o‘simligiga o‘xshashligi, biroq tarkibida uncha ko‘p bo‘lmagan sonda belladonnaga xos bo‘lgan xromosomalarni saqlashi aniqlangan.
Boshqa bir tadqiqot davomida belladonna protoplastlari Xitoy tamakisi protopastlari bilan qo‘shilgan. Bunda 12 ta klon olingan. Barcha klonlar hujayralarida har ikkala ota–ona hujayralarga tegishli bo‘lgan xromosomalar tipi qayd qilinib, bir yildan keyin ikkita klonda belladonnaning xromosomalarining to‘liq holatda eliminatsiyalanishi kuzatilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |