2-rasm. O‘zbekiston Respublikasida mahalliy byudjetlarning daromadlarini balanslash manbalari
Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda yuqori turuvchi byudjetdan quyi turuvchi byudjetlar berilayotgan ajratmalar miqdori kamaytirishga harakat qilinmoqda. Bugungi kunga kelib, respublikamizda barcha viloyatlar dotatsiyadan butunlay chiqarildi ,biroq ularga hali hanuz maqsadli subvensiyalar ajratib kelinmoqda. Hozirda Moliya vazirligi tomonidan hududiy boshqaruv organlari bilan birgalikda 2017-2021- yillarga mo‘ljallangan Hududiy dasturlar asosida mahalliy byudjetlar daromadlari bazasini kengaytirish, yangi ishlab chiqarishni tashkil qilish orqali subvensiya miqdorini kamaytirish, kasanachilik, savdo tizimi va bozor infratuzilmasini hamda kam quvvatli ishlab chiqarish obyektlarini modernizarsiya qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bularning barcha hududlar moliyaviy barqarorligini oshirish va joylarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan say’-harakatlar hisoblanadi. Bunday sharoitda, iqtisodiy nochor hududlarni rivojlantirish va moliyaviy qo‘llab quvvatlash, ular byudjetlarini barqarorlashtirish uchun zamin yaratish maqsadida beriladigan ajratmalar, jumladan, dotatsiya, subvensiya va subsidiyalar hamda byudjet ssudalarining ahamiyati katta.
Mahalliy byudjetlar moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalari
Mamlakatimizda olib borilayotgan byudjet-soliq siyosatiga ko‘ra mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash asos qilinib, u o‘zining tashkiliy-huquqiy asoslari bilan ifodalanadi. Mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligi hududlarning potensialidan kelib chiqib o‘zining daromadlari orqali ijtimoiy va iqtisodiy xarajatlarini to‘la qoplay olishi, byudjetning yuqori byudjetlardan subvensiya, dotatsiya hamda byudjet ssudalari olmasdan balans berishiga aytiladi. Mahalliy byudjetlar moliyaviy jihatdan barqarorligining vaqt bo‘yicha 3 xil turga bo‘lib o‘rganish mumkin: 1) joriy barqarorlik (joriy moliya yili ichida); 2) o‘rta muddatli barqarorlik (ikki yildan besh yilgacha); 3) uzoq muddatli barqarorlik ko‘rinishlarida bo‘ladi. Joriy moliya yilida byudjet balansliligini saqlab qolinganligi, kassa uzulishlarning yo‘qligi, o‘zgaruvchan iqtisodiy konyuktura holatlarida to‘g‘ri moliyaviy qarorlarning qabul qilinganligi - bularning barchasi joriy moliyaviy barqarorlik xususiyati hisoblanadi. O‘rta muddatli moliyaviy barqarorlikning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, hududlar o‘zini o‘zi boshqaruv organlarining kreditga layoqatliligi va investitsiyalash qobiliyatlari ma’lum imkoniyatlari mavjudligidir. Byudjet holatiga ta’sir etuvchi hududning ijtimoiy- iqtisodiy rivojlantirish strategiyasining mavjudligi va salbiy faktorlar harakatining qisqarishi – bu mahalliy byudjet moliyaviy barqarorligining uzoq muddatli faktori hisoblanadi. Mahalliy byudjet organlarining barqaror rivojlanayotgan sharoitida pul fondlarining va risklarning mavjud holatida o‘zining moliyaviy xavfsizligini saqlab qolishi mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligini anglatadi. Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligi majburiy shartlari bo‘lib, daromadlar va xarajatlarning muvozanatliligi, to‘lovga layoqatliligi, byudjetning mustaqilligi, mahalliy boshqaruv organlari yuqori byudjetdan yordam olmasdan moliyaviy resurslarni byudjetga safarbar qila olish qobiliyati, shuningdek barcha moliyaviy majburiyatlarni amalga oshirilishi hisoblanadi. Hududiy byudjetlarning moliyaviy barqarorligi ushbu byudjetlarning moliyaviy holatining eng asosiy xarakteristik jihati hisoblanadi. Mamlakatimiz qonunchiligida rasmiy “byudjet barqarorligi” tushunchasining mavjud emasligi uni aniqlashning bir qancha metodlari va usullarini ishlab chiqishni taqazo qiladi. Moliya nazariyasi va amaliy moliya faoliyatida moliyaviy barqarorlik doim balanslilik, stabillik va muvozanatlilik tushunchalari bilan tenglashtiriladi. Bizning nazarimizda, mahalliy byudjetlarning moliyaviy barqarorligi tushunchasiga mahalliy boshqaruv organlarininig o‘z funksiya va vazifalarini amalga oshirish va hududdagi aholini ijtimoiy qo‘llab quvvatlash uchun muhim bo‘lgan moliyaviy resurslar bilan ta’minlash imkoniyatlarini xarakterlovchi moliyaviy holat sifatida qaraladi. Mahalliy moliya tizimning barqarorligi mahalliy hokimiyat organlarining munitsipal darajadagi o‘z daromadlari manbalariga va maksimal darajada byudjet majburiyatlari xarajatlarini to‘liq moliyalashtirishga zamin yaratadigan hajmda ularni safarbar qilish vakolatlariga ega bo‘lishi orqali ta’minlanadi. Mahalliy byudjetlar moliyaviy barqarorligi tushunchasi birinchi bor akademik G.B.Polyak tomonidan taklif etilgan. Olimning fikriga ko‘ra, hududiy byudjetlarning barqarorlik darajasi minimal byudjet xarajatlarini qoplash uchun zarur bo‘lgan mablag‘lar hajmi bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |