XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, iqtisodiyotni erkinlashtirish va modernizatsiyalashning hozirgi sharoitida mahalliy hokimiyat organlarini o‘z hududlarining ijtimoiy-iqtisodiy hamda moliyaviy boshqarishdagi rolini oshirish zaruriyati paydo bo‘lmoqda. Bu zaruriyatning paydo bo‘lishi o‘z navbatida mahalliy hokimiyat organlarining moliyaviy resurslarni izlash va ularni ko‘paytirish muammosini keltirib chiqaradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta’kidlaganidek: “Hayotning o‘zi va o‘tgan yillar tajribasi hududlarni kompleks rivojlantirishni va infratuzilma faoliyatini tubdan o‘zgartirishni ta’minlash, tumanlar, shaharlar, viloyatlar va Qoraqalpog’iston Respublikasidagi kechiktirib bo‘lmaydigan va istiqbolli vazifalarni amalga oshirish yuzasidan hokimlik va tarmoqlarni boshqarish organlarining kuch va harakatini aniq muvofiqlashtirish” 35 bugungi kunda nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Hozirgi kunda mahalliy byudjetni shakllantirish va mahalliy idoralar tomonidan ularni boshqarishda fikrimizcha, bir qator muammolar mavjud. Masalan, mahalliy byudjet daromadlarining asosiy qismi byudjetlararo tartibga solish kanallari orqali, me’yorlari har yili qayta ko‘rib chiqiladigan umudavlat soliqlaridan ajratmalar normativlari asosida shakllantiriladi. Lekin bu normativlar har yili o‘zgarib turuvchi, nobarqarordir. Bu nobarqarorlik soliqlarni taqsimlashni amaldagi tartibiga ko‘ra viloyatlar orasida byudjet daromadlarining kishi boshiga to‘g’ri keladigan hajmi bir-biridan juda katta farq qilishiga olib keladi. Mahalliy byudjet taqchilligini qoplashga ajratiladigan subventsiyalar esa bu tafovutga ta’sir qilayotgani yo‘q. Subventsiyalar ajratishning amaldagi tartibi, fikrimizcha, donor hududlarni o‘z soliq imkoniyatlarini oshirishga rag’batlantirmaydi va subventsiya oluvchilarda ham o‘z daromad va yig’imlarini oshirishga qiziqish uyg’otmaydi. Yana bir masala, ma’lumki, hozirda byudjetlararo tartibga solish amaliyoti mahalliy byudjetlar daromadlarining asosiy (80%) qismini shakllanishini ta’minlamoqda. Boshqaruvchi daromadlar (ya’ni soliqlar va subventsiyalar)ning bunday katta miqdorda bo‘lishi mahalliy hokimiyat organlarining o‘z mas’uliyatlarini his qilmaslikka olib keladi, fikrimizcha, bu holat iqtisodiyotni erkinlashtirish siyosatiga ko‘p ham mos kelavermaydi. Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, hududlarning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, har bir sohada iqtisodiy o‘sishga erishish uchun bir qator vazifalarni hal etish ayni vaqtda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan:
- hududlarning o‘ziga xos shart-sharoitlari va iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqib, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategik rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish; - hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini jadallashtirish, xalqning yashash faravonligini va daromadlarini oshirish uchun har bir hududning tabiiy, mineral-xomashyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turistik va mehnat salohiyatidan kompleks va samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida soliq imtiyozlarini kengaytirish;
- hududlarda turizm sohasini rivojlantirish uchun mavjud imkoniyat va shartsharoitlarni e’tiborga olgan holda, ushbu soha xizmatlari sifatini yanada oshirish;
- hududlarda yalpi hududiy mahsulotning o‘sishiga mutanosib ravishda eksport salohiyatini oshirish, eksport qiluvchi korxonalarni, jumladan, kichik biznes sub’ektlarining bu boradagi faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash lozim. Mahalliy hokimiyatlarning ijtimoiy-iqtisodiy boshqarishdagi rolini kuchaytirish va mahalliy byudjetlar bazasini kengaytirish borasida quyidagilarni amaliyotga tadbiq etish maqsadga muvofiq:
1.Mahalliy hokimiyat idoralarining soliq yig’imlarini ko‘paytirishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va subventsiyalarni hamda boshqa moliyaviy yordam turlarini qisqartirish maqsadida rejadan ortiqcha tushgan soliq miqdorini taqsimlash mexanizmini qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish kerak. Chunki hozirgi vaqtda rejadan ortiq tushumlar respublika va mahalliy byudjetlarning joriy ehtiyojlaridan kelib chiqib, tizimlanmagan usulda taqsimlanmoqda. Agar yagona barqaror me’yoriy hujjatlar joriy etilsa, subventsiyalarga bo‘lgan ehtiyojni keyinchaliq soliq tushumlarining oshishi hisobiga qoplashga istiqbolli imkoniyat yaratilar edi.
2.Mahalliy byudjetlar daromad bazasini yanada mustahkamlashda ularga to‘g’ridan-to‘g’ri kelib tushadigan soliqlarni (mol-mulk, yer-suv, resurs soliqlari) hisoblanish usuli va imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqib, yanada takomillashtirish muhimdir. Hozirda hududlarning joylashgan geografik va iqtisodiy holatlarini inobatga olib belgilangan stavkalar bizningcha, bir oz nomutanosibdir. Qolaversa, tabiiy resurslarga bo‘lgan soliq imtiyozlarini qisqartirish va asosiy soliq yukini ushbu soliqlarga yuklash xomashyo va materiallarni oqilona va tejamkorlik bilan ishlatishga olib keladi.
3.Rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, mahalliy byudjetlarga ichki va tashqi bozorlarda zayomlashtirish huquqini berish hamda ularni moliya bozorlaridagi faoliyatlarini kengaytirish, fikrimizcha mahalliy byudjetlarni resurs bazalarini kengaytirishning qulay va samarali usulidir. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarda subyektlar daromadlariga hududlarni bevosita ta’sir etuvchi soliq mexanizmini optimallashtirish islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |